Hofiz Sheroziy (Shamsuddin Muhammad ibn Muhammad) (1326-1389) nomi va ijodi o‘zbek o‘quvchilariga yaxshi tanish. Uning g‘azallari turli yillarda olim va shoirlar tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Turonzaminda har bir ziyoli o‘zbek, fors va arab tilini mukammal bilgan. Fors she’riyatining eng yaxshi namunalari, shu jumladan, Hofiz g‘azallari ham sevib mutolaa qilingan.
Amir Temur Hofiz ijodi bilan yaxshi tanish bo‘lgan. Ayniqsa, uning “Agar on turki Sherozi ba dast orad dili moro, ba xoli hinduyash baxsham Samarqandu Buxororo” (“Agar ko‘nglimni rom etsa o‘shal Sheroz jononi, qaro xoliga baxsh etgum Samarqandu Buxoroni”) deb boshlanadigan g‘azali ko‘pchilik orasida mashhur edi. 1387 yili Sherozni egallagan Sohibqiron shaharning mashhur shaxslari qatori Hofiz Sheroziyni ham suhbatga chaqirishni buyuradi. Bu paytda shoir ancha keksayib, moddiy jihatdan ham qiynalib qolgan edi. Uni bukchaygan va yupun kiyingan holda Sohibqiron huzuriga olib keladilar. Shunda Amir Temur hazillashib: “Men butun dunyo boyligini sarflab, Samarqand va Buxoroni obod qilsamu siz ularni bir go‘zalning qora xoliga berib yubormoqchimisiz,” deydi. Hozirjavob shoir: “Ana shu saxiyligim tufayli hozirgi ahvolga kelib qoldim-da”, deb javob beradi. Bundan zavqlangan Sohibqiron shoirni katta sovg‘a-salomlar bilan kuzatib qo‘yadi…
Avvalo, Samarqand va Buxoro tilga olingan o‘sha mashhur g‘azal haqida. Tarjimada “turki Sherozi” jumlasi o‘zbek tiliga “Sheroz jononi” deb o‘girilgan. To‘g‘ri, “turk” so‘zining bir ma’nosi “go‘zal” demakdir. Ammo matla’da gap aniq turk go‘zali haqida ketmoqda.
O‘sha davrda Sherozda forslar bilan birga turklar ham yashagan. Hozir ham Eron aholisining yarmini turkiy xalq va elatlar tashkil etadi. Hulokuxon davridan boshlab (1256-1265) Eron hukmdorlari va saroy a’yonlarining ko‘pchiligi turkiy xalqlar vakillari edi. Shoir ular bilan doimiy muloqotda bo‘lgan, ba’zilari bilan yaqin do‘stona munosabatlar o‘rnatgan. Devondagi bir qit’a ana shunday do‘sti bilan judolik tufayli qalamga olingan:
Quvvati shoirai man sahar az farti malol
Mutafarriq shuda az banda, gurezon meraft.
Naqshi Xorazmu xayoli labi Jayhun mebast,
Bo hazoron gila az mulki Sulaymon meraft.
Meshud on kas, ki juz o‘ joni suxan kas nashinoxt,
Man hamedidamu az kolbadam jon meraft.
Chun hameguftamash: “Ey munisi derinai man!”
Saxt meguftu dilozurdavu giryon meraft.
Guftam: “Aknun suxani xush ki bigo‘yad bo mo,
K-on shakarlahchai xushxoni xushilhon meraft!”
Loba bisyor namudam, ki: “Marav!” Sud nadosht,
Z-on, ki kor az nazari rahmati sulton meraft.
Podshoho, zi sari lutfu karam bozam xon,
Chi kunad? So‘xta az g‘oyati hirmon meraft.
