Ulug‘ insonlarning qiyofasi, fe’l-atvori va hayotiga qiziqish har doim ham kuchli bo‘lgan. Jumladan, Alisher Navoiy siymosiga. U zotning surati aks etgan bir necha miniatyura ma’lum. Biri XV asr oxirroqlariga mansub, Mahmud Muzahhib ishlagan mashhur rasm. Yana birini biroz keyinroq noma’lum rassom chizgan, Navoiy va yosh shahzoda surati. Mahmud miniatyurasida shoir bor bo‘yi bilan, biroz egilibroq, uzun hassaga tayangan holda aks etgan bo‘lib, Behzod maktabiga xos nozik chizgilar va tasvir mahorati bilan ajralib turadi. Navoiyning donishmandlik barq urib turgan chehrasi, chuqur ma’noli nigohi bir qaragandayoq kishini o‘ziga jalb etadi.
Unda zohiriy ulug‘vorlik bilan uyg‘un botiniy sokinlik, yuksak axloqiy intizom, oqillik, mukammal hayotiy tajriba va daho ijodkorga xos salohiyat nuri ajib bir nimtabassum orqali namoyon bo‘lgan. Ushbu suratning haqiqatga yaqinligini yozma manbalar to‘la tasdiqlaydi.
XX asrgacha Navoiy haqida yozilgan ana shunday asarlar borasida to‘xtalsak. Bular: 1) maxsus Navoiyga bag‘ishlangan asarlar; 2) doston va tarixiy asarlarda Navoiyga bag‘ishlangan bob yoki o‘rinlar; 3) tazkira va ilmiy asarlar.
Birinchi toifadagi asarlarga misol qilib G‘iyosiddin Humomiddin Xondamir (1475–1535) qalamiga mansub “Makorim ul-axloq” (Olijanob sifatlar) asarini keltirish o‘rinlidir. Asar Navoiy hayoti, ijodiy merosi, ijtimoiy-siyosiy va homiylik faoliyati haqida birmuncha batafsil ma’lumot beruvchi manbadir. Muallif uni yozishni hali Navoiy hayotlik chog‘da (1500 yil) boshlagan. Biroq ulug‘ shoirning bevaqt vafoti tufayli o‘ziga taqdim etolmagan. Navoiy kutubxonasida ishlagan Xondamir shoir umrining oxirgi yillarida u bilan ko‘p birga bo‘lgan, hatto, jon taslim etayotgan chog‘da ham hozir edi. Betakror daho insonning vafoti esa yosh tarixchini chuqur qayg‘uga soladi va bir qancha vaqt qo‘li ishga bormay yuradi. Faqat Sulton Husayn Boyqaroning talabi bilangina ushbu asarni tugatib, unga taqdim etadi.
Asar muqaddima, o‘n maqsad (bob) va xotimadan iborat. Ularda Navoiy tavalludidan vafotiga qadar bo‘lgan voqealar lo‘nda va go‘zal tarzda bayon etilgan. Shoirning yuksak axloqiy fazilatlariga aniq misollar keltirilgan. Bu haqda to‘xtalish ortiqcha. Chunki asarning o‘zbekcha tarjimasi bir necha bor chop etilgan (1940, 1949, 1967, 2015). Akademik Izzat Sulton ta’rifi bilan aytganda: “Makorimul-axloq”da Navoiyning biografiyasi emas, balki uning tarixi, fe’l-atvori masalasi birinchi o‘rinda turadi.
Sulton Husayn mirzoning ham Navoiyga maxsus bag‘ishlangan “Risola”si mavjud. Hajman qisqa, ammo Navoiy ijodiyoti haqida juda muhim ma’lumotlar keltirilgan bu asarda Husayn Boyqaro baland ohang va uslubda shoir asarlariga yuksak baho beradi. Taxminlarga ko‘ra, “Risola” Navoiy “Xamsa”ni yozib tugatgan vaqtda – 1485 yili yaratilgan. Husayn Boyqaro shu asarida: “…Mir Alisher… turk tilining o‘lgan jasadig‘a Masih anfosi bila ruh kiyurdi…” deya shoir ijodiga yuksak baho beradi.
