Nazar Eshonqul. Sharl Bodler

Sharl Per Bodler – farang shoi­ri, dunyo avangard she’riyatining asoschilaridan biri. Jahon adabiyotida eng ko‘p munozaralarga, inkor va e’ti­roflarga sabab bo‘lgan ijodkor.

O‘limidan ellik yil o‘tgach XX asr yapon adabiyotining klassigi Akutagava zavq tarozisining bir pallasiga shoirning satrini, boshqa pallasiga butun dunyoni qo‘yib shunday degandi: «Butun dunyo Bodlerning bir satriga arzimaydi!»

Mazkur so‘zlarni farang shoirini e’tirof etish deb talqin qilish ham mumkin, biroq bu yerda e’tirofdan ko‘ra ko‘proq dunyo Bodler poeziyasini hazm qilish, his etish, mohiyatiga yetishga qodir emas degan ta’kid bor edi.

Pol Verlen esa Bodler va uning izdoshlarini «la’natlangan shoirlar» deb atagan. «La’natlanish» bir qarashda juda og‘ir tushuncha, zalvorli yuk. Biroq kim tomonidan la’natlangan? Kim ularni la’natlayapti, kim ularga bunday ayanchli muhoraba e’lon qildi? Bu savollarga hali tugal javob olingani yo‘q, tugal javob bo‘lgachgina Bodler, umuman, tanqidchilar tomonidan «avangard» libosi kiydirilgan she’riyatga xolis baho berish imkoni tug‘iladi.

XIX asr yarmidan boshlab dunyo adabiyotiga «yangi oqim» atamasi bilan kirib kelgan avlodga mansub, hayotga, davrga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan, Sartr ta’biri bilan aytganda, «yuragini toki shir yalang‘och qolguncha» yechintirgan, farang adabiyotining yorqin namoyandasi, asarlari va qarashlari bilan o‘zidan keyingi adabiyotga juda katta ta’sir o‘tkazgan Sharl Per Bodler 1821 yili Parijda dunyoga keldi. U tug‘ilganda otasi 62, onasi 28 yoshda edi. O‘zi bu haqda shunday yozgan: «Bolalik. Lyudovik XVI davriga xos eski jihozlar. Qadimiylik ufurib turgan buyumlar. Konsullik nuqsi urib qolgan odatlar, qo‘shiqlar…»

Ana shu Lyudovik XVI davriga xos bezalgan uyi, davr tartiblari o‘tirib qolgan yashash tarzi, urflar hayotining eng go‘zal, zavqli davri edi. U bu davrni umrining boshqa hech bir pallasiga almashmadi. Aslida, hayoti davomida yorug‘lik ko‘rgan, yorug‘likka intilgan, izlagan birdan-bir makoni ham shu bo‘lgan.

