XIX asr frantsuz madaniyati tarixida siyosatga, san’atga, adabiyotga daxldor shaxs – davlat arbobi, tarjimon, olim va katta yozuvchi sifatida yorqin iz qoldirgan Prosper Merime sarhadlar osha qadr topgan, yozganlarini xalqlar sevib mutolaa qilishga munosib ijodkorlardan. Uning katta yozuvchi ekanligini ta’kidlashimizning boisi shuki, har bir asari bilan o‘z davri kishilarining qalbiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib borish, o‘tkir badiiy tasvirlarda ifodalangan, teran, ta’sirchan fikrlari bilan jamiyat hayotining muayyan nuqtalarini yorita bilish xislati faqat u singari katta va chinakam qobiliyat sohiblariga xosdir. Adabiy merosining tarkibi va ko‘lamiga e’tibor qilsak, Merime ijodida hajmi katta romanlar kam uchraydi. Aksincha, u adabiyotning dramaturgiya va asosan qissanavislik yo‘nalishlarida ko‘proq qalam tebratgani ma’lum. Bu yo‘nalishlarda yozilgan barcha asarlari – garchi ular shaklan kichik, hajman oz bo‘lsin – muallifga ulkan shuhrat, omadu iqbol keltirolgan. Bugun ham Merime adabiy merosidagi ana shu o‘lmas asarlar jahon adabiyotida, nasr va dramaturgiyada, ayniqsa kino va teatr san’atida zanglamas qurol, eskirmas manba bo‘lib xizmat qilayotir.
Hayot yo‘lini faqat ilmu ijod dardida g‘oyat jo‘shqin va mazmundor o‘tkazgan bu ijodkor 1803 yilning 28 sentyabrida Frantsiya poytaxti Parijda kimyogar va rassom Jan Fransua Leonor Merime oilasida dunyoga keldi. Uning onasi ham tasviriy san’at sohasida ijod qilar, shu sababdan ularning xonadonida san’atga munosabat doim jiddiy va yuqori darajada edi. Ota-onasi yosh Prosperning yaxshi ta’lim-tarbiya olishi va kamol topishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratib berishga harakat qilgan. Bo‘lajak yozuvchini 1811 yilda imperatorlik litseyiga o‘qishga beradilar. Tahsilni tamomlagach, 1819 yildan otasining maslahati bilan o‘qishni Parijdagi oliygohda yuridik soha bo‘yicha davom ettiradi va to‘rt yildan so‘ng advokatlik diplomiga ega bo‘ladi. Prosper o‘qish davomida bir necha xorijiy tillarni, tarixni jiddiy o‘rganadi. O‘z uyida san’at va fanlar to‘garagini tashkil etadi. U uyida tashkil qilgan ilmiy-adabiy kechalarda nafaqat frantsuzlar, balki, ingliz, nemis va rus ijodkorlari ham qatnashadi. Yosh Merimening o‘zi Amper, Alber Shtapfer kabi olimlar, Stendal va Deleklyuz singari yozuvchilar bilan mustahkam ijodiy do‘stlik rishtalarini bog‘laydi. Uning badiiy didi va dunyoqarashi shakllanishida ayniqsa, Shtapfer va Deleklyuzlarning ta’siri katta bo‘ldi. Merime ulardan ko‘p saboqlar oldi.