Navoiyga bag‘ishlangan asarlar qatoriga alohida she’rlarni ham kiritish mumkin. Misol uchun, Davlatshoh Samarqandiyning mulamma’ (o‘zbekcha-forscha) qasidasi ma’lum. Navoiyning yaqin do‘stlaridan bo‘lgan Mavlono Fasihiddin Sohibdoroning katta hajmli tarkibbandi ham bor. Ushbu she’rning har bayti birinchi misrasidan shoir tavallud tarixi (hijriy 844) va ikkinchi satridan esa vafot yili (hijriy 906) abjad hisobida kelib chiqadi. Ushbu tarkibband-ta’rixda Navoiydek zotning dunyoga kelishi qanchalik xayrli va quvonchli bo‘lgan esa, uning vafoti zamondoshlarini shunchalik chuqur g‘am-g‘ussaga ko‘mib ketgani ta’kidlanadi. Yana Xondamir, Sulton Ibrohim Amoniy, Fasihiddin Muhammad Nizomiy Oxund, Kamoliddin Sulton Husayn, Mavlono Darvish Ali kabilarning ham shunday ta’rixlari ma’lum. “Tarixi tom” asarida muallifi noma’lum bir ta’rix keladi, unda hazrat Navoiy quyoshga o‘xshatiladi. Bir so‘z bilan aytganda, tarix ahli Navoiyni ulug‘vor va nurli siymo sifatida tasvirlaydi.
Miri xurshidsifat Mir Alisheri shahir,
Raxt ba bast chu zi-i zoviyai purmehnat.
Soli ta’rixi vay az manzili o‘ po‘rsidam:
Omad ovoz zi Firdavs, ki: “Jannat, jannat!”
Ya’ni: –
Quyosh sifatli mashhur (zot) Mir Alisher,
Bu azob to‘la dunyodan butunlay ko‘chdi.
Ta’rix yili va manzilini so‘rasam,
Firdavs bog‘idan ovoz keldiki: “jannat, jannat”.
Bu o‘rinda “jannat” so‘zining ikki marta kelishi abjad hisobida 906 ni – Navoiy vafot etgan hijriy yilni ko‘rsatadi.
Navoiyning mansabga tayinlanishi, Hirot va uning atrofida qurdirgan ko‘plab inshootlari sanasi haqidagi ta’rixlar ham ma’lum. Mavlono Atoulloh Roziy va Amir Burhoniddin Navoiyning amirlik mansabiga tayin etilishi munosabati bilan, Mir Husayn Muammoiy, Darvish Ali tabib, Qozi Ixtiyoriddin, Mir Burhoniddin Atoulloh kabilar Navoiy qurdirgan madrasalar bitishi va u yerda dars berilishi munosabati bilan ta’rixlar aytganlar. Mir Atoulloh 1486 yili qurilgan bir madrasaga bag‘ishlangan ta’rixida: “Chun madrasa soxt Mir bo ilmu adab…” deya ta’riflaydi. Haqiqatan, Navoiy nafaqat qurdirgan madrasayu boshqa binolari tufayli, balki katta ilm va yuksak adabga sohibligi bilan ham hurmat qozongan edi.
Ikkinchi xil asarlar ham birmuncha bo‘lib, ular quyidagilardir:
Abdurahmon Jomiyning “Fotihat ush-shabob” devoni, “Layli va Majnun” va “Haft paykar” dostonlarida Navoiyga maqtovli ta’riflar berilib, ijodiy dahosi yuksak baholangan.
XV-XVI asrlar tarixini aks ettiruvchi muhim tarixiy asarlarda ham Alisher Navoiy hayoti, ayniqsa, siyosiy arbob sifatidagi faoliyatiga doir juda ko‘plab muhim ma’lumotlar aks etgan. Jumladan, Muhammad ibn Xovandshoh Mirxond (1433–1498) o‘zining “Ravzat us-safo fi siyar il-anbiyo val-muluk val-xulafo” (Nabiylar, maliklar va xalifalar tarjimai holida soflik bog‘i) asarida. Navoiyga xos fazilatlar qayd etilgan. Aslida, Mirxond ushbu mashhur asarini Navoiyning maslahati va ko‘rsatmalari bilan yaratgan. Aynan unda Navoiyning “sohib tadbirligi”, Yodgor mirzoga qarshi “muhorabalardagi ishtiroki”, amirlik mansabi, Astrobodga borishi, ukasi Darvish Alining isyoni, Badiuzzamon va Muzaffar mirzo o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishi, Mo‘min mirzoning o‘ldirilishi, hajga jo‘nashi, ammo Mashhaddan Sulton Husayn chaqirtirib kelishi haqidagi tarixiy hodisalar zikr etilgan.