Olti yoshga kirar-kirmas u bolalik idroki bilan ilohiy zot sifatida tasavvur qilgan otasi vafot etdi. Shunday qilib, bolaning nazarida, u ishongan, uni qo‘llab turuvchi, unga madad beruvchi barcha narsa otasi bilan birga quladi, vayron bo‘ldi. Ustiga-ustak, bir yildan so‘ng onasi boshqa turmush qildi. Sharlning romantikaga moyil tasavvurida onasi otasiga va o‘ziga kechirilmas xiyonat qilganday tuyuldi, bu hissiyot shoirni bir umr ta’qib etib yurdi. Sochiga oq oralagan, yuz-ko‘zida mehr balqib turgan, shaharning Lyuksemburg xiyoboniga o‘rnatilgan haykallarning tarixi haqida hikoyalar aytib bergan otasini bir umr unutolmadi, aksincha, mana shu bir parcha xotirasini butun dunyo­ga, hayotining qolgan qismiga, butun insoniyatning axloqiga, yashash tarziga qarshi qo‘ydi, hayotdagi barcha narsani ana shu xotirasiga qiyosladi, xotirasi bilan o‘lchadi va shu xotiraga asoslanib inkor qildi. Nimai­ki shu xotiraga daxldor bo‘lmasa, uning uchun barchasi yolg‘on, barchasi soxta, barchasi yasama edi. Uning hayotda ilinj oladigan, o‘zini dunyo zalvoridan yashiradigan, zavq topadigan, sig‘inib yashaydigan birdan-bir boshpanasi ana shu otasi haqidagi xotiralar edi. Shu bir parcha xotira unga hayot deb atalmish ne’matdan, dunyo deb atalmish cheksizlik va azal-abaddan azizu mukarramroq edi. Shu xotiraga bog‘liq bo‘lmagan barcha narsa uning uchun baxtsizlik, shafqatsizlik, yovuzlikdek tuyuldi. U shu bir parcha xotirasini bayroq qilib hayot oqimiga, dunyoga, mavjud axloq va tushunchalarga, qarashlarga qarshi isyon ko‘tardi, tabiiyki, bu isyonda yengildi, isyonning ma’nisi yo‘qligini o‘zi bildi, angladi, ammo o‘zligini, o‘zgaligini, xotirasiga sadoqatini saqlab qolish uchun bu yo‘ldan voz kechmadi: xotirasi tufayli hayotga qasdma-qasd yashadi va butunlay mag‘lub odamga aylandi. Bu holatni Sartr «baxtsiz ong manzaralari» deb atadi. Aynan shuning uchun u ko‘z oldida yayrab-yashnayotgan dunyoga, hayotga aks sado sifatida paydo bo‘lgan tuyg‘ularidan tug‘ilgan she’rlarini «Yovuz­lik guli» deb atadi. Bu bilan o‘zini o‘zi inkor ham qildi. Bodler onasini kechirolmadi, o‘gay otasini o‘z otasiday qabul qila bilmadi. Vaholanki, o‘gay ota halol, tartibli, Bodlerga har tomonlama mehribon, uni qo‘llab turuvchi kishi edi. To‘g‘ri, harbiy xizmat tufayli o‘n bir yoshli Bodlerni Lion qirollik kollejining internatiga topshirishga majbur bo‘lishdi. Bola yana onasidan ayrildi. Bu hol olti yoshdan beri tutab yotgan g‘ussa va alamlarini alanga oldirdi. U endi o‘gay otasini butunlay yomon ko‘rib qoldi, o‘zining baxtsiz qismatiga shu odam aybdorday tuyuldi. Keyinchalik o‘gay otasi Opika general unvoniga erishdi, martabasi yanada balandladi, adabiyotni tushunmasa ham yosh shoirni ko‘p marta qo‘lladi, uni Parijning mashhur siymolari bilan tanishtirib qo‘ydi. Bodler esa hamisha o‘zini qo‘llagan, eng og‘ir paytlarda hamdard va yordamchi bo‘lgan kishini baribir tan olmadi. 1848 yil inqilobida olomon ijtimoiy talablar, adolat, erkinlik istab namoyishga chiqqanda u bu ijtimoiy harakatga hech qanday aloqasi yo‘q talab bilan – «Yo‘qolsin general Opika!» degan shior ko‘tarib chiqdi. Aslida, aynan shu o‘gay otasi tufayli bolaligida turmush zahmatlarini tortmadi, qiyinchilik ko‘rmadi, og‘ir qarzdorlikdan qutulib qoldi, vaholanki, bebosh, pul sarflashga uquvi yo‘q, qo‘liga tushganni birpasda sovuradigan odam bo‘lgan. Lekin uning qalbi bir umr og‘rib, bir umr azob chekib o‘tdi. Bu holat butun ijodiga singib ketdi. «Sarxushlik» nomli nasriy she’rlaridan birida shunday yozgandi: «Hamisha sarxush yasha, hayotning mazmuni sarxushlikda. Faqat sarxushlikkina shafqatsiz vaqt zalvorini unutishga, uni yengishga, undan xoli bo‘lishga imkon beradi». U o‘z hayoti, o‘z she’rlari bilan vaqtga qarshi isyon qildi, vaqtni olti yoshidagi xotiralariga qaytarmoqchi bo‘ldi. Ammo vaqt unga bo‘ysunmadi, vaqt oldida u yengildi, shunda o‘zini sarxushlikka soldi, sarxush holatidagina o‘sha beozor xotirasiga qaytib turdi, o‘sha xotira bilan o‘zi abgor qilgan ruhiga shifo bag‘ishlab yashadi.

