Naim Karimov. Hamid Olimjon – mohir tarjimon

XX asrning 20–30-yillarida yangi o‘zbek milliy tarjima maktabining shakllanishi va kamol topishida Hamid Olimjonning salmoqli o‘rni bor. U ijod bulog‘i qaynab jo‘sh urgan 30-yillarning o‘rtalarida adabiy bilimi va lug‘at fondini tinimsiz boyitgani va she’riyat “sir”larini mukammal egallaganidan so‘ng mumtoz jahon shoirlarining asarlarini tarjima qilishga kirishdi va badiiy tarjima sohasida ham katta yutuqlarga erishdi. U shu ijodiy jarayonda, Pushkinning ustozi V.A.Jukovskiy aytganidek, asarlari tarjima qilinayotgan shoirlarning “qul”i emas, balki munosib “raqib”i bo‘lishga intildi.

Odatda, adabiyotshunoslar biror shoir yoki yozuvchi adabiy merosini o‘rganganlarida ular ijodini turli tadrijiy davrlarga ajratishni xush ko‘radilar. Bu, ko‘pincha, shoir yoki yozuvchi ijodiy yo‘lining bir-biriga o‘xshab-o‘xshamagan bosqichlarini ilg‘ash va kuzatish imkonini beradi.

Agar Hamid Olimjon ijodining ilk davriga nazar tashlasak, shu davrdagi adabiy maydonda – Rossiyada M.Svetlov, A.Bezimenskiy singari “komsomol shoirlar”ning, Turkiya va Ozarboyjonda Nozim Hikmat singari isyonkor shoirlarning javlon urganlarini ko‘ramiz. Davr Hamid Olimjon singari yosh ijodkorlarni shu shoirlar izidan borishga, ular ijodidagi g‘oya va obrazlardan andoza olishga da’vat etdi. Hamid Olimjon, Mirtemir va Shokir Sulaymonni shu davrda “rus shoirlari”ga qaraganda Nozim Hikmatning Qora dengiz to‘lqinlaridan ham dolg‘ali she’rlari to‘lqinlantirib yubordi. Hamid Olimjon va Mirtemir Nozim Hikmatning 1929 yili Bokuda chop etilgan “Quyosh ichganlar qo‘shig‘i” she’rlar to‘plamini o‘qib, to‘plamdan joy olgan mansuralardan sarxush bo‘lib, ularni o‘zbek tiliga o‘girdilar. Ammo nima uchundir nashriyotga topshirilgan bu to‘plam dunyo yuzini ko‘rmay qoldi. Taxmin qilish mumkinki, shu davrda katta mavqega ega bo‘lgan kuchlar Hamid Olimjonning nigohini Rossiyadagi she’riyat kechalarini gullatayotgan “komsomol shoirlar”ga qaratib, unga shu shoirlarning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishni maslahat bergan.

Hamid Olimjon 1930 yilda M.Svetlovning mashhur “Grenada”, 1931 yilda A.Bezimenskiyning “Shoirning raporti”, “Shu kunning ilhomi” she’rlarini, P.Shiryayevning “Kurashchilar” hikoyasini, shuningdek, M.Gorkiyning “Chelkash” hikoyasi, “Zavod-fabrikalar tarixi” maqolasi va M.Lermontovning “Bela” qissasini tarjima qildi. Shu narsa g‘aroyibki, tarjimon shoir garchand bu asarlarning ruhi va g‘oyaviy mazmunini tarjimada to‘la ifodalashga muvaffaq bo‘lgan esa-da, “Bela” va “Chelkash” o‘lmas asarlar jumlasidan bo‘lganligi tufayli, ularni o‘zbek tiliga shunday zavq-shavq va ilhom bilan tarjima qilganki, bu tarjimalarni hozir ham huzur qilib o‘qiysiz. Shoir sifatida 30-yillarning o‘rtalarida kamolotga erishgan Hamid Olimjonning 30-yillar tongidayoq rus adabiyotining bu ikki mashhur asarini o‘zbek tilida katta mahorat bilan jaranglatib yuborganidan hayratga tushasiz. 1936 yilda Pushkinning “Kavkaz asiri” dostoni va “Suv qizi” (“Rusalka”) dramasini tarjima qilishda bir oz qiynalganligi sezilgan Hamid Olimjon 1931 yilda, ayniqsa, “Bela”ning tarjimasini maromiga yetkazgan.

1937 yilda A.S.Pushkin vafotiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan barcha ittifoqdosh respublikalarda, jumladan, O‘zbekistonda shoir asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish masalasiga katta e’tibor berildi. Shu yillarda ko‘zga ko‘ringan shoir va yozuvchilar bu qutlug‘ ishga jon-jon deb kirishdilar. Pushkinning “Kavkaz asiri” va “Suv qizi” asarlarini tarjima qilish, aytib o‘tilganidek, Hamid Olimjonning zimmasiga tushdi. U rus she’riyatining bu durdonalari tarjimasiga katta mas’uliyat bilan yondashdi. Hozir ham bu ikki asar tarjimasini o‘qir ekansiz, ularda tarjimon mahorati porlab turgan sahifalar oz emasligiga guvoh bo‘lasiz. Lekin shu ikki asar tarjimasini Pushkinning ikki lirik durdonasi tarjimasi bilan qiyoslaganda, liro-epik asarlar tarjimasi bizga xiyla og‘irroqdek bo‘lib ko‘rinadi.

