Qosimjon Sodiqov. “Xuastuanivt”ning qadimgi turkiy versiyasi

Markaziy Osiyo xalqlarining ilk o‘rta asrlardagi tsivilizatsiyasi turli diniy-falsafiy qarashlar kesishgan nuqtada yuz berdi. Ulug‘ bobolarimizning islomga qadar sig‘ingan, falsafiy-ma’naviy qarashlari tarixida sezilarli iz qoldirgan dinlaridan biri moniylikdir. Moniylik III yuzyillikda Bobilda yaratildi. So‘ng bir yog‘i Andalus, boshqa bir yo‘nalishda Kunchiqar yoqqa yoyildi: boshlab Eronga, undan O‘rta Osiyoga, bu yerdan o‘tib Sharqiy Turkistonga kirib bordi.

Tarixning ishi qiziq: o‘tmishda moniylik inonchi keng yoyilgan bo‘lishiga qaramay, boshqa xalqlarning hech biridan shu dinga tegishli yozma meros,  hatto dinning yaratuvchisi bo‘lmish Moniyning falsafiy qarashlari bayon etilgan qadimiy kitoblari ham saqlangan emas. Ular orasidan qadimgi turk va sug‘d muhitida yaratilgan bitiklargina kunimizgacha yetib kelgan. Moniyning ishlari, kitoblari va moniylik inonchi to‘g‘risida Abu Rayhon Beruniy o‘zining “O‘tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida ham yaxshi yozib qoldirgan. Biz moniylik falsafasini, qarashlarini, o‘sha kezlardagi adabiy jarayonni ana shu bitiklardan o‘rgansak bo‘ladi.

Qadimgi turklar moniylikka sig‘ingan chog‘lardan qolgan yozma yodgorliklar unchalik ko‘p emas, lekin ular ko‘plab  turlarga bo‘linadi: ular tangrilarga va Moniyga bag‘ishlangan alqovlar, tangriga munojotlar (tavbanomalar), duolar, turli mazmundagi she’rlar, irq bitigi, epigrafik matnlardan iborat. Ushbu asarlar ko‘k turk, moniy va eski uyg‘ur yozuvlarida bitilgan.

Ko‘hna turk-moniy diniy jamoasidan qolgan yodgorliklardan biri turkshunoslikda  “Xuastuanivt” nomi bilan atalib, u moniychilarning erkli-erksiz, bilib-bilmay qilgan yozuqlaridan o‘kinuv bitigidir[1]. Asarning oti matnda N(i)ğošaklarnïŋ suyïn-yazuqïn öküngü Huastuan(i)vt deb berilgan. Ushbu jumladagi niğošak – sug‘dchadan o‘zlashgan bo‘lib, “tinglovchi” ma’nosini anglatadi, u moniylik jamoasida quyi darajadir; suy-yazuq – juft so‘z, “gunohlar, yozuqlar” degan ma’noni bildiradi; öküngü esa hozirgi “o‘kinuv, tavba qiluv” ma’nosida keladi. Shunga ko‘ra, asarning otidan “Nig‘o‘shaklarning yozuqlardan o‘kinuvchi “Xuastuanivt” degan ma’no kelib chiqadi.

“Xuastuanivt” – tarjima asar. U qadimgi eroniy tillardan birida yaratilib, keyin turkiyga o‘girilgan. Fanda uning sug‘dcha, qadimgi turkiy tildagi versiyalari ma’lum. Turkiy versiyalari uyg‘ur va moniy yozuvlarida bitilgan. Qo‘lyozmalari hozir Sankt-Peterburg, London va Berlin fondlarida saqlanmoqda.

Asar o‘n besh bo‘limdan iborat bo‘lib, ular bölüg deyilgan va har qaysisi muayyan masala yechimiga bag‘ishlangan. Matnda har qaysi bo‘lim o‘zining tartib ko‘rsatkichi bilan boshlanadi: ücünc, törtünč, bišinč, altïnč, yitinč, säkizinč va b. Uyg‘ur yozuvli matnda jumlalar qo‘sh nuqta (..), bo‘limlar esa ikki juft nuqta (.. ..) bilan ajratilgan.

