O‘tgan asrning o‘rtalarida Asqad Muxtor yozuvchi va shoirlar davrasida “Binafsha” she’rini o‘qib, atrofdagilardan she’r muallifini so‘ragan ekan. Kimdir: “Oybekning 20-yillardagi she’ri bo‘lsa kerak”, – debdi. Kimdir: “Komil Yashin”, – debdi. Asqad aka bu go‘zal so‘z san’ati namunasi Cho‘lpon qalamiga mansub ekanini aytgani zahoti uning yonida bironta adib qolmabdi. Chunki Cho‘lpon she’rini o‘qishgina emas, eshitishning o‘zi ham ko‘p o‘tmay og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini hamma bilgan. O‘zbekning bokira qizi binafshaga qiyoslangan mo‘jizaviy san’at darajasidagi nazm ko‘p o‘tmay, qaysidir noshud kimsa chaquvchi bilan yana bir nechta xonadonga fojia olib kelishi tayin ekan. Faqat baxtli tasodif ro‘y berganmi, “o‘zing ham shu she’rni eshitdingmi?” – degan savol qo‘rqitganmi, har holda biz esga olgan davra ishtirokchilari jazoga tortilmaganlar. Umarali Normatov o‘z xotiralarida Abdulla Qodiriy, “O‘tkan kunlar” haqida savol bergani uchun besh yil qamalgan student haqida yozgan-ku.
Biz o‘sha paytlarda Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetida o‘qir edik. Ustozimiz Ozod Sharafiddinov bizdan mamnun bo‘lib erib ketgan kezlari Cho‘lponning “Binafsha”, “Men ketay deb”, “Qalandar ishqi”, “Kuz yomg‘iri” kabi she’rlarini maroq bilan o‘qir edilar. Biz – talabalar misralarni qatorma-qator, navbatma-navbat, o‘zaro bo‘lishib yozib olar edik. Keyin ularni tartib bilan jamlab, to‘liq yodlashga tushar edik. Zamon vaziyati, Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda, “Oq poshsho taxtdan tushgani bilan, oq amin aminlikdan tushmapti”, degan ta’rifga mos edi. Chunki Stalin qatag‘oniga uchraganlar oldinma-ketin oqlangani bilan Cho‘lpon boshi ustidagi bulut darz ketsa ham hali tarqalishni o‘ylamayotgan edi. Bu bulut shu qadar mustahkam ediki, hatto o‘tgan asrning 80-yillarida ham bir xil – qovog‘ini solib turardi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida o‘tkazilgan bir nufuzli majlisda o‘sha paytdagi juda katta amaldor so‘zga chiqib, Cho‘lpon ijodini o‘rganish vaqtincha to‘xtatib turilishini aytgan. Ana shunday nozik bir soniyalarda ham zamon siyosati qad ko‘tarib turishiga qaramay “qovun tushirish”ni odat qilgan Ozod Sharafiddinovning “Qachongacha?” – degan ovozi jaranglaydi. Bu ovoz suv quygandek jimjitlik hukm surayotgan majlisda momaqaldiroqdek larza beradi. Butun zal Ozod akaga vahima bilan qaraydi. Amaldor esa bu savolni kutgandek: “Qancha lozim bo‘lsa, shuncha kutasiz!” deb javob qaytaradi.
Aslini olganda bunday munosabatga ustozimiz ko‘p yillardan buyon o‘rganib qolgan edi. Fikri ojizimcha, uning tasavvurida Cho‘lpondan go‘zal inson, undan buyuk shoir yo‘q edi. Uning poeziyasi, umuman, she’riyat osmonida yorqin yulduz kabi muttasil nur sochib turardi. Xos suhbatlarimizda mavzu Cho‘lponga yetib kelgani zahoti Ozod domlaning qiyofasida takrorlanmas fayz, jilo topardi. Ayniqsa, bu mavzu Mirtemir she’riyati haqidagi fikrlardan keyin boshlansa, domlamiz mutlaq yozilib gapirardi. Oradan ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa-da, bu chehra xotiramizda muhrlanib qolgan.