1830 yilga kelib mamlakatda hokimiyat qirol Lui Filipp (1848 yilga qadar hukmronlik qilgan) qo‘liga o‘tishi bilan Merimening siyosiy martabasi yanada yuksaldi. 1831 yildan Merime davlat ishlarida qatnashib, savdo-sotiq vaziri lavozimida faoliyat olib bordi, 1834 yilda esa tarixiy yodgorliklar bo‘yicha komissiyaning bosh inspektori etib tayinlanadi. Merime uzoq yillar turli lavozimlarda ishlab, siyosiy arbob bo‘lib tanildi, noshir sifatida ko‘plab siyosiy-ijtimoiy kitoblar, tarixiy solnomalar nashr ettiradi. Bu xizmatlari uchun 1844 yilda qirq bir yoshidayoq Frantsiya Fanlar Akademiyasi a’zosiga aylanadi, 1852 yilda Faxriy legion ordeni bilan mukofotlanadi, keyinchalik senator bo‘lib saylanadi. Mamlakat boshqaruvida taniqli shaxsga aylangan Prosper Merime 1860 yilga qadar uzluksiz mehnat bilan shug‘ullanadi. Hayotining so‘nggi yillarida astma kasalligiga duchor bo‘lib, mamlakatning janubiy hududlariga borib yashashga majbur bo‘ladi. Merime 1870 yilning 23 sentyabrida aynan shu xastalik tufayli vafot etdi.
O‘zining oltmish yetti yillik umri davomida yurt uchun halovat bilmay yashagan, mehnat qilgan, asarlar yaratgan yozuvchining adabiy faoliyati bir necha yo‘nalishlarga bo‘lib o‘rgangulik serqirra va sermahsul edi. Merime badiiy tafakkuri boy ijodkor sifatida bir umr to‘xtovsiz ijodiy faoliyatda bo‘ldi, yozish-yaratishni bir zum to‘xtatmadi. U yuqorida aytganimizdek, adabiyot sohasiga juda erta kirib keldi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, u adabiyot maydoniga kirib kelishi bilanoq (yigirma yoshida!) adabiy davralar qahramoniga aylandi, nazarga tushdi.
Uning ilk ijod namunasi “Kromvel” tarixiy dramasi edi. Bu birinchi asar do‘stlari tomonidan unchalik yuqori baholanmagani uchun dramani nashr qildirishga shoshilmadi. Keyinchalik, 1820 yillarning o‘rtalarida ispan tilidan bir qancha mumtoz dramalarni frantsuz tiliga tarjima qiladi va ularni bir muqova ostida chop ettiradi (uning mazkur tarjimalariga ispan sayyor teatri aktrisalaridan biri taqriz ham yozdi). 1827 yili Merimening “Gusli” deb nomlangan xalq og‘zaki ijodidagi afsonalar va mashhur latifalardan iborat ikkinchi to‘plami chop etildi. To‘plam ancha-muncha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Merime ijodida tarix mavzusi hamisha muhim o‘rin tutardi. Chunki u tarixni juda ko‘p o‘qigan va tarixiy voqealarni badiiy asarlarda aks ettirishni xush ko‘rardi. 1928-1829 yillarda dunyoga kelgan “Jakeriya”, “Karvaxallar oilasi” kabi dramalari, “Karl IX davri xronikasi” romani Frantsiya tarixini teran aks ettiruvchi ana shunday solnoma-asarlaridan hisoblanadi.
Merime nashriyotlarda ham ma’lum yillarda faoliyat yuritgan, “Revue de Paris”, “National” kabi yirik nashriyotlar bilan juda yaqin aloqada bo‘lgan. Aynan mana shu nashriyotlar uning “Tamango”, “Perl Toledo”, “Etrusklar vazasi”, “Qo‘sh xato” kabi qissalarini chop qiladi. 1839 yilda u Korsika oroliga sayohat qiladi. Bu sayohat davrida uning “Kolombo” qissasi dunyoga keldi.
Uning eng mashhur asari – “Karmen” novellasi 1845 yil yoziladi. Lo‘li qiz Karmen obrazi orqali shuhrat qozongan mazkur asar motivlari bo‘yicha Lyudovik Galevi va Andre Melyaklar tomonidan yaratilgan libretto frantsiyalik kompozitor Jorj Bizening shu nomli operasiga asos bo‘ldi. Opera va unga yozilgan musiqa ohanglari bugungi kunda ham dunyoga juda mashhurdir. “Norozilik”, “Ikki voris yoxud Don Kixot”, “Afrika sevgisi” dramalari ham boshqa asarlari singari Yevropa va jahon teatrlari sahnalarida muvaffaqiyat qozonadi. Pesalari jamlangan “Klara Gasul teatri” kitobi esa dunyoning juda ko‘p tillariga tarjima qilingan.