Qo‘lyozma so‘ngida asarning tugaganligi va kotibining oti yozilgan: Bütürmiš Tarxan. Tügädi n(i)ğošaklarnïŋ suyïn-yazuqïn öküngü Xuastuan(i)vt. – “(Matnni) tugallagan Tarxan. Tugadi nig‘o‘shaklarning yozuqlardan o‘kinuv (bitik)i – “Xuastuanivt”.

O‘tmishda diniy asarlar, xususan, moniy yodgorliklarini bitishda yozuvning o‘ziga xos  uslubi tanlangan.

“Xuastuanivt” sig‘inuvchilar ichida yolg‘iz holda ham, ko‘plashib ham o‘qilgan.

Aytgancha, asarning kunimizga qadar saqlanib qolgan turkiy versiyalari orasida matniy va til jihatdan katta o‘zgarish yo‘q. Bu narsa, asarni qadimgi turkiy tilga bir kishi o‘girgan, uning mavjud qo‘lyozmalari esa o‘sha ilk o‘girmadan olingan, degan mulohazaga olib keladi. Buning yana bir sababi, asar qo‘lyozmalarining bari aytarli bir zamonda – turklar orasida moniylik dini keng yoyilgan kezlarda ko‘chirilganida bo‘lsa kerak.

“Xuastuanivt” diniy-falsafiy asargina emas, qadimgi turk yozma adabiyotining ajoyib va bebaho yodgorligi hamdir. Adabiyot ahli uni badiiy asar sifatida o‘rganadi. Topinuvchilar ko‘nglidagi ezgu o‘ylar, inja tuyg‘ularni, ularning tangriga iltijosini aks ettirish, matn ta’sirini oshirish uchun tarjimon nihoyatda ravon bir uslubni qo‘llagan. Matn uslubi tarjimonning teran bilimli, til ustasi, so‘zga chechan, shoirtabiat kishi o‘tganidan belgi berib turadi. Qolaversa, tangriga bo‘lgan iltijolarda matnning ta’sirchanligi, topinuvchi ko‘nglining tub-tubidagi tuyg‘ularning (qadimgi turkiyda buni berk qatïğ saw deyilgan) bayoniga ayricha urg‘u berilgan. Ana shu hodisa moniylik davri adabiyotida, yozma adabiy tilda o‘ziga yarasha “tangriga iltijo uslubi”ning yuzaga kelishini ta’minlab berdi. Islom davrida yaratilgan munojotlar uslubida ham qadimgi turkiy til davrida yaratilgan o‘sha an’ananing epkinlarini kuzatish mumkin.

Asarning badiiyligini tasavvur qilish uchun yettinchi bo‘limdan olingan quyidagi parchaga e’tibor qaratsak: Näčä yaŋïlu yüküntümüz ärsär, näčä yaŋïlu bušï birdimiz ärsär, yämä buyan bögtäg qïlur-biz tip yaŋïlu, näčä ayïğ qïlïnč qïltïmïz ärsär, yämä yäkkä-ičkäkkä täŋri tipän, tïnlïğağ-turalïğağ ölürüp yüküntümüz ärsär, yämä burxan tipän igid nomqa tapïntïmïz- uduntumuz ärsär, qut qolu yüküntümüz ärsär, täŋrikä yazïnïp, yäkkä tapïntïmïz ärsär, täŋrim, amtï ökünür-biz, yazuqda bošunu ötünür-biz  (“Qancha yanglishib, topingan bo‘lsak, qancha yanglishib ehson qilgan bo‘lsak, yana savob ishlar qilamiz deb, yanglishib, qancha yovuz ishlar qilgan bo‘lsak, yana shaytonu iblislarga tangri debon (ularning haqiga) tirik jonivorlarni o‘ldirib, topingan bo‘lsak, yana burxon deb soxta aqoidga topingan, inongan bo‘lsak, (ulardan) qut tilab yukingan bo‘lsak, tangriga yozuq qilib, shaytonga topingan bo‘lsak, tangrim, endi o‘kinurmiz, yozuqdan xalos etgin deya o‘tinurmiz”).

