O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, tilimiz ushbu maqomni olmasidan burungi va olganidan keyingi holati haqlarida gapirishdan oldin o‘sha davrdagi o‘zim uchun sharafli bo‘lgan ayrim voqealarni bir eslamoqchiman.
Sovetning oxirgi pallalarida, oshkoralik yillarida yurtimizda bir necha yaxshi qonunlar qabul qilingan. Davlat bilan xalq bir-biriga yaqinlashib, birining ovoziga ikkinchisi quloq solib, xalq o‘rtaga qo‘ygan masalalarni davlat hal qila boshlagan edi. Masalan, Orol dengizini saqlab qolish, tabiatni asrash, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish… kabi masalalarni xalq o‘rtaga qo‘ygan edi. Hali sovet davrida, mustamlaka ta’siridan chiqib ketmagan bir paytimizda. To‘g‘ri, bunaqa harakatlar bitta bizning mamlakatimizda yuz bermagan, sovet qo‘l ostida o‘n beshta respublika bo‘lsa, shular ichida bizdan ertaroq va kuchliroq uyg‘ongan Boltiqbo‘yi davlatlari boshlab bergan edi. Jumladan, “ulug‘ og‘a” tili zug‘umi ostida yashagan milliy tillarining qaddini tiklash va qadrini yuksaltirish bo‘yicha Boltiqbo‘yi, Qofqoz va nihoyat O‘rta Osiyo xalqlarida ham katta milliy uyg‘onish yuz berdi. Til borasida har bir xalq o‘ris-sovet kamsitishlaridan bezib, uzoq yillar davom etgan xo‘rliklardan ruhan cho‘kib yurganining alamlarini shu qisqa qayta qurish zamonida ko‘chaga to‘kib soldi… va birin-ketin respublikalarda til qonunlari qabul qilina boshladi. Maqtanishga o‘xshab ketsa ham, tarix uchun aytay: Til qonunining muqobil nusxasini yaratish bo‘yicha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi nomidan tuzilgan besh kishilik kichkinagina ishchi guruhga kamina ham a’zo edim. Ungacha bir necha davlatning til haqidagi qonunini o‘rganib chiqqanim bu ishimda juda asqotdi. Bir ulug‘ inson choy-poy qilib berib turdi, ikkinchi ulug‘ insondan onda-sonda maslahatlar olib turdik, matnni asosan uch kishi ishladik. Shu uchtadan bittasi men bo‘lganimdan va tilimizning qayg‘usiga ozmi-ko‘pmi hissam qo‘shilganidan haligacha sharaf tuyaman.
Ya’ni, hukumat o‘z yo‘li bilan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘z yo‘li bilan shu qonunni ishlashni boshladi. Keyin mana shu ikkala nusxa asosida yagona bir nusxa qabul qilinishi mo‘ljallangan edi. Oxirgi holatni yaratishda biz tayyorlagan nusxadan nechog‘li foydalanilgani hozir aniq esimda yo‘g‘-u, lekin qabul qilingani ham o‘shanda ancha demokratik ruhdagi qonunlardan bittasi edi. Ya’ni, biz orzu qilgan juda ko‘p moddalar kirmay qolgan bo‘lsa ham, bunday olganda, ayniqsa, bugungi gaz bilan o‘lchaganda, u qonun yomon emas edi, demoqchiman. Eng muhimi – sovet davrida siquv ostida bo‘lgan tilimizga erk berildi, huquq berildi, hurriyatga chiqdi va… qonun qabul qilingan kun “Til bayrami” deb bayram qilinadigan darajaga yetdik. Axir, o‘zbek tili ham bir mustaqil til sifatida yashashga haqli deyishning o‘zi ilgari o‘ta millatchilik deb baholanardi. Shu bois tilimiz haqida xos qonunning vujudga kelishi juda ulkan ijobiy hodisa bo‘lgan.
Bular hammasi shirin xotiralardir.