Menimcha, birinchi navbatda Ozod Sharafiddinovni Cho‘lpon poeziyasida o‘ziga maftun etgan fazilat favqulodda aql, nozik qalb, badiiy ifodadagi uyg‘unlik edi. Cho‘lpon XX asr o‘zbek she’riyatiga yangi havo olib kirdi. Uning asarlaridagi har bir misra Ozod domla uchun marjonlar shodasidek lazzat bag‘ishlardi. “Mana buni haqiqiy poeziya desa bo‘ladi, chert poberi” derdilar ustoz. Cho‘lpondek shoir ijodidan bahramand bo‘lish imkonini cheklagan siyosat bilan murosada bo‘lishni istamasdi.
1968 yilda “Tirik satrlar” kitobi nashr etildi. Bu kitobda 30 yildan ortiq vaqt davomida Cho‘lpon she’rlari birinchi marta o‘quvchi e’tiboriga taqdim etilgandi. Ammo yana “oq amin aminlikdan tushmagani” bois faqat Cho‘lpon emas, Ozod domla tepasidagi bulut quyuqlashdi. Ko‘p o‘tmay kitobni tarqatish taqiqlandi, ortiqcha savol-javoblar, asab buzishlar boshlandi. Haqiqat bukiladi, ammo sinmaydi, deganlaridek yurtimizning mustaqilligi Cho‘lpon poeziyasini xalqqa qaytardi. Bu she’riyat sirlarini kashf qiluvchi olimlar qatoridagi birinchi o‘rin esa yana Ozod Sharafiddinovga nasib etdi.
Hayotdagi yangi vaziyatdan foydalangan Ozod domla zudlik bilan Cho‘lpon asarlarini topish, nashr etish va o‘rganish jarayoniga rahbarlik qildi. Natijada buyuk adibning “Adabiyot nadir”, “Bahorni sog‘indim”, “Yana oldim sozimni”, kabi uch jildlik asarlarining birinchi jildi intiq kitobxon qo‘liga yetib keldi. Ozod Sharafiddinovning “Cho‘lpon” (1991), “Cho‘lponni anglash” (1994) kitoblari “Cho‘lpon”, “Yozuvchi” nashriyotlarida bosmadan chiqdi. Olim atrofida bir nechta yosh nazm muxlislari astoydil harakatda bo‘lishdi. Yetuk mutaxassislardan Naim Karimov, Umarali Normatov, Ibrohim G‘afurov, Abdug‘afur Abdurasulov, Asror Samadlar Ozod domlani qo‘llab-quvvatlashdi.
Ozod domlaning oldida turgan birinchi maqsad “Cho‘lpon o‘zi kim?”, “Nega biz uni shu paytgacha bilmaymiz?”, “Nega uning she’rlari darsliklarga kiritilmaydi?” – degan keng kitobxonlar ommasidan yuborilgan maktublarga javob berish edi. Mutaxassislar davrasida, hatto rus adabiyotshunoslarining ta’kidlashicha, Cho‘lpon badiiy mahorati va shoirlik iqtidori jihatdan A.S.Pushkinga teng shoir darajasida tan olinayotganiga qaramay, oddiy o‘zbek kitobxoni bu so‘z san’atkorini bilmas edi. Shuning uchun Ozod Sharafiddinov “Cho‘lpon” kitobidagi besh bobdan iborat fasllarda shoirning fojiali taqdiri, ijodiy faoliyatining boshlanishi, o‘tgan asrning 20-yillarida uning she’riyati yuzasidan amalga oshirilgan janjalli muhokamalar tarixi, unga nisbatan uyushtirilgan nohaq hujumlar tafsilotlari bilan o‘quvchini tanishtirdi. Kitobda adibning she’riyati, nasri, dramalari, teatrshunoslik faoliyati, tarjimalari, munaqqidligi bobma-bob tahlil etiladi. Matbuot tarixiga oid gazeta va