Mo‘min Hoshimxonov. Mashrab g‘azaliyotida tasavvufiy g‘oyalar

Mashrab g‘azallarida bu otashin shoir o‘zidan oldin yashagan mutasavvif ijodkorlarning asarlarini o‘rganib, ularning ta’limot va tasavvufiy qarashlarini rivojlantirganini ko‘ramiz. U “Al-faqru-faxr” – faqirlik faxrimdir” g‘oyasi mohiyatidagi mazmunni idrok va mushohada etgani holda tasavvufning qalandariya tariqati asosida el-yurtga ma’rifat tarqatdi. Dunyoni kezdi, faqiru gadolarga “dili sitamdan yaro bo‘lgan xalq” – mazlumlar jarohatiga malham qo‘ydi. Podsholarning tuhfa-yu in’omlarini xalqqa berdi, qalandarlik orqali el-yurt dardidan ogoh bo‘ldi, hukmdoru beklarga adlu insof, adolatu shafqat tilab xalq holidan xabar olishga chaqirdi, dardlilar holidan xabar olishni burchi deb bildi. “Ma’rifatdan bexabarsan, mijmarimni kavlama”, deydi u ma’rifatsizlarga. Uning tasavvufiy g‘oyalari undan keyin ijod etgan qalam ahliga, shoiru olim, adibu san’atkor ruhoniyatini yorug‘, ravshan etib kelayotganligi mutafakkir shoir she’riyatining boqiyligidan dalolatdir.

Mashrab Xoja Ahmad Yassaviy tomonidan maydonga tashlangan xalqchil g‘oyalarni qabul etar ekan, zulmga qarshi chekkan o‘tli ohim bilan istibdod ahli va ularning afsonalarini kuydirib tashlashga qodirman deb, mus­tabidlarga nisbatan nafratini jur’at bilan ifodaladi:

Nolayu ohim bilan do‘zaxni kuydursam kerak,
Ham behishtu jannatul ma’voni kuydursam kerak.

Xo‘ja, oxundu akobir mulloyu shohu gado,
Begu xonu, johilu dononi kuydirsam kerak.

Mashrab ijodi mutlaq so‘fiyona g‘oyalarni tashviq qilish an’anasidan ilg‘or va demokratik adabiy harakatchilik poeziyasiga yaqinlashish va o‘tishda muhim  ko‘prik rolini o‘ynadi, deb aytish mumkin. Zotan, shoirning “So‘fi Mashrab”, “Eshoni Mashrab”, “Shayxi Mashrab” emas, balki, “Devona Mashrab”, “Qalandar Mashrab” sifatida mashhur bo‘lib, katta shuhrat va obro‘ qozonganligi yuqorida keltirilgan fikrlarning qalb to‘ridan otilib chiqqanini quvvatlaydi.

Bu jihatdan qaraganda Mashrab she’riyati chin va muayyan fuqarolik ruhi va xarakteri kasb etib, shoir ijodida zamona uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy axloqiy muammolarni maydonga tashlashga intilish mayllari ochiq-ravshan sezila boshlaydi.

Mashrab bir muxammasida deydi:

Shariat sharbatin ichgan, tariqat halqasin tutgan,
Balolar shohini suygan, adolat ko‘zini o‘ygan,
Zalolat ko‘yida yurgan, ki davlat shavqini surgan,
Jahon maydonida turgan, tazallum yo‘liga kirgan,
Zabunkash xaylini cho‘blab (ketig‘a) tepganim behroq.

Bu misralarda shoir hajvlariga xos bo‘lgan xarakterli belgilar yaqqol bo‘rtib turadi, bu va shunga o‘xshash o‘tli hajviy misralar rus munaqqidi V.G.Belinskiy tili bilan aytganda: “… kamchiliklarni, kishilarning zaif tomonlarini, qabohatlarni masxaralash bo‘lmay, balki achchiqlangan hisning hammasi, energiyasi, olijanob g‘azabning momaqaldirog‘i va chaqmog‘i” bo‘lib jaranglaydi.