Mazmuni: Shoirlik quvvatim sahar payti behad malol chekib, mendan ajralib, yugurib ketdi. Xorazm manzarasiyu Jayhun xayoli bilan ming xil ginaxonlik arz etib, Sulaymon mulkidan ketdi. U shunday kishiki, undan boshqa odam so‘zning jonini bilmaydi, men uni ko‘rib turibmanu badanimdan jon ketdi. Men unga dedim: “Ey mening qadimiy munisim!” Menga qattiq gapirdiyu dili ozor chekib, yig‘lab ketdi. Dedim: “Endi bizga yaxshi gaplarni kim aytadi? Chunki shakarlahja, so‘zi va ovozi yaxshi ketdi!” “Ketma” deb ko‘p iltijo qildim, foydasi bo‘lmadi. Chunki, g‘isht qolipdan ko‘chgan edi. Ey, podshoh, lutfu karamingni ko‘rsatib, yana da’vat qil, ne qilay? Bunday katta yo‘qotishdan dilim yonib ketdi.
Shoirning she’rlarini yaxshi tushunadigan hamfikr do‘sti Vatani Movarounnahrga qaytib ketgan. Bu yo‘qotish shoirni qattiq hayajonga solgan. Tasavvuf istilohida “yor” so‘zi Xudoni, gohida esa ma’shuqa yoki yaqin do‘stni anglatgan. Shu sababli, bu yerda gap ayol kishi haqida ketayaptimi, yoki do‘st haqidami, aniq aytish qiyin. Lekin bu voqea shoir qalbini qattiq larzaga solgan. Shoir bir ruboiysida shunday yozadi:
Ne qissai on sham’i Chigil bitvon guft,
Ne holi dili so‘xtadil bitvon guft.
G‘am dar dili tangi man az on ast, ki nest
Yak do‘st, ki bo o‘ g‘ami dil bitvon guft.
Mazmuni: U Chigil sha’mi qissasini aytolmayman, kuygan dilim holini ham bayon qilolmayman. Dilimdagi g‘amlarimning sababi shuki, dil g‘amini izhor qiladigan biror do‘st yo‘q.
Chigil qabilasi Sharqiy Turkiston hududida yashagan. Bu qabila o‘zlarining go‘zalliklari bilan shuhrat topgan. Mumtoz adabiyotda “Chigil” so‘zi go‘zallikni va turklarga xoslikni bildiradi. Bu ruboiyda ham shoir o‘zining hamdardi va sirdoshi ketib qolganligidan, dilidagi dardlarini aytadigan biror do‘sti yo‘qligidan shikoyat qiladi. Boshqa bir g‘azalida ham o‘sha “Chigil sha’mi” hajrida yonganligini aytar ekan, endi aniq tarzda u “Samarqandlik turk” ekanligini aytadi.
So‘xtam dar chohi sabr az bahri on sham’i Chigil,
Shohi turkon forig‘ ast az holi mo, ku Rustame?..
Xez, to xotir bad-on turki Samarqandi dihem,
K-az nasimash: “Bo‘i jo‘e Mo‘liyon oyad hame”.
Mazmuni: O‘sha Chigil sha’mi hajrida sabr chohida qolib, kuydim. Turklar shohi holimizdan bexabardir, Rustam qayerda?(Firdavsiyning “Shohnoma”sidagi voqealar esga olinmoqda). O‘rningdan tur, samarqandlik turkni xotirlaylik, uning shabadasidan “Mo‘liyon arig‘ining ifori keladi”(Rudakiy misrasi).
Bu satrlar shoirning forsiy va turkiy adabiy merosni puxta egallaganligi, garchi kelmagan bo‘lsa ham Movarounnahr shaharlarini yaxshi bilganligidan xabar beradi.
Devondagi bir soqiynomada shoir foniy dunyoning o‘tkinchiligi haqida mushohada yuritar ekan, buyuk turk hukmdori Afrosiyob va turk lashkarboshilarning nomini yod etadi:
Hamon manzil ast in jahoni xarob,
Ki didast ayvoni Afrosiyob.
Kujo royi Pironi lashkarkashash?
Kujo Sheda – on turki xanjarkashash?
Na tanho shud ayvonu qasrash ba bod,
Ki kas daxma nizash nadorad ba yod…
Na xush guft Jamshedi bo toju ganj,
Ki: yak jav nayarzad saroi sipanj.