Shu narsa ajoyibki, Hamid Olimjon Pushkinning “Sizni sevgan edim…” va “Tikilaman ko‘rganda darhol…” satrlari bilan boshlangan ikki she’rini o‘z dilining amri bilan, o‘zi uchun yayrab-erkalanib o‘girgan. Ular Pushkinning ko‘p jildli “Asarlar”iga kiritilmagan. Lekin bu she’rlar tarjimasi shunday ilohiy ilhom bilan o‘zbek navolariga soz­langanki, Pushkin ularni o‘zbek tilida yozgandek tuyiladi. Bu tarjimaga, tarjimon Hamid Olimjonga berilishi mumkin bo‘lgan eng yuksak bahodir.

Agar shu ikki tarjimani “Kavkaz asiri” va “Suv qizi” asarlari tarjimasi bilan qiyoslasak, birinchi tarjimadagi bizni maftun etgan sabuhiy tarovat va tuyg‘ular zarofati ikkinchi tarjimada sezilmaydi. Shu sababli qalbimiz doston va drama tarjimalariga uzoq vaqtgacha o‘z eshiklarini ochmay turadi.

Pushkin bor-yo‘g‘i o‘ttiz sakkiz yil umr ko‘rganiga qaramay, poetik mahorat sirlarini shu qadar mukammal egalladiki, kitobxon liro-epik asarlari va dramalarida shekspirona ko‘lam, chuqur fikr va mushohadalarning somon yo‘li yulduzlaridek jilvalanib turganini ko‘rib hayratga tushadi. U yuksak fikr va mushohadalarni siqiq va lo‘nda satrlarga shunday ustalik bilan joylashtirdiki, ularni tarjimada ifodalash uchun Pushkin bino etgan she’riy maydon tarjimonga torlik qilib qoladi. Tarjimon yo shu maydon doirasida harakat qilib, fikr olmoslarini yo‘nishi, yoki fikrning barcha olmos qirralarini nurlantirish uchun harakat maydonini kengaytirishi darkor bo‘ladi. Hamid Olimjon ba’zan shunday hollarga duch kelganida, nazarimizda, xiyla dov­dirab qolgandek taassurot uyg‘otadi. Ammo u shu zahotiyoq paydo bo‘lgan jumboqni yechishning eng jo‘yali yo‘lini topadi.

Pushkin garchand “Kavkaz asiri”ning janrini “qissa” deb belgilagan bo‘lsa-da, aksar pushkinshunoslar uni rus shoirining boshqa dostonlari qatorida, doston sifatida tahlil qilib keladilar. Bizning nazarimizda ham, bu asar “qissa”dan ko‘ra “doston” janriga yaqinroq.

Pushkin dostonni N.N.Rayevskiyga atalgan quyidagi “Bag‘ishlov” satr­lari bilan boshlagan:

Primi s ulыbkoyu, moy drug,
Svobodnoy muzы prinoshene:
Tebe ya posvyatil izgnannoy lirы pene
I vdoxnovennыy svoy dosug.
Kogda ya pogibal, bezvinnыy, bezotradnыy,
I shepot klevetы vnimal so vsex storon.
Kogda kinjal izmenы xladnыy,
Kogda lyubvi tyajelыy son
Menya terzali i mertvili,
Ya bliz tebya yeщe spokoystvo naxodil;
Ya serdtsem otdыxal – drug druga mы lyubili
I buri nado mnoy svirepost utomili,
Ya v mirnoy pristani bogov blagoslovil.

Hamid Olimjon 9 va 13 hijoli bu lavhani 13 hijoli barmoq vaznida bunday tarjima qilgan:

Aziz do‘stim, tabassum-la qabul etgil sen
Bu erkinlik muzasining hadiyasini:
Bag‘ishladim senga quvg‘in sozning sasini
Va ilhomda shirin o‘tgan damlarimni men.
Men begunoh, qayg‘u ichra bo‘larkan halok,
Chor atrofda kezar ekan g‘iybat va bo‘hton
Va xiyonat xanjarlari yuragimni chok,
Muhabbatning og‘ir tushi meni beomon
Halokatga sudrab qiynar, olar ekan jon,
Men yoningda orom topib bo‘lardim bedod;
Biz do‘st edik – topar edi qalbim tasallo:
Uzoqlashar edi shunda boshdagi balo,
Etdim najot sohilida tangrilarni yod.

