Ulug‘bek Usmonov. Frantsuz adabiyotida­ sharq talqini

 (Amin Maalufning “Samarqand” romani misolida)

Tarjimonlarni turli ellar o‘rtasidagi oltin ko‘prikka qiyos etadilar. Yurtimizda tarjimashunoslik maktabi asosan XX asrning ikkinchi yarmida rivojlangani yaxshi ma’lum. Tarjimashunoslik ilmining rivojlanishida G‘aybulla Salomov, Najmiddin Komilov, Qudrat Musayev, Jumaniyoz Sharipov kabi atoqli olimlarning salmoqli xizmatlari bugun biz uchun o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy xazina bo‘lib qolgan. Ayniqsa, professor G‘aybulla Salomovning tarjimashunoslikka oid kitoblarini qunt bilan o‘qib-o‘rgangan talabalar bu soha sirlarini yanada puxtaroq o‘zlashtirdilar. E’tiborli jihati shundaki, bugungi kunga kelib o‘zbek tarjimashunoslar maktabi jahon tarjimashunoslik ilmida tan olindi. Ayni kunda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti xorijiy filologiya fakultetida ko‘plab bo‘lg‘usi tarjimon va tarjimashunoslar saboq olmoqdalar.

Aytish joizki, yurtimiz mustaqillikka erishganidan buyon o‘zbek adabiyotida bir qancha janrlar qatori badiiy tarjima borasida ham muayyan o‘zgarishlar yuz berdi. Ilgari aksariyat chet el asarlari rus tili orqali o‘girilgan bo‘lsa, so‘nggi o‘n yilliklarda ingliz, frantsuz, nemis va boshqa xorijiy tillardan durdona asarlari ona tilimizga bevosita tarjima qilinayotgani ijobiy holdir.

So‘nggi yillardagi yutuqlarimizdan yana biri – ayrim yosh iste’dod sohiblari o‘zbek adabiyoti durdonalarini bevosita xorijiy tillarga emin-erkin tarjima qilishmoqda. Xorijlik adib asarini o‘zbek tiliga o‘girish uchun inson, avvalo, o‘zbek bo‘lmog‘i, milliy ruhda ulg‘ayishi lozim, deb hisoblanadi.

Tarjima amaliyoti ilmga asoslanadi. Biror asarni tarjima qilishga kirishishdan ilgari uning nazariy asoslarini puxta o‘zlashtirish maqsadga muvofiqdir. Taniqli tarjimon Grigoriy Starikovskiy bilan “Tarjimon o‘ziga va so‘zga munosabatini yashira olmaydi”[1] sarlavhali (rus tilidan Ahmadjon Meliboyev tarjimasi) muloqotda qayd etilganidek, “tarjimonlik hamma vaqt, hatto og‘ir ish kunidan keyin ham shug‘ullanish zarur bo‘lgan hunar”. Demak, ijodkor har kuni qog‘oz qoralab mashq qilishi zarur bo‘lgani kabi tarjimon ham muttasil o‘z ustida ishlashi maqsadga muvofiqdir.

Tarjimashunoslik ilmi – adabiyotshunoslik, tilshunoslik, grammatika, stilistika kabi qator fanlar bilan uzviy aloqada bo‘lib, bo‘lg‘usi tarjimon avvalo, ana shu fanlarni ham puxta o‘rganishlari lozim. O‘zMU xorijiy filologiya fakulteti frantsuz tili yo‘nalishida talabalarga til o‘rgatish barobarida tarjimashunoslik ilmi qator fanlar bilan birgalikda o‘rgatilmoqda. Tarjimashunoslik amaliyotida talabalar avvalo frantsuz tilidagi asarlar va ularning tarjimalarini solishtirib tahlil qilishadi.

Shunday asarlardan biri – asli kelib chiqishi livanlik bo‘lgan taniqli frantsiyalik adib Amin Maalufning “Samarqand” romani bo‘ldi. Uni taniqli olim va tarjimon Abdumurod Ko‘chiboyev bevosita frantsuz tilidan ona tilimizga o‘girgan. U Amin Maalufning mazkur roman tarjimasi ustida qariyb besh yil mehnat qilgan. Tarjimalarini dastlab matbuotda e’lon qilgan. Roman tarjimasini taniqli olim va tarjimon Ozod Sharafiddinov yuksak baholagan. Shu tariqa roman “Jahon adabiyoti” jurnalining 2003 yil 6-7- va 2005 yil 7-8-sonlarida chop etilgan. Asar tarjimasi tilining ravon, g‘alizliklardan xoli ekanligi bilan kitobxon e’tiborini tortadi. Shu jihatdan, romanni o‘zbek tiliga asliyatga muqobil tarjima qilingan asar deya baholash mumkin.