jurnallar sahifalaridan keltirilgan iqtiboslar, shoir ijodi yuzasidan e’lon qilingan mazmunan qarama-qarshi maqolalar, nazm namunalari, “Kecha va kunduz” romanining teran tahlili, dramalaridagi obraz yaratish mahorati, tarjimon sifatidagi noyob iqtidoriga berilgan baholar kitobxonni Ozod Sharafiddinov butun ilmiy umrini Cho‘lponni o‘rganishga bag‘ishlagan, degan xulosaga olib keladi. Buyuk san’atkordagi “mute bir oqsoch” bo‘lib zamon zayliga bo‘ysunib ijod qilishdan voz kechish soniyama-soniya ochib berilar ekan, davr adabiyotiga baho berilishi bilan uyg‘un olib boriladi: hokim siyosatga “boshiga qilich kelganda ham haqiqatni aytadigan yozuvchilar kerak emas edi. Adabiyot “gah” desa qo‘liga qo‘nadigan qush bo‘lmog‘i kerak edi… xalqning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib turmog‘i zarur edi. Safda yurolmaydigan, chest berib, g‘oz qotib turolmaydigan, ha deganda luqma tashlab bezor qiladigan yozuvchilarning popugini pasaytirib, shashtini qaytarmoq lozim edi”. Iqtibosga e’tibor bering. Ozod domla o‘z fikrlarini to‘liq ravishda xalqona ifodalar bilan (boshiga qilich kelganda ham haqiqatni aytadigan, “gah” desa qo‘lga qo‘nadigan, qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib turmog‘i, chest berib, g‘oz qotib, luqma tashlab) o‘sha zamonga, o‘sha davr adabiyotiga ta’rif bermoqda. Cho‘lponning davr mezoniga mos kelmagani uchun boshida yong‘oq chaqilganini aytilmoqda. Boshiga o‘tkir qilich tushayotgan bir paytda so‘zlagan Cho‘lpon nutqini keltirib shunday deydi: “Umuman, Cho‘lpon nutqining ohangiga e’tibor bering – unda yalinchoqlik, yaltoqlanish yo‘q, ammo unda mantiq izlash bor, adolat va haqiqatning qaror topishiga umidvorlik bor”.
Ozod domla Cho‘lpon she’riyatining maftuni edi. Nazarimda, ustozimiz she’riyat qadrini belgilash mezonlarini Cho‘lpondan o‘rganganlar. Shoirdagi she’r mazmuniga singdirilgan teran falsafiy mohiyat, pichoq tegmagan gapdan foydalanishi va shu gapga shaxsiy falsafaning mazmunini singdirish vositasida o‘quvchi ma’naviyatini boyitish mahorati domlani ham o‘ziga jalb etgan, muxlis qilgan edi.
Domlamiz Cho‘lpon poeziyasiga baho berar ekanlar, shunday deydilar: “Cho‘lpon mahorati shunchalar yuksak ediki, u qalamning bir yengil harakati bilan so‘z lashkarlarini istagan izmiga sola bilardi. Cho‘lpon meros qoldirgan she’riyat – chindan-da mo‘jiza…” Ana shundan keyin muallif “so‘z lashkarlarini istagan izmiga” solishi sirlarini o‘z o‘quvchisiga erinmasdan tushuntiradi.
Avvalo aytish kerakki, Cho‘lpon o‘z she’riyatini shunchaki she’r yozish uchun yaratmagan. Uning poeziyasida har bir so‘z, har bir poetik ifoda ramziy mohiyat kasb etar edi. Ona tabiat, o‘zbekona mentalitet ijtimoiy muhit sharoiti bilan bog‘langan holda ifodasini topardi.
