Odamzod qayerda, yer kurrasining qaysi bir go‘shasida yashagan bo‘lmasin, yangi hayot manzillarini kashf etish, daryolar, dengizlar, hatto ummonlarning narigi sohilidagi hayot bilan oshno bo‘lishga, o‘sha yerdagi hayot manbalaridan bahramand bo‘lishga intilgan. U shu maqsadda suzishni o‘rgangan, qayiqlar yasagan, ko‘priklar qurgan. Insoniyat taraqqiyotning muayyan bosqichiga ko‘tarilganidan so‘ng boshqa mamlakatlar va qit’alarda yashagan xalqlar badiiy madaniyatidan, nafis adabiyot olamida erishgan yutuqlaridan bahramand bo‘lishga katta ehtiyoj sezgan. Odamzodning ana shu ehtiyoj taqozosi bilan adabiyotlar aro qurgan “ko‘prigi” hozir kunda “badiiy tarjima” deb ataladi.
Jahondagi qaysi bir rivojlangan mamlakatning adabiy hayotiga nazar tashlamaylik, boshqa xalqlar adabiyotining mumtoz namunalari tarjima qilinganini ko‘ramiz. O‘zbekiston ham bu masalada istisno emas.
Jahon ikki ulkan qismdan – G‘arb va Sharqdan iborat. O‘zbekiston jahonning arab, fors, hind va turkiy tillar ustuvorlik qilgan sharqiy qismida joylashgan. VII asrdan boshlab O‘rta Osiyoda, jumladan, hozirgi O‘zbekiston hududlarida arab tili, ma’lum sabablarga ko‘ra, ikkinchi ona tili maqomida faoliyat ko‘rsatgan. O‘zbek olimlari ilmiy asarlarini arab tilida yoza boshlaganlar. Shu davrdan e’tiboran arab tilidagi asarlar forsiy va turkiy tillarga tarjima qilina boshlagan. Ayni paytda arab olamida ham forsiy va turkiy tillaridagi asarlarga qiziqish uyg‘ongan.
Shu narsa hayratlanarliki, Sharqda arab tili hukmronlik qilayotgan bir davrda, 1340 yilda, turkiy (o‘zbek) tiliga ilk bor tarjima qilingan asar arab muallifining emas, balki forsiyzabon Nizomiy Ganjaviyning “Xusrav va Shirin” dostonidir. Tarix Qutb Xorazmiy tashabbusidan ilhomlanib, 1390 yilda forsiyzabon Sa’diyning “Guliston” asarini turkiyga o‘girgan Sayfi Saroyiga xorazmlik ustozi bilan birga mumtoz o‘zbek tarjima maktabining asoschilari bo‘lish sharafini berdi. Shu davrdan boshlab hozirgi O‘zbekistonda badiiy tarjima o‘zbek madaniyatining tarkibiy qismi sifatida yashab, davrdan-davrga kamol topib keldi.
“…XIV asrdan boshlaboq, – deb yozgan edi akademik Vohid Zohidov, – so‘z san’ati ustalari tomonidan qator boshqa xalqlar adabiyotining anchagina namunalarini, dunyo adabiyotining shoh namunalaridan hisoblanganlarini mehr va matonat bilan, keng ijodiy yo‘sinda o‘zbek tiliga tarjima qilib keldilar, o‘zbek xalqi orasiga yoydilar, ularga ko‘ra o‘zbek kitobxonlari o‘z tillarida ulkan va nodir asarlar hisoblangan “Xusrav va Shirin” (Nizomiy Ganjaviy), “Guliston” (Sa’diy), “Shohnoma” (Firdavsiy), “Kalila va Dimna”, shuningdek, A.S.Pushkin, L.N.Tolstoy, I.A.Krilovning ba’zi asarlarini o‘qishga muyassar bo‘ldilar”[1].
Bizning maqsadimiz O‘zbekistonda yangi tarjima maktabining shakllanish yo‘li haqida muxtasar tasavvur berish bo‘lgani uchun endi ustoz Vohid Zohidov bilan birga rus mumtoz adabiyoti asarlarining tarjima qilinish tarixiga o‘tsak.
