Insoniyat madaniyati taraqqiyotida Uyg‘onish davri adabiyoti deb atalmish davr alohida ahamiyatga ega. Bu davr adabiyotida Yevropaning boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi Angliyada ham ilm-fan taraqqiyotining katta yutuqlarga erishuvi hamda buning ijtimoiy va iqtisodiy hayotga ta’sirini kuzatish mumkin. Angliya Uyg‘onish davri adabiyotining yorqin namoyandasi Shekspirning “Gamlet” asari paydo bo‘lgunga qadar mamlakatdagi siyosiy-ijtimoiy kolliziyalar hamda ularning yechimida zodagonlarning o‘rni va roli haqidagi masalaning ildizlarini tushunish va tasavvur qilish qiyin edi. Uyg‘onish davrida yuz bergan ulkan kashfiyotlar diniy va ijtimoiy aqidalarga bo‘lgan ishonchni susaytirdi, lekin hali odamlar tasavvurini tamomila o‘zgartirish uchun ilm-fandagi yutuqlar hamda ularning jamiyat ongi taraqqiyotidagi tub mohiyati insoniyatga bevosita va obrazli yetib borishini ta’minlash lozim edi. Bu borada badiiy adabiyotning inson va jamiyat oldidagi xizmati beqiyos. Shekspir mana shunday muhim va ulkan o‘zgarishlar davrida yashadi, ijod qildi. Uning qahramonlari o‘z davrining ulkan muammolarini anglash va yechimini topishga intiluvchi murakkab obrazlar sifatida namoyon bo‘ladi. Bunday obrazlar talqinida jamiyatdagi erkin va mutaassiblikdan xoli dunyoqarash hamda uning davr psixologiyasida aks etayotgan yangicha kontsept tasviri yotadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, shekspirshunoslikda borliq va jamiyatga munosabat masalasida “Gamlet”gacha va undan keyingi tasavvur etish”, degan tushuncha mavjud. Gamlet obrazi talqinida “o‘zini tushunish o‘zgalarni tushunishga olib keladi”, degan aqida emas, balki “uningcha, birovni yaxshi bildingmi, bas, o‘zingni ham yaxshi bilasan”[1], degan to‘xtamni ko‘rish mumkin. Birgina bu emas, faylasuflar va san’atshunoslar dunyoni “Gamletcha tushunish” deganda, ko‘proq Uyg‘onish davri, Shekspir realizmi mohiyatini nazarda tutadilar. Chunki realizm dunyoni ko‘rishni, ko‘rib bilishni (ya’ni eshitib yoki mulohaza qilib emas, bevosita o‘zlashtirishni) taqozo qiladi. Shekspir yaratgan obrazlar yangi davr, yangicha fikrlash va dunyoqarashni sharhlashi, shakllantirib berishi kerak edi. Buning uchun yangi davr mohiyatini tushunish zarur edi.
Shekspirning dramaturgiya sohasidagi ilk qadamlari milliy tarixning poetik talqiniga bag‘ishlangan dramatik xronikalar yozishdan boshlangan. Yosh dramaturgning dastlabki asarlari taniqli ingliz dramaturgi Kristofer Marloga taqlidan yaratilganini mutaxassislar qayd qilganlar[2]. Bunday taqlid, asosan, dramaning poetik fasadi, ya’ni mavzuning tanlanishi, muammoning qo‘yilishi, asarda qirollik va shaxs o‘rtasidagi ziddiyatlar hamda ularning bir-biriga munosabati masalalaridan iborat edi. Biroq Shekspir asar fasadini shakllantirish masalasida va badiiy konfliktni topish, tanlash va hal etish borasida o‘z ustozidan o‘zib ketganligi ko‘plab ilmiy manbalarda aks etgan[3].