U ana shu ozurda va o‘zining tasavvurida xiyonat mahsuli sifatida ko‘nglida paydo bo‘lgan darz orqali dunyoga, hayotga qaradi, shu darzli tuynuk orqali hayotning, tiriklikning, dunyoning faqat darz ketgan joylarini ko‘ra oldi, uning ozorli qalbi dunyo go‘zalligidan faqat ozorli metaforalar topdi, uning fojiaga moyil ko‘ngli dunyo va tiriklikning anduhli tomonini izlab topdi, uning musibat to‘la ko‘zlari dunyoning qora, fojia bilan yonma-yon turgan manzaralarinigina ko‘rdi, uning uzlatga, yolg‘izlikka moyil ruhiyati dunyo­ni yolg‘iz va zulmat og‘ushida qabul qildi. Unga darz ketgan, o‘pirilgan, xo‘rlangan, yanchilgan, fojiasi bilinib turgan taqdirlar, ezgin munosabatlar, hissiyot va kechinmalar yoqardi, u ana shu kechinmalarni, ana shu hissyotlarni she’rga, adabiyotga olib kirardi. U har bir obrazida jimjima pardalarni ko‘tarib tashlab fojianing, iztirobning yuzini ko‘rsatardi, fojia va alam aks etgan har bir narsadan she’r, adabiyot, hikmat izlardi, uning o‘zi ana shu ranglar, ana shu iztirob­lar ichida yashadi va dunyoni ham shunday yashayapti deb bildi. U iztirobning, inson fojiasining, dunyoning hech kim ko‘rmagan, ko‘rolmagan jilvalarini ilg‘ardi, hech kim ko‘rmagan darzlarni, hech kim sezmagan fojialarni shuuri bilan his etardi. Uning she’rlari alamzada kishining qora xayollari emas, insoniyat hayotini boshqa tomondan, narigi, illyuziyalardan xoli, sovuq mantiq, sovuq aql bilan qaraladigan tomondan ko‘rilgan, his etilgan, tashxis qo‘yilgan taassurotlaridir. Uning obrazlari, she’rlari go‘zallik bilan o‘zini muolaja qilolmagan, muolaja qilishga kuch va hafsala topolmagan, o‘tkinchi zavqlarga aldanmagan sovuq xulosalarga to‘lib-toshgan achchiq, shafqatsiz haqiqatlardir.

Bodler o‘jar va og‘ir fe’l-atvori bilan kollejni bir amallab tugatdi, so‘ng o‘qishni davom ettirishdan voz kechdi. General Opika qanchalik undamasin, u shu paytgacha olgan bilimi yashash uchun yetarli deb hisobladi. O‘zini san’at sohasida sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Dastlab o‘zini tanqidchi sifatida namoyon qildi. Uning Parij adabiy salonlariga bag‘ishlangan «1845 yil san’at saloni», «1846 yil san’at saloni» nomli ikkita maqolasi bosilib chiqdi. Biroq bu maqolalarning adabiy muhitda hech qanday o‘rni bo‘lgani yo‘q.

Bodler dramalar, esselar, maqolalar yozgan bo‘lsa-da, o‘zining «Yovuzlik gullari» to‘plami hamda nas­riy she’rlari bilan adabiyot maydoniga kirib keldi va e’tirof etildi.

«Yovuzlik gullari» 1857 yili bosilib chiqdi. Nashr etilishi bilan kitob atrofida katta janjal boshlandi. O‘sha davrning adabiy muhiti, adabiy didi kitobni hazm qilolmadi. Asar sudga tortildi va muallif «zamondoshlarining estetik tasavvurini buzgani uchun» 300 frank jarima to‘lashga majbur etildi. Bu holat ham Bodlerga qattiq ta’sir qildi. U endi zamonasi o‘zini tushunmasligiga to‘la amin bo‘ldi. Endi o‘zini odamlardan chetga tortdi, yarim uzlatda yashay boshladi.