Adabiyotshunos H.Boltaboyev Fitratning “Mashrab” ilmiy-tadqiqiy maqolasiga chuqur munosabat bildirib, uni tahlil etgan, ayni holda “Ikki Mashrab” ixtirochilarining fikri asossiz ekanligini isbot etib yozadi: Fitrat 1930 yildayoq bu xavfni sezgan bo‘lsa kerakki, “Ikki Mashrabchilik” g‘oyasi keng yoyilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun dastlab, manqaba qahramoni bilan bizga yaxshi tanish bo‘lgan shoirning bir shaxs ekanini isbot etgan, so‘ngra esa, “Mabdai nur”ning muallifi masalasiga aniqlik kiritib, uning Boborahim Mashrab asari ekanini isbotlab bergan. Bu bilan ham qoniqish hissi tuymagan olim Mashrabga nisbatan dinsiz, dahriy, materialist kabi baho berishlar o‘rinsiz bir harakat ekaniga o‘z o‘quvchilarini ishontirgan edi: “Mashrab mutasavvifdir va mutasavvif bo‘lg‘ani uchun materialist va dinsiz bo‘la olmaydir. Uning she’rlarining har qatida muni ko‘rib borish mumkin. Manqabadagi ba’zi hikoya va she’rlarg‘a aldanib, unga boshqa qimmat berish yaramaydir. Butun ilohiyot falsafasig‘a mansub oqimlarda bo‘lg‘ani kabi tasavvuf oqimi ham aql va mantiq darajasida o‘z maqsadini izoh qilishdan ojizdir”.

Ustoz Najmiddin Komilov Mashrab botinidagi dardni tahlil etib shunday yozadi: “U ma’rifat ahlining kushandasi, solih, halol odamlarni xor etgan notanti, kajraftor falakning “ustiga o‘tlar qo‘yib”, barbod etmoqqa chog‘lanadi. She’rlarini “dardnoma”, o‘z yuragini esa “jarohatxona”, “hasratxona”, “motamkada” deb ataydi. U shariat, tariqat, ma’rifat yo‘lidan borib, Haq va haqiqatga erishishni orzu etgan, Yaratganning nurli jamolini ko‘rishga ishtiyoqmand, “muhabbat o‘tida kuygan”:

Shariat sharbatin totgan, tariqat halqasin tutgan,
Haqiqat yorini suygan, razolat ko‘zini o‘ygan,
Malohat kuyida yurgan, sharofat shavqini surgan,
Jahon maydonini kezgan, muhabbat o‘tida kuygan,
Suyar qullar izini ko‘zlarimga surganim behroq.

Adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov Mashrabni “faqirlar shohi” deb atagan: “Ba’zilar Mashrabni avliyo deb biladilar, boshqa birovlar Boborahim Mashrab – ulug‘ shoir, deb aytadilar. Kimlargadir Mashrab – so‘fiy, dunyoni sargashta kezgan, qo‘nimsiz, tinimsiz qalandar. Oddiy qalandar emas, qalandarlar shohi. Barcha faqirlarning shohi, ya’ni shoh Mashrab. Tiriklik chog‘ida va undan so‘ng bir qancha zamon Mashrab oddiy xaloyiq orasida “devona Mashrab” degan nom bilan shuhrat qozongan. Unga Mashrabning o‘zi asos bergan. U ongli suratda devonalik yo‘lini tanlagan. Bir qancha g‘azallarida o‘zini devona deb ataydi. Devona ekanligini to‘xtovsiz ta’kidlab boradi… Mashrab zamonasida – o‘n yettinchi asrda devona deganda dunyoni – moddiy dunyoni tan olmagan, mol-davlat yig‘magan va hatto bola-chaqa orttirmagan darvishvash, qalandarvash kishilarni devona der edilar. Devonalik asli bu o‘zini va dunyoni benihoya teran anglash va bilish bo‘lsa kerak. Shu asosda devonalik o‘zlikdan va dunyo mehridan kechish, ya’ni o‘zini butunlay unutish bo‘lsa kerak. “Soqiyi azaldan mayi antahur ichibman, Bas oning uchundir manga bu nash’ai davron”, deydi Mashrab.

Mashrab shu xususda aytadi:

May ichib azaldin, mast ketti oqibat,
Jonni bermasdin burun, jonong‘a yetg‘an bormukin?

Saydo al-Jazariy yozadi: “Avliyoullohlar gunohdan ma’sum emas, biroq mahfuzdirlar, ya’ni himoyalangandir. Alloh taolo insonlarni farqli fitratlarda yaratgan. Ba’zi mo‘minlar borki, qalbda zikr qilishdan qalblari taskin topadi. Ba’zilar jahriy zikrni; jamoat ichida ovoz chiqargan holda zikr qilishni yoqtiradi. Alloh insonlarni ana shunday yaratgan, demak, ikkisiga ham ehtiyoj bor”.

Mashrab zulm va zulmkorlarga befarq yashay olmasdi. Bunday kishilar har qanday vaziyatda ham zolimlar oldida tiz cho‘kmaydilar. Balx hokimi Mahmud Mashrabdan ulamolar qoshida bir martagina uzr so‘rashni so‘raganda, u “tupirgan tupigimni qaytib olmasman”, deb javob bergan.