“O‘zbekiston” nashriyotida to‘rtta kitobdan iborat ushbu romanning chop etilishi adabiyotimizda esda qolarli voqea bo‘ldi. O‘zbekistonning Parijdagi elchixonasi o‘z salohiyati va izlanishlarini yurtimiz tarixi bilan bog‘lagan bir guruh madaniyat xodimlariga Samarqand shahrining faxriy fuqarosi unvonini berdi. Ular orasida taniqli frantsuz adibi Amin Maaluf ham bor edi. Adib “Samarqand” romani uchun bu unvonga loyiq topilgan.

Amin Maaluf (Amin Maalouf) – 1949 yil 25 fevralda Livanning Bayrut shahrida frantsuzzabon rassom va jurnalist pedagoglar oilasida tug‘ilgan. Adibning bolalik yillari Misrda o‘tgan. Bayrutdagi Avliyo Iosif universitetida iqtisodiyot va sotsiologiya sohalarida tahsil olgan. U 1971–1975 yillarda Livanda chop etiluvchi “Kunduz” (“An-Nahar”) gazetasida xalqaro mavzular bo‘yicha jurnalist, muxbir va muharrir sifatida faoliyat olib borgan. Maaluf 1971 yilda Andreya ismli tarbiyachi qizga uylangan. Maaluf xonim livancha taomlar bilimdoni bo‘lib, bu borada bir necha kitob yozgan va nashr ettirgan. Amin va Andreya Maalufning uch nafar o‘g‘li bor.

Frantsuz, ingliz va arab tillarida erkin muloqot qilish salohiyatiga ega adib hayoti davomida oltmishdan ziyod mamlakatda bo‘lgan. U 1976–1979 yillarda “Navqiron Afrika” (“Jeunes Afriques”) jurnalining muharriri sifatida ish boshlagan. So‘ngra 1979–1982 yillarda “Kunduz” gazetasining xalqaro mavzular bo‘yicha Parijdagi muxbiri, 1982–1985 yillarda esa “Navqiron Afrika” jurnalining bosh muharriri lavozimlarida xizmat qilgan. Adib 2007–2008 yillarda Yevropa Komissiyasining Ko‘ptillilik bo‘yicha ishchi guruhiga raislik qilgan.

Amin Maalufning “Afrika arsloni” (1985), “Samarqand” (1988), “Oydin bog‘lar” (1991), “Beatrisdan keyingi birinchi asr” (1992) kabi asarlari adabiyot sohasidagi nufuzli Gonkur mukofotiga sazovor bo‘lgan. “Tanios qoyasi” (1993), “Livan darvozasi” (1995), “Baldasar vasvasasi” (2000), “Arslon sevgisi” (2001), “Nasablar” (2004), “Adashganlar” (2012) kabi romanlari nafaqat frantsuzlar, balki dunyo kitobxonlari tomonidan sevib o‘qiladi. Professor Muhammadjon Xolbekov “Samarqand” romani haqida yozgan “Frantsuzcha yangragan go‘zal qasida” maqolasida qayd etganidek, “O‘zbekiston bilan Frantsiya o‘rtasidagi siyosiy va madaniy aloqalar ko‘p asrlik tarixga ega. Sohibqiron bobomiz Amir Temur va Frantsiya qiroli Karl VI o‘rtasidagi yozishmalar bu aloqalarning tarixidan guvoh beradi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, ikki davlat o‘rtasida siyosiy, madaniy va adabiy jabhalarda aloqalar jadal rivoj topa boshladi. To‘qsoninchi yillar boshida o‘zbek astronom olimi va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi, frantsuz adibi va faylasufi Fransua Volter tavalludining 300 yilligi O‘zbekiston va Frantsiyada keng nishonlandi. Keyingi yillarda ham ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari mustahkamlanib borayotir… Bu asarning “O‘zbekiston” nashriyotida chiroyli muqovada chop etilgan nusxasi asar muallifi va frantsuz adabiy jamoatchiligida katta taassurot qoldirdi”[2].

Amin Maalufning “Samarqand” romani dastlab 1988 yili Parijdagi Jan-Klod Late nashriyotida chop etilgan. O‘sha yiliyoq bu roman frantsuz “Matbuot uyi”ning bosh sovriniga loyiq topildi va o‘tgan o‘ttiz yil mobaynida dunyoning turli tillariga tarjima qilindi. Muallif bir suhbatida: “Men 1987 yil romanimni yozayotganimda rafiqam bilan Samarqandda bo‘lgandim. Bu juda ajoyib sayohat edi. O‘shandan buyon men do‘stlarimga va o‘quvchilarimga Samarqandga sayohat qilishlarini maslahat beraman. Ularning ko‘pchiligi maslahatimga quloq solib, Samarqandga borishadi va u yerdan bir olam taassurot bilan qaytishadi”, deb e’tirof etgan. Xullas, asli millati arab bo‘lib, asarlarini frantsuz tilida yozayotgan Amin Maaluf ijodi, uning mashhur “Samarqand” romani endilikda dunyo kitobxonlarining sevimli asariga aylanib bormoqda. Romanning o‘zbek tilidagi yangi nashrini amalga oshirishda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, taniqli olim va jamoat arbobi Akmal Saidovning sa’y-harakatini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Uning roman tarjimasiga yozgan “Amin Maalufning muazzam Samarqandga go‘zal qasidasi” sarlavhali so‘zboshisi muallif hayoti, ijodi va uning “Samarqand” romani haqida mufassal ma’lumot beradi.

