Ma’lumki, ulug‘ shoir Alisher Navoiy bolalik chog‘larida Shayx Farididdin Attor qalamiga mansub “Mantiq ut-tayr” dostonini yod olgan va so‘nggi nafaslarigacha shu durdona asar hayajoni bilan yashagan. Hazrat “Lison ut-tayr” asarini shu dostonga javob tariqasida bitgani tasodifiy emas.
Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” kitobida Navoiy asarlarini sanar ekan: “Alisherbek naziri yo‘q kishi erdi. Turkiy til bila to she’r aytibturlar. Hech kim oncha ko‘p va xo‘p aytqon emas. Olti masnaviy kitob qilibtur, beshi “Xamsa” javobida yana bir “Mantiq ut-tayr” vaznida “Lison ut-tayr” otliq…” deb alohida urg‘u beradi.
“Lison ut-tayr”ning bir bobi “O‘zining Shayx ruhi madadidan anga tatabbu qilganga qaqnus timsoli” deb nomlangan. Durdona asarda so‘zga ikki xil ma’no yuklanadi. Birinchisi so‘z – kalom, ikkinchisi so‘z – kuymoq ma’nosida. Zotan, “So‘zona” so‘zi forsiyda kuyish ma’nosini bildiradi. Mazkur atama o‘zagi “so‘z” hisoblanadi. Ana shunga ishora sifatida Navoiy yozadiki:
O‘rtadim olam elini, o‘zni ham,
Qush tilidin o‘zga qilmay so‘zni ham.
Budur umidimki, bu so‘zi fano,
Borcha kuyganga baqo bergay yano.
Navoiy shu bayt vositasida shoirlarni – So‘z kishilarini mangulikka daxldor bo‘lishiga ishora qiladi. Haqiqatan ham so‘z kishilari jismonan bu dunyoni tark etganlaridan so‘ng ham she’rsevarlar qalbida yashab qolaveradilar. Zotan, Farididdin Attor dunyodan ko‘z yumganiga qariyb sakkiz asr bo‘ldi. U hamon ruhan yashamoqda. Bu xususiyat Navoiy shaxsiyati va ijodiga ham taalluqlidir. Alisher Navoiy fano olamini tark etganiga besh yuz o‘n uch yildan oshdi. Pirovardida, Navoiy she’riyati olam uzra tillo qanotlarini qoqayotganiga shohid bo‘lamiz.
Bu ta’riflarni qalamga olishdan maqsad shuki, “Qush tili” xalqaro antologiyasi ( “Tafakkur” nashriyoti, Toshkent, 2011 yil. Loyiha muallifi: Bahrom Ro‘zimuhammad. Nashrga tayyorlovchi: A’zam Obidov.) jahonning ko‘p mamlakatlarida e’tirof etilayotganini bir karra o‘quvchiga eslatib qo‘yishdir. Shu antologiya bois bo‘lib, Navoiy g‘azallariga Polshada ham qiziqish uyg‘ongan. Alisher Navoiyning asarlari polyak tilida nashr qilinmoqda. Bundan avval ul zot asarlari Amerika Qo‘shma Shtatlari, Frantsiya, Rossiya kabi nufuzli davlatlarda e’lon qilinib, yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘ldi.
“Qush tili” xalqaro antologiyasi o‘zbek, rus, turk, ingliz, nemis, ispan, polyak, frantsuz tillarida nashrdan chiqarilgan. Antologiyaga qirqdan ortiq mamlakatlarda yashab ijod qilayotgan yetmish yetti nafar shoirning qush mavzusidagi yoki “qush” so‘zi ishlatilgan she’rlari jamlangan. Antologiya markazida Alisher Navoiy ijodi turganligi kitob qadrini yanada oshiradi. Zotan, jilla qursa shu antologiyaga kirgan xorijlik mualliflar mutafakkir bobomiz ijod sarchashmasidan oziq oladilar.