Jumlalarning tuzilishi ravon, o‘qiganda quloqqa yoqadi. Buning alomatini hatto yozuv xususiyatida ham kuzatamiz; jumlalar orasidagi qo‘shaloq nuqtalar ham bejiz qo‘yilgan emas, matn qiroati uchun ishlaydi. Shuningdek, uyushiq bo‘lakli gaplar, kesimlarning bir qolipdagi qaytarig‘i, sintaktik parallelizmlar, alliteratsiya, hatto badiiy stereotip jumlalar – qo‘yingki, butunicha matn ana shu ritmni, asarning yoqimli o‘qilishini ta’minlaydi.

Matn badiiyligini ta’minlash, asarni o‘qishli qilish, ta’sir kuchini oshirish maqsadida yozma adabiy tilning cheksiz imkoniyatlaridan foydalanilgan. Biri – so‘zlarni juft holda qo‘llash usulidir. Bu narsa so‘z ma’nosini kuchaytirish, yangi so‘z yasashgagina emas, matn badiiyligini oshirishga ham xizmat qiladi. So‘zlarning buningdek juft holatda keng ishlatilganini qadimgi turkiy adabiyotning boshqa asarlarida uchratmaymiz. Ayniqsa, kishilar harakati va holati bayonida bu usulning o‘rni va ahamiyati yaqqol sezilib turadi: kishilarning yorug‘ dunyodagi qilmishlari, ezgu va yovuz ishlari ta’riflanar ekan, fe’llar qorqïtdïmïz-ürkitdimiz (qo‘rqitib hurkitdimiz), urtumuz-yontumuz (urib azobladimiz), ačïtdïmïz-ağrïtdïmïz (ranjitdimiz), yazïntïmïz-yaŋïltïmïz (yozuq qildimiz, yanglishdimiz), tapïntïmïz-uduntumuz  (topindimiz, inondimiz), äksütümüz-kärgätimiz (ziyon yetkazdimiz), töktümüz-sačtïmïz (to‘kib sochdimiz) deya bayon qilinadi.

Ish-harakatning bajarilish holati, belgisi ravish turkumidagi so‘zlarni juft qo‘llash bilan beriladi: ädgüti-tükäti (yaxshi va tugal), ädgüti-arïtï (ezgulik, pokizalik bilan), ärinip-ärmägürüp (erinib), ärkligin-ärksizin (bilib-bilmayin) singari.

Ot turkumiga kiruvchi so‘zlar ham ba’zan juft holda beriladi. Bu usul, o‘z o‘rnida, yangi ma’no ifodalashga ham xizmat qilgan. Masalan, äw – “uy”, barq ham o‘sha anglamda. Lekin barq yolg‘iz ishlatilmaydi, äw bilan birga qo‘llanadi: äwkä-barqqa deydi, bu “uy-joyga” degan ma’noni beradi. Yoki yana: yïlqïqa-barïmqa (mol-mulkka), iškä-ködügkä (yumushga), köŋülümüzni-saqïnčïmïznï (ko‘nglimizni, o‘y-fikrimizni) singari.

Matnda hatto ish-harakat va holatning uzluksizligi ta’riflanganda-da, badiiylik talabidan kelib chiqqan holda, näčä olmoshidan foydalaniladi (näčä sïdïmïz (necha sindirdimiz), näčä yazïntïmïz (necha gunoh qildimiz), näčä qorqïtdïmïz-ürkitdimiz (necha qo‘rqitdimiz) singari).

Jumlalarning tuzilishi ham asar mohiyatiga mos. Masalan, bilib-bilmayin yo‘l qo‘yilgan gunohlar birma-bir sanalganda, jumlalar ko‘pincha sabab ergash gapli qo‘shma gaplardan tuziladi. Bunda ergash gapning kesimi (-dïmïz, -dimiz / -tïmïz, -timiz / -dumuz, -dümüz / -tumuz, -tümüz) ärsär, bosh gap kesimi esa -dïmïz, -dimiz / -tïmïz, -timiz / -dumuz, -dümüz / -tumuz, -tümüz qo‘shimchasi bilan qo‘llaniladi. Masalan: Bu biš türlüg tïnlïğağ-turalïğağ, uluğqa-kičigkä tägi näčä qorqïtdïmïz-ürkitdimiz ärsär, näčä urtumuz-yontumuz ärsär, näčä ačïtdïmïz-ağrïtdïmïz ärsär, näčä ölürdümüz ärsär, munča tïnlïğqa-turalïğqa öz ötägči boltumuz (“Bu besh xil mavjudotni, ulug‘idan kichigiga qadar qancha qo‘rqitib hurkitgan bo‘lsak, qancha urib azoblagan bo‘lsak, qancha ranjitgan bo‘lsak, qancha o‘ldirgan bo‘lsak, shuncha jonzotga qarzdor bo‘ldik”).