V.V.Bartoldning “Turkistonning madaniy hayoti tarixi” (1927) kitobidan ayon bo‘lishicha, XIX asrning so‘nggi yillarida Toshkentning Eski shaharidagi mahalliy aholini “ruslarning aqliy hayoti bilan tanishtirish” uchun “xalq kitobxonliklari” kechasi o‘tkazilgan. 1901 yil 18 martda Samarqanddagi Sherdor madrasasida 4-5 ming kishi ishtirokida o‘tkazilgan “xalq kitobxonligi”da Mulla Mahmud L.N.Tolstoyning “Odamlar nima bilan tirik?” hikoyasini N.P.Ostroumov tarjimasida o‘qib eshitirgan. “Okraina” gazetasining 1894 yil sonlaridagi xabarga qaraganda, Samarqandda Pushkinning “Baliqchi va baliq haqida ertak” asari o‘qilganida, 200 kishi hozir bo‘lgan. 1898 yili rus olimlari tashabbusi bilan tashkil etilgan “xalq kitobxonliklari”ning qachongacha davom etgani va qanday samara bergani ma’lum emas. Lekin shu narsa ayonki, bu “kitobxonliklar” tashkil etilishidan avval – 1870 yildan boshlab Toshkentda “Turkiston viloyatining gazeti” nashr etila boshlagan. 1875 yili rus shoiri I.A.Krilov masallari gazetada birinchi marta o‘zbek tilida chop etilgan. 1899 yili Pushkin tavalludining 100 yilligi munosabati bilan shu gazetada “Baliqchi va baliq haqida ertak”dan tashqari, “Shoir” va “Shoirga” she’rlari, shuningdek, “Boqchasaroy fontani” dostonidan olingan parcha o‘zbek gazetxonlari e’tiboriga havola etilgan. Mahalliy aholiga tushunarli bo‘lishi uchun Pushkin ertagi ham she’riy, ham nasriy tarjimada bosilgan. Shu yillarda rus shoirlari asarlarini tarjima qilishga, Ostroumovdan tashqari, gazetaning Sattorxon, Mulla Abdulla singari mahalliy tarjimonlar ham o‘z hissalarini qo‘shishgan.
XIX asr oxiri – XX asr avvalida rus-tuzem, shuningdek, jadid maktablari uchun Saidrasul Aziziy, Asqar ibn Bayramali Kalinin, Abdulla Avloniy darslik va majmualarining yaratilishi she’riy va nasriy tarjimaning izchil tus olishi va rivojlanishida muhim omil bo‘ldi. 1917 yildan keyin esa rus adabiyoti namunalarining o‘zbek tiliga tarjima qilinishiga katta e’tibor berildi va shu davrda badiiy tarjima sohasiga qator iste’dodli jurnalist, shoir va yozuvchilar kirib keldilar. 1922 yildan boshlab M.Yu.Lermontov, N.V.Gogol, I.S.Turgenev, L.N.Tolstoy, A.P.Chexov, M.Gorkiy, A.Blok asarlari tarjima qilina boshladi. 1917 yildan avval Saidahmad Siddiqiy tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan, ammo chor oxrankasi chiyrig‘idan o‘tolmagan Gogolning “Shinel” qissasi, nihoyat, 1926 yilda kitobxonlar qo‘liga borib tegdi.
Agar shoir va yozuvchilar shunday g‘ayrat bilan tarjima qilishda davom etsalar, yaqin orada Shekspirdek jahon adabiyoti bayroqdorlari asarlarining ham o‘zbek xonadonlariga kirib kelishi hech gap emas edi. Afsuski, xuddi shu hol adabiyot va san’at atrofida o‘ralashib yurgan ayrim johil kimsalarni cho‘chitib yubordi. “S” imzoli tanqidchi “Turkiston” gazetasida bosilgan “O‘zbek teatri” degan maqolasida Shekspir singari buyuk jahon yozuvchilari asarlarining o‘zbek tiliga tarjima qilinishiga keskin qarshi chiqdi. “Xalqimiz hozirgi davrda, – deb yozdi u, – san’atni, ayniqsa, Yevropa san’atini xohlamaydir. Bizning teatrimiz qimor va bachcha o‘yinlari, safsata va bachcha majlislari, choyxona manzaralari va chapani polvonlardan chiqqan voqealardan iborat bo‘lmog‘i lozimdirki, buni xalqimizga ta’sirini Shekspir va Shillerning qo‘yilishida ko‘rsatiladigan san’atkorlikdan topolmaymiz… Bizning turmush va ruhimiz nuqtai nazaridan biror qiymatga ega bo‘lmagan Shekspir, Gogol, Kamollarni hozirgi teatrimiz doirasidan chiqarib turmoq kerakdirki (ta’kid bizniki – N.K.), biz ularni eplay bilmasmiz va ular bizga biror ta’sir qila olmaslar”[2].