Mazmuni: Bu xarob jahon Afrosiyobning ayvonini ko‘rgan manzildir. Lashkarboshi Pironning o‘y-fikrlari qayda qoldi? U xanjarkash turk Sheda qayerda? Ularning ayvonu qasrlari yer bilan yakson bo‘ldi, odamlar ularning daxmalari qayerda ekanini ham bilmaydi… Toju ganjli Jamshed qanday yaxshi aytganki, bu muvaqqat saroy bir dona arpaga ham arzimaydi.
U “xanjarkash turk” deganda G‘arbiy turk xoqonligi hukmdori Sheguy xoqonni (milodiy 610-618 yillar) nazarda tutgan, chunki u Sosoniylar ustidan yirik g‘alabaga erishib, Eron hududini egallab olgan edi. Bu misol shoirning Eron va Turon tarixini ham yaxshi bilganligini ko‘rsatadi.
Mumtoz o‘zbek she’riyati namoyandalari uchun Hofiz she’riyati o‘ziga xos mahorat maktabi bo‘lgan. Sayfi Saroyi, Hofiz Xorazmiy, Sakkokiy, Atoiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Nodira, Amiriy, Munis, Ogahiy singari turli davrlarda yashagan o‘zbek shoirlari Hofiz she’riyatini o‘zlariga namuna deb bilganlar. Jumladan, Alisher Navoiy Hofiz g‘azallarini nihoyatda sevgan, ularni doimo mutolaa qilgan va shoirning badiiy mahoratiga yuksak baho bergan. “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Hofiz haqida bunday deydi: “Alar lison ul-g‘ayb va tarjumon ul-asrordirlar. Baso asrori g‘aybiya va maoniyi haqiqiyyaki, surat kisvatida va majoz libosida ado qilibdurlar”. Ya’ni, Navoiy Hofizni ilohiy sirlarning tarjimoni, ilohiy ishqni dunyoviy ishq ko‘rinishida (haqiqat ma’nilarini majoz libosida) bayon etgan shoir hisoblaydi.
“Devoni Foniy”da Hofizning 211 g‘azaliga tatabbu (nazira) yozilgan. Naziralardan biri o‘sha Samarqand va Buxoro tilga olingan mashhur g‘azalga yozilgan. Uning matla’i quyidagicha:
Gar on turki xitoyi no‘sh sozad jomi sahboro,
Naxust orad sui mo turktozu qatlu yag‘moro.
Tarjimasi:
Agar ul Chinli turk sipqorsa alvon rangli minoni,
U avval boshlagay bizdan azobu qatlu yag‘moni.
(Muallif tarjimasi)
Qashqadaryoda bo‘lganimda do‘stlarimdan biri Qarshi rayonida Sheroziy qabri borligini aytib qoldi. Albatta, bu menda katta qiziqish uyg‘otdi. Beshkent yaqinida Nukrobod degan qishloq bor. Qishloq oqsoqollarining aytishicha, bu nom ilgari Ruknobod bo‘lgan va keyinchalik o‘zgacha talaffuz qilingan. Hofiz g‘azallarda kuylangan Ruknobod arig‘i vasfi esga tushdi:
Bideh, soqi, mayi boqi, ki dar jannat naxohi yoft
Kanori obi Ruknobodu gulgashti Musalloro.
Mazmuni: Ey soqiy, boqiylik mayini keltir, Ruknobod suvi qirg‘oqlari va Musalloda gul saylini jannatda ham topolmaysan.