Cho‘lpon she’riyatini o‘quvchiga anglatish uchun avvalo unga qo‘yilgan aybning bo‘hton ekanini isbotlash lozim bo‘ldi. Zamon zayliga bo‘ysunib, “gah” deganda qo‘lga qo‘nadigan qushga taqlid qiluvchi adabiyotshunoslar shoirni jadid, burjua yozuvchisi, ashaddiy millatchi, bosmachilik kayfiyatidagi unsur sifatida qoralaydilar. Ozod domla yozadilar: “Shunday qilib, sho‘rolar hukumati o‘zining ilk qadamlaridanoq ijod erkinligini cheklash, ziyolilar faoliyatiga to‘siqlar qo‘yish, mehnatkash xalqni ularga nisbatan ishonchsizlik ruhida tarbiyalash siyosatiga amal qildilar. Sotti Husayn, Abdurahmon Sa’diy, Miyonbuzruk Solihov kabi adabiyotshunoslar o‘zlarini hokim siyosatga yaqin ko‘rsatish niyatida yosh shoir ijodidan tirnoq ostidan kir qidirish qabilida siyosiy nuqsonlar topishga urinadilar. Ustozimiz, avvalo, “Buzilgan o‘lkaga” she’riga murojaat qilgan. Taxminan Farg‘ona vodiysidagi fojiali voqealar oqibatida musibatli hayot kechirayotgan xalqning taqdiri aks ettirilgan bu she’rda “ming-minglab odamlar ochlik va zo‘ravonlik tufayli halok bo‘lgan”i tasvirlangan edi. Shoir she’rda butun Sharqni, xususan, Farg‘onani ham o‘sha zamonda mushkul sharoitda qolganini ifodalashga uringan. Bu haqiqat, avvalo, o‘zbek farzandini, qolaversa, har bir farg‘onalikni loqayd qoldira olmasdi. Vaholanki, siyosat xizmatchilari bu she’rni hatto “bosmachilar gimni” deb atashgacha borishdi”. “Cho‘lpon” kitobining she’riyatga bag‘ishlangan ikkinchi bobida qirqdan ortiq she’riy parchalar keltirilgan. “Cho‘lponni anglash”da she’rlarning nomlari esga olingan. Ularda poetik mahorat mahsuli bo‘lib yaralgan satrlarda shoir qalbidan otilgan vulqon butun zamon adolatsizligini kuydirib o‘tgani bir tomondan alam, bir tomondan g‘urur ila kitobxon e’tiboriga yetkaziladi. Shoir she’riyatining hamma namunalari poeziyaning oliy ko‘rinishida bo‘lsa-da, ular tarkibidan eng mo‘jizali satrlar nozik did va aql mezonida ajratib olinadi va shoh satrlar darajasida taqdim etiladi:
Bir qo‘zg‘alar, bir ko‘pirar, bir qaynar,
Bir intilar, bir hovliqar, bir o‘ynar,
Yo‘qlikni-da, ochlikni-da yo‘q etar,
O‘z yurtini har narsaga to‘q etar.
Adabiyotshunos olimlarni badiiy adabiyotda yoritilgan mavzular qatorida eng e’tiborli hisoblangan inson shaxsini ulug‘lash, inson – Yer kurrasining hokimi ekanini ta’kidlash yo‘nalishi doimo jalb etib kelgan. Chunki inson o‘zining insoniy qadriga yetmay turib, yorug‘ dunyoga kelish sababini anglamaydi. Ozodlik, erkinlik ne’matini baholay olmaydi. Yaxshilik, ezgulik, iymon fazilatlarini tushunmaydi. Tabiat go‘zalligini his qilmaydi. Cho‘lponshunos Ozod domlani hayratga solgan fazilat ham, bizningcha, shoir poeziyasi mohiyatining zaminini tashkil etuvchi INSON kontseptsiyasi bo‘lgan:
Tiriksen, o‘lmagansen,
Sen-da odam, sen-da insonsen.
Kishan kiyma, bo‘yin egma,
Ki sen ham hur tug‘ilg‘onsen.