Shu o‘rinda, Shekspir nima uchun dramaturgiya sohasidagi faoliyatini tarixiy xronikalar yaratishdan boshladi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, XVI asr Angliya adabiyotida keng qo‘llangan adabiy janrlar tarixiy xronikalar yoki tarixiy dramalardan iborat edi. Bu janrning tashkil topishiga va rivojlanishiga mamlakatda ro‘y bergan bir qator ijtimoiy-siyosiy hodisalar, tarixiy voqealar sabab bo‘lgan. Shekspir zamondoshlarining dramatik xronikalari tarixiy va siyosiy mazmuni jihatidan nihoyatda dolzarb mavzularga bag‘ishlangan. Bu masalada Shekspir ham zamondoshlaridan ortda qolmadi. U o‘z asarlarida tarixiy haqiqatni yuksak poetik mahorat bilan tasvirlay oldi; muallif xronikalarida voqealar soddalashtirilmaydi, balki asar qahramonlari orasidagi konfliktlar, xarakterlar orasidagi ziddiyatlar kuchaytirilib, ulardagi ta’sirchanlik kuchining oshuviga erishiladi.
Shekspir ijodiy faoliyatining birinchi davrida (1591-1601) o‘nta xronikal drama yaratgan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
- Genrix VI, 1-qism.
- Genrix VI, 2-qism.
- Genrix VI, 3-qism.
- Richard III.
- Richard II.
- Qirol Ioann.
- Genrix IV, 1-qism.
- Genrix IV, 2-qism.
- Genrix V.
- Genrix VIII.
Asarlarning nomlanishidan ko‘rinib turganidek, har bir tarixiy xronika ma’lum bir mavzu, davlat, qirol manfaatining alohida feodallar manfaati bilan to‘qnashuvi muammosiga bag‘ishlanadi. Bu xronikalardan dastlabki to‘rt pesa – tetralogiya, voqealar rivoji jihatidan bir-biri bilan mustahkam bog‘langan va yemirilayotgan jamiyatning dramatik epopeyasi tasvirini tashkil etadi. “Genrix VI” asarining dastlabki uch qismi (trilogiya) turli davrlarda yaratilgan. Avval uning ikkinchi qismi 1590-1591 yillarda yozilgan bo‘lib, uchinchi va birinchi qismlari esa 1592 yilda yakunlangan[4]. Bu turkumga kiritilgan pesalarni dramaturg bir maqsad yoki muammoni yoritish maqsadida boshlagan, deb faraz qilish qiyin, chunki ular yagona nom ostida birlashtirilganiga qaramasdan turli davrdagi ijtimoiy muammolar talqini bilan xarakterlanadi. Shu sabab uning zamondoshlari ham har bir pesani mustaqil asar sifatida qabul qilganlar.
Genrix VI haqidagi trilogiya o‘rta asrlar Angliyasidagi o‘zaro feodal urushlar davrining badiiy kartinasini yaratadi. Mamlakatda hukmronlik qilgan kishilar fojiasi va xalq boshiga kulfat keltirgan voqealar asarning asosiy mazmunini shakllantirgan. Mamlakatdagi anarxiyaga barham berish, mamlakatni qirol rahbarligida markazlashgan davlatga aylantirish g‘oyasi trilogiyaning va umuman, Shekspir xronikalarining o‘q tomiri sanaladi. Shekspir trilogiyasi “Genrix VI” nomi bilan atalsa-da, trilogiyada qirol bosh qahramon emas, umuman, asarda markaziy qahramon yo‘q.
