(Mirzakalon Ismoiliyni eslab)
“So‘na” romani qahramonlari Artur, uning oqila sevgilisi Jemma, “Choliqushi” qahramoni Farida, AQSh adibasi Etel Lilian Voynich hamda turk yozuvchisi Rashod Nuri Guntekin (Kuntegin) nomlarini jahonga mashhur qilgan. O‘zbek adibi ustoz Mirzakalon Ismoiliy tarjimasida nashr etilgan bu ikki asar necha-necha yosh avlodni muhabbat, jasurlik va qahramonlik ruhida tarbiyaladi. Ushbu asarlar tarjimasi o‘zbek tilining boyligi va nafosatini ham namoyon qildi. Keyingi avlodga mansub adib, olim va tarjimonlar – Ibrohim G‘afurov, Mirziyod Mirzoidov, Asil Rashidov, Hasan To‘rabekov, Nizom Komilov, To‘lqin Alimov, Hayriddin Sultonov, Amir Fayzullo, Ortiqboy Abdullayev, shu qatorda kamina ham badiiy tarjima sohasida “ So‘na”, “Tirilish”, “Anna Karenina” asarlari tarjimoni Mirzakalon Ismoiliy va “Dekameron”, “Iliada”, “Usta va Margarita” asarlari tarjimoni Qodir Mirmuhammedovni, tarixiy qissalar muallifi Mirkarim Osimni doimo ustoz deb bilganmiz, ona tilimizning boyligi, ranginligini, shiradorligini ifodalashda shu ustozlardan ta’lim olganmiz. Bu ikki ustoz ikkinchi jahon urushi yillarida butun insoniyatni fashizm balosidan, qullikdan ozod qilish uchun janglarda qatnashgan, millatparvarligi sababli qatag‘onga uchrab, bosqinchi sho‘rolarning qamoq lagerlarida azob tortishgan.
Ilk hikoyamni ustoz Mirzakalon Ismoiliyga “O‘qib maslahat bering, iltimos” deb topshirdim. Ustoz hamisha rost gapirardi. U hikoyani qo‘liga olib “Shu kunlarda men Moskvaga, Ijod uyiga ketyapman, o‘sha yerda o‘qiyman,” dedilar. Ustoz “Qaytib kelganimda o‘qiyman, sabr qil” deyishi mumkin edi. Men ham “Ustoz, siz u yerda romaningiz bilan mashg‘ul bo‘lasiz, sizni chalg‘itmay, qaytib kelganingizda o‘qirsiz” deyishim kerak edi. Buni keyinchalik tushundim.
Talabalik chog‘larimda jahon adabiyotining durdona asarlarini (Aristofan, Esxil, Sofokl, Evripid, Dante, Rable, Shekspir, Balzak, Dyuma, Jorj Sand, Oskar Uayld asarlarini) o‘qib, ilk hikoyalarimni o‘zimcha a’lo bilib yurgan ekanman. Ustoz Mirzakalon Ismoiliy bir oydan so‘ng menga yozgan maktubida “Hikoyangizda lirizm, til ravonligi bor, ammo qahramonlaringiz xarakterida milliylik va hayotiylik yetishmaydi, ma’shuqaning nozikligini, go‘zalligini ko‘rsatibsiz, lekin yangi yil kechasida uning qo‘liga may to‘la qadah tutqazishingiz yaxshi emas va hokazo, va hokazo, asaringiz ham juda bo‘sh”. Albatta, ustozning bu fikrlarida haqiqat bor edi, ammo maqtov kutgan yosh yozuvchiga bu tanqidni ko‘tarish oson emas edi. Ammo unchalik xafa bo‘lmadim. Universitetda (1957–1962) biz bilan oldinma-keyin Erkin Vohidov, Ibrohim G‘afurov, Abdug‘afur Rasulov, Umarali Normatov, Rahmatilla Inog‘omov, Abdulla Oripov, Tohir Malik, Shukur Xolmirzayev, Sa’dulla Siyoyev, Begali Qosimov, Rixsiboy Muhammadjonov o‘qirdi. Ustozlarimiz Alibek Rustamov, Fozila Sulaymonova, Tursun Ibrohimov, Yusuf Tohiriy, Anvar Shomaqsudov, Seksanova, Perepelitsina, Godenik, Ozod Sharafiddinov, Laziz Qayumov, Ochil Tog‘ayev darslarini tinglab, olam-olam bilimlarni o‘zlashtirdik, a’lo o‘qidik. Goho yotoqxonada tong otargacha dars tayyorlar edik.