So‘ngra qarshimizda asosiy masala – qonunni amalga kiritish, qo‘llash, hayotga tatbiq qilish masalasi turdi va hamon turibdi. Bu borada hali ko‘p kamchiliklarimiz borligi ayon bo‘lib qoldi. Qonun qabul qilingan ilk yillari o‘zbek tili hayotning hamma sohalariga faol kira boshladi. Atamashunoslik qo‘mitasi tashkil bo‘ldi, Yozuvchilar uyushmasida har kuni qizg‘in muhokamalar kechardi, Fanlar Akademiyasida katta ishlar qilindi. Yozuvchi-shoirlar shaxsiy tashabbus bilan asarlarida, unutilgan va unuttirilgan so‘zlarni ishlatib, yangi-yangi ifodalar bilan chiqa boshlashdi. Xullas, tilning qaddini tiklash bo‘yicha ommaviy bir harakat yuzaga keldi. Yuzaga keldi-yu… afsus, bu tashabbus, bu g‘ayrat mening nazarimda yil o‘tgan sayin so‘nib, til uyg‘onishi to‘lqini sekin-asta orqaga qayta boshladi. Mana, hozir o‘sha ilk qonunning qabul qilinganiga 22 yil bo‘lgan bo‘lsa, kundalik hayotda bu qonunga rioya tobora orqaga ketyapti deb o‘ylayman. Bu hol nimalarda ko‘rinadi?
Til mavhum bir narsa emas. O‘z holicha bor bo‘lmaydi. Til asosan odamlarning og‘zida va so‘ngra yozuvlarda yashaydi, og‘iz va yozuvlarda hayotini davom ettiradi. Agar millat turli sabablar bilan ayrim so‘zlarini unutayotgan bo‘lsa, asta-sekin tilidan tushib qolaversa, o‘rnini “zamonaviy”mi, “madaniy”mi niqoblari ostida begona so‘zlar egallayversa, bu til oldiniga qashshoqlashishga yuz tutadi, keyin, tarixda kuzatilganidek, o‘lishga qarab ketadi. Tillarning o‘lish hodisasi bor narsa. Ayrim tillarning nomi bor, ayrim so‘zlari atama o‘laroq yo boshqa biron ko‘rinishda o‘zga millatlar tilida saqlanib qolgan, lekin hozir u tilda gapiruvchilar yo‘q. Bir paytlar u tilda gapirgan xalq (mas., lotin) yo‘qolib, boshqa millatlarga singib-edirilib ketgan. Bunaqangi natijadan Olloh qo‘risin. Boshqa tillar zug‘umi ostidagi kuchsiz, kichik tillarning taqdirida ana shunday xavf doim turadi. Shu bois bunday xavf ostidagi tilning yashab qolish uchun harakati ayniqsa kuchliroq bo‘lishi kerak. Ozgina parvosiz bo‘linsa, til o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, natija ayanchli bo‘lish ehtimoli bor.
Ollohga shukr, o‘ttiz milyonli katta millatmiz. Katta mamlakatmiz. Bu tilda yozilib, o‘tmishdan qolgan va hamon sevib o‘qilayotgan juda ulkan madaniy-tarixiy-adabiy meros egalarimiz biz. Poydevorimiz ham juda chuqur va kuchli. Tilimiz yo‘qolib ketmaydi, inshaalloh, ammo buzilib ketayotgani ko‘ngillarda xavotir uyg‘otadi.
Tanqid ma’nosida emas, jonkuyarlik ma’nosida aytadigan gaplarim bor.