Bodler so‘zning qudratini yangi pog‘onaga ko‘targan shoir edi. Uning har bir she’rida isyon – qalbning, ruhning, musibatli yurakning isyoni sezilib turadi. Bodlergacha bo‘lgan she’riyatda ijtimoiy munosabatlarga, tartiblarga isyon qilinardi. Bodler insonning mohiyatiga, uning ibtidosiga isyon qildi. «Isyon inson mohiyatidadir» degan ekzistentsialcha falsafa, asli, Bodlerdan boshlangan; uning qarashlariga ko‘ra, insonning o‘zi har qanday falsafaning, dinning manbai­dir. Bodler she’rlarini o‘qigan odam insoniyatning bo‘ynidagi juda katta mas’uliyat bo‘yinturug‘ini his etadi, shu lahzada o‘quvchiga o‘zi muhim deb hisoblab kelgan tashvishu ikir-chikirlar arzimas narsaga aylanadi. Bodler she’riyati ijod – isyonning yorqin namunasidir. Ijod, Bodler nazarida, inkordir. U o‘zining bolalik xotirasidan boshqa hamma narsani inkor qildi. Bu inkordan adabiy olam yaratdi.

Bodler she’riyati, ijodi qanchalik g‘amgin, ba’zida o‘ta mahzun, ularda ayrim tanqidchilar modern she’riyatga xos deb tushunadigan qora ranglar ko‘p, uqubat va iztirob ilohiylashtirilgandek tuyulmasin, baribir, uning iztiroblari, og‘riqlarining tub asosi, sababi ortida, Bodler ijodi anduhlarga to‘la bo‘lsa-da, yolg‘izlikni kuylagan esa-da, baribir, insonni va jamiyatni ideal ko‘rish orzusi yotganini, aynan shuning uchun uqubatga, qayg‘uga, iztirobga cho‘mganini his etish mumkin. Aslida, bu bor gap. Uning ham nazmiy, ham nasriy she’rlari sinchiklab o‘qilsa, mohiyati tahlil qilinsa, o‘zining badbinligi, g‘ussalari orasiga yashirgan ideal inson, san’at va mehnat uyg‘unligiga qurilgan ideal jamiyat haqidagi orzularga duch kelamiz. Aynan odam va jamiyat uning orzularidek yashamayotgani, hayot kechirmayotgani uchun qayg‘uradi, iztirob chekadi, uni bu yo‘ldan qaytarish uchun g‘ussalarini, ko‘ngil jarohatlarini ochib tashlaydi. Aslida, qayg‘urishga sabab bo‘lmasa, qayg‘uning o‘zi bo‘lmasdi, iztirobga asos bo‘lmasa, iztirob chekilmasdi. Bodlerning iztirobi uning orzu­si bilan voqelikning tafovuti, uning ideali bilan hayotning boshqa-boshqa ekanligi ila bog‘liq. Bodlerning inson va jamiyat haqidagi orzulari birdaniga bo‘y ko‘rsatmaydi, u o‘zini og‘riq va azoblar, bizga qora rangga bo‘yalgandek tuyuladigan iztiroblar, uqubatlar ortiga yashiradi, lekin ana shu uqubatlarning sababi bitta narsa-da – uning inson va jamiyat haqidagi orzusi amalga oshmaganida, inson va jamiyat uning orzusiga munosib emasligida. Shoir she’rlaridagi og‘riqlar ana shu ideal jamiyat va ideal inson haqidagi, to‘g‘rirog‘i, ana shu idealga mos yasholmayotgan inson va idealga mos tartiblar qilolmagan jamiyat nolalaridir. U o‘zi orzu qilgandek kamolotga erishmagan inson va ijtimoiy munosabatlardan og‘rinadi, ularning fojiasini bor bo‘yi bilan, ba’zan bo‘rttirib ko‘rsatadi, ulardan nafratlanadi. Zero, uning she’riyati o‘z davrining, o‘z zamonining og‘riqlari va ijtimoiy hayot manzaralaridir.