Atoqli adibimiz Tohir Malikning “Ozod inson haqida qo‘shiq” asari qahramonlaridan Laziz Azizzoda, Yusuf Tohiriy, Nabi Yusufiy, Meli Jo‘ra (u asarda Meliyev deyilgan), Rustam Abdurahmonov, Mumtoz Muhammedovlar bilan kamina ko‘p hamsuhbat bo‘lganman. Bulardan ko‘pchiligi II jahon urush yillarida front gazetalarida ishlab, ofitserlik unvonida ekanligini, buyuk g‘alabaga hissa qo‘shganliklarini bilardik. Ba’zilari bilan “O‘zdavnashr” da birga ishladik. Tohir Malikning “Ozod inson haqida qo‘shiq” kitobida adib M.Ismoiliyning mardlik va matonatga, azob-iztiroblar va qahramonliklarga to‘la hayoti, qatag‘onda qatnashganlari mufassal tasvirlanadi.
Tohir Malik o‘z qahramoni, tog‘asi va ustozi Mirzakalon Ismoiliy hayotini chuqur o‘rganib, ustozining boshidan kechirganlarini, qalbidan o‘tkazganlarini shu qadar mufassal va ravshan tasvirlab berganki, bu asar milliy istiqlol davri o‘zbek biografik, memuar adabiyotida bebaho bo‘lib, vatanni sevgan, sof vijdonli kitobxonlarning qalbini to‘lqinlantiradi. Tohir Malik bu asarida M.Ismoiliy yashagan va istiqlol uchun kurashgan davrning ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan fojialarini haqqoniy tasvirlaydi. Sho‘ro bosqinchilari xalqimizning eng iste’dodli ziyolilarini, ma’naviy rahnomalarini shafqatsiz qirib, mahbuslikda saqlab, otib, Sibir o‘rmonlariga surgun qildi. Ularni yo‘qotibgina qolmay, borlarini ham qamoqqa olish, terror yo‘li bilan bir-biriga qayrab, sotqinlik qilishga majburlar edilar. Sovetlar o‘ttizinchi va elliginchi yillarning boshlarida inson huquqlari, shaxs daxlsizligi, erkinligini bo‘g‘ib, demokratiya o‘rniga diktaturani kuchaytirdilar.
Tohir Malik “Ozod inson haqida qo‘shiq” kitobida hatto Mirzakalon Ismoiliydek sof vijdonli ijodkor ham GPU tazyiqi ostida, o‘z xotini va bolalari qamalmasligi uchun o‘zi sevgan milliy istiqlolchilarni – Abdulla Avloniy, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Shokir Sulaymon, Elbek va boshqalarni dushman, millatchi, deb yozib berishga majbur bo‘lganligini ko‘rsatadi. Muallif haqqoniy tasvirlashicha, qamoqxonada adib ko‘p o‘ylab, oqilona yo‘l tutgan – o‘ttiz yettinchi yillarda qatl etilganlarni yomonlayvergan va o‘z do‘stlari, zamondoshlari Mirtemir, Shayxzoda, Oybek haqida sira yomon gap aytmagan, o‘zi haqida esa, men Cho‘lpon she’rlaridan zavqlandim, unga kotib bo‘lib, ashaddiy millatchi bo‘ldim, deb yozib beravergan.
Tergovchi esa ayyor va makkor, “Bu eski gap, sen bizga yangi dushmanlarni topib ber”, deb qiynaganlar. Elliginchi yillarda ham GPU tergovchilari, Moskva buyurgan reja bo‘yicha ko‘proq ziyolilarni qamoqqa olish planini bajarish uchun tinimsiz ishlar edi. GPU urush davrida o‘zbek jurnalistlari va yozuvchilari Germaniya va Polshada, har bir shaharda va xonadonda nima haqda suhbatlashgani, kim sovetlarga qarshi nima deganini bilib olganligi sho‘ro josuslarining o‘ta xiylakor bo‘lganini ko‘rsatadi. GPU josuslari har bir ishxona, institutda ayg‘oqchilardan foydalanib, turli viloyatlarning talabalarni bir-biriga qayrab, jallod boltasining sopini kesiladigan daraxtning o‘zidan chiqarar edi. “Millatni xaroblik botqog‘iga aynan mahalliychilik botirishini u (M.Ismoiliy) Botuning suhbatlari orqali anglagandi. Toshkentlik farg‘onalikni, samarqandlik xorazmlikni, termizlik buxorolikni ko‘rolmas edi. Bugun bilim olib, ertaga xalqni g‘aflat uyqusidan uyg‘otishi kerak bo‘lgan yigitlarning ahvoli millat kelajagiga katta zarar keltirardi. M.Ismoiliy eslashicha, 1920-yillar oxirida Toshkentda Erlar bilim yurti bilan Xotin-qizlar bilim yurtining birlashgan havaskorlik drama to‘garagi tashkil etilgan. Shu to‘garakda qatnashganlar orasida Hamidaxon degan qizga hamma yigitlar oshiq bo‘lgan, u boyning qizi bo‘lsa ham, kambag‘al yigit M.Ismoiliyning kelajagi borligini tushunib, uni tanlaydi. Toshkentlik talaba yigitlar baxilligi tutib, “Eng sara qizimizni andijonlik kelgindi olib ketadimi, bularni o‘ldiramiz”, deb tahdid qildilar. Bu haqda “Er yuzi” jurnali va Moskvadagi “Komsomolskaya pravda” gazetasida tanqidiy maqolalar bosildi. Yoshlar tashkilotida muhokama qilinib, M.Ismoiliy komsomollar safidan o‘chirildi.