Fikri ojizimcha, Ozod domlaning butun hayoti davomida ishonch bilan yashash tabiati yuqoridagi to‘rt satrda muhrlangan. Domlamiz yashagan muddat davomida ijtimoiy hayotda bir necha marta siyosat o‘zgardi. Shaxsga sig‘inish, qayta qurish, o‘zbek paxtasi, mustaqillik dovonlaridan o‘tdi o‘zbek xalqi. Ammo domla o‘z fikr-mulohazalarini emin-erkin ifodalaydigan zamon bo‘lmadi. Ko‘p marta domlamiz boshida kaltak singan vaziyatlarga guvoh bo‘ldik. Cho‘lpon boshidagi dashnom yog‘diruvchi bulutlar ustozimiz tepalarida ham rosa charx urganini ko‘rdik. Ammo har safar muayyan muddat o‘tganidan so‘ng bu ko‘lankalar haqiqat, iroda shamoli bilan tarqab ketardi. Va har safar ustozimiz “kishan kiymay, bo‘yin egmay” hayot sinovlaridan eson-omon o‘tar edilar. Havas qiladigan jihatlar shundan iborat bo‘lar ediki, shaxsiy hayotidagi tazyiqlarni biz – shogirdlariga deyarli bildirmasdilar. Gohida bu yo‘nalishda noboproq savol bersak, “birinchi martami, bir gap bo‘lar, cho‘rt poberi”, deb qo‘yardilar. Hatto umrlarining oxirida juda og‘ir jarrohlik muolajalarini boshidan kechirganda ham ularda ruhiy tetiklik yo‘qolmadi. Hazil-mutoyibalar esdan chiqmadi. “Najot – hamkorlikda” (Salmon Rushdiyga ochiq xat) ga o‘xshash maqolalar yozilaverdi. O‘ylaymanki, hayotda eng mushkul vaziyatlar vujudga kelganda, domlamizni Abdulhamid Cho‘lpon qo‘llab-quvvatlagan. Cho‘lpon va Ozod domla – ikki buyuk insonning vafot kuni aynan bir kunga – 4 oktyabrga to‘g‘ri kelishida ham ilohiy o‘xshashlikni ko‘raman.
Ozod Sharafiddinovni shoir Cho‘lpon poeziyasida jalb qilgan mavzulardan biri o‘zbek bokira qiziga ijtimoiy hayotda bo‘lgan munosabat muammosi edi. Maqolamiz boshlanishida Asqad Muxtorning “Binafsha” she’rini o‘qiganini eslagandik. She’rda o‘zbek qizi bilan binafshaning muqoyasa qilinishi she’riyat muxlisini befarq qoldirmaydi. O‘zingiz tasavvur qiling:
Binafsha, senmisan, binafsha, senmi,
Ko‘chada aqchaga sotilgan…
Kimlardir, ularkim,
Ignani bag‘ringga sanchalar?..
U qanday qo‘llarkim,
Uzalar, hidlaylar, yanchalar.
“Sharq qizi”, “Men va boshqalar” kabi she’rlar, hikoya va romanidagi o‘zbek qizi ifodasida Ozod domla Cho‘lponning butun vujudiga singib ketgan musibatning ruhiy sharhini ko‘radi. “Men va boshqalar” she’ri haqida olim yozadi: “O‘zbek qizi benihoya hazin ohangda o‘z holini izhor qiladi. Uning so‘zlarida shikoyat yo‘q, ammo tizginsiz mung bor, u boshqalar kabi erk ertaklarini eshitmoq istaydi, biroq buning o‘rniga to‘rt devor ichida qullik qo‘shig‘ini tinglashga majbur… Cho‘lpon she’rlarida ayolga teran hamdardlik bor: shoirning tabiiy haq-huquqini himoya qilib bong uradi, qalblarni qalqitishga harakat qiladi”.
Cho‘lponning san’atga, badiiy adabiyotga, poeziyaga dramaturgiyaga bo‘lgan munosabati Ozod domlaning tabiatiga, fe’liga har jihatdan mos edi. Bu yaqinlik oxir-oqibatda ikki go‘zal insonning muomalasiga ta’sir o‘tkazdi, ularning dunyoqarashida egizak ruhni, holatni vujudga keltirdi.
Ozod domla yoshligidan boshqa tengdoshlaridan rostgo‘yligi, dangalligi bilan ajralib turardi. Birinchi o‘qituvchisi Qudrat Ahmedov quyidagi voqeani eslagan edilar: Ozod Toshkent shahridagi 14-maktabning boshlang‘ich sinflaridan birida o‘qib yurgan kezlari maktabga tekshiruvchilar keladi. Qudrat aka sinfidagi o‘quvchilarning bilimi yaxshi ekanligini ko‘rsatish uchun nazorat diktantni avvalgi yozilgan matndan tanlaydi. Diktant sinfdagi orqa partada o‘tirgan tekshiruvchi kuzatuvida yozib bo‘linganidan so‘ng o‘qituvchi odatdagidek o‘quvchilaridan: “Savollar bormi?” – deb so‘raydi. Shunda 8 yoshli Ozod o‘rnidan turib: “Bu diktantni avval ham yozgan edik-ku”, deb so‘ragan ekan. Mana shu haqgo‘ylik umr bo‘yi uni tark etmadi. Ehtimol, uning Cho‘lponga bo‘lgan cheksiz hurmati va qiziqishining sababini ham aynan shu fazilatdan axtarish to‘g‘ri bo‘lar. Olim Cho‘lponni shu qadar sinchkovlik bilan mukammal o‘rgandiki, oxir-oqibatda ayrim o‘rinlarda yozuvchi uslubi bilan tadqiqotchi o‘rtasida uyg‘unlik namoyon bo‘la boshladi.