Akademik Akmal Saidov so‘zboshisida muallif faoliyati bilan bog‘liq ko‘p qimmatli ma’lumotlarni taqdim etgan. Uning ta’kidlashicha, “Hozirgi zamon frantsuz adabiyotida Amin Maalufning nomi Du Kluzio, Maksans Fermin, Patrik Modiano, Fernando Arrabbal singari taniqli yozuvchilar qatorida tilga olinadi. Shu bilan birga, adibning o‘zi hamisha Sharqu G‘arbning Tomas Mann, Alber Kamyu, Lev Tolstoy, Charlz Dikkens, Stefan Sveyg, Umar Xayyom singari daho adiblari ijodidan ilhomlanishini ta’kidlaydi. Ayni chog‘da, adib asarlari dunyoning 40 dan ortiq tillariga tarjima qilingan”.

“Samarqand” romanini mutolaa qilgan kitobxon qalbida Samarqand shahriga mehr jo‘sh uradi. Ayniqsa, bu yurtga kelmagan xorijliklar muazzam shaharning butun bo‘y-bastini ko‘z o‘ngida tasavvur qila oladi. Xorijliklar qalbida “Samarqandni bir borib ko‘rsam edi” degan orzu-havas, kuchli ishtiyoq uyg‘otadi. Muallif o‘z romaniga amerikalik hassos shoir, nosir va munaqqid Edgar Allan Po (1809–1849) qalamiga mansub “Temurbek” dostonidan Samarqandga bag‘ishlangan yorqin misralarni iqtibos keltirgani asar peshtoqidagi chiroq yanglig‘ ajib ma’naviy nur taratib turadi.

Amin Maalufning to‘rtta kitobdan iborat ushbu romanida voqealar rivoji Umar Xayyom Samarqandga kelgan XI asrdan boshlanib, XX asr avvalida Yaqin Sharq mamlakatlarida sodir bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy, tarixiy voqealar girdobida Xayyom ruboiylari qo‘lyozmasini qidirib Eronga kelgan yosh amerikalik frantsuz yigiti Benjamin Umar Lessajning sarguzashtlari, uning qo‘lyozma bilan birga “Titanik” kemasida ummon qa’riga g‘arq bo‘lishi bilan yakunlanadi.

Romanni mutolaa qilayotgan kitobxon ko‘z o‘ngida 1072 yilning yoz oqshomlaridan birida 22 yoshli Umar Xayyom siymosi gavdalanadi. O‘sha kezda Samarqandga kelgan bo‘lg‘usi buyuk olim va shoir bozor oralab yurganida Mag‘ribda Avitsenna, Mashriqda Abu Ali nomi bilan mashhur alloma Abu Ali Ibn Sinoning eng yaqin shogirdlaridan bo‘lmish Uzun Jabbor ismli nuroniy mutafakkir olomon tomonidan mayparastlik va dahriylikda ayblanib sazoyi qilinayotgani ustidan chiqadi. Navqiron yigit Umar Xayyom o‘sha voqeaga aralashib, Abu Ali Ibn Sinoning keksa shogirdini qutqarib qolishga ahd qilib, o‘zi baloga giriftor bo‘ladi. Uni Samarqand shahri Asfizor mahallasidagi Samarqand qozikaloni Abu Tohir huzuriga olib borishadi. Shariat qozisi, bir tomondan, dunyoqarashi keng inson bo‘lgani, ikkinchi tomondan, Balx sultoniga yoqmay qolgan bir she’ri uchun qatl qilingan shoirning alamzada va hushyor ukasi ekani, qolaversa, Umar Xayyomni g‘oyibdan tanigani uchun unga iltifot ko‘rsatadi. Ya’ni, allomani jazodan qutqarib qoladi va hatto, Samarqand xoni huzuriga yo‘l ochib beradi.