Tohir Malikning mazkur kitobida M.Ismoiliyning o‘zi yozgan nodir, bebaho ma’rifatga boy esdaliklarini o‘qib, hayratga tushamiz. Bularning ko‘pchiligi qamoqxonada GPU tazyiqi bilan yozilgan iqrornomalar bo‘lgani bilan vatanimiz ham madaniyatimiz tarixi uchun juda qimmatlidir. “1928 yil. Bilim yurtini bitirib, mustaqil hayotga otlandim. Men o‘qishga sof yurak va yaxshi niyatlar bilan kirgan edim, ammo u mening qalbimga millatchilikning qora urug‘ini sepib chiqardi… Respublikada o‘zbek yozuvini arab alifbosidan lotin alifbosiga ko‘chirish tayyorgarligi bormoqda. Shu munosabat bilan Maorif xalq komissarligi Samarqandda lotinlashtirish instruktorlari tayyorlaydigan uch oylik kurs ochdi. Komissarlik meni ana shu kursga yubordi. Samarqandning Qo‘shhovuzida joylashgan ushbu kursda G‘ozi Yunus, Fitrat, Qayum Ramazon va boshqa millatchilar o‘z kirdikorlarini davom ettirardilar. G‘ozi Yunus Shayboniyxon kabilarni ideallashtirsa, Fitrat Bedil kabi mistik, Husayn Boyqaro kabi mustabid shoirlarni adabiyot dunyosining ko‘klariga ko‘tarar edi. Bu kursda aslan millatchilar tayyorlanar edi…
O‘sha mash’um yillarda sovetlar, oliy kengash, vazirlar kengashining ham huquqlarini, butun hokimiyatni tortib olgan. VKPB Markazqo‘mining siyosiy byurosi millatparvar, elparvar odamlarni xalq dushmani deb, uchlik deb atalgan soxta komissiyalarning qarori bilan otib tashlanar yoki 25 yilga ozodlikdan mahrum qilinar edi. M.Ismoiliy oilasi, farzandlarini qutqarib qolish uchun o‘zining otilishiga rozi edi. Shu sababli, tergovchi talab qilgan iqrornomalarda o‘zining “ashaddiy millatchi” Cho‘lponning sodiq shogirdi ekanligini yashirmadi:
“Shunday qilib, men Cho‘lponning kotibi bo‘lib qoldim. Endi biz tez-tez uchrashib turar, ishga (ijodga) oid, ishdan tashqari, xorijiy masalalar haqida ham gaplashar edik. Cho‘lpon yangi yozgan she’rlarini ba’zan o‘qib turib, yig‘lab yuborar edi. Bir kuni Cho‘lpon menga yig‘lab turib, shu so‘zlarni aytdi: “Millat xarob bo‘ldi. Uning eng muqaddas narsalari – hurligi, shon-sharafi qo‘ldan ketdi! Har qadamda yuragimiz qush hadigi bilan uradi. Endi bizning vazifamiz, kelajak avlodning vazifasi – millatni sharmandalarcha qullikdan, haqorat va xo‘rlikdan qutqazish (ya’ni, ruhini ko‘tarish – M.M.) bo‘lishi kerak!”
Shu iqrornomani M.Ismoiliy bunday tugatadi: “Kurs tamom bo‘ldi. Men Toshkentga qaytdim. Ammo bilim yurti yuragimga sepgan millatchilikning urug‘ini Samarqandda Cho‘lpon sug‘orib, undirib qaytardi..”.
Mahbuslikda M.Ismoiliy rus daho shoiri Lermontov yozgandek:
O‘tiribman qamoqda, zah zindonda,
Men yosh burgut tutqunlikda, hijronda,
deya, ustozi Cho‘lponning “Buzilgan o‘lkaga” she’rini yodlardi:
…Nega tag‘in tanlaringda qamchilarning kulishi?