Mazkur to‘plamning ilk sahifalarida shoir ijodidan ayrim namunalar frantsuz, rus, ingliz, nemis, polyak tillarida havola etilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad o‘zbek mumtoz she’riyati miqyosi, jilolarini jahon bo‘ylab tarqalishini ta’minlashdir. Bu – birinchi xususiyat. Ikkinchi xususiyat shuki, bugungi kunda she’riyat shaydolari Yevropa, Amerika, Afrika qit’alarida qalam tebratayotgan shoirlar nazmidan unchalik ham voqif emaslar. Bu kitob ana o‘sha bo‘shliqni to‘ldirish uchun ham muayyan ma’noda xizmat qiladi.
Uchinchi xususiyat shuki, bu antologiya vositasida bu antologiya bois bundan besh asr avvalgi va hamda yigirma birinchi asr boshidagi Sharqu G‘arb she’riyati o‘zaro tutashtiriladi. Olis o‘tmish va bugungi davr oralig‘idagi “devor” olib qo‘yiladi. Bir muqova ostida moziy va zamona she’riyati jamlashuvi So‘zning yashovchanligiga, zamon va makon tanlamasligiga guvoh bo‘ladi.
To‘rtinchi xususiyat – jahon tillarini puxta biladigan tadqiqotchilar dunyoning mashhur shoirlari she’riyatini asliyatda o‘qishlari, asliyat va o‘girmalarni o‘zaro qiyoslashlari mumkin.
Beshinchi xususiyat to‘g‘risida to‘xtalsak… Antologiyaga kirgan she’rlarning aksariyatida voqelikka ko‘chgan shakl o‘quvchilarimizga u qadar tanish emas. Goho o‘quvchiga postmodern yo‘nalishiga mansub bitiklar erish tuyulishi mumkin. Ammo, o‘zbek o‘quvchisi mutolaa jarayonida avangard usullar havosidan nafas olishga kirishadilar, deb o‘ylaymiz.
Ayrim mualliflar, deylik, Prayag Saykia (Hindiston), Kristofer Merrill (AQSh), Viven Plamb (Yangi Zelandiya), Zofiya Bezjinska (Polsha), Jene Doti (AQSh) kabi shoirlar sinchkov muxlislarga tanish. Chunki, bu mualliflarning she’rlari davriy nashrlarimizda, “Ilonbaliq” xalqaro antologiyasida e’lon etilgan. Ular xalqaro adabiy aloqalar taraqqiyotiga xizmat qilib kelishmoqda. Masalan, doktor Prayag Saykia Cho‘lpon, Usmon Nosir, Rauf Parfi, Abdulla Oripov doxil qirq sakkiz shoirimiz she’rlarini ingliz tilidan assam tiliga o‘girib, Hindistonda nashr etdi. Kristofer Merril esa jahonda dovruq qozongan Ayova Xalqaro Yozuvchilar Dasturi direktori sifatida ijodkorlarimiz bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan.
Endi “Qush tili”ga mansub ayrim she’rlar tahliliga o‘tsak. Venesuela Lotin Amerikasi she’riyati taraqqiy etib borayotgan mamlakat hisoblanadi. Ushbu mamlakat vakili Antoniya Truxilo qalamiga mansub she’rning ilk satrlariyoq e’tiborimizni o‘ziga jalb etadi:
Bu qush o‘limidan oldin
Tumshuqchasini ochishga va sayrashga intiladi
Bargni emas
Uni qo‘llab turgan daraxtni
Kesib o‘tmoqchi
Barmoq vazni ohanglariga ko‘nikkan, milliy obrazlarimiz, o‘ta tanish mavzular “ta’mini” obdon totgan o‘zbek o‘quvchilarimizga bu ritm, bu gap boshlamasi, bu illyuziya kutilgani qadar “botmaydi”. Ammo, matn astoydil his qilinsa, o‘quvchi boshqacha she’riy kayfiyatga tushadi.