Biz o‘zbekistonlikmiz, mamlakatimizning oti “O‘zbekiston”, millatimizning oti “o‘zbek”, tilimizning oti “o‘zbek tili”. Biz endi biron-bir davlatga, mamlakatga qaram emasmiz. Huquqi o‘zida bo‘lgan, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga to‘laqonli a’zo o‘laroq qo‘shilgan davlatmiz. Har qanday mamlakatni boshqalaridan ajratib turadigan unsurlardan bittasi – til. Bizning ham shu tilimiz bor ekan, o‘zbek xalqi, o‘zbek adabiyoti, o‘zbek madaniyati, o‘zbek urf-odatlari haqida gap bo‘lishi mumkin. Demak, til masalasi shunchaki gap orasida aytib ketilaveradigan jo‘n, kichik, mayda masala emas, balki davlat ahamiyatiga ega, ulkan masaladir. Agar bu til pala-partish va surbetlarcha bostirib kirib kelayotgan yot so‘zlar hisobiga aynib yo qashshoqlashib ketaversa, Olloh ko‘rsatmasin, bolalarimizga nima qoldiramiz va ular o‘zlarini qaysi til egasi deb aytishadi? Holatga boqsangiz, keyingi paytlarda shu salbiy hodisa kuzatilyapti, odamlarda tilimizga e’tibor tobora pasayib ketyapti.
Kundalik turmushimizdan oddiy bir misol: hammamiz yo‘lda yuramiz, ko‘chaning ikki chekkasidagi shiorlar, ishxonalarning, do‘konlarning, har xil firmalarning nomlari diqqatimizni tortadi. Tilni yaxshi ko‘rgan, dunyo tillari oilasida o‘zbek tilining ham obro‘yi baland bo‘lishini xohlagan bir kishi sifatida tilimizning kundalik muomaladagi va ko‘chadagi holatidan juda qiynalaman. Nega, deyman, tilimiz shu qadar qashshoqmi yoki o‘zimiz uni yerga uryapmizmi, deyman. Hammasi ajnabiy so‘zlar! Ajab…
Nashriyot sohasida ishlaganim uchun misolni shundan boshlay qolay. Bitta xususiy bosmaxona ochilsa, qarang, nima deb atalyapti: “Poligraf print”, “Ofset print”, “Yurida print” va hokazo… Nega endi “print” bo‘lishi kerak? “Print” bor-yo‘g‘i bosma degani. Nega o‘zimizning tilda, masalan, “Toshbosma” yoki “Nilufar bosmaxonasi” deyolmaymiz? Shu darajada yomon ko‘ramizmi tilimizni?!
Do‘konlar nomi birdaniga “market”, “super market” bo‘lib ketdi. Nega endi “market”? Nimaga “super market”? “Super” degani qaysidir bir tilda “katta” degani, mening sho‘rlik tilimda nima ayb bor, nega men “katta do‘kon” deyolmayman?! Tarjima qilganday “katta do‘kon” deyishim ham shart emas, bironta o‘zbekona ot qo‘ya olmaymanmi?!
Aqlim olmaydi, ichim achiydi.
Bir xil suvni “Gidrolayf”, boshqasini “Bonaqva” deb atashdi. “Gidro” suv bo‘lsa, “layf” hayot deganidir, mundoq aytganda, “Hayot suvi” demak. Buning nimasi yomon? “Bonaqva” nima degani? Tarjimasi – buloq suvi. Ishlab chiqaruvchilar mahsulotiga “Buloq suvi” yo “Hayot suvi” deb ot qo‘ymaydigan, shunday ot qo‘ygan taqdirda esa, suvsaganlar uni sotib olmaydigan holga keldi millat.