Mirxondning nabirasi Xondamir “Makorim ul-axloq”dan tashqari yana uchta tarixiy asarida Navoiyni birqancha o‘rinlarda yodga oladi. Xususan, olti oy (1499 yil) ichida yozib tugallagan ilk asari “Xulosat ul-axbor fi ahvol il-axyor” (Xayrli kishilar ahvolida jahon xabarlarining xulosasi)da Navoiy haqida juda muhim tarixiy hujjat va ma’lumotlarni keltiradi. Masalan, Hirotda Navoiy qurdirgan binolar, obod qilgan ziyoratgohlar, Navoiyga do‘st va uning himmatidan bahramand bo‘lgan olim, shoir, xattot, san’atkor va boshqalar to‘g‘risida.
Xondamir vazirlar haqidagi “Dastur ul-vuzaro” asarining bir necha sahifasida Navoiyning vazirlik maqomidagi yaxshi ishlari va siyosiy faoliyatiga ta’riflar bersa, o‘z zamonasining eng muhim asarlaridan hisoblanadigan “Habib us-siyar”da Sulton Husayn davri tarixining juda ko‘p o‘rinlarida Navoiyni tilga oladi yoki u bilan bog‘liq tarixiy voqealarni hikoya qiladi. Bu asarning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, Xondamir oldingi asarlarda yoritishni unutgan yoki kam to‘xtalgan Navoiy bilan bog‘liq voqea-hodisalarni batafsil keltiradi, uning tarixiy siymosiga aniqroq chizgilar tortadi. Bu asar yordamida Alisher Navoiy barcha amalu mansablarga o‘z ixtiyori bilan kelmaganini, lekin ulardan iste’fo berishda o‘z ixtiyori bilan yo‘l tutganini bilib olamiz. “Habib us-siyar”da keltirilishicha, Navoiy muhrdorlik lavozimidan “iste’foga chiqdi va amir Nizomiddin Shayx Ahmad Suxayliyni muhrdor etib tayinlashni podshohdan iltimos qildi”. Sulton Husayn uning bu iltimosini qabul qiladi va hijriy 876 yilning sha’bon oyida (1472 yil yanvari) Navoiyni yuqoriroq mansabga “devoni oliy amirligi”ga tayinlamoqchi bo‘ladi. Navoiy bu mansabni ham rad etib, vaj va sabab keltirsa-da, “hoqonning munosib xohishiga binoan devoni oliy amirligi mansabini egalladi”.
Bu o‘rinda e’tiborga molik muhim jihat – Navoiy tabiatidagi kamtarlik bo‘lib, u mansablar sari intilishni emas, ezgulikka xizmat qilishni maqsad qilganiga urg‘u berilmoqda. Muallifning xolisligiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Negaki, Xondamir ushbu asarini 1515–1523 yillarda yozgan. Bu davrda Sulton Husayn saltanati tugagan edi. U tarixiy haqiqatni, ulug‘ shoirimizning tarixdagi bor bo‘yini ko‘rsatishga intilgan.
Navoiyning yana ikki kichik zamondoshi tarixiy asarlarida u haqida juda nodir va qiziqarli dalillarni keltirganlar. Zahiriddin Muhammad Boburning (1483–1530) “Boburnoma”si va Zayniddin Vosifiyning (1486–1566) “Badoye ul-vaqoye” asarida Navoiy xarakteri va shaxsiyatini ochuvchi, bir necha voqea va mulohazalar keltirilgan. Shunisi qiziqki, har ikki muallif ham Navoiyning nozikta’bligi va oliy xulqi haqidagi o‘rinlarga diqqat qiladi. Garchand “Badoye ul-vaqoye”dagi hikoyalar ko‘proq badiiylik kasb etsa-da, hujjatlilik va tarixiylik ham aks etib turadi. Vosifiy “Amir Alisher mizoji nazokati va latofati”, atrofdagilarga lutfu hazillari, Binoiy bilan munosabati va yana boshqalar haqida hikoya qiladi.