Ozod Sharafiddinov tabiatan poetik asarlarni tahlil qilishga ko‘proq qiziqardi. Ammo gap Cho‘lpon haqida ketganida, badiiy asarni janrga nisbatan ajratish keyingi o‘rinlarga o‘tardi. “Cho‘lpon” risolasining uchinchi bobida olimimiz adib ijodidagi hikoyanavislik faoliyatiga alohida o‘rin ajratdi. Bu faslda “Qog‘ozdan qayiqchalar”, “Oq bulutlar bilan to‘lqinlar”, “Ko‘ngilchanlik” miniatyuralari tahlilidan boshlangan tadqiq mantiqan rivojlanib “Qor qo‘ynida lola”, “Oydin kechalarda”, “Nonushta”, “Gavharoy” kabi hikoyalar yo‘nalishida davom etadi. Tadqiqotchi kichik prozaik asarlar haqida fikr yuritishda ham shoirning poeziyasidagi asosiy mavzulardan hisoblangan o‘zbek qizi taqdiri ifodasiga diqqatini qaratadi. Bu o‘rinda Cho‘lponning o‘zbek qizi hayotini tasvirlashdagi ikki jihat alohida e’tibor bilan o‘rganiladi. Birinchidan, yozuvchining o‘zbek qizlaridagi hayotdan asosan yoshlik chog‘lari bahramand bo‘lish fazilati, ikkinchidan, aynan shu bokira qizlarning balog‘atga yetganidan keyingi fojiali qismati yuzasidan mulohazalar yuritiladi. “…ozib-yozib bir erkinlik tegib qolsa, hovuz bo‘yiga chiqib qolishsa, o‘zlarini qo‘yib yuborib, bolalardek samimiyat bilan o‘ynab quvnaydilar”. Ammo ko‘p o‘tmay “Qor bilan lola o‘t bilan suvdek gap, qor qo‘ynida bir kun emas, bir nafas turgan lola darhol bujmayadi, nobud bo‘ladi”, – deyiladi. Olim dahosining kuchi shundaki, bu tahlilda o‘zbek qizining taqdiri, qismati o‘zbek millati tarixi bilan uzviy muqoyasa qilinadi. Bokira qizlarimizning fojiasi “taqsirim” deb atalmish noshud insonlar bilan bog‘lanadi. Aslini olganda, o‘zbekning XX asr boshlaridagi musibati ham ana shu kimsalarning munofiqligi oqibatida ro‘y bergan edi. Olim kichik proza namunalari haqidagi fikrlarini yakunlab: “Umuman, Cho‘lponning hikoyalari ko‘pincha oddiy va jo‘n voqealarga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, hayotiyligi, haqqoniyligi bilan e’tiborga loyiq”, – deydi.