Kattalarga quloq soling: bugun bolasiga, shapkangni ol, deyapti, telpagingni yoki qalpog‘ingni ol, demayapti. Bola boshidagi narsa do‘ppimi, tumoqmi, qalpoqmi yo telpakmi ekanini bilmay o‘syapti…
Yana mening eng g‘ashim keladigan hodisalardan bittasi – “sekuriti”, “moderator” degan olifta so‘zlar chiqdi. Besh-olti yillardan beri ilm o‘choqlaridami, ishxonalardami, shifoxonalarda yo bozorlardami eshik yonida turadigan odamlarning maxsus kiyimi orqasiga chet tilida “sekuriti” deb yozib qo‘yiladigan bo‘ldi. “Qorovul” so‘zining nima gunohi bor, deyman. Nimasi xunuk? Hech ham xunuk emas. “Qorovul” nihoyatda o‘zbekona-turkonaligi bilan juda chiroyli so‘z. Shunday chiroyli so‘z turganida nega men “sekuriti” deyishim kerak? Bizning shu ma’noni beradigan o‘z so‘zimiz yo‘q bo‘lsaykan, tilimizga kirsa. So‘zimiz bor va biz bu kasbni o‘rni bilan “qorovul”, o‘rni bilan “qo‘riqchi” deymiz. Shu paytlargacha tilimizda “majlisni olib boruvchi” yoki “majlisga raislik qiluvchi” bo‘lardi, endi birdaniga ular “moderator”ga aylandi! Majlis tanaffuslarida mezbon o‘zbekona “bir piyola choy” tashkil etardi, endi choy qoloqlik belgisi bo‘lib ko‘rindimi, u “kofe breyk” bo‘lib qoldi!
Eng afsuslanarlisi – toza o‘zbekcha so‘zlarimizni bugun tilimizdan bironta begona millat majburan siqib chiqarmayapti, o‘zimizning ixtiyorimiz bilan o‘zimiz qilyapmiz bu ishni. Misollar hayotda tiqilib yotibdi, bu yerda hammasini keltirishimga hojat bo‘lmasa kerak. Har kim bir kunini shu ishga ajratib ko‘chaga chiqsin, ikki taraf turli-tuman yozuvlarga to‘lib ketgan, shularning ichida o‘zbekchasi qancha uchraydi – bir sanab ko‘rsin…
Yana bitta bosqinchi so‘z “evakuatsiya”dir. Ilgarilari u yer-bu yerda quloqqa chalinib turardi, yaqinlardan beri tilimizga muqim o‘rnashib ham oldi shekilli: televizor, radiolar tinimsiz ayta, matbuot hech ikkilanmay yoza boshladi. Bu so‘z ko‘chish yo ko‘chirish hodisasining ajnabiycha otidir. Urush, tabiiy ofatlar chog‘i ko‘chirilgan aholi haqida xabar berarkan, radio-televideniye Xudoning bergan kuni “evakuatsiya qilindi” deb gapiraverib, xalqning ongiga singdiryapti bu yot so‘zni. Men hatto televideniyada nufuzli lavozimda ishlaydigan ziyoli, adabiyotchi odamga: bu qanaqangi gap, tilning darvozasi qolmadi-ku, shuning o‘rniga “aholi tinch joylarga ko‘chirildi” deyilsa, xalqimiz tushunmay qoladimi, desam, o‘ylab ham o‘tirmay: «Bilasizmi, “evakuatsiya” so‘zida uyushqoqlik, tashkillashtirish ma’nolari bor, “ko‘chirildi” so‘zida bu narsa yo‘q», dedi. Begona so‘zlarga o‘zimiz yuklab qo‘ygan yo‘q “ma’nolar”ning quli bo‘lib o‘tiribmiz… Bugun Alisher Navoiy tuyqus tirilib kelsalar, nima bo‘lardi! Tilimizda narsa va hodisalarning nozik-nozik boshqachaliklarigacha ham ifodalay oladigan kuch va imkoniyat borligini isbotlab bergan Navoiy bobomiz bizning bu tushkun tushuntirishlarimizni eshitib turib, nevaralari tilining holiga faryod chekib yubormasmi edilar?! Axir, “ko‘chmoq” fe’lidan yasalgan “ko‘chirildi” shaklining o‘zida uyushqoqlik, uyushib qilingan harakat ma’nosi bor. Hamma tiraqaylab qochib ketdi, deyilmayapti, ko‘chirildi, deyilyapti. Bu so‘zda ko‘chishni kimlardir tashkillashtirayotgani ham sezilib turibdi. Tilimizga e’tiborsizmiz, desam, juda yumshoq aytgan bo‘laman, bizda tilimizga ochiqdan-ochiq ishonchsizlik, tushkunlik kayfiyati bor. Judayam xavfli va yomon hol bu. Yurtning ishongan bir ziyolisi shunday deb tursa, ko‘chadagi quruvchidan yo bozorchidan xafa bo‘lmasa ham bo‘ladi. Axir, hech bo‘lmaganda millatning oydin kishilari, ayniqsa yozuvchi-shoirlar tilning qorovullari bo‘lishi lozim emasmi?!