1848 yilgi farang inqilobidan keyin hukumat tepasiga hamma narsani pul bilan o‘lchovchi, dunyoni pul orqali ko‘ruvchi yangi tabaqa, yangi toifa keldi. Ular puldan boshqa hamma narsani inkor qilishga, hamma narsani, hatto san’at, muhabbat va insoniylikni ham pulu boylik bilan o‘lchashga kirishdi, bu bilan davrning ma’naviy tanazzulini boshlab berishdi. Bu tanazzul Balzak, Gyugo kabi Bodler ijodida ham o‘z aksini topdi. Faqat Bodler masalaga chuqurroq kirdi, ko‘nglining o‘zi uqubat ichida yashayotgani uchun ham, u bu og‘riqlarni, bu yaralarni chuqurroq va teranroq aks ettirdi. Shoir o‘z davrining, inson va jamiyatning qon tomirini ushlab turib unga tashxis qo‘yayotgan doktorga o‘xshab ketadi: uning insonga va davrga qo‘ygan tashxisi juda ayanchli edi, uning she’rlari davrga qo‘ygan tashxislaridir. Insoniyat bu tashxisni undan keyin ham tan olmadi, o‘zidagi kasallikni baribir hali ham to‘la, Bodler ko‘rgan, anglagan, ogohlantirgan darajada ko‘rgani va anglagani yo‘q, o‘zini muolaja qilishga kirishgani ham yo‘q.

Bodler agar hammaga o‘xshab yashasa, hamma kabi o‘ylasa, hamma kabi tushunsa, unda onasini ham, o‘gay otasini ham tushunishi va hazm qilishi kerak edi. Biroq, Sartr ta’biri bilan aytganda, u onasini atayin kechirmadi, atayin o‘gay ota bilan «iliqlashmadi», at­rofga atayin o‘ziga xos alam nazari bilan boqdi, o‘ziga xos she’riyat yaratishga urindi, o‘ziga xos uslub va mantiqqa amal qildi. U aynan o‘ziga xoslik bilangina bolaligidan qolgan dard-iztirobni, xotiralarni saqlab yurish mumkin degan xulosaga keldi. Hamma aytgan gapni aytgisi, hamma bildirgan fikrni bildirgisi, hamma amal qilgan axloqqa bo‘ysungisi, hamma tushungan narsalarni tushungisi kelmadi. Buning asosiy sababi, o‘zining iztirobi, og‘riqlari ortidagi uning haqiqiy qiyofasi – nima bo‘lmasin, insonga ishonishi, insonga umid bilan qarashi, ayblab-fosh qilib tursa-da, baribir, insonning buyuk mavjudot ekani haqidagi ko‘nglining tubidagi haqiqat fosh bo‘lib qolishidan qo‘rqardi. Aynan shuning uchun uqubat, iztirob, nafrat uning bosh mavzulari va ijodiy quvvati asosi bo‘ldi. Sartr Bodlerni o‘z husniga mahliyo bo‘lib gulga aylangan afsonaviy Nartsisga o‘xshatadi: faqat Bodler o‘z husniga emas, ko‘nglidagi yaraga, bolalikda olingan jarohatiga mahliyo bo‘lib qoldi va uning «Yovuzlik gullari» asari faqat farang adabiyo­tining emas, dunyo adabiyotining iforli va tikonli guliga aylandi.