Asar bo‘limlari bilan bog‘liq holda ba’zi jumlalar payt yoki natija ergash gapli qo‘shma gap ko‘rinishida kelgan. Bunday hollarda ergash gap kesimi payt yoki sabab munosabatini anglatuvchi so‘zlardan, bosh gap esa ana shu chog‘da yoki  shuning natijasida yuz bergan voqea-hodisani anglatadi; uning kesimi  -dïmïz, / -tïmïz, -timiz / -tumuz qo‘shimchasi bilan qo‘llaniladi: Kirtü täŋrig, arïğ nomuğ biltügümüzdä, baru: iki yiltizig, üč ödki nomuğ biltimiz, yaruq yiltizin, täŋri yirin, tünärig yiltizin, tamu yirin biltimiz (“Haqiqiy tang­rini, chin qonunlarni anglab yetganimizda ikki asosni,  uchala zamonga tegishli qonunni bildik. Yorug‘likning asosini, tangri yerini,  zimistonning asosini, do‘zax yerini bildik”).

Asarda izchil qo‘llanuvchi, qolipga tushgan jumlalar ham, turli stilis-tik shakldagi variantlari ham uchraydi. Masalan, asar bo‘limlari Täŋrim, yazuqda bošunu ötünür-biz (“Tangrim, yozuqdan qutqarg‘il deya o‘tinurmiz”), Täŋrim, amtï yazuqda bošunu ötünür-biz (“Tangrim, endi yozuqdan xalos etgin deya  o‘tinurmiz”), Amtï, täŋrim, yazuqda bošunu ötünür-biz (“Endi, tangrim, yozug‘imizni kechirgin deya o‘tinurmiz”), Täŋrim, amtï ökünür-biz, yazuqda bošunu ötünür-biz (“Tangrim, endi o‘kinurmiz, yozuqdan qutqarg‘il deya o‘tinurmiz”) yoki Anï üčün, täŋrim, qop yazuqda bošunu ötünür-biz (“Shuning uchun, tangrim, butunlay yozuqdan qutulaylik deya o‘tinurmiz”) jumlalari bilan oxirlaydi. Shundan so‘ng Manastar qirza yoki Manastar xirza [moniy yozuvli nusxalarida Manastar xirza~Manastar xirz] duosi keladi. Ushbu duo ko‘rinishi o‘rtancha eroniy tillardan o‘zlashgan bo‘lib, tangridan “Yozug‘imizni kechirgaysan!” [Mnastar hirz-a] deya qilingan iltijoni anglatadi. Uni tarjima qilmay, asliday qo‘llash turk-moniy jamoalarida rusum bo‘lgan.

Yana bir jihati, asarda yozma adabiy tilning eski, klassik o‘lchovlari to‘la-to‘kis, yaxshi saqlangan. So‘zlarning imlosidan tortib, jumlalarning tuzilishigacha shunga bo‘ysunadi. Muhimi, o‘sha kezlarda turkiy matnchilikda diniy-falsafiy asarlar uslubi, uning o‘lchovlari ishlab chiqildi. Keyinchalik, hatto boshqa e’tiqodlarga o‘tilganda ham diniy-falsafiy mazmundagi asarlarni bitishda qadimgi turkiy tilda ishlab chiqilgan o‘sha  o‘lchovlar, an’anaga tayanilgan.

Quyida keltirayotgan matndan parcha asarning Rossiya FA Sharqshunoslik institutining Sankt-Peterburg bo‘limida saqlanayotgan uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmasi asosida tayyorlandi. Matn chiroyli xat bilan o‘rama qog‘ozga bitilgan. Qog‘ozning bosh qismi chirib, titilib ketgan. Matndan 160 qator saqlangan.