Cho‘lpon kichik hikoyalar yozish faoliyatini badiiy prozaning yuksak marrasini egallash yo‘lidagi mahorat maktabi tajribasini to‘plash bilan uyg‘unlashtirdi. Yirik proza namunasi hisoblanmish roman poetik she’rlar, miniatyuralar, hikoyalar darajasidan anchayin keng ko‘lamli imkoniyatga ega edi. Adibning hayotiy maqsadi ham o‘zbek kitobxoniga milliy tariximizning badiiy aksini meros qilib qoldirish bo‘lgan. Bu o‘rinda Ozod Sharafiddinovning bir fikrini keltirish maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz. Olim Zebi obrazini yaratishdagi yozuvchi mahoratiga baho berar ekan, shunday deydi: “U (Cho‘lpon – mual.) Zebi xarakterini tasvirlashda biron nuqtada ham hayotiylik printsipidan chekinmaydi, hamma joyda me’yorni saqlashga intiladi”. Iqtibosdagi “me’yor” so‘ziga e’tibor qilaylik. Bizningcha, bu so‘z hayot haqiqati, real voqelik, samimiy turmush tarzi ma’nolarini ifodalaydi. Ko‘p o‘tmay olim yozadi: “Romanda juda ko‘p uchraydigan bunday parchalar (hayotiy lavhalar – muallif) psixologik teranligi va haqqoniyligi bilan Zebi xarakteriga chinakam hayotiylik baxsh etadi, uning realligiga kitobxonni ishontiradi, obrazning ta’sir kuchini oshiradi”. Aslini olganda ayni shu hukmni romandagi Miryoqub, Akbarali, Razzoq so‘fi, Zebining onasi, Saltanatxon, aravakash bo‘zo‘g‘lon yigit O‘lmasjonlar kabi hamma obraz va personajlarga taalluqli deb qabul qilish mumkin. Chunki, “me’yorni saqlash” buyuk adibning o‘zbek millati tarixini bo‘yoqlarsiz keyingi avlod kitobxoniga meros qilib qoldirishdek bosh maqsad – mezon bo‘lib xizmat qilgan. Ozod Sharafiddinov badiiy adabiyotdagi, xususan, romanlardagi xarakterlarning yaratilishida yozuvchi tomonidan yo‘l qo‘yiladigan bir yoqlamalikni hamisha qoralagan. Ijobiy obrazlarni ularning tabiatiga mos kelmaydigan yolg‘on fazilatlar bilan tasvirlash, salbiy qahramonlarni mutlaqo salbiy bo‘yoqlar bilan chaplab tashlashga qarshi fikr yuritganlarida, biz – shogirdlarga hayotda mutlaq ijobiy, mutlaq salbiy inson bo‘lishi mumkin emasligini qayta-qayta uqtirganlar. Cho‘lpon “Kecha va kunduz” romanida olimning aynan shu fikrini qo‘llab-quvvatlagandek bo‘lgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, olim asardagi Razzoq so‘fi, Akbarali, Miryoqub, Noib to‘ralarning salbiy jihatlarini dalillar bilan ko‘rsata turib, yozuvchining bu qahramonlaridagi kam bo‘lsa-da, har holda uchraydigan ijobiy xususiyatlarni ham tasvirlashga e’tibor berganini alohida ta’kidlaydi. Salbiy obrazlardagi ijobiy xatti-harakatlar belgilarini Cho‘lponning mahorati bilan bog‘laydi. Bu o‘rinda, ayniqsa, Miryoqub haqidagi fikr-mulohazalar alohida e’tiborga loyiq. Tadqiqotchi Miryoqubni o‘zbek burjuaziyasining ilk vakillaridan ekanini uning “imperiya” so‘zi ma’nosini taftish qilishi, temir yo‘l quriladigan qarovsiz yerlarni arzon-garovga sotib olishi bilan asoslaydi. Ayni paytda bu qahramonning “analitik aql egasi” ekanligini, ayniqsa, zamon o‘zgarishiga qarab ish yuritishini ma’qullaydi. Hatto, hayot taqozosi bilan bu shaxsning kelajakda asosiy qahramonga aylanishi mumkinligini taxmin qiladi. Yozuvchining Zebini sud qilinishi lavhasi vositasida chorizm tizimidagi nuqsonlarni N.V.Gogol, L.N.Tolstoy darajasida fosh eta olganini faxr bilan ta’riflaydi. “Kecha va kunduz” romani fazilatlari olimimiz tomonidan yetuk adabiyotshunos sifatida tahlil qilinar ekan, Cho‘lponning shoirligi, haqiqiy ma’nodagi so‘z san’atkorligi bir soniya ham ustoz xayolidan ko‘tarilmaydi. Romanda voqealar bayoni davomida adibning o‘rni kelganda lavhalar tavsifiga aralashuvi, faollashuvi; o‘rni kelganda oddiy kitobxon qatorida kuzatuvchiga aylanishi alohida mahorat namunasi sifatida tahlil qilingan: “Romanning ayrim sahifalari favqulodda ta’sir kuchiga ega. Ayniqsa, Zebi ustidan sud majlislari tasvirlangan sahifalarda Cho‘lponning fosh qiluvchilik san’ati yuqori cho‘qqiga ko‘tarilgan. Ularda yozuvchi ovozini balandlatmaydi, qora bo‘yoqlarni qalashtirmaydi. Siz hatto muallifning mavjudligini sezmay ham qolasiz; u bir chekkada, panada turib, o‘ta bosiqlik bilan, faqat haqqoniy detallarga alohida urg‘u bergan holda majlis ishtirokchilarini tasvirlab beradi”.
