Mahbuba Qodirova. «Komila devoni» (1989)

Ul shakar labki jondin aziz,
Kimki yo‘q ondin aziz, ondin aziz.
Keldi ashraf barcha olam ahlidin.
Yo‘qturur dunyoda insondin aziz.

Ushbu satrlar butun ijodida insonni ulug‘lab, muhabbat, vafo va sadoqatni kuylagan Mohlar oyim — Nodiraning yangi aniqlangan «Komila devoni»dagi she’rlaridandir. Shoira XIX asrning birinchi yarmida nihoyatda murakkab feodal xonliklari davrida yashab, o‘zining xalqchil mundarijaga ega bo‘lgan asarlarini yaratdi. U ko‘p asrlik o‘zbek adabiyotining Alisher Navoiy va Lutfiy, Bobur va Mashrab kabi namoyandalariga izdosh bo‘lib, asarlarida insonni sharafladi, uning orzu-intilishlariga xayrixoh bo‘ldi.

Nodiraning janr jihatdan rang-barang asarlari uning devonlarida jamlangan. Shuningdek, shoiraning she’rlari alohida daftarlarda, bayozlarda ham ko‘plab uchraydi. Bizgacha yetib kelgan poetik merosidan anglashilishiga ko‘ra, shoira Nodira Komila va Maknuna taxalluslari bilan o‘zbek va tojik tillarida she’rlar yozgan. Nodira devonlarining qo‘lyozmalari bugungi kunda O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va H. Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar instituti fondlarida saqlanmoqda. Shu manbalar asosida Nodira asarlarining bir necha nashrlari o‘zbek, tojik va rus tillarida amalga oshirilgan.

Jurnalxonlar shoiraning Nodira taxallusi bilan yozilgan o‘zbek tilidagi she’rlari, Maknuna taxallusli tojik tilidagi asarlari va uning tarjimalari bilan tanishdirlar. Lekin bugungacha shoiraning Komila taxallusli she’rlarining oz qismigina ma’lum edi, xolos. Yaqinda Samarqand shahrida shoiraning Komila taxallusi bilan yozilgan o‘zbek va qisman fors-tojik tillaridagi she’rlaridan iborat bir qo‘lyozma devoni borligi aniqlandi. Hozirgi kunda devon qo‘lyozmasining asli o‘sha

erda istiqomat qiluvchi she’riyat muxlisi Mahmud Diyoriyning shaxsiy kutubxonasida saqlanmoqda. Devonning fotonusxasi esa O‘zSSR FA H. Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar instituti fondiga qabul qilib olindi.

Ushbu devondagi she’rlarning ko‘pchiligi ilgari nashr etilgan Nodira va Maknuna devonlariga kiritilgan. Shu bilan birga Komila devonida hali kitobxonlarga va fan ahliga ma’lum bo‘lmagan talaygina she’rlar ham mavjuddirki, bular shoira ijodiy merosining yanada boyligidan dalolat beradi.

Devon O‘rta asr Sharq kitobat an’analari asosida tuzilgan. U shoiraning o‘zi tomonidan nasr va nazmda yozilgan debocha bilan ochiladi. Bunda Nodira o‘zining hayot yo‘li, ijodiy va ijtimoiy faoliyati haqida ancha keng ma’lumot berishga harakat qiladi. Shoira kitobxonlarga murojaat etib: «Al mulaqqab bil Komila andog‘ bayoni hol izhor etarkim», deb ushbu devonda Komila taxallusi bilan yozilgan she’rlari jamlanganligini ta’kidlaydi.

Debochada hayotning achchiq-chuchugini o‘z boshidan kechirgan shoiraning odamlarga yaxshilikni singdirishdan, ilmu irfon nurlarini tarqatishdan iborat shiorga amal qilgani sezilib turadi. Unga ilova qilingan ikkita ruboiysida shoira o‘z asarlarining «iqbol bayozlariga muvofiq tushishi», «ishq egalarini xushnud etishi» bilan «xaloyiqning tabiatiga muvofiq kelishi»ga ishonch bildiradi.

Yo rab, bu savod ishqida sodiq bo‘lg‘ay.
Iqbol bayozig‘a muvofiq bo‘lg‘ay.
Ishq ahlining xotiri bo‘lib xush andin.
Maqbuli tabiati xaloyiq bo‘lg‘ay.

Devonda o‘zbek va tojik tillarida yozilgan Komila taxallusidagi 373 (7000 misradan ortiqroq) she’rlar jamlangan. Undagi g‘azal, muxammas, musaddas, musamman, tarkibband, tarji’band va firoqnomalarning ko‘pchiligi, yuqorida qayd etganimizdek, shoiraning Nodira va Maknuna devonlariga kiritilgan asarlardir. Eng muhimi shundaki, devonda shoiraning ikki yarim ming misradan ortiqroq yangi asarlari mavjuddir. Bular o‘zbek tilidagi 111 g‘azal (1845 misra), 2 qasida (94 misra), fors-tojik tilida 28 ta g‘azal (332 misra), 3 qasida (190 misra), 2 muxammas (60 misra) va bitta musaddas (30 misra)dan iboratdir.

Shoiraning Nodira taxallusi bilan yozilgan ilgarigi qo‘lyozmalarida, garchi devon tuzish qoidasiga amal qilingan bo‘lsa ham, ularda «z, r, s, ayn, g‘, k, n, ng, m, f, l, q, u, vov, yoy» harflari bilan tugallanuvchi radif va qofiyalardan iborat she’rlar juda siyrak yoki yo‘q daraja edi. Qo‘limizdagi yangi devonda esa radif va qofiyalarga ko‘ra harflar to‘liq bo‘lib, ularga ko‘plab she’rlar bitilgan. Shuninguchun ham ushbu «Komila devoni»ni ancha mukammal deb ayta olamiz.

Devonning oxirgi sahifalari yirtilib, yo‘qolib ketganligi uchun uning qachon ko‘chirilganligi ma’lum emas. Ammo she’rlarning mazmuniga ko‘ra, shoira o‘zi hayot vaqtida tuzilgan birdan-bir mukammal devon deyishga asos bor. Aftidan, shoira o‘zining dastlabki ijodida o‘zbek va fors-tojik tillaridagi she’rlarini Komila taxallusi bilan yozib muxtasar devon tuzgan. Ayni paytda shoira o‘z asarlarida keyinchalik Nodira va Maknuna taxalluslarini ham qo‘llagan. Bugungi mavjud devon qo‘lyozmalarida ushbu uch taxallus teng qo‘llanilgan.

Nodiraning ko‘plab yangi she’rlarining aniqlanishi shoira ijodiy olamiga chuqurroq kirishga va keng tadqiqot olib borishga vosita bo‘lmoqda. Bu asarlar shoira ijodining real dunyoga bo‘lgan muhabbati, insonparvarlik mayllarini o‘rganish, ayni paytda Nodira asarlaridagi satirik tomonlarini belgilashda muhim manba hisoblanadi.

Bu bebaho meros adabiyotimizdagi insonparvarlik an’analariga asoslangan, o‘z davri adabiyotini g‘oyaviy-badiiy asarlar bilan boyitganligi jihatdan alohida ahamiyatga molikdir.

Mahbuba Qodirova, filologiya fanlari doktori

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 1-son