Naim Karimov. Turob To‘la – tarjimon

Tarix XX asr o‘zbek adabiyoti oldiga favqulodda katta vazifalarni qo‘ydi. Shoir va yozuvchilar shu asrning aksar qismini tashkil etgan, sotsialistik realizm pechaklari hammayoqni chirmab tashlagan davrda ham, undan oldin ham, keyin ham boshqa biror asrda va biror xorijiy mamlakatda ro‘y bermagan ishlarni amalga oshirdilar: o‘z ijodiy niyatlarini ro‘yobga chiqarish bilan birga rus va jahon adabiyoti namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishga alohida e’tibor berdilar. Yangi tarixiy-madaniy davr shuni taqozo qildi. Natijada, yangi o‘zbek tarjima maktabi maydonga keldi va shu maktabning Cho‘lpon, Oybek, G‘afur G‘ulom, Mirtemir, Usmon Nosir singari darg‘alari yetishib chiqdilar. O‘zbek yozuvchilarining keyingi avlodi, jumladan, Turob To‘la ham shu so‘z ustalari etagida voyaga yetdi.

Badiiy tarjima san’atining XX asrda shiddat bilan rivojlanishi tasodifiy emas. Bir tomondan, turli adabiy sanalar, o‘nkunliklar va haftaliklarning keng nishonlanishi, ikkinchi tomondan, jahon adabiyoti yutuqlaridan bahramand bo‘lish ehtiyoji, milliy adabiyotning obraz va g‘oyalar doirasini va badiiy-uslubiy uskunalarini yangilash zarurati ijodkorlarni badiiy tarjima bilan faol shug‘ullanishga da’vat etdi. Ammo boshqa tilda yaratilgan durdonalarni o‘zbekona ohanglarda “so‘zlatish” oson emas edi. O‘sha yillarda nafaqat Turob To‘la, balki uning ayrim ustozlari ham darg‘alar yaratajak “andozalar”ga muhtoj edilar. Buni sezgan Cho‘lpon yosh do‘stlari uchun Pushkinning sharqona tarovat bilan yo‘g‘rilgan “Bulbul va gul” she’rini o‘zbek tiliga qoyilmaqom tarjima qilib, “master-klass”ning ilk namunasini berdi. Buyuk rus shoirining:

V bezmolvii sadov, vesnoy, vo mgle nochey,
Poyet nad rozoyu vostochnыy solovey.

No roza milaya ne chuvstvuyet, ne vnemlet,
I pod vlyublennыy gimn kolebletsya i dremlet.

Ne tak li tы poyesh dlya xladnoy krasotы?
Opomnis, o poet, k chemu stremishsya tы?

Ona ne slushayet, ne chuvstvuyet poeta;
Glyadish, ona tsvetet; vzыvayesh – net otveta, –

degan satrlari, kutilmaganda, o‘zbekona latif navolar bilan yangrab yubordi:

Bahor chog‘da xoli bog‘da bir zulmatli tun erdi.
G‘arib bulbul fig‘on aylab: “Gulim, rahm aylagil”, – derdi.

Biroq ul gul quloq solmas edi faryodu afg‘ona,
Faqat orom olardi noladin to‘lg‘ona-to‘lg‘ona.

Seni hech sevmagan bir gul uchun, ey shoirim, sen ham
Yonarsan, o‘rtanarsan, dod etarsan tinmayin bir dam.

Qo‘y endi, behuda dod etma, ohing unga yetmaydi,
Qaraysan, yashnagan bir gul, faqat dodingga yetmaydi.

Cho‘lpon bu tarjimasi bilan tarjimon-shoir, V.Jukovskiy aytganidek, tarjima qilinuvchi shoirning quli emas, balki raqibi bo‘lishi lozimligini ko‘rsatdi. Bu ideal tarjima namunasi edi.