Nega sening turmushingda umidlarning o‘lishi?
Nima uchun ko‘zlaringda tutashguvchi olov yo‘q?
Nima uchun tunlaringda bo‘rilarning qorni to‘q?
Nima uchun borlig‘ingda bu daraja buzuqlik?
Nima uchun o‘ch buluti sellarini yog‘dirmas?
Nima uchun Kuch tangrisi bor kuchi-la soldirmas?
Ey, har turli qulliklarni sig‘dirmagan hur o‘lka,
Nega sening bo‘g‘izingni bo‘g‘ib turar ko‘lanka?
Bu dardli va olovli satrlarni M.Ismoiliy O‘shdagi yetimxonada o‘qib, yodlab olgan edi. Keyinroq bu asarga raddiya sifatida shoir G‘ayratiyning “Tuzalgan o‘lkaga” degan she’ri bosilganini bildi. Cho‘lpon bir majlisdan keyin G‘ayratiyga debdiki: “Hozir senga o‘xshagan komsomollarning zamoni kulyapti. Keyinroq borib, sharmanda bo‘lishdan qo‘rqqin..”.
Ustozi Cho‘lpon, albatta, vaqti kelib Turkiston, O‘zbekiston istiqlolni qo‘lga kiritishiga ishonchi, iymoni komil edi.
Urush yillari M.Ismoiliy SSSRdagi barcha qadrdon respublikalarning tillarida chiqadigan “Qizil Armiya” gazetasining o‘zbekchasida bosh muharrir o‘rinbosari edi. Janglar borayotgan vaqtda ham frontdagi milliy ziyolilarimiz Behbudiy, Munavvar qori, Cho‘lpon nohaq qatl etilganini eslab, ruhan ezilar edilar. Bu kayfiyatdan foydalangan ayrim yurtdoshlar o‘zbek jurnalist ofitserlarini Qizil Armiyadan qochib, Germaniya tuzgan Vali Qayumxon, Mustafo Cho‘qayev boshliq milliy legioncha o‘tishga da’vat qilar edilar. M.Ismoiliy bosqinchi Germaniya homiyligidagi bu legiondan tayinli ish chiqishiga ishonmadi. Ammo u Vali Qayumxonni Turkistonni bosqinchi sovetlar asoratidan ozod etish istagi uchun milliy qahramon deb hurmat qilar edi. Bir kuni do‘stlari sinab ko‘rish uchunmi, Vali Qayumxon jangovar do‘stlari bilan mehmonda o‘tirgan suratini unga taqdim qildilar. Mirzakalon Ismoiliy bu kishini hurmat qilgani uchun o‘sha rasmni yo‘qotmay, saqlab qo‘ydi. Urushdan keyin kimningdir chaquvi bilan GPU josuslari uyni tintuv qilib, o‘sha suratni, Brauning to‘pponchasini topib oldilar va M.Ismoiliyni fashistlar tomonga qochib o‘tishni niyat qilgansan, sen Vatan xoinisan, deb aybladilar. M.Ismoiliy hibsda xo‘rlik va xorlik, qiynoqlardan ko‘ra, o‘lganim yaxshi deb, bunday niyati bo‘lmasa ham, “Ha, qochmoqchi edim, men xoinman,” deb yozib berdi. Ammo GPU tergovchilari bunga ishonmadilar, shu sababli uni otib tashlamadilar.
Xullas, adibni Xudo asradi. Ustoz tarjimon, muharrir, fashistlar qo‘lida asirlikdan qochib qutulgan Qodir Mirmuhammedovni ham shunday aybnoma bilan qamagan edilar. Ammo 1956 yilda N.S.Xrushchev davrida qatag‘onlarga chek qo‘yilib, o‘limlardan omon qolgan ziyoli mahbuslar, shu jumladan, Mirzakalon Ismoiliy, Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, Hamid Sulaymon, Qodir Muhammedov, Shukrullo, To‘xtasin Jalolov, Mirkarim Osim va boshqalar vataniga, oilasi bag‘riga qaytib keldilar va iste’dodi, jo‘shqin ijodi bilan, millatiga, xalqiga xizmat qilishda davom etdilar.
XX asrning saksoninchi yillarida Adabiyot va san’at nashriyotida ishlab turgan vaqtimizda Mirkarim Osim haqida kitob – adabiy portret yozishni Naim Norqulov va Mahmud Sattorga, Mirzakalon Ismoiliy haqida kitob yozishni yozuvchi va olim Shodmon Otabekka topshirildi. Ular ishga zavq bilan kirishdilar, shu tariqa bu ikki zahmatkash, millatparvar adib hayoti va ijodi haqida mo‘jazgina kitoblar paydo bo‘ldi.