Hatto tillarni o‘rislashtirish siyosati yuritilgan sovet davrida tilimiz o‘ziga xosligini va boyligini saqlab qolishga tish-tirnog‘i bilan tirishgan edi. Buning sabablaridan bittasi – millat taqdiriga kuyunchak adiblarimiz, shoiru yozuvchilarimiz ijobiy ma’nodagi qaysarlik bilan tilimizning rango-rangliklarini, boyliklarini ko‘rsatib yozaverishdi. Mafkurasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, tilni asrab qolish harakatida adabiyotchilar orasida qandaydir bir fikrdoshlik, uyushqoqlik bor edi. Asarlarida xilma-xil so‘z va iboralarni qo‘llab, iloji boricha chekkadan so‘z kiritmay, kirganini ham juda kam ishlatib, tilimizning tozaligini asrab qolishga xizmat qilishdi. Bugun mustaqillikka erishdik, dunyo bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarga kirishdik, mamlakat darvozalari dunyoga keng ochildi – bular bari yaxshi, ammo tilimizning darvozasi bu qadar ochilib ketishi yaxshilikka olib bormaydi.
Kishida biror kasallikka chidam qobiliyati kamaysa yo yo‘qolsa, tanasi o‘sha kasallikka chalinuvchan bo‘lib, unga qarshi kurasholmay qoladi. Til ham xuddi shunday: o‘zini saqlash qobiliyatini yo‘qotsa, chekkadan bostirib kirgan har qanday axlatni qabul qilib olaveradi. Tilga munosabatda tushkun kayfiyat shuning uchun ham xavflidir, bunday holatdan qancha tez qutulsak, shuncha yaxshi. Ollohga shukr, tilimizda o‘zini saqlash qobiliyati yo‘q bo‘lib ketmagan, faqat bir oz unutilgan, ishga solinmayapti, lekin bor. Tilimiz narsa va hodisalarga qiynalmay ot qo‘ya oladi, har qanday fikrni, tuyg‘uni ifodalashga ham qurbi yetadi. Gap o‘zimizda qolgan. Bu qobiliyatni ishga solib, til sandiqlarimizni titkilashga va ota-bobolarimizdan qolgan turkona so‘zlarimizni izlab topishga ozgina hafsala kerak, xolos. O‘zimiz yalqovmiz. So‘zlayotganimizda yo yozayotganimizda, aytmoqchi bo‘lgan fikrlarimizni o‘zimizning tilimizda ham jaranglatib ifodalasa bo‘ladimi-yo‘qmi deb o‘ylab ko‘rishga-da erinamiz va tilimizning mahram hovlisiga surishtirmay-netmay chetdan nomahram ajnabiycha so‘zlarni osongina kiritib yuboraveramiz. Natija nima bo‘ldi: bugun bir quruvchi usta suvoqni “shtukaturka”, shayinni “uroven”, chaspakni “plintus”, shipni “potolok” v.h. deydigan darajaga yetdi; sport sharhlovchisi hakamni “referi”, birinchilik uchun o‘yinlarni “chempionat” (anchadan beri qo‘llanaverganiga “chempionat” so‘zi ham o‘zbekchalashib ketgan tuyuldi shekildi, uni tashlab, yaqinlardan beri “mundiyal”, “pley-off”ga o‘tib olishdi), o‘nbirmetrlik jarimani “penalti”, o‘yindan tashqari holatni “offsayt”, qoloqni “autsayder” v.h. demoqda; qassob son go‘shtini “lyashka”, dandanani “pirzola” v.h. deya boshladi; kosib terini “koja” desa, sotuvchi ishtonni “shortik” deyapti; kechagacha yig‘ilish boshqaruvchisi (raisi) bo‘lgan odamlar bugun bir yumalab “spiker”, bog‘lar “park”, shippaklar “tapochka” bo‘lib qoldi; adabiyotshunos olim “ilmi”ni rangli ko‘rsatish uchunmi, ikki gapning birida “estetik-emotsional pafos” deb yozib, tilshunos esa, tilini quruq bo‘lib qolmasin degan qayg‘uda “lingvistik analiz” deb yozib ensalarni qotiradi… Bunaqa misollardan minglabini keltirsa bo‘ladi.