Qishloqdan ilgari shu nomda ariq ham o‘tgan. Bu yerda kichikroq masjid va Sheroziyning qabri ham bor. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Hofiz Movarounnahrga kelmagan va Sherozdagi o‘zi sevgan Musallo bog‘ida dafn etilgan. Keyinchalik temuriyzoda Abulqosim Bobur shoir qabrini yana-da obod qilgan. Hozirgi paytda Hofiziya nomli mazkur bog‘ va undagi shoir maqbarasi katta ziyoratgohga aylangan. Nukrobod qishlog‘idagi qabr esa shoir muxlislari tomonidan tiklangan yoki asli sherozlik boshqa bir shaxsning qabri bo‘lsa kerak. Bu qishloq nomi va qabr xalqimizning shoir ijodiga katta muhabbati belgisi deyish mumkin. Umuman, Sheroz bilan Qashqadaryo vohasi o‘rtasida qadimda bordi-keldilar ko‘p bo‘lgan. Yakkabog‘ tumanidagi Sherozi qishlog‘i ham bejiz bu nom bilan atalmagan.
Sohibqiron 1393 yili bosh ko‘targan Fors hukmdori Shoh Mansur ustiga yana qo‘shin tortadi va shiddatli janglardan keyin Sherozni egallaydi. Bir oyga yaqin shaharda turib qoladi. So‘ngra Iroq sari yurishini davom ettiradi va o‘g‘li Umarshayxni Fors viloyatida qoldiradi. Umarshayx taxt talashishlardan vayronaga aylangan joylarni obod qiladi, bir yilga yaqin hokimiyatni adolat bilan boshqaradi. Sohibqiron uni Bag‘dod sari yurishga chaqiradi. Umarshayx askarlari bilan Kurdistondagi Xarmotu qal’asi yaqinidan o‘tayotganida, nogahoniy otilgan kamon o‘qi bo‘yniga kelib tegadi va shu zahoti halok bo‘ladi. Uni vaqtincha Sheroz shahrida dafn qiladilar. Sal keyinroq jasadi xotinlari va o‘g‘li amirzoda Iskandar hamrohligida Shahrisabzga jo‘natiladi. Fors viloyatini boshqarish esa Umarshayxning katta o‘g‘li, o‘n yashar Pirmuhammadga topshiriladi. Pirmuhammad to 1410 yilgacha Fors hukmdori bo‘lgan. Umarshayx yoki Pirmuhammad Hofizning qabri tuprog‘idan o‘z Vatanlariga yuborgan bo‘lsalar ajab emas. Chunki Sohibqiron Amir Temur o‘zi zabt etgan hududlardan avliyolar va ulug‘ zotlarning xoklarini Turon tuprog‘iga olib kelganligi yaxshi ma’lum.
Hofiz Sheroziy o‘z davridayoq katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan. Uni bir qator podshohlar o‘z saroylariga chorlagan. Rivoyatlarga ko‘ra, Sohibqiron ham shoirni o‘zi vasf etgan Samarqand va Buxoroni kelib ko‘rishga taklif qilgan. Ammo, shoir keksaligi va uzoq safarni ko‘tarolmasligini aytib, uzr so‘ragan. Sherozda u Qur’on tilovat qilish va xattotlik bilan kun kechirgan. Chunki u shoirlikdan tashqari Qur’oni Karimni o‘n to‘rt usulda qiroat bilan o‘qiydigan qori va chiroyli husnixat sohibi edi. Amir Xusrav Dehlaviyning Hofiz qo‘li bilan ko‘chirilgan ikki dostoni bugungi kunda O‘zbekiston Sharqshunoslik institutining Qo‘lyozmalar markazi xazinasida saqlanmoqda.
Amir Temur bilan Hofiz Sheroziy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tarixiy muloqotga keladigan bo‘lsak, u Sohibqironning adolatpeshaligi, adabiyot va ilm ahlini qanchalar ulug‘laganini ko‘rsatuvchi yorqin bir misoldir. Shu sababli bu voqea solnomachilar e’tiboridan chetda qolmagan va tarix zarvaraqlariga muhrlangan.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 5-son
Nosir Muhammad O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. 1946 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zMU) tamomlagan. “Salom, kelajak”, “Bahor taronasi”, “Nasaf va Kesh allomalari”, “Sumalakdan tosh topdim”, “Anqoni mahram qildingiz”, “Turon davlatlari yilnomasi”, “Hut shamollari”, “Shaxmat mo‘jizasi” kabi kitoblari nashr etilgan.