Adabiyotga muhabbat va tarjima Prosper Merime ijodining yana bir muhim, ajralmas qismi bo‘lganligi sababli, uning tarjimalari ham e’tiroflarga munosib. Merime avvalo rus adabiyotining ashaddiy muxlisi edi. Qolaversa, u rus adabiyotini va rus tilini chuqur o‘zlashtirganligi bilan Frantsiyada katta obro‘ga ega bo‘lgan. Pushkin, Turgenov va Gogolning asarlarini aslida o‘qigan, ularning ijodiga katta ehtirom bilan qaragan, asarlarini tarjima qilib, frantsuz xalqiga yetkazishga intilgan. 1849 yilda u Pushkinning “Qarg‘a motkasi” asarini frantsuz tiliga tarjima qildi, Gogol haqida o‘nlab maqolalar, adabiy etyudlar yozdi, 1853 yilda Gogolning “Revizor” komediyasini, Turgenevning “Otalar va bolalar” romanini frantsuz tiliga o‘girdi. U rus davlati tarixiga ham jiddiy qiziqib, shoh Pyotr I haqida juda ko‘p maqolalar chop ettiradi. Bundan tashqari Gretsiya, Italiya va Rim tarixi, qirollar hayoti haqida xronik-tarixiy asarlar yozgani uchun ham tarixchi olimlar orasida doimo ardoqda bo‘ladi.
“Lokis” nomli qissasi Merime umrining oxirgi yillarida chop etilgan eng so‘nggi ijod namunasi bo‘ldi. Uning vafotidan keyin “So‘nggi novellalar” nomi ostida eng yaxshi hikoyalari va “Moviy xona” nomli xatlar to‘plami nashr qilinadi. Yozuvchining qissalari dunyoning ko‘p tillariga, shu jumladan, o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan.
Uning qahramonlari ham o‘zi kabi hamisha jo‘shqin, mehnatga va mehrga tashna, kurashuvchan obrazlardan iborat. Atoqli rus tadqiqotchisi Yu. M. Lotman maqolalarining birida yozuvchi ijodining xos jihatlari haqida shunday yozadi: “Ekzotika, fantastika, mifologiya Merime ijodida hamisha aniq makonda, aniq chiziqlarda tasvirlanadi”. Ya’ni, bir so‘z bilan aytganda, Merimening badiiy tafakkur yo‘li romantika va reallik o‘rtasidadir. Shu tufayli u hamisha qalbga yaqin, hamisha zamonaviy yozuvchi sifatida nom qozonib keldi. Bugungi kunda ham u butun dunyo nazarida, asarlari ekranlashtirilgan, teatr sahnalarida, o‘quvchilar qo‘lida takror-takror tilga olinadi. Xususan, uning birgina “Karmen” asarining o‘zi turli yillarda AQSh, Frantsiya va Rossiya kinoijodkorlari tomonidan bir necha bor film qilib ekranga olib chiqildi. 2011 yilda frantsuz rejissyori Jak Malate suratga olgan “Karmen” filmi Prosper Merime filmografiyasining eng so‘nggi yangiliklaridandir. Darvoqe, yozuvchining asarlari o‘zbek teatr sahnasida ham o‘z tilimizda jaranglagan. “Yalmog‘iz xotin” asari Nabi Abduraxmonov tomonidan O‘zbek Davlat drama (avvalgi Yosh gvardiya) teatrida, 2012 yilda Ma’mur Umarov tarjima qilgan “Afrika sevgisi” nomli kichik pesasi Muqimiy nomidagi Davlat musiqali teatrida sahnalashtirilgan edi.
M. Muhammadaminova tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 9-son