Afsuski, nafaqat XIX asr oxiri – XX asr boshlarida, balki XX asrning 20-yillarida ham qimorboz va bachchabozlar hayotidan olingan asarlarni xush ko‘radigan, olis davrlarning is bosgan kavagida yashayotgan shunday badfe’l kimsalar bo‘lgan. Ammo bizning baxtimizga, xalqimiz va adabiyotimiz baxtiga, Shekspir va Shiller singari jahon adabiyotining buyuk namoyandalarining asarlarini yuksak badiiy saviyada tarjima qilishga chog‘langan ijodkorlar oz bo‘lmagan. Ular tufayli 20 – 30-yillardayoq Pushkin, Lermontov, Gogol, Tolstoy, Chexov singari buyuk rus; Servantes, Shekspir, Shiller, Mopassan, O`Genri, Tven, Tagor, Rollan singari mashhur jahon yozuvchilarining ham asarlari o‘zbek tiliga tarjima etila boshlagan.
Shunday murakkab tug‘ilish va shakllanish yo‘lini bosib o‘tgan o‘zbek tarjimachiligi 1935 yilda “Hamlet” tragediyasini buyuk mahorat bilan tarjima qilgan Cho‘lpon tufayli muhtasham badiiy maktab maqomini olishga muvaffaq bo‘ldi. Shekspir “Hamlet”ining o‘zbek sahnasida ilk bor sahnalashtirilishi madaniy hayotimizda qanday katta madaniy voqea bo‘lgan bo‘lsa, Cho‘lponning oltin qalamidan chiqqan “Hamlet” tarjimasi ham o‘zbek tarjima adabiyoti tarixida shunday ulug‘ va unutilmas adabiy voqeadir.
Agar asr boshlaridagi jadid adabiyoti asarlari u yoqda tursin, hatto 20-yillar o‘rtalarida yaratilgan o‘zbek adabiyoti asarlarining tili bilan qiyos qilsangiz ham, “Hamlet”ni tarjima qilish jarayonida Cho‘lponning A.Qodiriy bilan birgalikda yangi o‘zbek adabiy tiliga poydevor qo‘yganiga ishonch hosil qilasiz. Holbuki, Cho‘lpon va Qodiriygacha bo‘lgan o‘zbek adabiy tili XVI asrning ikkinchi yarmi – XVII asr boshlarida yashagan Shekspir va boshqa G‘arb mumtoz shoir va yozuvchilari asarlarini tarjima qilishga tayyor emas edi. Shekspir tilida shunday g‘aroyib xalq maqollari va mutoyibalari, muallifning o‘zi to‘qigan hikmatli so‘z va iboralar, tarixiy shaxs, joy, libos, taom nomlari bisyor ediki, ularni o‘zbek tilida ifodalash va XX asrning 30-yillaridagi o‘zbek kitobxonlariga yetkazish uchun Cho‘lpon arab, fors va turkiy tillar olamida yashagan o‘zbek tili xazinasini “titkilab”, eskirgan yoki begona hisoblangan so‘z va ifodalarga yangi hayot bag‘ishladi, o‘z badiiy tafakkurining lisoniy imkoniyatlarini ishga solib, yangi so‘zlar va ifodalarini ijod qildi, ularni yangi o‘zbek tili taronalarida yangratib yubordi.
Aslida, buyuk asarlarni tarjima qilishning muhim va ahamiyatli tomonlaridan biri ham xuddi shudir.
1937 yil – sovet mamlakatida nafaqat “Katta qirg‘in” boshlanib, minglab davlat, fan va madaniyat arboblari qamoqqa olingan, balki Pushkin otilgan kunning 100 yilligi nishonlangan sana ham. Shu so‘nggi voqea munosabati bilan 1936 yilda O‘zbekiston hukumatining qaroriga muvofiq Pushkin asarlarini tarjima etishga kirishildi. Shayxzoda va Mirtemir Pushkin lirikasini, Hamid Olimjon “Kavkaz asiri”ni, Abdulla Qahhor “Kapitan qizi”ni, Temur Fattoh “Lo‘lilar”ni, Usmon Nosir “Boqchasaroy fontani”ni, Oybek esa “Evgeniy Onegin” she’riy romanini o‘zbek tiliga tarjima qildilar. (Bundan avval Cho‘lpon “Dubrovskiy” qissasi va “Boris Godunov” tragediyasini o‘zbek tiliga o‘girib, kitobxonlarga hadya qilgan edi.) Cho‘lponning “Hamlet” ustida olib borgan ijodiy tajribasini o‘rgangan Oybek va Usmon Nosir Pushkin asarlarini shunday ilhom bilan tarjima qildilarki, bu tarjimalar o‘sha davrning madaniy hayotida ulkan voqea bo‘ldi.
