Rabindranat Tagor tavalludiga 155 yil to‘ldi
1971 yilning aprel oyidan xizmat taqozosiga ko‘ra oilam bilan bir qancha muddat Hindistonda istiqomat qildik. Bu yerda yashagan bir necha yil davomida hind xalqining Tagor dahosi va ijodiga ehtiromi yuksak ekaniga ko‘p bor guvoh bo‘ldim.
Hindistonda may oyi boshida nafaqat Kalkutta shahri, balki butun G‘arbiy Bengaliya shtatida hayot shiddat bilan jonlanib ketadi. Sababi, buyuk yozuvchi, dramaturg, shoir, fan va jamoat arbobi Rabindranat Tagor tavallud topgan kun – 7 maydan boshlab to shu oyning oxirigacha mamlakatning katta-yu kichik shahar-qishloqlarida turli-tuman tadbirlar o‘tkaziladi. 1971 yilda men ishtirok etgan asosiy tadbirning birinchi kechasi Tagorning dramalari, ikkinchisi – qo‘shiqlari, uchinchisi – she’rlari, to‘rtinchisi – romanlari, beshinchisi – hayotiga bag‘ishlangan edi. Mazkur tadbirda mamlakat hukumati a’zolari, shtat rahbarlari va jamoat arboblari o‘ziga xos chiqishlar bilan qatnashdilar. Ayniqsa, Kalkutta shahridan taxminan 70-80 kilometr uzoqlikdagi Shantiniketan shaharchasida Tagor tashkil etgan bolalar o‘quv maktabi va Vishva Bxarati nomli oliy ta’lim dargohida bo‘lib o‘tgan tadbirlar men uchun hanuz yorqin xotiralardir. Adib tug‘ilgan kun butun Hindistonda milliy bayram sifatida nishonlanib, markaziy radio, televideniye va ularning shtatlardagi bo‘limlarida maxsus eshittirishlar, ko‘rsatuvlar tashkil etildi, matbuotda esa ko‘plab maqolalar, esselar, ulug‘ shoirga bag‘ishlangan she’rlar bosildi.
Rabindranat Tagor g‘oyat sermahsul ijod qildi, qizg‘in faoliyat yuritdi. Uning ellikka yaqin she’riy to‘plami, o‘ndan ortiq roman va qissalari, qirqqa yaqin pesasi, o‘z davrining turli muammolari yoritilgan yuzdan ortiq falsafiy esselari jahon adabiyotining nodir namunalari qatoridan joy olgan. Bundan tashqari, u bastakor sifatida ikki mingga yaqin qo‘shiq yozgan. Dunyoda ikki mustaqil mamlakatning milliy madhiyasiga mualliflik qilgan boshqa shoir bo‘lmasa kerak. Tagor esa shunday sharaf egasidir. Uning 1911 yili yozilgan “Janaganamana” (“Qalb qo‘shig‘i”) asari 1950 yil 26 yanvar kuni Hindiston Respublikasining rasmiy madhiyasi sifatida yangragan. 1905 yili yozilgan “Mening oltin Bengaliyam” qo‘shig‘ini esa 1971 yili mustaqillikka erishgan Bangladesh parlamenti yangi davlatning madhiyasi deb e’lon qilgan.
1910 yili bengal tilida va 1912 yili ingliz tilida chiqqan “Gitanjali” (“Fidoyilik qo‘shiqlari”) she’riy to‘plami uchun adib 1913 yil adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ushbu voqea sabab iste’dod va iqtidorlarga boy hind xalqining xalqaro obro‘si yanada o‘sdi. Buyuk Britaniya qirolligi tomonidan Tagorga “ritsar” unvoni berilishi va u kishiga “ser” deb murojaat qilinishi haqida maxsus farmon e’lon qilingani ham adibning maqomi naqadar baland bo‘lganidan dalolat beradi. Ammo 1919 yil 13 aprelda Hindistonning Panjob shtati Amritsar shahridagi mashhur Jalianvala bog‘ida panjobliklarning hosil bayrami – “Baysakxi” nishonlayotgan paytda ingliz askarlari minglab ishtirokchilarni o‘qqa tutganiga norozilik sifatida Tagor ushbu unvondan voz kechadi. Amerikalik tadqiqotchi olim Aleks fon Tunzelman “Hind yozi” (“Indian summer”) kitobida yozishicha, ushbu voqeadan o‘n to‘rt oy o‘tgach, Mahatma Gandi ham o‘ziga 1915 yil taqdim etilgan “Kayzeri Hind” (“Hind hukmdori”) medalini qaytarib topshiradi. Qizig‘i shundaki, Mahatma Gandi butun dunyoga mashhur bo‘lgan “satyagraxa” – kuch ishlatmay ozodlik uchun kurash harakatini ham shundan so‘ng boshlaydi. Tagor esa uni qo‘llab-quvvatlaydi.