Tohir Malik “Ozod inson haqida qo‘shiq”da I.Ismoiliyning qahramonona hayotini yorqin aks ettirgan bo‘lsa, Shodmon Otabek atoqli adibning badiiy tarjimachilik sohasidagi ijodiy izlanishlarini, boy tajribasini, mahorat sirlarini mufassal yoritdi.
Shodmon Otabek ustozi M.Ismoiliy bilan ko‘p marta suhbat qurib, aniqlashicha, adib E.L.Voynichning “So‘na” romanini uch marta – 1934, 1936, 1956-yillarda nashr etilganini va har yilgi nashrida adib o‘z tarjimasida uchratgan kamchiliklarni tuzatib, sayqallab borganini aytadi. Tadqiqotchi bu asar tarjimasidagi bir jumlaning uch nashrda bunday tahrir qilinganini ko‘rsatadi:
“So‘na”ning 1934-yilgi nashrida: Jemmaning chiroyi haqida:
“Voy aylanay, bugun qanday chiroyli bo‘lib ketibsiz-a!”
Asarning 1936-yilgi nashrida:
“Voy aylanay, bugun qanday ochilib ketibsiz-a?”
Romanning 1956-yilgi nashrida:
“O, bugun muncha ham kuydirmajon bo‘psiz!”
Shodmon Otabek yozadi: “So‘na” romani ayrimlar o‘ylaganidek, shunchaki bir inqilobchi haqidagi oddiy asar emas. Asar boshdan-oyoq yurakni orziqtiruvchi, samimiy ehtiros va ajib sehrli joziba bilan yo‘g‘rilgan. Ana shu tuyg‘ularni o‘zbek kitobxonida ham uyg‘ota olgani M.Ismoiliyning katta yutug‘idir. Ha, tarjimon asar ruhi, qahramonlarining dardu quvonchini kitobxon qalbiga ham ko‘chira olgan.
AQShda yashagan frantsuz adibasi Etel Lilian Voynich ijodi haqida “So‘na” izidan” nomli ajoyib kitob yozgan mashhur olima Yevgeniy Taratuta bir yili M.Ismoiliyga xat yo‘llab, roman tarjimasi tarixi haqida yozib yuborishini so‘ragan (xat nusxasi Shodmon Otabekning shaxsiy kutubxonasida saqlanadi).
1973 yil. Ustoz Asqad Muxtor rahbarligida “Guliston” jurnalida Vahob Ro‘zimatov, Anvar Eshonov, Murod Xidir, Mahmud Sa’diy, Xayriddin Sulton, Abdulla Sher kabi iste’dodli adiblar, shoirlar, tarjimonlar bilan ishlaymiz. Asqad aka kaminaga “Mahabhorat”ni ruschadan tarjima qilishni topshirdi. Yana bir qancha durdona asarlarni boshqalarga tavsiya qildi. Hindistonda ishlangan “Mahobhorat” filmini do‘stimiz Amir Fayzullo tarjima qilayotganini bilardim. Dostonni ham hindshunos Amir tarjima qila qolsin dedim. Men bir fantastik qissa ustida ishlayotgandim. Shuni tugatish uchun Yozuvchilar uyushmasidan Qora dengiz bo‘yidagi Gagra kurorti – ijod uyiga yo‘llanma oldim. Uchqichda Sochiga, undan xushmanzara so‘lim oromgoh Abxaziyaning Gagra ijod uyiga bordik. Kelgan kunimiz ustoz Mirzakalon Ismoiliy yo‘llanma muddati tugab, Toshkentga qaytayotgan ekan. Xuddi Andijonda, Buloqboshida yurganday, boshida chust do‘ppi, oyog‘ida kirza etik, choponini yelkaga tashlab olibdi. Hol-ahvol so‘rashib, kuzatib qo‘ydik. Aytishicha, “Farg‘ona tong otguncha” romanining davomini yozibdi. Hali tugamabdi. Gagra ijod uyida shoir Ma’ruf Jalil ham bo‘lib, u bir kecha kun avval Toshkentga qaytgan ekan, vestibyulda suratlarini ko‘rdik.
Har gal ustoz ziyoratiga borganimizda bizni ruhlantirar, pok vijdon bilan yashashga da’vat qilardi. Afsuski, ustoz istiqlolni ko‘rmadilar. Agar O‘zbekistonning mustaqillikni qo‘lga kiritganini ko‘rganida qayta tug‘ilganday baxtiyor bo‘lar edi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 6-son