Oybek oldida turgan vazifaning mashaqqatli tomoni shunda ediki, frantsuzcha joy, kishi, asar, taom nomlari bilan to‘lib-toshgan, ayniqsa, shu asar uchun Pushkin tomonidan maxsus ishlab chiqilgan 9 yamb (9 hijo)li, abab, aabb, abba, aa tartibidagi qofiya tizimiga asoslangan 14 satrli “Onegin bandi” bilan yozilgan she’riy romanning barcha badiiy xususiyatlarini saqlab qolish amrimahol edi.
“Shuni aytish kerakki, – degan edi Oybek “Evgeniy Onegin” tarjimasi muhokama qilingan ilmiy anjumanda, – biz garchand Pushkin asarlarining tarjimonlari bo‘lsak-da, tarjima borasida bizda katta tajriba yo‘q edi. Vaholanki, Pushkinga qadar biz ko‘pgina shoir va adiblarning asarlarini tarjima etib, ma’lum ijodiy tajriba orttirgach, Pushkin asarlariga yondashishimiz kerak edi. Biz, aksincha, Pushkin asarlarini tarjima qilish orqasida tajriba orttirmoqdamiz (ta’kid bizniki – N.K.).
Bevosita tarjima masalalariga kelsak, erkin tarjima qilish kerakmi yoki aynan tarjima yo‘lidan borish ma’qulmi, degan savol tug‘iladi. Shubhasiz, badiiy asar tarjimasida eng to‘g‘ri yo‘l – erkin tarjima yo‘lidir. Lekin erkin tarjima metodini ham har qanday asar va har qanday shoirga nisbatan qo‘llash mumkin emas… Lekin “Evgeniy Onegin”dek o‘zida butun bir davrni ifodalagan 5 ming yo‘llik romanni erkin tarjima qilish qiyin. U kichik she’r emaski, tarjimon uning ichki xususiyatlarini anglab, uni yangidan, o‘zicha she’r tarzida bera bilsa…
…asardagi har bir detal ma’lum bir ma’noga egadir. Har bir detal, har bir chiziq davrning keng va har tomonlama obrazini yaratishga xizmat qiladi. Shuning uchun ham bironta chiziqni, bironta detalni tushirib qoldirish yoki ularni boshqacha berish tarjimada o‘sha davr obrazini haqqoniy ifodalashga putur yetkazadi. Masalan, romandagi “fagot, fleyta” so‘zlarini “karnay” deb tarjima qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Romanning bir epizodida esa Lenskiy klavikordda o‘ynaydi. Bu so‘zni ham tarjimada boshqa bir tushuncha bilan almashtirish maholdir. Roman qahramonlari ballarda mazurka, vals kabi raqslarga o‘yin tushadilar. Bu raqs kuylarini segoh, chorgoh singari o‘zbek milliy kuylari bilan almashtirish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Shuning uchun ham bu o‘rinda, menimcha erkin tarjima yo‘lidan bormay, mumkin qadar original ruhini saqlab qolishga intilib, adekvat tarjima qilish kerak bo‘ladi. Bunday tarjima metodi Pushkin romanining ruhi va ma’nosini buzmaslik imkonini beradi”[3].
Pushkin asarini tarjima qilishning boshqa murakkab tomonlari ham oz bo‘lmagan. Shulardan biri romanda frantsuzcha so‘zlarning, frantsuzcha kishi, asar, taom nomlaridir. “Evgeniy Onegin”da shunday joylar ham borki, – deb davom etgan Oybek, – ularda frantsuzcha so‘zlar frantsuz tilining imlo qoidalari asosida yozilgan. Bunday so‘zlar yozilishiga nisbatan boshqacha o‘qiladi. Bunday so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz etish, umuman, asarni to‘g‘ri tushunish uchun kitobxon ma’lum darajada tayyorlangan bo‘lishi kerak. Kitobxon asarda tasvirlangan davrdan tashqari, Yevropa madaniyati bilan ham tanishgan bo‘lishi lozim. Masalan, Lenskiyning tabiatini tushunish uchun Kantning kimligini yoxud Oneginning nima uchun Adam Smitni o‘qishini bilish kerak bo‘ladi. Pushkin asardagi bir-ikki chiziqlar orqali ularning, shuningdek, boshqa yozuvchi va olimlar ijodining mohiyatini ochib beradi”[4].