Hali adabiy balog‘at yoshiga yetmagan Turob To‘laning Cho‘lpon ko‘rsatgan yo‘ldan borishi mahol edi. Qolaversa, unga taklif qilingan aksar asarlar ham lirikaning go‘zal namunalari bo‘lmagan. Shuning uchun u Shekspir va Shillerning sahna asarlariga, Pushkin va Lermontovning nafis tuyg‘ular chappor urgan she’rlariga “qo‘l urish”dan avval o‘nlab katta-kichik manzumalarni ona tiliga “o‘girib”, shoirning “quli” emas, “raqibi” bo‘lish yo‘lidagi dovonni bosib o‘tdi. U poetik mahorat cho‘qqilarini ko‘zlay boshlagan 60-yillarda Shekspirning “Qiyiq qizning quyulishi” komediyasini tarjima qilishga jur’at etdi. Bu asar sarlavhasini, Shekspir haqidagi maqolalarda yozib kelinganidek, “O‘jar qizning tiyilishi” yoki “Qaysar qizning quyulishi” deb tarjima qilish mumkin edi. Lekin u shu sarlavha ustida ham uzoq o‘ylab, “Qiyiq qizning quyulishi” degan to‘xtamga keldiki, bu sarlavhada jaydarilikdan qochish ham, qiz tabiatining mohiyatini ilg‘ash ham, “q” tovushlari qiyqirib turgan uch so‘zda esa poetik nafosat ham bor edi. Turob To‘la Shekspir asaridagi qariyb har bir fikrni, har bir obrazni, har bir so‘zni o‘zbekona badiiy vositalar bilan ifodalashga intildi.

Shekspir “qiyiq qiz” bilan uchrashishidan avval uning jazmani Petruchchoning ko‘nglida kechgan fikrlar kurashini bunday tasvirlagan:

Pridet ona – uxajivat primus;
Nachnet besitsya – stanu govorit,
Chto slaщe solovya vыvodit treli,
Naxmuritsya – skaju, chto smotrit yasno,
Kak roza, okroplennaya rosoy…

Bu satrlar Turob To‘la tarjimasida bunday o‘zbekona libos kiygan:

Ishim xushomaddan boshlayman sekin,
To‘polon boshlasa, ko‘tarsa shovqin,
Bulbuligo‘yo deb solaman quloq.
Xo‘mraysa – yuzingiz o‘xshaydi, deyman,
Shabnamda yuvilgan qip-qizil gulga…

Bundan keyingi satrlar ham she’riyatning shunday toza chashmasidan ravon otilib chiqadi:

…Bezrayib o‘tirsa – voybo‘, shunaqa
Gapga chechanlar ham bo‘lar ekan, deb,
G‘ayratda atayin maqtab qolaman.
Haydasa, mehmon bo‘l, degandek, bir oz
Yog‘dirib tashlayman “rahmat”larimni.
Rad etsa, o‘zingiz tayinlang, deyman,
Nikoh va to‘yimiz kunin – soatin…
Ana u kelmoqda, boshla, Petruchcho.

Turob To‘la Shekspirning afsonavor nomi va dahosi oldida esankirab qolmay, uning raqibi bo‘lishga urindi, buyuk asar qahramonlarining sof o‘zbek tilida so‘zlashlariga muvaffaq bo‘ldi.

“Mariya Syuart” Shekspir komediyasidan farqli o‘laroq, boshdan-oyoq tragik pafos bilan to‘la. Qahramonlarning nutqlari o‘q kabi keskin. Shiller asar ruhidan kelib chiqqan holda, ular nutqini ortiqcha tafsilotlar, mushtarak ifodalar bilan og‘irlashtirmaydi. Har bir qahramon o‘z ko‘nglidan o‘tgan va o‘zgaga aytishi zarur bo‘lgan fikrni lo‘nda ifodalaydi. Tarjimon ham qahramonlar nutqini o‘zbek tilida ifodalashda ana shu tamoyilga qat’iy rioya qiladi.

60-yillarda “Nodirabegim” (“Quvvayi qahqaha”) tragediyasi ustida ishlagan shoir Shotlandiya malikasi bilan Qo‘qon malikasining fojiali taqdiridagi mushtaraklikni ko‘rib, g‘oyat mutaassir bo‘lgan. U ikki oddiy ayolning emas, ikki malikaning, ikki yuksak tafakkur sohibasining fojiasini ham tarjimon, ham dramaturg sifatida ifodalashda Shiller asaridagi tragik pafosning roli g‘oyat muhim ekanligini sezgan. Va “Mariya Styuart”dagi tragizm “Nodirabegim”ning yaratilishida “badiiy” kalit bo‘lib xizmat qilgan.

Turob To‘la, aytish mumkinki, Shekspir va Shillerning ikki sahna asarini o‘zbek tiliga tarjima qilishda tarjimon-shoirlik salohiyatini to‘la namoyish etdi.

Qolaversa, u jahon shoirlari ijodidan ham qator tarjimalarni amalga oshirdi. Quyida shoir va mohir tarjimon Turob To‘laning ayni tarjimalaridan namunalar e’tiboringizga havola etiladi.

 Naim Karimov,

filologiya fanlari doktori, professor

“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 1-son