Ixtiyorsiz, qo‘lingiz yoqangizga boradi. Yo tavba, xuddi bu begona so‘zlarda qanaqadir boshqacha ma’no, boshqacha go‘zallik borday yopishamiz ularga! Hech qanaqa qo‘shimcha ma’no yo sir yo chiroy yo‘q bu so‘zlarda, odamlarimiz u so‘zlar qarshisida jodulanib qolganga o‘xshaydi. O‘zimizning tilga ishonchsizlik tug‘ilgani shundan. Demak, umumiy ahvolimiz yaxshi emas. Ko‘chada, xonadonlarda, bozorlarda, sinflarda millat tilga qayg‘urmay, saqlanish qobiliyatini ishlatmay qo‘ydi hisob. Agar ommada bu qayg‘u bo‘lganida, tilini qizg‘anardi, chetdan kiradigan so‘zlarga eng birinchi galda o‘zi to‘siq qo‘yardi, tilining taqdirini aslo o‘z holiga tashlab qo‘ymasdi. Axir biz uncha-muncha emas, nufusi o‘ttiz millionga yetib qolgan katta xalqmiz va o‘zbek tili shu katta xalqning tili. Tilimizga qayg‘ursak, tozaligini, qadrini va yuksalishini o‘ylasak, milliy sha’nimizni, g‘ururimizni o‘ylagan bo‘lamiz. Agar tilning, adabiyotning qorovuli yo egasi qolmasa, ma’naviyatimiz o‘zagidan ajrab qolishi hech gap emas, Olloh asrasin.
Xo‘sh, tilni toza saqlab, obro‘yini ko‘tarish uchun nima yoki nimalar qilish kerak?
Bu masalada “birinchidan”, “ikkinchidan”, “uchinchidan”, “to‘rtinchidan”… deb ancha chora-tadbirni aytsa bo‘ladi. Lekin eng muhimi – til davlatchilik asoslaridan biri ekanini hisobga olib, tilimizning bugungi ahvolida, hozirgi sharoitda eng birinchi galda davlat bu sohada o‘z so‘zini aytishi, o‘z himoyasiga olishi kerak, deb o‘ylayman. Zotan, maxsus qonun bilan tilimiz bunday himoyaga olingan ham. Endi uning tozaligini saqlash borasida-da tashabbusni davlat qo‘lga olishi, ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rilishi lozim.
Masalan, chetdan tovarlarni yurtimizga rosa tekshirib kiritamiz, to‘g‘rimi? Buning uchun maxsus bojxonalarimiz bor. Qonunimizga qaraymiz, shu tovar mamlakatimizga kirsa bo‘ladimi yoki taqiqlanganmi? Taqiqlangan bo‘lsa, chegaraning o‘zidayoq ushlab qolib, kiritmaymiz. Ustiga ustak, qonunda taqiqlangan tovarni kiritmoqchi bo‘lganlarga qarshi jazo choralarini qo‘llaymiz: molini musodara qilamiz, egasiga jarima solamiz va hokazo. Nega tilimizning bojxonasi bo‘lmasligi kerak? Til qonunimizga tegishli moddalarni bitaylik-da, chekkadan kirishga urinayotgan har bir so‘zni til bojxonasidan o‘tkazdiraylik. Buni faqat davlat qila oladi. Kirayotgani ham marhamat qilib bojini to‘lab qo‘ysin, o‘zining maqomini bilsin, mezbon tilni hurmat qilsin, ana undan keyin kirsin. Qolganlari chegaradanoq vataniga qaytib ketaversin.