Hamid Olimjon tarjimada “Bag‘ishlov”ning vazn xususiyatlariga qat’iy rioya qilishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ymagan. Bizningcha, buning ikkita sababi bor. Birinchi sabab shuki, o‘zbek she’riyatida she’r yoki dostonga tanlab olingan vazn o‘lchovi “Bag‘ishlov”dagidek erkin bo‘lishi qusur hisoblangan. O‘zbek shoirlari, odatda, his-hayajonlarining tebranib-o‘zgarib turishini vaznni “buzish” yo‘li bilan emas, balki poetik obrazlar, rang va ohanglar vositasida ifodalab kelishgan. Ikkinchi sabab shuki, Pushkinning 9 hijoli satrida mujassamlangan badiiy mazmunni har doim ham 9 hijoli barmoq vaznida ifodalash qiyin. Shu sababli tarjimon har ikki holat uchun 13 hijoli vaznni tanlab to‘g‘ri yo‘l tutgan.

“Bag‘ishlov”ning rus tilidagi matnini o‘qigan kitobxon Pushkin uchun nihoyatda muhim bo‘lgan “svobodnoy muzы prinoshene”, “izgnannoy lirы pene”, “vdoxnovennыy svoy dosug”, “kinjal izmenы xladnoy” singari iboralarning o‘zbek tiliga qanday tarjima qilinganligi bilan qiziqishi tabiiy. Hamid Olimjon bu iboralarni “erkinlik muzasining hadiyasi”, “quvg‘in sozning sasi”, “ilhomda shirin o‘tgan damlarim”, “xiyonat xanjarlari” deb tarjima qilgan. Agar bu iboralarning dastlabki ikkisi “hadiyasini – sasini” tarzida qofiyalanib kelganligini nazarda tutsak, Hamid Olimjon ularni to‘g‘ri tarjima qilgani kundek ravshan bo‘ladi. (“Muza”ni o‘zbek tilida ifodalashi mumkin bo‘lgan “soz” uchinchi iborada qo‘llangani uchun tarjimon bu so‘zni aynan qoldirgan).

Bu har ikki asar tarjimasini o‘rganish bizni shunday xulosaga olib keladiki, ulug‘ shoir yoki adib qalamiga mansub yirik liro-epik yoki dramatik asar tarjimasini bir o‘tirishda yoki muayyan bir muddat (hafta, oy, hatto yil)da tugatish oson emas. Hamid Olimjon tarjima qilgan “Kavkaz asiri”ning 1937 va 1939 yillardagi, “Suv parisi”ning 1937 va 1938 yillardagi, “Bela”ning esa 1931 va 1937 yillardagi nashrlarini o‘zaro qiyoslagan kishi tarjimonning birinchi nashrdan mutlaqo qoniqmay, tarjima ustida qayta-qayta ishlaganligini ko‘radi. Asar asliyati qanchalik badiiy barkamol bo‘lsa, tarjimasi ham shunday barkamol bo‘lishi shart. Shuning uchun Hamid Olimjon ham, 1936 yilda “Evgeniy Onegin”ni tarjima qilgan Oybek ham o‘z tarjimalarining badiiy barkamol bo‘lishi yo‘lida qattiq mehnat qilishgan.

Hamid Olimjonning 30-yillarda amalga oshirgan tarjimalari orasida ukrain adabiyoti klassigi Taras Shevchenkoning bir necha she’rlarini, Nikolay Ostrovskiyning “Po‘lat qanday toblandi” romanini ham yodga olish joiz.

Yuqorida tilga olingan tarjima asarlar Hamid Olimjon ijodiy yo‘lining ikkinchi davrini bezab turadi.

Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan Hamid Olimjonning ijodiy va ijtimoiy faoliyatida mutlaqo yangi davr boshlandi. U mamlakat taqdiri hal bo‘layotgan va hammaning diqqat markazi urush maydoniga qaratilgan bir vaqtda badiiy tarjima bilan shug‘ullanishga ham vaqt topdi. U O‘zbekistonga ko‘chirib keltirilgan yozuvchilardan biri – mashhur belorus shoiri Yakub Kolasning 1942 yilda 60 yoshga to‘lishi munosabati bilan uning o‘zbek tilidagi she’rlar to‘plami nashr etilishiga bosh-qosh bo‘ldi. Ukrain shoiri Pavlo Tichinaning “Ukrainani o‘ylaganda”, P.Armandning “Miltiqli kishi” filmi tufayli el-yurt o‘rtasida mashhur bo‘lgan “Shaharni bosdi tuman” qo‘shig‘i matnini, eng muhimi, urush davri she’riyatining sara asarlaridan biri – Konstantin Simonovning “Meni kutgil” she’rini o‘zbek tiliga ulkan mahorat bilan tarjima qildi. Ayniqsa, so‘nggi asar tarjimasi Hamid Olimjonning shu yillarda shoir sifatida ham, tarjimon sifatida ham badiiy ijodning shohsupasiga ko‘tarilganidan dalolat berdi.

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 12-son