“Genrix VI”ning ikkinchi qismida dramaturg xalq ommasining ijtimoiy hayoti tasvirida uning maqsad-intilishlari, orzu-umidlari nimalardan iborat ekanini oydinlashtiradi. O‘sha davr xalq qo‘zg‘olonlari epizodini yaratar ekan, Shekspir Angliya xalq ozodligi harakati tarixidan ikki qo‘zg‘olon – Genrix VI zamonidagi J.Strou va R.Ket rahbarligidagi qo‘zg‘olonlar tasviriga alohida urg‘u beradi hamda qo‘zg‘olon rahbarlari nomi ostida xalq harakatlari poetik istifodasini birlashtiradi. Adib yaratgan xalq qo‘zg‘oloni manzarasi o‘z davridagi xalq qo‘zg‘olonlarining tipik ko‘rinishidir. Dramaturg hech nimani o‘zgartirmagan, yumshatmagan holda bu qo‘zg‘olonning kamchiliklarini, uning ishtirokchilarida qat’iyat yo‘qligini real tasvirlay olgan.
Trilogiyaning uchinchi qismida Qizil gul va Oq gul (siyosiy partiyalari) urushining eng avjiga chiqqan davri orqali Lankaster va York avlodlari orasidagi keskin kurash va yorklarning taxtni egallashi voqeasi tasvirlangan. Asarda ifoda etilgan behisob jang kartinalarida har ikki sulola qonxo‘rlikda bir-biridan o‘zib ketmoqchidek bo‘lib tuyuladi.
Qirol Genrix VI obrazi trilogiyaning hamma qismlarida ham yuvosh, tinch hayotni yaxshi ko‘rgan, irodasiz, dindor shaxs sifatida tasvirlangan, u hatto cho‘pon bo‘lib tug‘ilmaganiga achinadi, butun mamlakatga rahbarlik qilgan kishi Genrix emas, balki uning xotini qirolicha Margarita ekani xronikalarda ochiq bayon etiladi.
Uchinchi xronika oxirida trilogiyani bo‘lg‘usi asarlar bilan bog‘lovchi yangi mavzu va yangi qahramon Gloster obrazi gavdalanadi. Bu asar mazmun va xronologiya jihatidan “Genrix VI” trilogiyasining davomi va birgalikda tetralogiyani tashkil qiluvchi xronikal asar “Richard III” edi. “Genrix VI”ning uchinchi qismidayoq Richard o‘z jinoiy faoliyatini boshlaydi, zolim, qonxo‘r kimsa sifatida ko‘zga tashlanadi.
Shekspir xronikalaridagi qirollar beva-bechoralarning himoyachisi emas, ular o‘z manfaatini o‘ylaydigan hukmronlar, xolos. Hamma xronikalar qirollar nomi bilan atalgan va ulardagi voqea ana shu qirol hukmronlik qilgan davrga mos tasvirlanadi. Har qaysi xronika qirol obrazi va xarakterini ochish bilan bog‘langan bo‘lsa-da, dramaturgning maqsadi qirolni ulug‘lash emas, balki o‘sha qirol davlatni idora etishga loyiqmi, yo‘qmi, degan masalani hal etishdan iborat edi. Lekin bu o‘rinda Shekspir, qirol unday yoki bunday bo‘lishi kerak, deb fikr yuritmaydi. Ular o‘z davrining vakillari bo‘lgan jonli shaxslar, davlat ham abstrakt tushuncha emas, tarixiy zaruriyat bo‘lgan siyosiy idora sifatida ko‘rsatiladi. Har bir xronika ham qirol, ham mamlakat fojiasini tasvirlaydi. Xalq dunyoqarashining ifodalovchisi Shekspir mutlaq monarxiyani mamlakat taraqqiyoti va xalq osoyishtaligini ta’minlovchi yagona, to‘g‘ri tuzum deb tushungan. Shuning uchun Shekspir ijodining birinchi davrida yaratilgan o‘n xronikani ana shu masalaga, ingliz monarxiyasining shakllanishiga bag‘ishlangan asarlar sifatida qabul qilish zarur.