Bu tajriba boshqa davlatlarda bor. Bir paytlar o‘qigan edim: masalan, Fransaning til qonunida ommaviy axborot vositalarida bo‘ladimi, ilmiy, badiiy asarlarda yoki atamalarda bo‘ladimi, chetdan kiradigan so‘zlarga besh foiz (5%)lik chegara qat’iy qilib qo‘yilgan. Shundan ortib ketsa, aybli kishi jarima to‘laydi. Muhimi – har bir farang eng oldin jarimagacha bormaslikka, o‘z tilini asrashga harakat qiladi, hurmat qilishga o‘rganadi.
Yangi zamon, yangicha sharoitlar til sohasida ham deyarli har kuni yangi-yangi masalalarni o‘rtaga qo‘yyapti. Mana, kuni kechagina joy nomlarini tartibga solishga qaratilgan maxsus qonun qabul qilindi. Juda kerakli va vaqtida chiqarilgan qonun. Menga yoqdi. Buning ijrosi esa albatta va bevosita til bilan bo‘ladi. Demak, yangicha vaziyatlardan hamda yigirma yillik tajribalardan chiqib kelib, bugun balki til haqidagi qonunni tubdan yangilashimiz, yanada takomillashtirishimiz lozimdir. Bu qonunda joy nomlarini, atamalarni, chetdan kirayotgan so‘zlarni yozuvda qanday ifodalash yo‘l-yo‘riqlari, umuman, chekkadan so‘z qabul qilish tartiblari mayda-chuyda nuqtalarigacha hisobga olinishi, mustahkam chegaralar qo‘yilishi kerak. Buning ustiga, keyingi yillarda hayot imlo qoidalariga ham jiddiy o‘zgartishlar kiritishni taqozo etyapti. Til borasidagi har bir ishimizni mana shu qonun va qoidalarga tayangan holda olib borsak, natija ham shunga yarasha unumli bo‘lardi.
Ayrim olimlarimizda, chetdan so‘z qo‘shilsa tilimiz boyiydi-ku, kirsa nima qipti, degan xato tushuncha bor. Bir tilda bor so‘z ustiga kirayotgan yot so‘z hech qachon tilni boyitmaydi, aksincha, surib chiqarishi bilan bosqinchilik qilgan bo‘ladi va mezbon tilni qashshoqlashtiradi. Mustamlaka sharoitida tilga tegishli qonun-qoidalarning mohiyatida qaram tillarni iloji boricha o‘rislashtirish siyosati yotardi. Unga ko‘ra, masalan, o‘ris tilidan va o‘ris tili orqali ovrupa tillaridan kirgan so‘zlar tilni boyitadi deb o‘qitishardi va, boshqa bir qoidaga ko‘ra, chetdan kirgan so‘zlar o‘zining xalqida qanday talaffuz etilsa, o‘zbek tilida ham aynan o‘shanday aytilishi talab qilinardi. Haligacha shu yolg‘on va xavfli “ilm” ta’siridan qutulib ketolganimiz yo‘q. Aslida esa, birinchidan, tillar ichki imkoniyatlar hisobiga boyiydi, chekkadan so‘zlar chorasizlikdan kiradi va kirganlari hammasiyam tilni boyitavermaydi. Ikkinchidan, agar chetdan biron-bir so‘zni kiritishga majbur bo‘lib qolinsa, mezbon til u so‘zni o‘zining talaffuz qoidasiga moslab, ya’ni, o‘zlashtirib, “o‘zbekchalashtirib” qabul qiladi. Masalan, bir paytlar kirgan “podryad” so‘zi “pudrat” deb qabul qilinganidek.