Qush orqali yaratilayotgan voqelik o‘ta sirli. Qush shoxga qo‘nib o‘tirarkan, yonidagi yaproqni emas, yaxlit daraxtni o‘ylaydi. U o‘lyapti, ya’ni jismidan ruhi chiqish arafasida turibdi. Uning fikrlari telbalik va haqiqat oralig‘idagi mulohazalardir. Bu telbalik uchib, boshqa haqiqat keladi. Ana o‘sha chizgilardan so‘ng shoir holatlar ro‘yxatini o‘quvchilarga taqdim etadi. Va uning nigohi endi dalalarga qadalmaydi. Anavi daraxtlardan oltin ham kutmaydi. Bu qush o‘limidan oldin o‘z dunyosida uchadi, ichida tovlanayotgan, o‘sha shoxchaga. Demak, qush endi ko‘k sari emas, o‘zining ichiga, ya’ni ruhiy dunyosiga qarab uchyapti. Gap ozodlik xususida ketmoqda. Har qanday shakl ozodlikka raxna solishi mumkin, deya uqtiradi muallif. Va she’rning ikkinchi qismida bu mulohazalarini yanada “quyuqlashtiradi”:
Boshqa qush
Chinakam qush
Sahifaga tushishdan
Bosh tortmoqda
Shoir endi Qush va Ozodlik g‘oyalarini yonma-yon qo‘yadi. Ozodlikka erishuv yo‘llarini bosqichma-bosqich ta’riflab boradi. Pirovardida “u bo‘shliqni tanladi”, deb yozadi. Ayon bo‘ladiki, shoir qush obrazi, qushning harakatlari vositasida Ozodlikka intilish g‘oyalarini qo‘rsatib beradi. Ammo, tanlangan usul, obrazlar silsilasini osongina anglamoq mushkul. Xo‘sh, bu mushkulot nimadan?
O‘n beshinchi asrlarda Alisher Navoiy fors she’riyatidan ta’sirlanib, bir qancha shoh asarlar yaratdi. Fors she’riyati esa arab xalqlari nazmidan oziqlangani tarixdan ma’lum. Umuman olganda, tamaddun o‘chog‘i hisoblangan Arabiston she’riyatga boshqacha ohanglar, boshqacha motivlar taqdim etgan edi. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, Yevropada ko‘p yillardan buyon nash’u namo surayotgan sonet janri ham aslida Arabistonda shaklu shamoyil kasb etgan. Bu o‘rinda, shartli ravishda umumiy nuqtalar majmui iborasini qo‘llaymiz. Binobarin, arab dunyosida shakllangan usullar zamon taqozosi bois dunyo xalqlari adabiyotiga keng tarqalgan. Bu noodatiy, tasodifiy hodisa desak, bu mantiqqa zid holatdir. Zotan, Sharqning buyuk mutafakkirlari arab, fors, hind tillarini birvarakayiga o‘zlashtirishgani ham chuqur mazmunga ega. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, o‘n beshinchi asrlarda yashagan G‘arb shoirlari ijodida ham ular uslubiga xos batafsillik, so‘fiyona yoki ichki kechinmalar tug‘yonini kuzatish mumkin. Bu holat oradan besh-olti asrdan so‘ng ham takrorlanar ekan, nega hayron qolamiz?
Amerikalik olima Reychel Xarel “Jahon adabiyoti” jurnalida e’lon qildirgan “Ko‘klamdan ko‘klamgacha” (2005 yil) maqolasida umumiy nuqtalar majmui iborasiga quyidagicha yondashadi: “… Barcha “modernizmlar” va ularning davomchilari bo‘lgan oqimlar ( shu jumladan, amerika postmodernizmi ham) ba’zi umumiy impulslardan oziqlanadi – tilning “charchaganligi”ga, o‘z ifoda imkoniyatlarini “tugatganligi”ga reaktsiyasi, shaklning o‘zi bilan ham an’anaviylikka isyon, zamonaviy dunyoning ilgari nazardan chetda qolgan jihatlariga e’tibor, ruh bezovtaligi va h.k. Shunday bo‘lsa ham, o‘zbek modernizmi boshqa o‘quvchilar doirasi, boshqa til sharoiti va shoirlarning o‘z o‘tmishdoshlari bilan boshqacha munosabatlariga muvofiq ravishda o‘ziga xos yo‘nalishda rivojlanmoqda”
Ushbu maqola o‘zbek tilida yozilgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Zotan, madaniyatlar o‘zaro yaqinlashayotgan bugungi kunda turli tillarni o‘rganishga ishtiyoq kuchayib bormoqda. Aslini olganda “modernizm” atamasi nisbiy bo‘lib, boshqa o‘lchamdagi adabiyot yorlig‘i mazmunini o‘zida ifoda etadi. Ehtimol, “Ilonbaliq”, “Qush tili” xalqaro antologiyalari paydo bo‘lishiga ham zamona bilan hamnafaslik tuyg‘usi sababchi bo‘lgandir? Agarda biz bu to‘g‘rida chuqurroq o‘ylab ko‘rsak, shu ikki antologiyaning qadri yanada oshadi.