Tarjimon oldida turgan shunday jumboqlar Oybekka “Evgeniy Onegin”ni erkin tarjima etish imkonini bermagan. Ayniqsa, “Onegin bandi”ning shakliy belgi va talablariga tarjima davomida to‘la rioya qilish va ayni paytda Pushkin she’rining badiiy jozibasini saqlab qolish masalasi Oybek oldiga hisobsiz to‘siqlarni qo‘ydi. U shu vaqtga qadar poetik asarlar tarjimasida katta tajriba ortirmaganiga qaramay, Pushkin asarini yuksak saviyada tarjima qilishga erishdi. “Evgeniy Onegin”, “Boqchasaroy fontani” hamda “Demon”ning Oybek va Usmon Nosir qalamiga mansub tarjimalari zamonaviy o‘zbek tarjima maktabining 30-yillarda erishgan eng katta yutuqlaridan biri bo‘ldi.
Pushkin romanini tarjima qilish, shubhasiz, o‘zbek she’riyatining, shu jumladan, Oybek she’riyatining yangi ijodiy bosqichga ko‘tarilishida muhim omil bo‘ldi. Uning tarjimadan horigan kezlarida jannatmonand Chimyon bo‘ylab kezinib, tabiatdan olgan taassurotlari bilan to‘yingan lirik she’rlari bu fikrning dalilidir. Biz Oybekning Chimyon turkumiga kirgan she’riy durdonalarini o‘qiganimizda, uning: “Pushkin ijodiyotining ko‘rkam, go‘zal daraxti butun ildizlari bilan ona-Vatan zaminidadir”[5], – degan so‘zlari yodimizga keladi.
Oybek Pushkin asarini tarjima qilish jarayonida ko‘p narsani o‘rgandi. Hattoki, 1946 yil oktyabrida “Qizlar” dostonini yozishga kirishganida, o‘zi ham abab, abab, aa tartibida qofiyalangan 10 satrlik yangi band tizimini yaratdi. Afsuski, Oybek bu band tizimi poetik tafakkurning erkin va ravon oqimiga xalal berishi mumkinligini sezgach, undan voz kechdi.
Cho‘lpon va Oybekning tarjima maktabida shakllangan Mirtemir butun hayoti davomida qozoq, qirg‘iz, turkman va ozarbayjon adabiyotlari namunalaridan tashqari, rus va jahon shoirlarining asarlarini ham o‘zbek tiliga qoyilmaqom qilib tarjima qildi. Lekin Mirtemirning 50-yillarda N.Nekrasov ijodiga murojaat etib, “Rusiyada kim yaxshi yashaydi” dostonini tarjima qilishi o‘zbek tarjima maktabi uchun favqulodda katta voqea bo‘ldi. Ayniqsa, juldur rus qishloqlarining nomlariyu, mujiklar og‘zidan chiqqan xalqona so‘z va iboralarning o‘zbekona nusxalarini topgani tarjimani asliyat turgan yuksak pog‘onaga ko‘tarib yubordi.
O‘tgan asrning 40 – 50-yillaridagi urush, tiklanish, yangi mafkuraviy siquvlar va shaxsga sig‘inish oqibatlarining fosh etilishi kabi siyosiy kampaniyalardan so‘ng, 60-yillarda sovet mamlakatida erkinlik shabadasi esa boshladi. Davrning shu hayotbaxsh to‘lqinida o‘zbek adabiyotiga ikki o‘ta iste’dodli shoir – Erkin Vohidov bilan Abdulla Oripov dalil kirib keldi. Tarix ulardan birining zimmasiga buyuk Gyotening “Faust”, ikkinchisining yelkasiga esa buyuk Dante “Ilohiy komediya” asarining “Do‘zax” qismini tarjima qilish mas’uliyatini yuklagan edi. Ular jahon adabiyotining shu ikki durdonasini katta ilhom, mahorat va sabr bilan tarjima qildilar. Bu tarjimalarning maydonga kelishi o‘zbek tarjima maktabi va o‘zbek she’riyatining yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilishiga turtki berdi.