Shekspir qirollarga bag‘ishlangan asarlarida muhabbatni asosiy mavzu sifatida maydonga olib chiqmaydi; bu o‘rinda dramaturg o‘z zamondoshlaridan farq qiladi. Shekspir qirollari muhabbat izhor qilish, xonimlarga xushomadgo‘ylik qilish bilan shug‘ullanmaydilar. Dramaturg tomoshabinlar diqqatini maishiy hayot tomoniga jalb etmaslik uchun ongli ravishda, muhabbat mavzusini xronikalarda asosiy deb belgilamagan va butun diqqatini masalaning ijtimoiy-siyosiy jihatiga qaratgan. Shu munosabat bilan F.Sulaymonova yozgan edi: “Shekspir qirollarga tanqidiy munosabatda bo‘ladi. U qirollarning kamchiliklari, jinoyatlari, maqsadlari va butun kirdikorlarini birma-bir ochib tashlaydi. Ularning shaxsiy fojialari qanchalik og‘ir bo‘lmasin, xalq boshiga keltirgan mashaqqatlari undan ham og‘ir. Shekspir yaratgan qirollarning deyarli hammasida salbiy xususiyatlar ustunlik qiladi. Jon – qo‘rqoq, yolg‘onchi; Richard II – maishatparast, mamlakat manfaatiga befarq qarovchi, uni sotishga ham tayyor; Genrix IV – ayyor, qasamxo‘r; Genrix VI – irodasiz, zaif, ojiz, dindor; Eduard IV – ishratparast, o‘z fikri, mustaqilligi yo‘q; Richard III – qabih, qotil, zolim, vahshiy; Genrix VIII – ayyor, ikkiyuzlamachi va boshqalar”[5].
Shekspir xronikalarida mamlakatning ijtimoy taraqqiyoti, monarxiyaning asosiy suyanchig‘i bo‘lgan dvoryanlar mol-mulki va shahar burjuaziyasining iqtisodiy hayoti, pul va ishlab chiqarish munosabatlari mohiyatining o‘sishi haqida hech qanday gap yo‘q. Xronikalar, asosan, qirolliklarda Oq va Qizil gul urushi voqealari hamda mutlaq monarxiyaning shakllanishi tarixi haqidagi ijodkorning shaxsiy munosabati tasviridan iboratdir. Qirollar qonun va an’analarga bo‘ysunishdan ko‘ra, o‘z kuchlariga ishonishni afzal biladilar, davlatdagi qirollik siyosatini o‘z manfaatlariga xizmat qildirishga urinadilar.
Shekspir asarlarida tarixiy va siyosiy voqealar ustuvor xususiyat kasb etsa ham muallif tarixga demokratik gumanizm nuqtai nazaridan qaraydi, uni sun’iylashtirmaydi ham, kamsitmaydi ham, balki xolislikka intiladi. Ammo muallif tarixiy voqealar va shaxslarni o‘z asarlarida aynan gavdalantirmaydi, avval ro‘y bergan ba’zi voqealarni keyinga, keyingini oldinga suradi, qahramonlar yoshini, fe’l-atvorini o‘zgartiradi. Demak, tarixiy vaqt bilan badiiy vaqt munosabati va muvozanatini saqlashga intiladi. Badiiy vaqt nuqtai nazaridan tarixiy voqealarning ildiziga nazar tashlaydi, o‘tmishda bo‘lgan voqealarni esga olish, xotirlash yoki tush ko‘rish kabi epizodlar bilan tomoshabin ko‘z oldida gavdalantiradi.
Qator ingliz dramaturglari, xususan, Kristofer Marlo ham tarixiy asarlarida har tomonlama rivojlangan shaxs obrazini yaratish g‘oyasini ilgari surib, jonli xarakterlarni tasvirlashga uringanlar, lekin ularda siyosiy masalalarga qiziqish, tarix va jamiyat munosabatlarini badiiy tahlil etish mahorati Shekspir darajasida emas. Shaxs taqdirini jamiyat taqdiri bilan uzviy bog‘liqlikda deb hisoblovchi Shekspir jamiyat tarixini anglash masalasida ham zamondoshlaridan o‘zib ketdi, gumanizm falsafasini davrning siyosiy, axloqiy muammolari bilan mutanosiblikda yangi pog‘onaga ko‘tardi.