Sharl Bodlerning 46 yillik umri hayratlanarli mo‘jizalarga va fojialarga to‘la. «Yovuzlik gullari», «Yalang‘och yurak», «Ko‘ngil jannati», «Nasrdagi she’rlar» to‘plamlaridagi yuksak badiiy joziba, teran aqliy salohiyat Bodlerni frantsuz adabiyoti, g‘arb va jahon she’riyatining oliymaqom salaflari qatoriga olib chiqdi. XIX asr Ovrupo she’riyatiga xos bo‘lgan shakliy va ma’no izlanishlarini, nafrat va muhabbatni, nekbinlik va tushkunlikni, insonga va olamga munosabatni Verlen va Rembodan avvalroq Bodler she’riyatida aniq ko‘ramiz. Bodler haqli ravishda Ovrupo avangard she’riyatining otasi hisoblanadi. Shoirning XIX asr o‘rtalarida yozilgan san’atga doir maqola va badialarida she’riyatning yangi yo‘nalishlari haqida qizg‘in mulohazalar o‘z aksini topgan. Uning she’rlaridagi nekbin kayfiyat, tushkunlik, nafrat va g‘alayonni ana shu narsadan – uning yangi davr odamining ko‘nglini aks ettiradigan yangi davrga xos she’riy shakllar va ifoda usullari topishga urinishidan izlash kerak. Nafrat, yolg‘izlik, uzlatga moyillik, dunyoning yolg‘on jilvalardan iboratligi, soflik va go‘zallik toptalganini insonning bir maxluq sifatida hayot kechirayotgani, barcha narsa tanazzul darakchisi ekanligi haqidagi xavotirlar va kechinmalar she’rlariga singib ketgan. Bir qarashda «mal’unlik»dan iborat bu she’rlar kishida badbin hissiyot uyg‘otishi tabiiy, biroq mazkur she’riyat insonni o‘rganish va kashf qilishning yangi yo‘nalishini – uni tubanlik, ojizlik, yovuzlik, zulmat, umidsizlik, ma’nisizlik, mavhumlik qorishig‘ida o‘rganish yo‘lini boshlab berdi. Ortega-i-Gasset ta’kidlaganidek, san’atdagi zulmat tongga, umidsizlik umidga, nafrat muhabbatga da’vatdir. Tushkun kayfiyatdagi she’r – shu tushkunlikdan chiqishga yo‘l axtarayotgan she’r. Bu barcha san’at asarlariga xos jihat. Kafka maxluqqa aylangan odamni («odam-mahluq» Bodler she’riyatida ko‘p uchraydigan istiloh) tasvirlash bilan odamni maxluqqa aylantirishga undamagan, aksincha, odamzodni maxluqot ongidan xalos bo‘lishga chaqirgan. G‘arb adabiyotidagi tuban sharoitdagi tuban axloqqa – tuban munosabatlarga g‘arq bo‘lgan inson hayo­tini ma’nidan mahrum qilib, uni Sizif kabi tosh yumalatib yuruvchiga aylantirgan axloqqa va muhitga qarma-qarshi o‘laroq insonni chinakam go‘zallik bilan yonma-yon ko‘rishdek badiiy isyon Bodler she’riyatining asosi sanaladi, bu tahlil Bodlerdan boshlanganini avangard adabiyotning barcha vakillari e’tirof etishgan. Yana boshqa bir xususiyati shundaki, qariyb 25 asrlik Ovrupo adabiyoti Bodler ijodiga kelibgina instinkt tarzida emas, ongli ravishda ko‘p qatlamli ruhiy qorishiqdagi «men»ni izlashga kirishdi. Shu sababli ham adabiyotdagi tabaqalanish Bodlerdan boshlanganini e’tirof etish kerak. Uning she’rlariga kelib san’at tushunchasidan «ommabop» degan baho olib tashlandi. Bodler o‘z ijodi bilan «omma»ga emas, balki badiiy mushohadaning gultoji bo‘lgan tafakkurga xizmat qilajagini bildirdi. Shu sababli XX asr Ovrupo shoirlariyu mutafakkirlari Bodlerga qayta-qayta murojaat qildilar. Zero, badbinligu xudbinlik, tushkinligu umidsizlik, zulmat va yovuzlik, fahsh va munofiqlik tasvirlari to‘lib-toshgan Bodler she’riyati botqog‘ini kechib o‘tolsangiz, sizni narigi qirg‘oqda insonga bo‘lgan buyuk muhabbat kutib olishi tayin.

Sharl Bodler 1867 yili og‘ir kasallik tufayli hayotdan ko‘z yumdi.

Uning she’rlari qanchalik nekbin, mahzun bo‘lmasin, jahon she’riyatining mulki bo‘lib qoldi. XX asr yangi she’riyati, yangi adabiy oqimlarning aksariyati Bodler ijodidan o‘sib chiqdi.

Nazar Eshonqul

O‘xshash maqolalar: