Hamza Hakimzoda Niyoziy — XX asr o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan, shoir, dramaturg, teatr arbobi, pedagog. U novator ijodkor sifatida badiiy adabiyotning hamma turlarida qalam tebratdi, uni xalq qalbiga yanada yaqinlashtirdi. U adabiy ijod bilan musiqa, rejissyorlik san’-atini qo‘shib olib bordi, natijada o‘lmas sahna asarlarini yaratdi: «Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi», «Za-harli hayot yoxud ishq qurbonlari», «Maysaraning ishi» kabi she’riy to‘plam va dramalari mana shunday ijodning yorqin namunalaridir. Hamza Turkiston o‘lkasida jadidchilik harakati shakllanayotgan bir pallada badiiy ijodga kirib keldi va bu harakatning butun mazmunidan shaklu shamoyiligacha uning badiiy ijodi va amaliy faoliyatida o‘z ifodasini topdi. Jadid pedagogi sifatida usuli savtiya maktablari ochdi va ular uchun bir necha darslik va majmualar yaratdi.
Hamza 1889 yil 6 martda Qo‘qonda ziyoli oilada – tabib Ibn Yamin Niyoz o‘g‘li oilasida tug‘ildi. Ibn Yamin o‘zbek, arab, fors tillarida ancha savodli bo‘lib, Qo‘qon ulamosi orasida katta e’ti-borga loyiq tabib edi. Hamza dastlab mahalla maktabida, 1899— 1906 yillarda Qo‘qon madrasalarida o‘qidi, birmuncha vaqt rus-tuzem maktabida rus tilini o‘rgandi.
XX asr boshlarida sodir bo‘layotgan muhim ijtimoiy-siyosiy hodisalar Hamza hayotiga, uning ijodkor sifatida shakllanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi, 1905 yil inqilobiy harakatlar Rusiyaning chekka o‘lkalari xalqlarida ma’rifat, ozodlik, istiq-lol sari intilishlariga turtki bo‘ldi. Uning badiiy ijodga, nafis san’atga bo‘lgan qiziqishi 1900 yillardan boshlandi. 1908 yilda Namanganda o‘qib yurgan kezlarida Hamza tatar maorifchisi Abdulla To‘qmullin bilan tanishadi: «Ul menim qo‘limda o‘z qalamim bilan yuz sahifadan ortig‘roq eski usuldagi yozishmalarimi ko‘rib, tarbiyag‘a kirishdi»,- deb yozadi Hamza tarjimai holida. 1909 yilda Hamza Buxoroning ulug‘ taraqqiyparvar mudar-rislaridan, usuli jadid maktablari tarafdorlaridan bo‘lmish Muhammad Ikrom ibn Abdusalom qo‘lida arab tilini o‘rganish uchun Buxoroga boradi, ammo u yerda yuz bergan shia va sunniy janjali bunga imkon bermaydi.
Uning ijodiga, ayniqsa Ismoilbek Gaspralining «Tarji-mon», Fotih Karimiyning «Vaqt» gazetalari, Rizo Faxriddinning «Sho‘ro» jurnali, shu bilan birga, o‘zbek tilida Toshkentda chiqa boshlagan Ismoil Obidiyning «Taraqqiy», Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘lining «Xurshid», Abdulla Avloniyning «Shuhrat» gazetalari kuchli ta’sir ko‘rsatdi, ular bilan aloqa o‘rnatdi. Hamzaning ilk she’rlari va maqolalari mana shu gazeta va jurnallarda bosildi.
«Tarjimon» gazetasini muntazam kuzatib borgan Hamza Gaspralining 1906-1907 yillarda shu gazeta sahifalarida bosilgan, butun turk olamining, shu jumladan, Turkiston o‘lkasining mus-tamlaka asorati botqog‘iga tushib qolishi sabablari haqida bahs yurituvchi «Mukolamai salotin» asari bilan tanish bo‘lgan.
Hamza 1910 yilda Toshkent shahrida amaliy faoliyatga kirishib, Qashqar mahallasida birinchi marta usuli jadid maktabi ochadi. Bu davrda u Toshkentda Turkiston jadidchilik harakatining rahbari Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li va uning atrofidagi shogirdlari usuli jadid muallimlari aka-uka Shokirjon va Sobirjon Rahimiylar, Sami’qori bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Mana, Hamza arxividagi hujjatlardan biri: «Pirlardan: muhtaram ustozi oliy muallim Munavvarqori… Adreslari: Eski Toshkand, usuli savtiya maktabida, mahalla Mehrobodda. Muloqotimiz 1908 milodiy 11 dekabrda».
1911 yilda Qo‘qon shahrida u shunday maktab ochadi. Bu maktablar chor ma’murlarining ta’qibi bilan yopiladi. U 1911 yilda haj safariga otlanadi: Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya, Arabiston mamlakatlarining markaziy shaharlarida bo‘ladi. Hamza qayerda bo‘lmasin, u yerning ta’lim-tarbiya, o‘quv muassasalari bilan tanishadi.
Haj safaridan qaytgach, pedagogik faoliyat bilan bir qatorda, adabiy-badiiy ijodga beriladi. 1914 yilda dastlab Marg‘ilonda, keyin Qo‘qonda usuli jadid maktabi ochadi. Bu haqda «Tarjimai holi»da quyidagilarni yozgan edi: «1914 yilning oxirlarida Marg‘ilonda maktab ochdim. Sakkizinchi oygacha bormay, Andreev ismindag‘i Skobel maorif rahbari tomonidan majburiy yopildi… Undan yana Xo‘qand kelib, yo‘qsil bolalar uchun pulsiz o‘qish maktabi ochdim… o‘zim 4 oyga davom ettirgandan keyin uyezd nachayligi Medinskiy tomonidan tintuv bo‘lib yopildi. Lekin hech bir qanday qog‘ozlarim qo‘liga tushmagani uchun qamalmay qutuldim».
Hamza bu davrda yangi maktablar uchun «Engil adabiyot», «O‘qish kitobi», «Qiroat kitobi» kabi darsliklar yaratdi. 1915 yilda qo‘qonlik ma’rifatchilar bilan hamkorlikda usuli jadid mak-tablari uchun darsliklar nashr qilish, o‘quvchilarni Toshkent va boshqa shaharlarda bosmadan chiqqan darsliklar bilan ta’minlash maqsadida «G‘ayrat» kitobxonasi tashkil etadi. Bu kitobxonada Saidrasul Saidazizovning «Ustodi avval», Munavvarqorining «Adibi avval», «Adibi soniy», Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniylarning darsliklari ham ko‘p nusxalarda bo‘lgan.
Hamza o‘z ijodini an’anaviy lirik she’rlar yozishdan boshladi. U «Nihoniy» (yashirin, maxfiy ma’nolarini bildiradi) taxallusida ijod qildi va 1905-1914 yillarda ushbu taxallusda yaratgan she’rlarini to‘plab, «Devoni Nihoniy»ni tuzdi. Devonga shoirning 177 she’ri kiritilgan bo‘lib, ulardan 150 tasi g‘azal, qolganlari masnaviy, murabba’, muxammas, musaddas va 1 maktubdan tashkil topgan; bulardan 165 ta she’r o‘zbek tilida, 10 ta she’r fors-tojik tilida, 2 ta she’r o‘zbek va rus tilida shiru-shakar janrida yozilgan.
Shoir ijodida muhim o‘rinni ajoyib she’riy guldastalari – «Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi» egallaydi. Bu umumiy nom ostidagi 7 she’riy to‘plamga 1915—1917 yillarda yaratgan she’rlari kiritilgan. Bu she’riy to‘plamlar: «Atir gul», «Oq gul», «Qizil gul», «Pushti gul», «Sariq gul», «Yashil gul», «Safsar gul». Ularda xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini uyg‘otish, ilm-ma’rifatga da’vat etish g‘oyasi yetakchi edi:
Bu Nihon qon yig‘layur millat uchun laylu nahor,
Yoz o‘tub, qish keldi holo, bizga bo‘lgan yo‘q bahor,
Sarsari bodi jaholat qilmak istar toru mor,
Chora shul maktab ochaylik, shoyad o‘lsun sabzazor.
Ey musulmonlar, qachon bir darda darmon istariz?
Millata shavkat, taraqqiy, sha’nu davron istariz?
Hamzaning «Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar» majmuasi»dagi mazkur 7 to‘plamga kirgan she’rlari, matbuotda e’lon qilgan she’r va publitsistik maqolalari, yaratgan dramalari, «milliy romanlari» uning jadidchilik harakatining badiiy adabiyotdagi yirik namoyandalaridan biriga aylanganligini ko‘rsatadi. Abdulla Avloniy kabi Hamza «Quloq notalari ila eshitilib kelmish milliy tabarruk ashulalarimizning o‘rni yo‘qolmasun uchun ba’zi qabih she’rlar o‘rniga» milliy ruh, millatning istiqlol haqidagi orzu-intilishlarini ifodalovchi so‘zlar bilan bu xalq kuylarini muzayyan qilish, bu bilan millatni uyg‘otish vazifasini o‘z oldiga qo‘ydi. Hamza milliy istiqlol g‘oyalarining musiqa, xalq kuylari vositasida, qo‘shiqlar shaklida xalq qalbiga tezroq va ta’sirliroq kirib borishi mumkinligini yaxshi tushungan. Uzbek adabiyotida sharqiyalarning yaratilishi ham ko‘proq Hamza va Abdulla Avloniylar faoliyati bilan bog‘lanadi. Hamza Hakimzoda musiqa sohasida ham katta qobiliyat sohibi edi. Shu ma’noda, Hamzaning ushbu to‘plamlari A. Avloniyning «Adabiyot yoxud milliy she’rlar» to‘plamlariga hamohangdir.
Shoirning Birinchi Jahon urushi arafasida xalq orasida mashhur bo‘lgan «Lo‘m-lo‘m Mamajon» ashulasi ohangida yaratgan «Yig‘la, Turkiston» she’rini olib ko‘raylik. Ashula quyidagi satrlar bilan boshlanar edi:
Lo‘m-lo‘m, lo‘m-lo‘m Mamajon, lo‘m-lo‘m Mamajon,
Istakonda choy ichgan, lo‘m-lo‘m Mamajon.
Hamza millatni jaholat, istibdod, ilmsizlik tufayli faje’ ahvolga tushgan Turkistonni yig‘lashga da’vat etadi: sen shunday yig‘laginki, hatto «ruhsiz tanlar tebransin», seni shunday ahvolga solgan, o‘zi zillatga, xorlikka botgan millat uyg‘onsin! «Lo‘m-lo‘m Mamajon» ashulasidagi sho‘x ohang o‘rnini qayg‘u va uning ohangida millatni ilm-ma’rifatga da’vat egallaydi:
Darig‘ tutmang ilm uchun ketsa molu jon,
O‘quv farzligi ming yo‘l Qur’onda farmon,
Ma’rifatsiz tonulmas ahkomi imon,
Ilmsizga aytulmas komil musulmon.
Yig‘la, yig‘la, Turkiston, yig‘la, Turkiston,
Ruhsiz tanlar tebransun, yig‘la, Turkiston.
Xorazm xalq kuylari ohangida bitilgan «Yaxshi holin yo‘qotgan oqibatsiz Turkiston» misrasi bilan boshlanuvchi she’rida shoir mustamlaka o‘lkaning iqgisodiy, ma’naviy, siyosiy tutqun ahvolini buyuk dard bilan qalamga olgan. Har bir millatning istiqboli – ilm-ma’rifatda. Shoirni qiynayotgan, uning faryod chekishiga sabab bo‘layotgan narsa millatning ilmsizligi, bu ilmsizlik oqibatida o‘ziga «O‘lmasindan ilgari jismiga kafan bichgan»i:
Bo‘g‘zi sori to‘lguncha g‘aflat sharobin ichgan,
O‘lmasindan ilgari jismiga kafan bichgan,
Umid rishtasin kesub, oru nomusdan kechgan,
Bog‘lu qo‘ling, Turkiston, nobakorlarmi chechgan?
O‘zgalarchi? Ular o‘z xalqi uchun molu jonini qurbon qiladilar, ilm-ma’rifat yo‘lida bor-yo‘g‘ini baxshida etadilar, millat ravnaqi uchun qon yutadilar. Shoir shu o‘rinda Turkistonning o‘tmishiga razm soladi: olamga ilm nurini taratgan, iqboli quyoshdek charog‘on zamonlarning o‘tib ketganidan afsus chekadi:
Esiz, esiz Turkiston, qani avvalgi holi?
Olamga ziyo bergan ul xurshidi iqboli?
Abri g‘aflat qurshadi, tun bo‘ldi istiqboli,
Xo‘r bo‘lsa millatimiz, tutmasmikin uvoli.
Shoir shunday xulosaga keladi: sening bog‘liq qo‘lingni bu no-bakorlar yechmaydi! «Vatanga molik bo‘lgan nobakor to‘ng‘iz» kelgindilardan Turkistonni ozod qilish uchun o‘zligini yuksak dara-jada mas’ul biladigan hakiqiy millat fidoyilarini tarbiyalash kerak.
Shoir har to‘rt misradan keyin takrorlanuvchi:
Zulmat toshi yog‘ilsa-da, ko‘zi ochulmaz,
Ruhsiz tandur, xanjar ursa, qoni sochulmaz, —
naqarot misralarda mumtoz she’riyatimizga xos tamsil san’atidan mohirona foydalangan. E’tibor bering, xalqo‘zligidan, mil-liy ruhdan mahrum etilgan, quruqjasadi qolgan – bu jasad o‘lik jasad, har qancha tig‘ ursang ham qon chiqmaydi. Xalqimizda ham shunday ibora qo‘llanadi.
Umuman, Hamzaning «Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi»ga kirgan she’riy to‘plamlar nafaqat o‘quvchilar, hatto san’atkor-hofizlar o‘rtasida ham katta shuhrat qozongan. Bu haqda Hamza ijodining dastlabki tadkiqotchilaridan Sotti Husayn shunday yozgan edi: «U tor doiradagi o‘quvchilar o‘rtasidagina emas, ashulachilar o‘rtasida ham tarqala boshlagan. Shuning bilan baravar bu ashulalar to‘shtami… reakdion kuchlarning, ruhoniylarning qattiq g‘azabiga uchragan».
Ko‘pgina o‘zbek ijodkorlari qatori Hamza dunyoqarashining takomilila jadidchilik harakatining buyuk rahnamosi Ismoilbek Gasprali va uning «Tarjimon» gazetasining roli katta bo‘lgan. 1914 yil 11 sentyabrda Gasprali vafoti munosabati bilan hamma o‘zbek jadid ijodkorlari singari Hamza ham o‘z hamdardligini bildirib, «Yavmul-vafot» (Sadoyi Farg‘ona, 1914 yil 24 sentyabr’) maqolasini va «Marsiya» (Sadoyi Farg‘ona, 1914 yil 28 sentyabr) she’rini e’lon qildi. She’rda shunday misralar bor:
Oh, millat, yetdi bu dam qayg‘ulik, g‘amlik zamon,
Tegdi og‘zingga halokat toshi, emdi to‘la qon,
Dod qil davri falakdan, botdi xurshidi jahon,
Motam ayla, og‘lasun ahvolinga har insu jon,
Ko‘k sari uchdi Masiho jismlar jondan judo,
Ya’ni takrori taraqqiy murg‘i shabxondan judo.
Hamzaning «Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar maj-muasi»ga mansub «Safsar gul» to‘plamiga mardikorlikka olingan o‘zbekning yurtdan uzoqdagi xoru zorliqda kechgan hayotini tas-virlovchi she’rlari kirgan. Ularda mardikorlarning ichki his-tuyg‘ulari, el-yurtiga bo‘lgan cheksiz muhabbati, sog‘inchi o‘z ifo-dasini topgan. Ammo shoirning ushbu to‘plamida «oq podshoh»ni, general gubernatorni ko‘klarga ko‘taruvchi, mardikorlarni fidokorona mehnatga da’vat etuvchi she’rlar ham mavjud. Bu hol shoirning ijodida uzoq davom etmadi: u mardikor olish voqeasi mustabid tuzumning millatni tahqirlovchi, uni abadiy tutqunlikda saqlovchi tadbiri ekanligini tushunib yetdi. Bu hol uning mazkur to‘plamidan bir oz keyin yaratgan «Farg‘ona fojialari» tetralogiyasining «Istibdod qurbonlari» qismida rus mustamlakachilarini ayovsiz fosh etishida yaqqol ko‘rinadi:
«Marusa. Man aytaman, o‘zlari shunday iflos. A, mamlakatlari yaxshi, sermeva, ma’danzor, boylik shularda. A, o‘zlari bunday bechora, ahmoq (kulub). Da, «Mevani yaxshisini it yeydi», degan so‘z xo‘p so‘z-da, a!
Nachalnik. Da! Shunday. Endi biz hozirgi Turkistondagi fi-losufi zamon gaspodin Ostroumovning deganicha, bularni shunday qaro mehnatlar bila ezub buturmoqg‘a kerak. Chunki agar bulardan g‘ofil qolinsa, albatta zamon kelur… bir kun bizga kutulmagan ikkinchi bir balo bo‘lub chiquvlari shubhasizdir. Shuning uchun mana shunday fursatlarda istifodasiz bo‘lmay, ziyolik firqalaridan tortub, sekin-sekin yo‘q eta borish kerak».
1918-1920 yillarda mustamlakachilar adresiga aytilgan bu so‘zlar haqiqiy jasorat edi.
«Iydi qurbon», «E’tizor» kabi maqolalari «Sadoyi Turkiston»-«Sadoyi Farg‘ona» gazetalarida bosildi. Ushbu maqolalarda millatni yaramas illatlardan, faqirlikdan, xurofotdan qut-qaruvchi birdan-bir yo‘l ilm-ma’rifatdir, degan g‘oya ilgari su-riladi va boyu kambag‘al, ziyoliyu din peshvolari – hammalarining qo‘lni-qo‘lga berib, yangi usuli jadid maktablariga ko‘maklashuvlari lozimligi ta’kidlanadi. Hamza milliy ayirmalarga, sinfiy tabaqalanishlarga keskin qarshi chiqadi, uningcha, fa-qat birlik bilangina millatni jaholat botqog‘idan, qoloqlikdan, turg‘unlikdan, istibdod qulligidan qutqarish mumkin. Bu haqda «Maktabi dorul-aytom» maqolasida muallif yozadi: «Demak, bu «Dorul-aytom»da Xo‘qandning har tarafidan o‘lsun fa-qir bolalarni, shubhasiz, qabul qilinadur. Faqat daftar, qalamdan boshqa kitoblarg‘acha, hatto maktabdan beriladur. Yuqoridagi iona qiluvchi afandilarimizg‘a qiyosan faqir va yetim bolalarg‘a rahm va shafqatlari bori Xudo va Rasuldan va millatning rizolig‘i birlan dunyo va oxirat saodatlarig‘a havaskordan qarindoshlarimizg‘a bu to‘g‘rida naqadar iona va muruvvat ko‘rguzmoqlarini rijo va niyoz qilurmiz. Hamda har oydag‘i ehsonlarni jamlab, xoh oz, xoh ko‘p bu yetim bolalarin maktab mudiriga bersalar, naqadar bolalarni ilmu ma’rifatg‘a yetishmoqig‘a eng birinchi shafqatlu ota-onalaridan bo‘lur edilar… Diyonatlik ba’zi ahboblarimiz har oyning oxirida yuboradurg‘on aqchalarini yozdurub qoldurg‘onlarig‘a manda alarg‘a chin qalbim ila tashakkurimni gazeta orqali e’lon qilub, va’dalarinida yozib o‘tuvni munosib ko‘raman».
Gazeta va jurnallarda maqolalar yozib, qalami ancha charxlangan, turk, tatar hamda rus adabiyotidan ancha xabardor Hamza o‘zbek adabiyoti uchun nisbatan yangi tur — nasrga qo‘l urdi, «Milliy ro‘mon» deb nomlagan «Yangi saodat» asarini 1915 yilda toshbosmada «Madora» kutubxonasi noshirligida bosmadan chiqardi. Romanga ushbu bayt epigraf qilib olingan:
O‘qub tahsili ilm ayla, maorif sharbatin yutgil,
Tilingni jahldan qutqor, g‘ami millat bila o‘tgil.
Ushbu asarda Hamzaning yetuk ma’rifatparvarligi yana bir bor namoyon bo‘ldi. Asarda Abdulqahhor ismli ancha katta savdogar boy «dunyo ham oxiratning saodati» bo‘lmish ilm-ma’rifatni egallash o‘rniga ichkilik, qimor kabi qabih ishlarga berilib ketadi va butun mol-dunyosini barbod qiladi. Oqila xotini Maryam har qanday qiyinchiliklarga qaramay, o‘z umrini o‘g‘li — rlti yoshli Olimjonni, uch yoshli qizi Xadichani tarbiyalashga bag‘ishlaydi: Olimjonni usuli jadid maktabida o‘qitadi. O‘z odobi, ilmga chan-qoqligi bilan Olimjon jadid muallimining mehrini qozonadi, muallim unga otalarcha mehr-muruvvat ko‘rsatadi. U voyaga yetgach, singlisi Xadichani ham o‘qitadi va yaqin maktabdosh do‘sti Ahmadjonga uzatadi. Darbadarlikka duchor bo‘lgan otasi Abdul-qahhorni yana o‘z oilasiga qaytaradi, ilm-ma’rifatli Olimjon oilasini saodatga musharraf etadi. Asarda Olimjon taqdirida muhim ahamiyat kasb etgan, o‘zining yolg‘iz qizi Nazokatxonni, boyligini unga qoldirgan Abdurahmonboy obrazi ham ancha to‘la-qonli yaratilgan. Muallifning romandan ko‘zlagan asosiy maq-sadi millatni «jaholat va g‘aflat zindoni»dan «dunyoning haqiqiy mohtobi» ma’rifat gulzoriga yetaklashdir. Bunga erishishning birinchi omili insonlarda ilm-ma’rifatga rag‘bat, muhabbat uyg‘otish bo‘lsa, ikkinchisi, o‘quv muassasalarini davr talablari asosida tubdan o‘zgartirish zaruratidir. Chunki mavjud eski maktablar yoshlarni o‘qishdan bezdiradi. Mana, asar muallifi orzu qilgan ilm maskani maktab: «Olimjon, oh, bu qandoq joy? Taning rohat oladi. Bu dunyoning bog‘chasi va jannati desang ham rostdur. Mana, qandoq oq uylar. Qandoq pokiza kursilar, bular yozmoq uchun kerakli doskalar, hisobga cho‘tlar, tomosha qilmoqqa chiroylik xaritalar. Bular hammasi ilm o‘rganmoq uchungina hozirlangan. Mana — ilm qandoq aziz ne’mat. Dunyoda ilmdan ortiq ham lazzatli, shirin ne’mat bormi? Yo‘q, albatta, yo‘q bo‘lsa kerak. Mana, ilm o‘qiydurgan kishilar shoh, gado, boy, faqir bo‘lsin, mundog‘ ulug‘ joy hammasiga ham barobardir».
Hamza «Yangi saodat» asarida yana bir muhim masalaga — xalq ongiga singib ketgan «Xudo bersa bo‘ladi-da» degan e’tiqod (buni Hamza «fasod e’tiqodlar» jumlasiga kiritadi)ga e’tiborni qara-tadi. Mutaassiblar tomonidan singdirilgan bu e’tiqodga asosan odamlar «bersang yeyman, ursang o‘laman» qabilida ish tutib, o‘zlari hech bir harakat qilmaydilar. Muallif bunday asossiz e’ti-qodni keskin fosh etadi: «Xudo bersa bo‘ladi-da, degan johil ota-bobolarimizning asossiz so‘z va fasod e’tiqodlaridur. Xudo zolim emas, birovga berib, birovga bermay qo‘ymas. Xudoy tabo-rak va taolo saodat — ilmda, razolat — jaholatda, har bir ish bandaning o‘z harakatiga muvofiq, deb o‘z kalomida takror xabar bergan».
Asarda Abdulqahhorning johilligi tufayli katta mashaqqatlarga yuz tutgan oila ahvolini, miskin, g‘arib Olimjon ruhiya-tini tasvirlashda Hamza sentimental uslub bo‘yoqlaridan ancha keng foydalangan. Maktabni bitirish imtihoniga Olimjonning otasi Abdulqahhor ismiga «Da’vatnoma» keladi. Uni olgan Olim-jonning ruhiy-psixologik holati tasviriga e’tibor qiling: «Oh, biz kelaylik Olimjonni holig‘a. Muallim hazratlarining lutf-marhamatlariga naqadar sabr qila olmaslik darajadagi shodliklarga yetishgan Olimjon bo‘lsa kerak, deb gumon qilmak xatodur. Zeroki, otasi Abdulqahhor ismiga bergan «Da’vatnoma» qo‘liga tekkandan keyin: «Sani otang qani, imtihon kuni boshingda kim turadi? Sanga dasturxonni kim qilib berur? Kim sani o‘qiganlaringni ko‘rar? Bu bolaning otasi qaysi, degan savolga jamoat orasidin kimni ko‘rsatilur?» – degandek bu ruhsiz qog‘ozni do-vushsiz itoblariga naqadar ma’yuslanib turganda, Olloh… mual-lim hazratlarining so‘z orasida yana: «Otalaringiz, otalaringiz», – deb takror qilib turgan xitoblariga butun fikri yo‘qo-lub, yuragi titrab, bag‘ri ezilub, ko‘zi zaharlik yoshlar bila to‘lgan Olimjon dod deb qichqirub yubormoqg‘a sharmu hayo qilub, ming mashaqqatlar bilan o‘zini uyiga yetkurib oldi».
Muallif lirik chekinishlardan o‘rinli foydalangan. Ular vositasida asarning ta’sirchanligiga erishgan. «Al-Isloh» jur-nalida e’lon qilingan «Yangi saodat» romani haqidagi taqrizda asarning shu jihatlariga alohida diqqat qilinishi bejiz emas. Chunonchi, taqrizda o‘qiymiz: «Yangi saodat» ismli 46 sahifali turkiy va Turkiston shevasida bir milliy ro‘monning yangidan tab’ bo‘lub nashr qilinuvi bizni ko‘p masrur etdi. Xalqni o‘quv va yozuv tarafig‘a targ‘ib qilmoq uchun hozirgacha Turkiston shevasinda buningdek ta’sirli ro‘mon nashr o‘linmamish, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Bu ro‘monning muharriri Hamza Hakimzoda Niyo-ziy janoblari va noshiri Xo‘qandda «Madoro» kutubxonasidir».
«Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi»ning «Birinchi bo‘lim»ida «Dilog‘on» ohangi bilan aytiluvchi «Ko‘zni oching, qardoshlar!» she’rida shunday misralar bor:
Tashlab Nihon ko‘ngilda bo‘lgan illatni,
Kinu bug‘zu adovat, fisqu g‘iybatni,
Sunniy, shiiy so‘zlarni barbodlashaylik,
Millat yo‘lin ko‘plashub obodlashaylik.
Ulfatlashub, yozlashub ham qishlashaylik,
Teatr yasab, konsertlar, olqishlashaylik.
1915 yilda nashrga tayyorlangan ushbu to‘plamdan joy olgan yuqoridagi misralar Hamzaning sahna san’atiga alohida ahamiyat berganligini ko‘rsatadi.
Hamza 1915 yildan faoliyat ko‘rsatgan Qo‘qon teatr truppasi uchun sahna asarlari — dramalar yozdi. 1915 yilda yozgan «Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari» dramasi Hamzaning bu sohadagi birinchi qadami bo‘ldi. Ushbu dramadan keyin u «O‘ch», «Muxtoriyat yoki avtonomiya» (1917), «Kim to‘g‘ri?», «Boy ila xizmatchi» (1918) kabi sahna asarlarini yaratdi.
«Zaharli hayot…» dramasi bevosita jadid ma’rifatparvarligi ruhida yozilgan bo‘lib, unda ham «Yangi saodat» «milliy ro-man»idagi g‘oya yetakchilik qiladi. «Yangi saodat»da ilmsizlik, jaholat tufayli parokanda bo‘lgan Abdulqahhor oilasini yosh Olimjon ilm-ma’rifat orqali saodatli qiladi. Dramada esa jaholat, qoloqlik, mutaassiblik ilm-ma’rifat, taraqqiyot fidoyilari Mahmudxon va Maryamxonlarni fojiaga olib keladi. Ushbu 4 pardali tragediya 1915 yilda yozilib, 1916 yilda Toshkentda «Matbaai G‘ulomiya»da mashhur ma’rifatchilardan, Hamzaning yaqin do‘sti, savdogar boy Saidnosir Mirjalolov (1884-1938) noshirligida bosmadan chiqqan. Muallif asarning janrini «Turkiston maishatidan qiz va kuyov fojiasi» deb belgilaydi.
Asarning bosh qahramonlari Maryamxon va Mahmudxonlar — zamonasining ilg‘or ziyolilari. Ular millat farzandlarini ilm-ma’rifatli qilishdek ulug‘ orzular og‘ushida, romantik xayollar bilan yashaydilar, ularning sevgisi ham nihoyatda pokiza va sa-mimiy. Dramaturg asarda ayniqsa Maryam obraziga alohida e’ti-bor qaratadi, uning butun qarashlari Mahmud obrazidan ko‘ra Maryam qiyofasida namoyon bo‘ladi. To‘g‘ri, Maryamxonning bu dara-jaga yetishishida Mahmudxonning xizmatlari katta. Uni ma’ri-fat yo‘liga olib chiqqan ham Mahmudxondir. Mana — Maryamxonning hayotdagi maqsadi, hayotining bosh maslagi: «…afandim, emdi tezdan ijtihod etingizkim, ikkovimiz qo‘limiz tutishib, zul-matda qolmish bu millatni, siz quyoshi bo‘ling-da, men mohito-boni bo‘lub, qorong‘i Vatanni yorutaylik; sizda erlarimizning holindan, ban mazluma oilalarimizning holindan g‘azetalarga yozishib, bir-birlarimizi ogohlantiraylik. Chin maqsadingiz bo‘lgan qizlar maktabi ochaylik, ban ma’naviy, siz moddiy xiz-matda bo‘ling, qadrsiz hamshiralarimizning kasod o‘lmish bozorlarini ilmi naqdiy bila ko‘tarishaylik. Chin yashaylik, kela-jakdagi avlodlarimizni mozorimizga borib, erlari sizga, qizlari bizning qabrimiz uzasina oq, qizil gullar sochub, Qur’on o‘qub, ruhlarimizni olqishlarlik darajada bir xizmatlarni maydonga qo‘yaylik… Yo‘q esa qiyomatgacha qabringiz millat va kelajakdagi millat avlodi tarafindan maqhur, qiyomat kuni esa janob Haq va rasul afandimiz qoshinda uyatli va sarnigun o‘lmo-g‘ingizni xotirangizda yodgor qoldiram! Demak, orzu-havas o‘lsa o‘lsin, milliyat, insoniyat o‘lmasun!»
Mahmudxon drama davomida Maryamxonga nisbatan ancha sust, hatto Maryam uni kurash maydoniga tortishga harakat qiladi. U eng so‘nggi iloj – «boshqa mamlakatga qochmoq»qa ham tayyor. Mar-yamxon Hamzaning «Yangi saodat»idagi ayollardan o‘z dunyoqarashining kengligi, kurashchanligi bilan ham keskin farq qiladi. U shariat, dini islomni buzuvchi hazrat eshon kabi mutaassiblarga qarshi bosh ko‘taradi. Ularning razil qilmishlarini fosh etadi, kelajakka katta umid bilan qaraydi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Hamzani (boshqa mutafak-kirlarni ham) ba’zan shariatdin peshvolarining ayrim nojo‘ya harakatlarini fosh etgani uchun dinsiz, ateist sifatida baholab keldilar. Aslida u dinni emas, mutaassiblikni, mutaassiblarni fosh etadi. Bunga uning «Zaharli hayot…» dramasi dalil. Undagi shariat, islomiyat haqidagi gap-so‘zlarga e’tibor bering: «Shariat zolim emas, xoin emas… Shariat har kimni baxtiyor qilgan. Shariatda hurriyat bor, musovot bor, adolat bor. Shariatda jabr — harom. Nikoh tarafaynning ijob qabuli bilan halol bo‘lur. Man qabul qilmasam, nikohfosid, nikohharom. Ohshari-at! Essiz islomiyat! Shariat bitdimi? Yo Rabbiy!»
Hamza o‘zi ta’kidlaganidek, «Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari» pesasi fojia janriga mansubdir. Unda fojia (tragediya)ga xos pafos ufurib turadi. Fojia-tragediyaning xos xususiyatlari haqida Abdurauf Fitrat quyidagilarni yozgan edi: «Asar qahramo-nining tilak yo‘lidagi qarashlari dramadagidan kuchli bo‘lsa, halo-katlarga, qonli fojialarga borib taqalsa, tragediya (fojia) bo‘ladur».
Asarning ikki yosh qahramoni Maryam va Mahmud zamonasining hal qiluvchi kuchlari mutaassiblarga (asar yozilgan davrda ular hal qiluvchi kuch edi) qarshi kurashadilar. Tomonlar o‘rtasidagi kurash eng yuqori nuqtaga ko‘tariladi: ularning istiqbol haqidagi yuksak orzulari chilparchin bo‘ladi. Natijada, ilojsiz qolgan yoshlar mavjud tuzumga, feodal tartiblarga, jaholatga, mutaassiblarga qarshi isyon sifatida o‘z hayotlariga qasd qiladilar.
Uzoq vaqt Hamzaning hamma asarlaridan sinfiylikni qidirish va har bir asar voqeasiga va qahramonlariga sinfiylik nuqtai nazaridan yondashish hukmronlik qildi. Bu hol «Zaharli hayot…» dramasini baholashga o‘z ta’sirini o‘tkazgan. To‘g‘ri, Mahmudxon boylar toifasiga mansub, Maryamxon o‘ta faqir xonadondan chiqqan. Bu ikki yosh qaysi sinfga mansubligidan qat’i nazar, millat istiqboli uchun kurashadilar. Ularni ulug‘ maqsadlar birlashtiradi. Shuning uchun ham Hamza asar qahramonlarini, ularning insoniy fazilatlariga qarab baholaydi.
«Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari» fojiasi kitobxon yoki tomoshabinlar qalbida Mahmudxon va Maryamxonlarga nisbatan muhabbat, rahm-shafqat, ularni fojiaga olib kelgan mutaassiblik, jaholatga qarshi nafrat tuyg‘ularini mavj urdirishi kerak edi. Buning uchun dramaturg fojia janri imkoniyatlaridan, so‘z san’atining jozibasidan mohirona foydalandi. Bu hol ko‘proq Maryamning faol harakatlarida, Mahmudxonning mono-loglarida namoyon bo‘ladi. Mahmudxon monologlarida sentimental ruh shu darajada kuchliki, tinglovchi qalbini larzaga soladi. Mahmudxonning o‘lim oldidagi monologi fojianing asl mohiyatini yanada to‘laroq ochishga xizmat qiladi: «Maryam, Mar-yamxonim, man dunyoda yashamam!.. Kecha oqshom Maryamxon muhab-bat qurboni edi, biz bugun insoniyat, milliyat qurboni! Mundog‘ jaholat, mundog‘ ilmsizlik. Vahshatlik! Bunday zolim xalq orasinda yashamoqdan o‘lim lazzat, lazzat! Bu xil rahmsizlik, shafqatsizlik! Bir vaqtda shariatdan ko‘z yumib, islomiyatni qo‘yib, dunyo yo‘liga qadam bosuvchi diyonatsiz qora xalq orasinda tiriklikdan, albatta, o‘lim yaxshi! O‘lim!.. Oh, ruhi Maryam! Oh, jaholat! Voh, ismigina qolmish islomiyat!..»