Jahon xalqlarining bugungi she’riyati ramziylikka asoslangani tufayli ham o‘quvchini zeriktirmaydi, aksincha, qat-qat “pardalar” ichida nimalar borligiga qiziqish asnosida idrokingiz toblanadi. Bu rebus yoki krossvord jumboqlari emas, balki, o‘sha o‘n beshinchi asrlardagi sirlilikning yangicha ko‘rinishlaridir. Zotan, Alisher Navoiy qalamiga mansub “Lison ut-tayr”ning Shayx Farididdin Attor asari – “Mantiq ut-tayr”ga mushtarak jihatlari ham sirli obrazlar silsilasi bilan izohlangan.
Ikkala davr shoirlari ham qush deganda qushni nazarda tutishmaydi. Bu bir timsol. Navoiyning “Sen gumon qilgandin o‘zga..” ta’kidini yodimizga keltirsak, masala oydinlashadi. Deylik, qush timsoli orqali inson tasvirlanayotgan norvegiyalik shoir Isterin Iralu she’ri misol bo‘la oladi:
Pag‘a-pag‘a tushar ekan qor
Shamol hilpiratgan
Sariq-yashil paltoli
Juvonining naq ustida
Sirg‘alib sirg‘alib uchadi chorloq
Ikkisini hilpiratar qor
She’r bor-yo‘g‘i olti satrdan iborat. Qo‘llanilgan usul u qadar murakkab ham emas. Ammo “sariq-yashil paltoli juvon” iborasi orqali ajoyib tashbeh yaratilgan. She’rda qor va shamol harakati tasviri so‘nggi satrlarni “ochib yuboradi”. “Sirg‘alib-sirg‘alib uchadi chorloq, ikkisini hilpiratar qor”. Qor va shamol obrazlari qush va inson obrazlari bilan uyg‘unlikda chiziladi. Bu chiroyli tasvirga aylanadi. Aynan shu kichik she’r yodimizga yapon xayku va tankalari ruhini soladiki, buyam tasodif emas. Zotan, hozirda Yevropa va Amerika shoirlari ham yapon she’riyatidan ta’sirlanmoqdalar. Jumladan, antologiyaga kiritilgan amerikalik shoir Jene Doti xaykulari bunga misol bo‘la oladi. Jene Doti ingliz tilidagi mumtoz zamonaviy g‘azallar veb-saytini ochgan. Bu shoir ayni davrda g‘azalnavislikni dunyo bo‘yicha targ‘ib qilar ekan, o‘zi ham g‘azallar bitadi. Xaykulari esa Jene Dotining Sharq mumtoz nazmi, jumladan, uzoq Sharq mumtoz she’riyati ruhini teran anglaganidan darak beradi:
Kunchiqarda turibdi yoga
Olis zog‘lar qag‘illar go‘yo
Ko‘zoynakli ilon bo‘lgusi
Iste’dodli yosh tarjimon Nozima Toshpo‘latova tarjimasida hozirgi kunda Ispaniyaninng Barselona shahrida yashayotgan shoir Roxelio Sandersning “Oltin qush” sarlavhali she’ri antologiyaga kirgan boshqa she’rlardan alohida ajralib turadi. Bu she’r bir jihatdan vizual she’riyat namunasi. Chunonchi, matnda turli chizmalar mavjud. Chizmalar o‘zaro tutashtirilsa, qush surati paydo bo‘ladi.