Rabindranat Tagor Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgandan keyin jahon hamjamiyatida nafaqat uning ijodi, balki hind xalqining hayot tarzi, madaniyati, san’atiga qiziqish kuchayadi. Shu sabab turli davlatlardagi yozuvchilar uyushmalari, jamoat tashkilotlari Tagorni o‘z mamlakatlariga mehmon sifatida taklif eta boshlaydi. Masalan, Tagor 1913 yil AQShga safar qiladi va hind madaniyati bo‘yicha qiziqarli ma’ruza o‘qiydi. Umuman, Tagor qayerga tashrif buyurmasin, suhbatiga noil bo‘layotganlarni millati bilan tanishtirardi. Xususan, birinchi jahon urushidan so‘ng u qator Yevropa davlatlarida bo‘ladi va Hindiston haqida mazmundor ma’ruzalar o‘qiydi. Ushbu tashriflari davomida u o‘z davrining mashhurlari – fizik olim Albert Eynshteyn, angliyalik dramaturg Bernard Shou, frantsiyalik yozuvchi Romen Rollan, angliyalik faylasuf Bertran Rassel, rossiyalik rassom Nikolay Rerix, yaponiyalik shoir Kokudzo Okakuro va boshqalar bilan mustahkam aloqalar o‘rnatadi.
Tagorning xulosasiga ko‘ra, Vatan taraqqiyoti, aholining farovon hayotga erishishi uchun hamma ilm va ma’rifatga ega bo‘lishi lozim. Adib bu borada ibrat ko‘rsatib, ko‘plab amaliy harakatlarga ham kirishadi. Jumladan, hozirgi G‘arbiy Bengaliya shtatining Shantiniketan qishlog‘ida o‘z hisobidan bolalar uchun avval zamonaviy maktab, so‘ngra Vishva Bxarati universitetiga asos soladi. Serqirra iste’dod egasi bo‘lgan Tagor uyi, maktab va universitet binolari loyihalarini ham o‘zi chizgan edi.
Shu o‘rinda o‘zbek va hind xalqlari o‘rtasidagi aloqaga ham to‘xtalib o‘tish joiz. Ziyolilarimiz o‘rtasida Rabindranat Tagorning hayoti va ijodiga bo‘lgan qiziqish XX asrning o‘rtalarida, Hindiston davlatining birinchi Bosh vaziri Javoharla’l Neru hamda uning qizi Indira Gandi xonimning O‘zbekistonga tashrifi munosabati bilan yanada kuchaydi. Xususan, mazkur tashrif avvalida, ya’ni 1956 yil iyunda Tagorning mashhur “Inqiroz” romani asosida tayyorlangan “Gang daryosining qizi” spektakli sahnalashtirildi. Adib hikoyalari, she’rlari Olim Xo‘jayev, Shukur Burhon, Sora Eshonto‘rayeva, Nabi Rahimov kabi yetuk san’atkorlarimiz tomonidan radio orqali o‘qib eshittirildi. Shu yillar ichida yozuvchining sakkiz jildli asarlari nashr etildi.
Keyingi yillarda o‘zbek o‘quvchilari orasida Tagor asarlari ancha ommalashib, kitoblari qayta-qayta nashr etilmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, hozirda dunyoning qudratli mamlakatlari orasidan o‘ziga xos o‘rin egallayotgan Hindistonning bugungi iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti, ma’naviy rivojida Rabindranat Tagorning o‘ziga xos hissasi bor. Hind xalqi bu haqiqatni qayta-qayta e’tirof etgan holda, uni millat timsoli, hind xalqi qalbining ko‘zgusi sifatida yuksaklarga ko‘tarishadi. Zero, adib ijodi bunday e’tirof va bahoga har jihatdan munosibdir.
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 5-son