Xuddi shu sentimental ruh dramaning tomoshabin qalbiga kirib borishida asosiy vosita bo‘lgan. Shuning uchun ham ushbu drama Toshkent, Qo‘qon va boshqa shahar havaskor dramtruppalari tomonidan qayta-qayta sahnalashtirilgan. Bu drama birinchi o‘zbek professional teatr tanqidchisi Mirmulla Shermuhammedov (1886—1923) e’tiborini qozondi. U Hamza va uning «Zaharli hayot…» dramasi tufayli o‘zbek teatrini «yangi tiriklikka kirgani» bilan tabrikladi: «Zaharlangan turmushning qora sahifalarini tasvirlashda qalamni ustagina yuritgan dramaturgni tab-rik etmasdan o‘tolmaymiz… Hamza afandi asarda ko‘rinadigan qahramonlarga g‘oyat diqqat ila so‘z va xarakterlar bergan».
Hamzaning siyosiy qarashlarini, uning Turkiston muxtoriyatiga munosabatini aniq tasavvur qilishda Turkiston muxtoriyati g‘oyasining paydo bo‘lishi munosabati bilan 1917 yilda yozilgan «Muxtoriyat yoki avtonomiya» hajviy dramasi muhim ahamiyatga ega. 1917 yil Fevral inqilobi, Romanovlar sulolasining barbod bo‘lishi butun jadid mutafakkirlari qatorida Hamzaning ham istiklol haqidagi intilishlariga qanot bog‘ladi. Jadidchilik harakatining rahbarlari Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li va Abdulla Avloniylar tomonidan 1917 yil mart oyida «Sho‘royi islom» jamiyati tuzildi. Bu jamiyatning «Markaziy sho‘ro»si tarkibida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mustafo Cho‘qayev, Ubaydulla Xo‘jayev kabi siyosiy arboblar bor edi. Shu yilning yozidan bolsheviklarning faolligi kuchaydi va mutaassib din peshvolari «Ulamo» nomi bilan «Sho‘royi islom»dan ajralib chiqdi. Bu ajralish keyinchalik bolsheviklar uchun qo‘l keldi, «Ulamo» jamiyati mustaqillik uchun kurash olib borgan sho‘royi islomchilarni barbod qilishda mustamlakachilarga yordam berdi. «Sho‘royi islom» va «Ulamo» jamiyatlarining sho‘balari o‘lkaning turli shaharlarida ham tashkil etildi. Fevral inqilobi natijasida Turkistonda qanday davlat tuzish masalasi yuzasidan bu jamiyatlar o‘rtasida keskin ixtiloflar, ziddiyatlar vu-judga keldi. Hamza «Ulamo» jamiyatining Qo‘qon shu’basi maj-lisini ushbu «Muxtoriyat yoki avtonomiya» dramasiga asos qilib oldi. Muallif dramaning qisqacha syujetini shunday bayon qiladi: «Turkistonda hurriyat bo‘luvi munosabati ila yoshlar va ula-molar orasinda ixtilof o‘laroq ulamolar ayrilib ketuvlari, ruhoniy majlisin tasviridir».
Bu o‘rinda yoshlar — «Sho‘royi islom» jamiyati a’zolari, ya’ni jadidlar; ulamolar — mutaassib qadimchilar «Ulamo» jamiyati a’zolari ekanligi dramaning boshidan oxirigacha ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Asar muallifi el-yurt taqdirini o‘z zimmalariga olgan ulamolar qanchalik razil, nashavand, tuban kishilar ekanliklarini o‘z tillaridan fosh etadi. Ular hatto avtonomiya, mux-toriyatning qanday davlat tizimi ekanligini tasavvur ham qila olmaydilar: «L.(domla): Bu demokraticheskiy respublikani bizga ko‘p zarari bor emish. Zeroki, bizdan podshoh bo‘lmas emish, tag‘in avvalg‘idek qozi, mudarrislarni hukamolar, gubirnatorlar saylab qo‘yodirlar emish. 2-nchi, xotunlarni ko‘chada faranjisiz (hamma yoqosin ushlab, «Astag‘firulloh!» «Navzanbilloh!..») chiqub yurishi uchun farmonlar bo‘lur emish… Endi bo‘lari bo‘ldi. Xo‘sh! If-tor, to‘y, zakot, xayr-ehson degan gaplar bari sop bo‘ldi!..»
«F.(domla): Aytmadimmi, bu kishi ham g‘aznot o‘qiydirlar, yaki az taroqchi, biz endi shul din buzuqi gumroh totor shum usuli jadidchilarga qo‘shilar ekanmizda, hayhot! Bale!»
Mustaqillikka qadar hamzashunoslar bu dramani Qo‘qon mux-toriyatining «rasvosini chiqargan», uning «reakdion mohiyati»ni fosh etgan asar sifatida baholab keldilar. Aslida Hamza Turkiston muxtoriyatini tuzishda faol ishtirok etgan jadidlarga qarshi buzg‘unchilik, sotqinlik ishlarini olib borgan mutaassib «Ulamo» jamiyati a’zolarining naqadar nodonligini, kal-tafahmligini fosh etgan edi. Asarda qahramonlar ismining bosh harfi berilgan. Hamza ushbu asar tufayli «Ulamo» jamiyatining ta’qibiga uchradi va 1917 yil oktyabridan 1918 yilning 10 mar-tiga qadar Turkiston shahrida do‘sti Saidnosir Mirjalolov xo-nadonida yashirinib yashadi1. Demak, 1917 yil 27 noyabr Turkiston muxtoriyati e’lon qilingan kunni Hamza Turkiston shaxrida mamnuniyat bilan kutib oldi va «Turkiston muxtoriyatina» she’rini yaratdi. She’r «Ulug‘ Turkiston» gazetasining 1918 yil 11 yanvar sonida e’lon qilindi. She’rda shoir musulmon milla-tini ulug‘ bayram bilan muborakbod qilar ekan, ularni bir san-joq—bayroq ostida birlashishga da’vat etadi:
Keling emdi birlashing, islom millati!