Qiziq bir epizod, Samarqand qozikaloni Abu Tohir ruboiylarini har kimga o‘qib bermasdan, yozib va to‘plab borishi hamda ehtiyotlab saqlashi uchun Umar Xayyomga varaqlariga hali hech nima bitilmagan kitob tuhfa qiladi. Romanda o‘sha voqeaning tasvirlanishi kitobxonni so‘zsiz hayajonga soladi:

“Kitob qalin va qattiq, yaltiroq charm muqovali bo‘lib, ustiga tovus dumining tasviri bosib ishlangan, sahifa chetlari hali to‘g‘rilab kesilmagan ham edi. Taassurotlarga boy bo‘lgan mana shu ëz oqshomida Umar kitobni varaqlab, uning ikki yuz ellik olti sahifasi ham hali oppoq ekanligini, ularga na biron she’r va na biron naql yozilmaganini ko‘rdi.

Abu Tohip hayajonini bosish maqsadida savdogarlarga xos qiyofaga kirib, gapini davom ettirdi:

– Bu kitob Samarqand ustaxonalarida qadimiy usulda, eng sifatli xitoy qog‘ozidan tayyorlangan. Uni motrudlik bir yahudiy usta mening buyurtmamga binoan maxsus oq tut yog‘ochidan tayyorladi. Sahifalarini ko‘rgin, ular xuddi shohidek silliq va mustahkam”.

Samarqand qozikaloni Abu Tohir ushbu kitobni ehtiyot qilishni ta­yinlab, Umar Xayyomga yana shunday deydi: “Har safar qalbingda biron she’r tug‘ilib, u olamga chiqish uchun bo‘g‘zingga yugursa, unga tishlaring va lablaring mustahkam darvoza bo‘lsin. Uni ovoz chiqarib olamga yoyma, mana shu kitobga bitib, bir umrga sir saqla”. Voqealar davomida Umar Xayyomning shu kitobga ruboiylarini qayd etib borishi mahorat bilan tasvirlangan.

Ishq-muhabbat kuychisiga aylangan Umar Xayyomning saroy shoirasi Jahon ismli go‘zal qiz bilan to‘qqiz yillik ishqiy sarguzashti ham g‘oyat qiziqarli tasvirlangan.

Muxtasar qilib aytganda, Amin Maalufning “Samarqand” romani o‘zbek adabiyoti xazinasiga salmoqli durdona bo‘lib qo‘shildi. Uni tarjima qilgan fidoyi insonning mehnati ham muallifnikidan kam emasligini e’tirof etsak arziydi.

Frantsuzcha asarlarni ona tilimizga va o‘zbekcha durdona asarlarni dunyodagi eng nufuzli tillardan hisoblanmish frantsuz tiliga mohirona o‘girish borasida biz uchun katta mahorat maktabini yaratib ketgan Abdumurod Ko‘chiboyev (1944–2016) Samarqand davlat universiteti roman-german filologiyasi fakultetining frantsuz tili bo‘limini tugatgan. 1977 yilda filologiya fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Qator yillar Samarqand davlat chet tillar institutining “Frantsuz tili va adabiyoti”, “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedralari dotsenti sifatida talabalarga tarjima sirlaridan saboq bergan.

Taniqli olim va tarjimon Abdumurod Ko‘chiboyev frantsuz adabiyotining o‘zbek tarjimoni sifatida o‘zidan munosib nom va boy ma’naviy meros qoldirdi. U Jan Pol Runing “Amir Temur” romani va Prosper Merimening “Karmen” qissasini, Gi de Mopassan, A.Dode singari atoqli frantsuz yozuvchilarining ellikdan ortiq novellalarini hamda V.Gyugo, Ronsar, V.Vuatyur, O.Bashe kabi frantsuz shoirlarining she’rlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girgan.

Yuqorida aytganimizdek, o‘zbek tarjimonining ona tilimizda yaratilgan asarlarni o‘zga tillarga tarjima qilishi g‘oyat mushkul ish. Bu ishni ham mahorat bilan uddalagan Abdumurod Ko‘chiboyev G‘afur G‘ulomning “O‘g‘rigina bolam”, O‘lmas Umarbekovning “Mehmondorchilikda” nomli hikoyalarini, Azim Suyun va Musallambonuning ba’zi she’rlarini frantsuz tiliga o‘girib, xorijlik adabiyot ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otgan.

Abdumurod Ko‘chiboyev tarjima qilgan Prosper Merimening “Matteo Falkone”, “Tamango”, “Kolombo” novellalari 2018 yilda kitob holida nashr etilgani adabiyotimiz xazinasini yanada boyitdi.

Bo‘lg‘usi tarjimonlar Abdumurod Ko‘chiboyev singari ustozlarning tarjimalaridan teran nigoh ila saboq olishlari maqsadga muvofiqdir.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 8-son

_________________

[1] Kalashnikova Ye. “Tarjimon o‘ziga va so‘zga munosabatini yashira olmaydi”. Tarjimon Grigoriy Starikovskiy bilan muloqot. //Inostrannaya literatura, 2016 y. 3-son.

[2] Xolbekov M. Frantsuzcha yangragan go‘zal qasida. //https://teletype.in/@uzas.uz/Skod22M0X.