“Boburnoma”da esa hijriy 911 (milodiy 1505–1506) yil voqealari bayon etilar ekan, Sulton Husayn mirzo umarosi qatorida Navoiy ham tilga olinadi va muhim ma’lumotlar keltiriladi. Sahifalar osha Alisher Navoiy turli voqealar munosabati bilan eslanadi. Bobur yozadi: “…Yana Alisherbek Navoiy edi, begi emas edi, balki musohibi edi, kichikligida hammaktab ekandurlar…”.
Bu o‘rinda Navoiy Husayn Boyqaroga yaqinligi nuqtai nazaridan eslanyapti va Bobur e’tiborni juda muhim jihatga qaratyapti. Ya’ni, podshohning har qanday umarosi yoki begi uning “musohibi” (suhbatdoshi) bo‘lolmasligi va Navoiy unga shunday yaqin ekanligi, bu yaqinligi bolalikdan boshlanganini uqtirmoqda. Shundan so‘ng Bobur yana bir asosli mulohazani beradi: “Xususiyat bisyor ekandur.” E’tibor qiling, Navoiy va Sulton Husayn ko‘p xususda fikri bir joydan chiqadigan, o‘xshashliklari bisyor do‘st ekan. Aynan shunday to‘xtamni hech bir tarixchi bermagan edi. Tarixiy asarlarning aksarida Navoiy juda maqtaladi va undagi ikki xususiyat – nozikmizojlik va tez ranjishga maxsus urg‘u berilardi. Bobur esa ana shu jihatlarga ham nuktadonlik bilan ta’rif topadi. Uning ta’kidlashicha: “Alisherbekning mizoji nozukluk bilan mashhurdir. El nazokatini davlatining g‘ururidin tasavvur qilur edilar. Andoq emas ekandur, bu sifat anga jibilliy ekandur. Samarqandta ekanda ham ushmundoq nozuk mizoj ekandur…”.
Talqinga ko‘ra, xalq Navoiy tabiatidagi nozikmizojlik (nozik his-tuyg‘ular, suhbatdosh va do‘stni chertib-chertib tanlash, nafis va go‘zal narsalarni suyish, tavoze, ozoda va sarishtalik kabi) xususiyatini o‘ta davlatmand va yuqori mansabga ega bo‘lgani sababidan deb bilardi. Ammo unday emas ekan. Bu sifat u zotda tug‘ma. Chunki Samarqandda moddiy qiyinchilik bilan kechgan to‘rt yil davomida ham xuddi shunday “nozuk mizoj ekandur”.
Navoiy shaxsiyatidagi o‘ziga xos jihatlarni hech kim Boburchalik bu tarzda kashf etib, bayon qilmagan edi. Umuman, Boburning Navoiyga munosabati, qarashlari va talqini boshqalarnikidan realligi va keng qamrovliligi bilan ajralib turadi.
Boburning jiyani Muhammad Haydar mirzoning (1503–1551) “Tarixi Rashidiy” asarida “Mir Alisher zikrida” nomli parcha mavjud. Biroq undagi ma’lumotlar boshqa asarlarni deyarli qaytaradi. Umuman olganda, keyingi tarixiy asarlarda birmuncha takrorlar seziladi. Ammo unchalik mashhur bo‘lmagan yana bir kitob borki, undagi ayrim dalillar yangiligi va qiziqarliligi bilan ajralib turadi. Bu asar Abdulmo‘minxon ibn Abdullaxon (1598 yili vafot etgan) qalamiga mansub “Tom ut-tavorix”dir. Professor A.Hayitmetovning aniqlashicha, bu asarning uch sahifasida Navoiy hayoti bilan bog‘liq ba’zi muhim ma’lumotlar, jumladan, uning otasi, Samarqanddalik davri, Hirotga qaytishi, so‘nggi yozgan she’ri va vafoti haqida ma’lumotlar bor. Misol uchun, unda ta’kidlanishicha, shoirning otasi G‘iyosiddin Kichkina “bisyor saodatmand va nek (yaxshi) niyatlik”, olijanob kishi bo‘lib, qo‘lga tushgan bandi(asir)larni, xun pulini o‘z yonidan to‘lab, ozod qilib yuborar ekan. Yana Navoiy vafot etishidan biroz oldin yozgan g‘azalidan uch bayt keltiriladiki, bu she’r boshqa manbalarda uchramaydi. Uning maqta’si:
Ey Navoiy, qil fido jonongakim jon, lof erur –
Oshiq o‘zni ishq da’vosida mashhur aylamak.