Ketsin sunniy, shialik nifoq illati!
Bir sanjoqqa to‘plansun islom davlati!
Qutlug‘ bo‘lsun Turkiston muxtoriyati!
Yashasun endi birlashub, islom millati!
Hamzaning 1917 yil Oktyabr to‘ntarishigacha bo‘lgan ijodidagi asosiy g‘oya ma’rifatparvarlikdir, u bu davrda jadid adabiyotining yirik namoyandasi sifatida badiiy ijodning hamma imkoniyatlaridan, turlaridan foydalandi. Barcha jadid muta-fakkirlari kabi u 1917 yil Fevral inqilobidan so‘ng hamma ish o‘rinladi, Turkiston xalqlari mustamlaka qulligidan ozod bo‘ldi, deb o‘yladi. 1917 yilda «Kengash», keyin «Hurriyat» jur-nallarini nashrdan chiqardi. «Hurriyat» jurnalining birinchi sonida e’lon qilingan «Bugungi qadrlik kunlar» bosh maqolasidagi ushbu so‘zlarda Hamzaning bu tarixiy voqeaga munosabati yaqqol ko‘zga tashlanadi: «Bu kun baxt falakindan chiqmish haqiqat qo‘yoshi musovot, adolat kabi eng sof ziyolari bila eng qorong‘uda yo‘qolgan igna kabi nozik va muhim maqsadlarimizi ham yalturatub ko‘rsatmakdadur. Mana, bukun haqiqat, hurriyat vositasi bila eski xoin va zolim, mustabid hukumatni 50 yildan beri bo‘yin, qo‘l va oyog‘imizg‘a sezimsiz solub kelgan umrlik og‘ur zanjirlarin ko‘zga ko‘rsatub yechdi, xalos qildi. Bu kun haqiqat, musovot vositasi bila, bir taraf, zolim amaldorlar, ikkinchi tarafdan rahmsiz, shafqatsiz talonchilar temir tir-nog‘i ostida po‘stlari butun sidirilib, yuraklari ezilib, cho‘kub xonumonlaridan ajrab kelub turgan mazlum, nohaq faqiru bechora, yetim, g‘ariblarning burgutlar panjai margidan raho qildi… Bu kun eng qadrlik, eng g‘animatlik kun! Bu kun Ostroumof, Ilminskiy kabilarning tarbiyasida yashagan va aning maslakiga xizmat etuvchi, vatandagi o‘z oramizdan chiqqon din xoinlarini xiyonatlarin haqiqat maydoniga otur. Nohaqlarni sharmanda va sarnigun qilur».
Albatta, Hamzaning mustamlakachilarga qarata aytgan jasoratli so‘zlari Vaqtli hukumatga ham, uning o‘lkadagi hamtovoqlariga ham ma’qul bo‘lmadi, ikkala jurnal birin-ketin yopildi. Hamza Oktyabr to‘ntarishidan keyin sho‘rolar hokimiyatini qo‘llab-quvvatlovchi she’rlar, qo‘shiqlar bitdi, bolsheviklar hokimiyatining yangi shakddagi mustamlakachilik siyosatini ko‘ra olmadi. Ba’zan o‘z qobiliyatini badiiy ijodga emas, sho‘ro huku-matining targ‘ibot-tashviqot ishlariga safarbar etdi. Uning 20-yillarning o‘rtalarida yaratgan «Paranji sirlaridan bir lavha yoki yallachilar ishi» dramasi, «Burungi qozilar yoki Maysaraning ishi» hajviy komediyasi o‘zbek dramaturgiyasi va teatr san’-ati taraqqiyotiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Hamza 1926 yil 27 fevralda «O‘zbekiston xachq yozuvchisi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Hamza Hakimzoda Niyoziy 1928 yilning avgustida sho‘ro hukumatining topshirig‘iga binoan Shohimardonga boradi, u yerda mavjud hukumat siyosatini barqaror qilishda, ruhoniylarga qarshi kurashda faol ishtirok etadi va 1929 yil 18 mart kuni shu kurashning qurboni bo‘ladi. Hamzaning bir guruh mutaassiblar tomonidan o‘ldirilishi sho‘ro mafkurasida uning ijodini sinfiylik-partiyaviylik tamoyillariga asoslanib baholash uchun mezon bo‘ldi. Uni ma’naviy zamindan yulib olib, o‘zi mansub bo‘lgan jadidchilik harakatiga, uning namoyandalariga qarshi qo‘ydilar, o‘zbek sho‘ro adabiyoti va san’atining yagona asoschisi sifatida talqin va taqdim etdilar. Bu g‘ayriilmiylikning eng yuqori namunasi sifatida Hamzaga bag‘ishlangan 17 seriyali «Olovli yo‘llar» filmini ko‘rsatish mumkin. Uydirmalar asosiga qurilgan bunday asarlar Hamzaga nisbatan hurmat-ehtiromni oshirish o‘rniga unga bo‘lgan ishonch va e’tiqodga putur yetkazdi.
Sho‘ro mafkurasining bu boradagi salbiy oqibatlaridan biri shu bo‘ldiki, milliyatchi shoirning ayrim satrlari, hatto asarlariga «pardoz» berildi, «tahrir» qilindi, «Boy ila xizmatchi» dramasi 1939 yilda dramaturg Komil Yashin tomonidan sotsialistik realizm talablari asosida, aytish mumkinki, qayta yozildi.
Hamza ijodi mustaqillik, istiqlol tufayligina haqiqiy bahosini olmoqda. U hech bir bo‘rttirishsiz, qo‘shibchatishsiz ham XX asr o‘zbek adabiyotining atoqli vakili: novator shoir, hozirjavob nosir, iste’dodli dramaturg, g‘ayratli teatr arbobi, mohir pedagog sifatida zamondoshlari Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lponlar qatoridan munosib o‘rin olishga haqlidir.