O‘nlab yillar davomida olimning Cho‘lpon prozasi uctida olib borgan kuzatishlari XX asr boshlarida Fitrat, Hamza, Abdulla Avloniy, Oybek, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom ijodi bilan yangi mazmunga ega bo‘lib borayotgan adabiyotimizdagi hikoyachilik, roman janrlarining shakllanishi va rivojlanishi jarayonining qaror topganini isbotlash imkonini berdi. Ustozimiz adib prozasi yuzasidan aytilgan fikr-mulohazalarga xulosa yasar ekan: “…“Kecha va kunduz” hayotiyligi, milliy ranglarga boyligi, tabiiyligi va samimiyligi bilan qahramonlar xarakterining butunligi va to‘kisligi bilan realizm tantanasiga katta hissa qo‘shdi”. Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romani haqida aytilgan bu yakuniy fikrni uning she’riyati, hikoyalari, romani, dramatik asarlari, qo‘yingki, butun ijodiga berilgan ta’rif sifatida baholash mumkin.
Ozod Sharafiddinov buyuk Cho‘lpon hayoti, ijodi haqida yozar ekan, ikkita muhim masalani qayta-qayta esimizga soladi, ta’kidlaydi. Birinchisi, Cho‘lpon asarlarini axtarish jarayoni to‘xtamasligi kerak. Uning yo‘qolgan “Kecha va kunduz” romanining ikkinchi – “Kunduz” qismi (bu haqda o‘zaro suhbatlarimizda ko‘p aytilgan), 30-yillarning boshida yozilgan “Yov” degan qissa, she’rlar, mulohazalar va boshqa ijod namunalari, maktublarini topish, o‘rganish, nashr qilishni to‘xtatmasligimiz kerak. Ikkinchisi, Ozod Sharafiddinov tanqid qilinayotgan shaxsning xatti-harakatidagi nuqsonlarni isbot-dalillar bilan ko‘rsatganlar, ammo uning shaxsiyatini biron marta haqorat qilmaganlar. Aksari hollarda xato qilish bandaning tabiatiga xos xususiyat, beayb Parvardigor yo‘sinida ish tutganlar. Ana shu falsafiy e’tiqodga amal qilgan ravishda o‘zlarining fikr-mulohazalari, hukm-xulosalari; xoh ijobiy, xoh tanqidiy mulohazalarini o‘quvchiga mutlaq haqiqat sifatida taqdim qilmaganlar. Olim hamisha kamtarlik, odob doirasidan chiqmagan holda muomala mezoniga amal qilar edi. Butun umri davomida Cho‘lpon she’riyatiga sadoqat bildirib yaratgan ilmiy tadqiqotlari o‘zbek adabiyotshunosligida cho‘lponshunoslik sohasiga asos solishi ham ana shu e’tiqod samarasi sifatida vujudga kelgan. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, o‘zbekning keyingi avlod kitobxoni Cho‘lpondek buyuk millat farzandi borligini Ozod Sharafiddinovning sa’y-harakatlari samarasida bildi, anglab yetdi.
Cho‘lpon ijodi o‘tgan asrning 20-30-yillaridagi vaqtli matbuot sahifalarida, badiiy adabiyot sahifalarida olmosdek yashiringan holda saqlanardi. Cho‘lponshunos Ozod bu olmosni ajratib oldi. Sadoqati, zargarona aqli zakovati bilan o‘zbek adabiyoti uzugiga Cho‘lpon deb atalgan brilliant ko‘z qo‘yish sharafiga erishdi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 3-son