Shekspirni fojialari jahonga mashhur qilsa-da, uning sahna yuzini ko‘rmagan tarixiy xronikalari shoir ijodiy merosining muhim qismini tashkil qiladi. Adibning poetik mahorati yangi qirralarini o‘rganishda bu asarlar alohida material bo‘lib xizmat qila oladi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Shekspirning “Richard III” va “Genrix IV” asarlarini xronikalar deb aytishdan ko‘ra tarixiy dramalar sifatida baholash maqsadga muvofiqdir. Chunki ular mamlakat tarixi xronikasiga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, asarlarda obrazli tasavvur va ba’zi o‘rinlarda badiiy to‘qima ustunlik qiladi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, Shekspir xronikalarini ingliz teatrlari uchun mo‘ljallangan asardan ko‘ra ko‘proq ziyolilar davrasida o‘qish uchun mo‘ljallab yozilgan dramalar sifatida qabul qilish o‘rinli bo‘lar edi.
XIX asr ingliz dramaturgiyasida shuhrat topgan Bernard Shouning “mutolaa uchun yozilgan dramalari” (“dramы dlya chteniya”) ham ma’lum ma’noda Shekspir boshlab bergan dramaturgik maktabning davomi ekanini unutmaslik lozim. “Shekspir cheksiz, – deb yozadi ulug‘ nemis shoiri Gyote, – Shekspir haqiqatan ham bepoyondir, chunki har bir davr, har qaysi millat uning asarlaridan ma’naviy ozuqa oladi”[6].
Mana, necha asrlardan beri Shekspir asarlari dunyoning millionlab kitobxonlari tomonidan sevib o‘qilib kelinmoqda. Dramaturgning tragediya va komediyalari jahon teatr sahnalaridan tushmay, aktyorlar tomonidan mahorat bilan ijro etilib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lmoqda. Shu o‘rinda o‘zbek tarjima maktabi tarixida shekspirshunoslik an’analarini esga olish jo‘yali bo‘lur edi. Xususan, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Asqad Muxtor Hamid G‘ulom, Yusuf Shomansur tarjimalarida o‘zbek o‘quvchisi Shekspir asarlarining badiiy qudrati, daho ijodkorning badiiy mahorat maktabi namunalari bilan tanishdilar. Yangi davrda taniqli shoir Jamol Kamol Shekspir asarlarini bevosita ingliz tilidan o‘zbekchaga o‘girishga erishdi. Bu bilan uni shekspirshunoslikda yangi yo‘nalishga asos soldi deb aytish mumkin. Bir vaqtlar Belinskiy “Shekspir dahosi tufayli insoniyat ongi bir-ikki pog‘ona yuksaldi”, deb ta’kidlagan edi. Shunday ekan, buyuk dramaturg asarlarini ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilish va ularning poetik mohiyatini kelajak avlodga yetkazish bizning muhim vazifamizdir.
Mahliyo Umarova,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 5-son
[1] Haqqulov I. Shekspir mash’ali. Vilyam Shekspir. Saylanma. 1- jild. – Toshkent.: Fan, 2007. – B. 23.
[2] Anikst A. A. Tvorchestvo Shekspira. – M.: Xudojestvennaya literatura, 1963. – S. 81.
[3] Shvedev Yu. Istoricheskiye xroniki Shekspira / Shekspirovskiy sbornik: 1958. – M.: Iskusstvo, 1959. – S. 78.
[4] Kornilova N. Vilyam Shekspir. – M., 1972. – S.110.
[5] Sulaymonova F. Shekspir O‘zbekistonda. – Toshkent: Fan, 1978. – B.55.
[6] Ekkerman I.P. Razgovorы s Gete v posledniye godы yego jizni. –M-L., 1974. – S.128.