 

Matn transkriptsiyasi

(1) … [bošu]ğalï (?) y(a)ruqu[ğ]

(2) … [t]ägzinür : tört buluŋ[uğ]

(3) … [bi]lmätin kün ay t(ä)ŋrikä iki

(4) … [t(ä)ŋr]ilärkä näčä yaz(ï)nt(ï)m(ï)z ärsär

(5) … [t(ä)ŋri] tipän kirtgünmäd(i)m(i)z ärsär :

(6) … [čul]vu saw sözläd(i)m(i)z ärsär : y(ä)mä kün ay

(7) … [är]ksizin tuğar batar ärki …

(8) … [ärs]är : k(ä)ntü özümüzni küntä ayda

(9) [öŋi]biz tidim(i)z ärsär : bu ikinti bilmätin yaz(ï)nmïš …

(10) … M(a)na[star xir]za :: Üčünč y(ä)mä biš

(11) [t(ä)ŋr]ikä : X[ormuzta] … a : bir tïntura t(ä)ŋri :

(12) ikinti yil t(ä)ŋri … ya[ruq] t(ä)ŋri : törtünč suw t(ä)ŋri :

(13) bišinč oot t(ä)ŋri : suïn yäglükün süŋüšüp bal(ï)qduqïn

(14) üčün q(a)raqa qatïltuğïn üčün t(ä)ŋri yiringärü baru

(15) umatïn bu yirdä ärür : üzä on qat kök asra

(16) säkiz qat yir biš t(ä)ŋri üčün turur : qamağ yir üzäki-i

(17) niŋ q[utï] q[ïwï öŋi mäŋiz]i : özi özüti küči y(a)ruğï

(18) tözi yïltïzï bi[š] t(ä)ŋri-ol (?) : t(ä)ŋrim suyda baru biš t(ä)ŋrig

(19) bilmätin anïğ y(a)wlaq biligin näčä sïdïm(ï)z b(i)rtd(i)m(i)z ärsär :

(20) tört y(i)girmi türlüg baš qïlt(ï)m(ï)z ärsär : on yïlan bašl(ï)ğ

(21) ärŋäkin iki qïrq tišin tirig özüg aš ičkü

(22) t(ä)ŋrig näčä ačïtd(ï)m(ï)z ağrïtd(ï)m(ï)z ärsär : quruğ öl yirkä

(23) biš türlüg tïnl(ï)ğqa : biš türlüg otqa ïğačqa

(24) näčä yaz(ï)nt(ï)m(ï)z ärsär: … [t(ä)]ŋrim yazuqda bošunu ötünür-

(25) biz: M(a)nastar xirza :: Törtünč söki t(ä)ŋri

 

Mazmuni

(1) … qutulmoq uchun yorug‘ni (2) … evrilur. To‘rt yoqni (3) … bilmayin Kun-oy tangriga, ikki (4) … tangrilarga qancha yozuq qilgan bo‘lsak, (5) … tangri deb topinmagan bo‘lsak, (6) … yolg‘on so‘zlarni aytgan bo‘lsak, yana Kun-oy (7) … erksiz holda tug‘ar va botar [ya’ni Kunning tug‘ishi va botishi] istagi … (8) … esa, o‘z o‘zimizni Kundan, Oydan (9) yuqori qo‘ygan bo‘lsak, bu ikkisini bilmay, yozuq qilgan … (10) … Yozug‘imizni kechirgaysan!

Yana besh (11) tangriga, Xo‘rmuzta … a: birinchisi – Havo-tangri; (12) ikkinchisi – Yel-tangri; (uchinchisi) – Yorug‘-tangri; to‘rtinchisi – Suv-tangri; (13) beshinchisi – O‘t-tangri qabohat bilan to‘qnashib, jarohatlangani (14) uchun, qorong‘ilikka qorishgani uchun tangri yeriga bora (15) olmay, bu yerda erur. Yuqorida o‘n qat ko‘k, pastda (16) sakkiz qat yer besh tangri tufayli turur. Yer yuzidagi borliq- (17) ning baxtu saodati, rang-tusi, ruhi, vujudi, kuchi, yorug‘i, (18) asosi besh tangridandir. Tangrim, yozuq qilib, besh tangrini (19) bilmay, yovuz, bo‘lmag‘ur o‘ylar bilan ularni qancha vayron qilgan, shikast yetkazgan bo‘lsak, (20) o‘n to‘rt xil jarohat yetkazgan bo‘lsak, o‘nta ilon boshli (21) barmoqlarimiz bilan, o‘ttiz ikki tish bilan tirik jonni yemish qilib, (22) tangrini qancha ranjitgan bo‘lsak, qurug‘-ho‘l yerga, (23) besh xil jonzodga, besh xil o‘simlikka (24) qancha ozor yetkazgan bo‘lsak, … tangrim, yozuqdan qutqarg‘il deya o‘tinur- (25) miz. Yozug‘imizni kechirgaysan!