Davlat xuddi mana shu jarayonni nazoratiga olib, boshqarib turishi kerak. Bu ish nihoyatda dolzarbligidan hozirgi pallada til bilan shug‘ullanadigan maxsus vazirlik tashkil qilsa ham arziydi hatto. Mayli, bu vazirlik doimiy ishlamasin, toshgan suvga o‘zan ochib bersangiz keyin o‘zi malolsiz oqib ketaverganidek, tilimiz ham bir miqdor tartibga solib olingunicha ishlasin. Bir avlodning suyagini qotirib olaylik, undan keyin balki til vazirligiga ehtiyoj qolmas. Ommaviy axborot vositalarida tilni asrash, holatini yaxshilash bo‘yicha tinimsiz targ‘ibot-tashviqot ishlari yuritilib, har xil til o‘yinlari tashkil etib, til qayg‘usini xalq harakatiga aylantirib yuborsa bo‘ladi. Shunda, Olloh xohlasa, besh-olti yil ichida tilimiz ancha-muncha tozalanib olardi.
O‘tgan asr saksoninchi yillarida “Yoshlik” jurnali tahririyatida ishlab yurgan kezlarim maxsus “Til sandig‘i” degan rukn ochib, og‘izlarimizda va yozuvlarimizda tobora kam ishlatilayotgan, kundalik muomaladan asta-sekin chiqib ketayotgan (sovet davrida “arxaik” – “eskirgan” degan tamg‘a bilan atay siqib chiqarilayotgan), lekin xalq tilida shevalar ko‘rinishida yashab turgan nodir so‘zlarni to‘plashni orzu qilgan edim. Xalq qo‘lladi, xatlar yog‘ilib ketdi, til harakati yuzaga keldi go‘yo, natijada tesha tegmagan yuzlab so‘zlarni topdik. Afsus, niyatimni oxirigacha amalga oshira olmasdan men u yerdan ishdan ketib qoldim, lekin tilimizning boyligi va boyish manbalarini ko‘rsatib qo‘yganimiz u davrlar uchun katta ijobiy hodisa bo‘ldi. Harholda xalqimiz tilida hamma narsaga mustaqil ot qo‘ya bilish, hamma hodisani o‘zbekona ifodalay olish qobiliyati borligi ochiq bilindi va bildirildi.
Til xalqning og‘zida yashashini, odamlar bir so‘zni aytmay qo‘ysa, u til oldiniga kambag‘allashishini, bora-bora o‘lishini suhbatimizning boshida aytdik. Chindan ham, biror narsa yo hodisaga mustaqil ot qo‘ya olmagan til ojiz va notavondir. Ollohga shukr, o‘zbek tilimiz hozir ham juda unaqa ojiz, notavon bo‘lib qolgani yo‘q. Unga ilgarigi qudrati, qobiliyati eslatilsa, bir silkinib, tezda o‘zini o‘nglab olishiga ishonchim komil. Mana, bir misol: besh-olti yil burun bir jiyanim juda mayda, oqish bir xashoratni “kepakchivin” deb atadi. Oldin kepakchivin haqida eshitmagan edim. Aytishicha, bu xashorat g‘o‘zalarga bog‘liq bir sabab bilan qishloqlarimizda keyingi zamonlarda paydo bo‘libdi. O‘zi kepak zarrasiday kichkina, ko‘zga elas-elas ko‘rinadi, tovushi ham yo‘q, lekin chaqishi chivinnikidan battar. Shu narsaga hamqishloqlarim “kepakchivin” deb ot qo‘yishibdi. Qoyil! Hali tilimizda ot qo‘yish qobiliyati so‘nmabdi, demak, tilimiz o‘lmaydi. Ko‘ngillarimizni yayratib, aqllarimizni shoshirib to qiyomatgacha yashaydi.