She’rlari ingliz, o‘zbek, mo‘g‘ul tillariga o‘girilgan arab shoiri Said Gouda (Gong-kong) qalamiga mansub “Ma’yus qushim” sarlavhali she’rning ilk satrlaridanoq Sharq she’riyati an’analari bo‘rtib ko‘rinadi. “Oltin qafas” obrazi ila mumtoz she’riyatimizga ishora qilgandek go‘yo. Zotan, ulug‘ Navoiy ham shu turdagi obrazlarni g‘azal, ruboiylarida ko‘p ishlatgan. Said Gouda oddiy tasvirdan murakkab usullarga o‘ta boshlaydi:
Qushlar do‘konidan sotib olganim
Oltin qafasdagi don-dunga serob
Anhor oqib turgan ma’voda o‘sgan
Qushim xomush betob
Ayvonga ilaman
Jannatiy ovoz-la
Uyg‘otishin istayman har tong…
Ammo, qushning boshi egik: “Qushim xomush-xomush, Sayrga chiqqanda qaddin g‘oz tutar, Samoga boqadi noumid, sog‘indimikin yo muhabbatini”.
Said Gouda qush obrazi orqali sadoqat, vafo hissiyotlarini ifodalaydi. Pirovardida, ramz-timsollarga murojaat qilib, quyidagicha xulosa yasaydi:
Uni mag‘lub va xor tashlab ketarmi
O‘lja qilib inson zotiga
Jalaning sharpasi?
Mazkur to‘plamni mutolaa qilar ekansiz, xayolan olam bo‘ylab sayohatga chiqqanday bo‘lasiz. Garchand masofa olisligi sizni o‘yga toldirsa-da, shoirlar orasidagi fikriy mushtarakliklar hayratga soladi. Alhol, shoirlarning botiniy yaqinligi obrazlar orqali namoyon bo‘ladi. Mazkur antologiyaga Halima Xudoyberdiyeva, Bahrom Ro‘zimuhammad, Muhammad G‘affor, Xosiyat Rustamova, Rifat Gumerov she’rlari ham kiritilgani qiziqishimizni oshiradi va ularning bitiklari bilan boshqa qit’a shoirlari nazmiy asarlarini qiyoslashimizga imkon beradi. Bu mualliflarning she’rlari ham to‘plamning umumiy ruhiga mos tushgan. Xususan, O‘zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva qalamiga mansub “Batamom uyg‘onsam…” sarlavhali she’r lirik qahramoni uyg‘onish hissiyoti bilan ozodlikni yonma-yon qo‘yadi. She’r xulosasi tubandagicha:
O‘zimcha kimningdir
G‘amini yedim,
Kimningdir kuniga
Yuribman yarab.
Batamom uyg‘onib
Ololsam deyman,
Uchib ketarmidim
Ko‘klarga qarab.
Inglizcha tarjimada she’r shakli, ruhi saqlab qolingan. Badiiy tarjima muvaffaqiyatli chiqqanmi-yo‘qmi, bu soha mutaxassislari hukmiga havola. Bizga ahamiyatlisi, o‘zbek shoirasi ijodi xususida inglizzabon adabiyot shaydolari tasavvur hosil qilishidir.
Xosiyat Rustamova – hozirgi zamon o‘zbek she’riyatining peshqadam vakilasi. Uning she’rlari ko‘plab xorijiy tillarga o‘girilib, chop etildi. Shoiraning qush mavzuidagi she’ri mazkur antologiyaning eng ta’sirchan bitiklari sirasiga mansub:
Jovdirab qaraysan qafasga otsam
Bir hovuch ushoq don, suv va maysani…
Oldingga tashlayman nimaki topsam –
Ozodlikdan boshqa hamma narsani.
Maqolamiz nihoyasida ta’kidlashni istardikki, “Qush tili” xalqaro antologiyasini yuzaga kelishida, qirqdan oshiq mamlakatlarga tarqatilishida shoir, tarjimon, loyiha ijrochisi A’zam Obidovning xizmatlari beqiyos. Nashrga tayyorlovchilar antologiga yanada joziba bag‘ishlaydigan kartinalarni ham tanlay bilgan. Jumladan, musavviralar – Gulnora Rahmon va Nodira Ibrohim mo‘yqalamiga mansub kartinalar sharqona ohangda ko‘ngil go‘zalliklaridan “kuylaydilar”. Bu kuylar she’r musiqasidan aslo kam emas.
Odinabonu Qulmurodova
O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti bitiruvchisi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 3-son