 

“XUASTUANIVT”NING BERLIN QO‘LYoZMALAR FONDIDA SAQLANAYoTGAN UZINDILARI

Berlin Brandenburg akademiyasining qo‘lyozmalar fondida Turfondan topilgan sonsiz-sanoqsiz bitiklar orasida “Xuastuanivt”ning uzindilari (fragmentlari) ham saqlanmoqda[2]. Uzindilar ikki xil – moniy va uyg‘ur yozuvlarida bitilgan.

Uzindilar alohida varaqlarda; qog‘ozning bir yoki ikkala betiga bitilgan. Qog‘oz bichimi va matn o‘lchamlari har turli.

Saqlangan bitiklar asarning biror bo‘limidan olingan; ba’zilariga asarning ketma-ket ikki bo‘limi bitilgan. Ularning ayrimlari (ayniqsa, ikki bo‘limlilari) asarning yirik qo‘lyozmalaridan qolgan uzindilar bo‘lishi ham mumkin. Lekin, moniy topinuvchilari orasida asarning to‘liq qo‘lyozmalari bilan birga, bo‘limlari ayri-ayri, duo ko‘rinishida ham keng tarqalgan, degan farazlar ham bor. Tabiiyki, topinuvchilar (yoki duolarni ularga ko‘chirib bergan bitikchilar) ushbu uzindilarni asarning to‘liq qo‘lyozmalaridan olgan.

Qog‘ozlarning ko‘pi parokanda, matni ham uzuq-yuluq shaklda uchraydi. Uzindilarning bariga tegishli bo‘lgan belgilaridan biri, hammasining xati tartibli, ko‘pi klassik xat uslubida. Ko‘rinadiki, moniy jamoalarida  tavbanomalarning tiligagina emas, yozuv uslubiga ham ayricha e’tibor qaratilgan.

Uzindilar matni bilan asarning to‘liq nusxasi o‘rtasida keskin farq yo‘q. Shunga qaramay, ularning yuqorida keltirilgan to‘liq qo‘lyozma nusxadan farq qiluvchi belgilari ham bor. Masalan, “yozug‘imizni kechirgaysan” mazmunidagi duo formulasi asarning uyg‘ur yozuvli Sankt-Peterburg nusxasida Manastar xirza, ushbu matnlarda esa ikki xil – Manastar xirza yoki Manastar xirz ko‘rinishlarida qo‘llangan.

Bitiklarda [ñ~n]dan [y]ga siljish hodisasi kuchli: Sankt-Peterburg nusxasidagi anïğ yawlaq (yovuz, bo‘lmag‘ur) juft so‘zi ushbu uzindilarda ayïğ yawlaq ko‘rinishida uchraydi.

Qosimjon Sodiqov,

filologiya fanlari doktori, professor

Jahon adabiyoti, 2015 yil, 7-son

[1] Nashrlariga qaralsin: Malov S.E. Pamyatniki drevnetyurkskoy pismennosti. M.–L., 1951. C. 108–130; Dmitriyeva L.V. Xuastuanift (vvedeniye, tekst, perevod). – Tyurkologicheskiye issledovaniya. M.–L., 1963. S. 214–232; Sodiqov Q. Turkiy til tarixi. Toshkent, 2009. 318–331- b.

[2] Berlin Brandenburg akademiyasi fondida saqlanayotgan hujjatlarning muayyan qismi hozirgi kezda internet tarmog‘iga joylashtirib chiqilgan: turfan.bbaw.de/dta/index.html. Biz ushbu uzindilarni yoritishda ana shu vebsayt materiallaridan foydalandik.