Uchinchi xil asarlar, ya’ni tazkira va ilmiy asarlar ham birmuncha. Tazkiralar – Davlatshoh Samarqandiyning (1435–1495) “Tazkirat ush-shuaro”, Faxriy Hiraviyning (1497–1559) “Ravzat us-salotin”, Hasanxoja Nisoriyning (1516–1597) “Muzakkiri ahbob”, Sodiqbek Sodiqiyning (1533–1610) “Majma ul-xavois”, Sharafiddin Roqimiyning (XVII asr) “Tarixi tom” asari kabilardir. Boburning “Aruz risolasi”da ham Navoiyning bir qancha she’rlaridan keltiriladi, ayrim fikrlar bildiriladi. Ammo u sof ilmiy asar bo‘lgani uchun Navoiy hayoti va shaxsiyatiga oid ma’lumotlar berilmagan. Tazkiralarda esa aksincha, Alisher Navoiy asosan shoir sifatida yod etiladi, asarlaridan ayrim namunalar keltiriladi. Shu bilan birga, shoir bilan bog‘liq ba’zi tarixiy voqea va hodisalarga ham ishoralar beriladi, tahlil qilinadi.
Masalan, Davlatshoh o‘z tazkirasida Navoiyni shunday ta’riflaydi: “Oftobni ta’riflash aql qisqaligidan nishona, toza mushk fazilati xususida qissani cho‘zish johillik alomatidir. Bu ulug‘ amirning maqbul ishlari va qutlug‘ zikri rub’i maskunning barcha mamlakatlarida ma’lum, fazilatining dabdabasi va oliy himmatining kamoloti butun olamga yoyilgandir. Bu xususda nima deyilsa ham ibrat bo‘lg‘usidur…”.
Tazkiralarning mualliflari Navoiy dahosi va shaxsiga bo‘lgan yuksak ehtiromlarini turlicha izhor etgan. Hasanxoja Nisoriy shoirni tushda ko‘rgani, Navoiy undan she’rlaridan yod bilish-bilmasligini so‘ragani, iltifot qilganini aytadi. Faxriy Hiraviy esa: “Amir Alisher – mag‘firatpanohiy. Uning ahvolining sharhi shu qadar ko‘pligidan bayon chegarasiga sig‘maydi…” deydi.
Ta’kidlash zarur, barcha tazkiralarda Navoiy turkiy va forsiy she’riyatda mukammal asarlar yaratgani, tabiatining quvvati va qobiliyatining kengligini vasf etib tugatib bo‘lmasligi ta’kidlanadi.
Demak, Navoiy siymosi nafaqat nazm quyoshi, balki insoniylik, olijanoblik, saxovatpeshalik va ilmu adab oftobi o‘laroq tarix davomida ham tasavvurlarda shakllanib kelgan. Bu quyosh bizga, kelajak avlodlarga ham o‘z nurlarini saxiylik bilan sochaveradi.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 2-son
Otabek Jo‘raboyev, filologiya fanlari nomzodi, dotsent. 1973 yili tug‘ilgan. Qo‘qon davlat pedagogika institutini tamomlagan. Abdulqodir Giyloniy, Alisher Navoiy, Bobur, Fayziy, Xon, Fano, Qoriy, Haziniy, A.Qahhor asarlarini nashrga tayyorlagan. Monografiya, risola va yuzdan ziyod maqolasi chop etilgan.