“Evgeniy Onegin”ning “Onegin bandi” bilan yozilganligi Oybek oldida qanday qiyinchilikni tug‘dirgan bo‘lsa, “Do‘zax”ning tertset bilan yozilganligi ham A.Oripovga yayrab tarjima qilish imkonini bermagan ko‘rinadi. Shu sababli u “Ilohiy komediya”ning qolgan qismini tarjima qilishga jur’at etmadi. Lekin u umrining so‘nggi yillarida Dantening uch satrlik band tizimidan istifoda etgan holda bir necha go‘zal va purhikmat she’rlarni yaratdi. Bu, Dante bilan g‘oyibona muloqot A.Oripovning ruhiy olamida chuqur iz qoldirganidan darak berdi. Gyote asarini tarjima qilish tarjimondan qanchalik katta energiyani talab qilganiga qaramay, E.Vohidov “Faust” tarjimasini muvaffaqiyat bilan tugatdi. U shu jarayonda turli-tuman sirlar, jumboqlar bilan to‘la “Faust”ning mag‘zini chaqib, ulug‘ nemisning ijodiy laboratoriyasiga dadil kira oldi.
Bu ikki genial asarning o‘zbek tiliga tarjima qilinishi har ikki shoir uchun katta maktab bo‘ldi.
Mustaqillik yillarida “Jahon adabiyoti” jurnalining maydonga kelishi adabiy-madaniy hayotning taqozosi bilangina emas, balki ustoz tarjimonlar ijodiy ishlarini yangi tarixiy sharoitda davom ettirib, xalqimizning madaniy va ma’naviy olamini yanada boyitish talabi bilan ham ro‘y berdi. Jurnal o‘tgan davr ichida o‘zbek tarjima maktabi xazinasini boyitgan o‘nlab romanlar, qissalar, dostonlar va dramalarni e’lon qildi; yangi tarjimonlar avlodining yetishib chiqishida bosh-qosh bo‘ldi. Ularning ijodiy mehnatlari tufayli hanuzga qadar o‘zbek kitobxonlariga tanish bo‘lmagan to‘rt qit’a ijodkorlarining asarlari Navoiy va Qodiriy tilida so‘zlab yubordi.
Biz yuqorida akademik Vohid Zohidovning o‘zbek tarjima maktabi haqidagi fikrini: “…shuningdek, A.S.Pushkin, L.N.Tolstoy, I.A.Krilov-ning ba’zi asarlarini o‘qishga muyassar bo‘ldilar”, degan so‘zlari bilan tugatgan edik. Olim shu so‘zlardan keyin davom etib, yozgan: “Bu bilan so‘z san’atkorlari – tarjimonlar o‘zbek xalqining boshqa xalqlarga hamda shu xalqlarning madaniyatiga, tiliga bo‘lgan muhabbatlarini, hurmatlarini ifodalagan edilar; o‘zbek xalqi bilan boshqa xalqlar orasidagi do‘stlik, hamkorlikni mustahkamlashda ishtirok etgan edilar va, nihoyat, o‘zbek ma’rifati, o‘zbek adabiy tilini boyitishda muhim xizmat qilgan edilar”
Akademik olimimizning bu so‘zlariga qo‘shilgan holda yana shuni aytish kerakki, badiiy tarjima maktabi shakllanmagan milliy adabiyotning kelajagi bo‘lmaydi. Har bir milliy adabiyotning rivojlanganlik darajasi milliy adabiy an’analarining barqarorligi va o‘ziga xosligi bilangina emas, balki shu an’analarning boshqa milliy adabiyotlar bilan ijodiy aloqada boyib, shu adabiyotlardagi eng yaxshi adabiy-badiiy tamoyillardan, ijodiy yutuqlardan bahramand bo‘lib borganligi bilan ham belgilanadi.
Yaqinda – tashkil topganining 20 yilligi nishonlangan “Jahon adabiyoti” jurnali va jurnal atrofida uyushgan hozirgi o‘zbek tarjima maktabi vakillari ana shu yo‘nalishda samarali faoliyat olib bormoqda.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 10-son
[1] Qarang: “O‘zbek adabiyoti”. To‘rt jildlik. 1-jild. – T.: O‘zdavnashr, 1954. – B. 9.
[2] O‘zbek teatri, – “Turkiston”, 1922 yil 22 sentyabr.
[3] Oybek. Mukammal asarlar to‘plami. 20 jildlik. XVIII jild. – T.: “Fan”, 1981. – B. 13.
[4] O‘sha asar. – B. 17.
[5] Oybek. Mukammal asarlar to‘plami, 20 jildlik. XVI jild. – T.: “Fan”, 1979. – B. 262.