Ohi sarding bo‘lsa, Mashrab, oh urub Mahsharni buz,
Mohiyi bahri haqiqatga o‘shal daryo kerak.

U har qachon ko‘z o‘ngida Mansur qismatini jonlantiradi. O‘zini juda erta Mansur qismatini takrorlashga, Mansur ichgan azob sharobini ichishga chog‘laydi: “Necha Mansur o‘ldi irshodmand muhabbat yo‘lida, Menga dori qurulg‘onda yetar bu qismatim…” Mashrab umri so‘ngida erishgan dorni umrining ibtidosidanoq orzu qilgan, o‘zi uchun Mansur Halloj yo‘lini yo‘l deb tanlagan edi. Mansur uning nazarida o‘zining buyuk hayoti va ruhi bilan Xudoning vasliga yetishgan zot edi. So‘zi, niyati, ishi benihoya toza siymo edi Mashrab. U: “Suratim garchi bashar keldi, malakdur siyratim” deganda, bu chiroyli so‘zlargina emas, bu uning shoir, inson va ulug‘ mutafakkirning chin ma’nodagi borlig‘i edi.

Mashrab amaldorlarning insof-diyonatli, ulusparvar bo‘lishini orzu qilar edi.

Shuhrat aylabkim, alardek xudnamolarni ko‘rung,
Zohiri suratparast, nooshnolarni ko‘rung.

Yo‘lni bilmas oliylarni ko‘ziga orif bo‘lib,
O‘zi manzilga yetolmay, nobinolarni ko‘rung.

Barchaga aylar nasihat, o‘zini dono etib,
Yo‘lda qolg‘on bekasu berahnamolarni ko‘rung…

Lof urarlar orifi yakdilman deb xalq aro,
Xalqni gumroh qilib, yuzi qarolarni ko‘rung.

Mashrabning bunday hurfikrlilik ruhidagi she’rlari johil amaldorlar va riyokor g‘oyaviy rahbarlarga qamchidek ta’sir qilar edi. Bu hukmdorlarga yoqmas, dag‘al munosabat deb hisoblab Mahmud qatag‘on uni dorga osishga hukm qilgani, Mahmud o‘z nomini abadulabad la’nat muhri bilan tamg‘alagani edi.

Abdurauf Fitrat “Mashrab” ilmiy tadqiqotida bu ulug‘ siymo na­faqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham ko‘p o‘qilgani va o‘rganilgani haqida ma’lumot berib, quyidagi fikrlarni keltirgan: “XVII–XVIII asrlarda o‘zbek shoirlari orasida (ziyolilar tomonidan emas, omma tomonidan) o‘qilg‘on muhim siymo Mashrabdir. Mashrabning g‘azallari va Mashrab haqida yozilg‘on mashhur manqaba o‘zbek ommasi orasida juda teran o‘runlashgan. Xitoy Turkistonida, ayniqsa, qashqarlilar orasida uning nufuzi juda kattadir”.

Tadqiqotchi Dilorom Hamroyeva talqinicha, Mashrab ijodiga qiziqish shoir hayotlik davrida boshlangan. Mashrab haqidagi “Qissai Mashrab” kitoblarining turli variantlari omma orasiga yoyilishi natijasida mashrabxonlik yig‘inlari keng avj olgan. Xalq qissalari va shoir she’r­larining shuhrat qozonishi Yevropa olimlarining ham e’tiborini o‘ziga tortgan. Ular e’tiborini ko‘proq Mashrab nomi bilan bog‘liq sarguzashtlarga boy xalq kitoblariga qaratgan. Biroq ular Mashrab yashagan ijtimoiy muhit, uning tarjimai holi va maslagini deyarli e’tiborga olmagan. 1900 yili Parijda sharqshunoslarning birinchi xalqaro kongresida I.Goldtsiyer “Forslarda islom” nomli ma’ruzasi bilan qatnashgan. Bunga javoban nemis olimi Martin Xartman “Devoni Mashrab” va “Shoh Mashrab” asarlari asosida “Dono darvish va avliyo dahriy” (1902), “Qadamjo” (1903) maqolalarini yozgan.

1992 yil Mashrab yubileyi munosabati bilan Frantsiyada “Qissai Mashrab” nashr qilingan. Rus sharqshunoslari tadqiqotlarida Mashrab nomi bilan bog‘liq qaydlar XIX asrning ikkinchi yarmidan keyin uchraydi. A.P.Xoroshxin, V.P.Nalivkin, N.I.Veselovskiy, N.N.Pantusov, N.S.Likoshin, V.L.Vyatkin, A.Kartsev, L.V.Dmitriyeva, G.P.Snesarov kabi olimlar shoir hayoti va ijodini o‘rganishga munosib hissa qo‘shganlar.

Namanganlik Muso Tojixo‘jayev “Boborahim Mashrab shaxsining Ovro‘pacha e’tirofi” degan ilmiy maqolasida qayd etilishicha, Mashrab hayoti va ijodi nafaqat Sharqda, balki G‘arbda ham katta qiziqish uyg‘otgan. Mashrab hayotini o‘rganish Yevropada XIX asrdan boshlangan. Mashhur rus sharqshunoslari N.S.Veselovskiy, V.L.Vyatkin, U.E.Ostroumov, N.S.Likoshinlardan ham oldin mojor olimi Herman Vamberi “Chig‘atoy tili saboqlari” asarida Mashrab g‘azallaridan namunalar bergan.

F.Grenar va Ditrel de Ren kabi frantsuz adabiyotshunos va etnograflari 1895 yili Markaziy Osiyoga safar uyushtirib, “Buyuk Osiyoga ilmiy safar” nomli kitob yozganlar. Bu kitobda Mashrab shaxsi, yashagan davri va g‘azallariga e’tibor berilgan. 1900 yilda bu ikki frantsuz tadqiqotchisi Parijda o‘tkazilgan sharqshunoslarning xalqaro kongressida shu mavzuda ma’ruza qilganlar.

M.Tojixo‘jayev germaniyalik sharqshunos Xartman Markaziy Osiyo tadqiqiga bag‘ishlab ko‘plab asarlar yozganini, Mashrab ijodi bilan ham shug‘ullanganini,  1902 yili “Devonai Mashrab” va “Shoh Mashrab” asosida “Mashrab – dono telba va avliyo dahriy” asarini yozganligini keltiradi.

M.Xartman Mashrab asarlarining Qashqar va Markaziy Osiyodagi ahamiyati haqida ma’lumot so‘rab, olmon sharqshunosi Yoxannes Avetaranyanga murojaat qilgan. Yoxannes Avetaranyan 5 yil davomida Sharq adabiyoti va tarixiga oid ko‘plab materiallar to‘plagan va shular asosida bir qator asarlar yaratgan. Javob xatida janob Avetaranian M.Xartman qo‘lidagi “Shoh Mashrab” manoqibida ko‘plab xatoliklar va g‘alizliklar borligini bildirgan. U Qashqardagi uyida “Shoh Mashrab” va “Devoni Mashrab”ning bexato va chiroyli yozilgan nusxalari qolganini bildirgan va tarjimonga o‘zining maslahatlarini bergan.

M.Tojixo‘jayevning fikricha, M.Xartman manoqibda keltirilgan tarixiy shaxslarning faoliyati va rivoyatlardagi voqealarni oydinlashtirish uchun ingliz, nemis, frantsuz, turk va fors tillaridagi o‘nlab kitob­larni o‘rganib, ularni qiyoslab, o‘zining xulosalarini bayon qilgan. ­“… Boshqacha qilib aytganda, – deb yozadi u, – Mashrab taxallusli shoirning yashab o‘tganiga shubham yo‘q. Uning o‘ziga xos g‘oyaviy yo‘nalishi esa bu shaxsning buyukligi belgisidir. Bu g‘oyalar shoirning she’rlarida ifodalangan. So‘ngra ular turli hikoyatlar bilan o‘ralgan”.

Shunday qilib, mutafakkir shoir Boborahim Mashrab ijodiyotining ilmiy adabiyotlardagi tadqiqiga xulosa qiladigan bo‘lsak, juda ko‘p faylasuf, sotsiolog, tarixchi va adabiyotshunos olimlar uning ijodiga murojaat qilganliklariga guvoh bo‘lamiz. Mashrab merosi o‘zining xalqchilligi va ommabopligi, o‘ynoqi va jo‘shqinligi, fikr­lar quymaligi va tez yodda qolishi, musiqiy va ohangdorligi bilan o‘z o‘quvchisi diqqatini o‘ziga tortadi. Uning o‘lmas va boqiy she’riyati juda ko‘p iste’dodlarni o‘ziga mahliyo etgan. Ular Mashrabdan zavq va ilhom olganlar, unga muxammaslar bog‘laganlar. Shoir haqida juda ko‘plab dramatik, poetik va ilmiy asarlar yozilgan. Ulug‘ bobomizning hayoti va ijodi xususida hali ko‘p ishlar qilinishi kerak.

Mo‘min Hoshimxonov, falsafa fanlari doktori

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 12-son