Isroil Mirzayev. Erkin so‘z mas’uliyati (1989)

Oshkoralik davri ijodkorlarga haqiqatni baralla aytish huquqini berdi. Bu huquqning ikki buyuk ahamiyati bor. Birnnchidan, u haqiqiy talant egalarini «o‘rtamiyona»lardan farqlashga yordam beradi. Ikkinchidan, haqiqatni baralla aytish huquqi haqiqiy talant egalarini hushyor torttirib qo‘yadi: haqiqatni baralla aytish kerak, lekin bu «aytish» badiiy shaklda bo‘lsin-u minbardagi notiqning «baralla aytishi»dan farq qilsin. Demak, bu jihatdan oshkoralik badiiy so‘z qadrini oshirishga yordam beradi.

Shoir Erkin Vohidov — she’riyatdagi an’anaviy lirik-falsafiy yo‘nalishning davomchilaridan biri. Poetik fikrni turli modellarga solishga urinish, ekstremal psixik holatlarda ifodalash, ularga ruhiy-intellektual zaryad berish kabi yangi she’riyatga xos unsurlar uning lirikasida ham uchraydi. Lekin shoirning keyingi she’rlarida ichki portlashdan hosil bo‘lgan o‘zgacha bir ohang yuzaga kelganini ko‘ramiz. Shoirning «Devonai haqgo‘y», «Qarsak» she’rlari fikrimizning dalilidir. Bu she’rlarda ruhiy to‘lg‘oqlarning bayoni emas, bu to‘lg‘oqlarning ramziylashgan shakli ko‘rinadi. Ichki dramatizmning sokin va g‘amgin alamlardan qurilgan ramzlar orqali o‘quvchi qalbiga yetib borishi, portlashi Abdulla Oripovning «Xatolaring kerak ularga…», «Yosh shoirlarga», «El qo‘llasa…», «O‘ylamay netayin» singari she’rlarida ham yorqin namoyon bo‘ladi. Zahmatkash el dardini doimo jo‘rovoz bo‘lib kuylab kelgan bu ikki ijodkorning dardlari naqadar bir-biriga hamohang ekanligini sezamiz. Chunki bu dardlar avvalo xalq dardidir.

Toki boshliq zoti ekan haq,
Gapi gapu, so‘zi so‘z ekan,
To‘rdagilar hokimu mutlaq,
Pastdagilar yumuq ko‘z ekan,
Peshonangga bitilgan attang,
Engilmoq bor doimo jangda.
Mudom sening qo‘lnngda pattang,
Mudom sening to‘ning yelkangda.

(Erkin Vohidov, «Devonai haqgo‘y»)

Axtarurlar hamisha illat,
Etti pushting go‘rin titarlar.
Faqat unma, ulg‘ayma faqat
Xato qilishingni kutarlar.
Ular senga bir umr yo‘ldosh,
Sodih hamroh kabi o‘tarlar,
Qabring uzra egsalar ham bosh
Xato qilishingni kutarlar
.
(Abdulla Oripov. «Xatolaring kerak ularga…»)

Bir talay hikoya va hikoyalar g‘oyaviy mazmunini axloqiy-maishiy mavzular tashkil etmoqda. Odamlarning ijtimoiy hayotga munosabati, dunyoqarashi jamiyatda axloqiy muhitni belgilaydi. Gap ijodkorlarimizning ana shu ma’naviy-axloqiy muammolardan qay darajada mahorat bilan realistik xulosalar chiqarishlarida.

Afsuski, e’lon qilinayotgan roman, qissa, hikoya, dramalarni sinchiklab ko‘zdan kechirsak, oshkoralik ba’zi ijodkorlarimizni daf’atan shoshirib qo‘ygandek taassurot qoldiradi. Ularning aksariyati mavzu va g‘oyasi jihatdan aktual, davr talabiga mos kelsa-da, badiiy tomondan ancha bo‘shligi sezilib turadi. Xayriddin Sultonov o‘zining «Yozning yolg‘iz yodgori» qissasi, «Bir oqshom ertagi» kitobiga kirgan bir qancha hikoyalari bilan o‘quvchilar e’tiboriga tushgan edi. Lekin yozuvchining «Ajoyib kunlarning birida» qissasi va «Umr esa o‘tmoqda» kitobiga kirgan ko‘pgina hikoyalari badiiy kashfiyot darajasiga yetgan emas. Shunday mulohazalarni yosh adiblargina emas, Maqsud Qoriyev, Farhod Musajonov, Omon Muxtorov, Uchqun Nazarov kabi tajribali ijodkorlarning asarlari xususida ham aytish mumkin.

Bugun yaqin kechmishdagi voqealarni keng epik planda tahlil etishga intilish ham sezilmoqda. Nurali Qobulning «Unutilgan sohillar» roman-monologi va Murod Muhammad Do‘stning «Lolazor» romanlari ana shunday intilish samaralari o‘laroq vujudga keldi. Garchi bu romanlar bosh g‘oyasi, pafosi jihatidan bir-biriga yaqin tursa-da, ular badiiy xarakterlariga ko‘ra farq qiladilar. «Unutilgan sohillar»da ko‘tarinki ohang, publitsistik ruh kuchli. Ana shu ruh, meningcha, ayrim o‘rinlarda sun’iylik, sxematizm kabi qusurlarga yo‘l ochib beradi. Bundan tashqari, muallif o‘z personajini salkam ideal qahramonga aylantirib qo‘yadi. Hamma adashadi, hamma gunoh qiladi. U esa yo‘q! Haqgo‘y va halolligicha qolaveradi. Bu da’vomizga roman mantiqidan kelib chiqadigan javob ham tayyor: bosh qahramon Nurzodjon qaysar va o‘jar, shuning uchun yolg‘on va aldovlarga uchmay halol yashayveradi. Lekin bu «javob» ham, javobga asos bo‘ladigan badiiy mantiq ham ancha sun’iy nazarimda. Nurzodjonning o‘ziga xos xarakter sifatidagi ziddiyatlari to‘la ochilmay qoladi. Asarning badiiy qurilishida ham muvozanat buzilgandek tuyuladi. Adib turg‘unlik davri dahshatlarini insoniyat tarixi kengliklariga olib chiqib tasvirlamasdan, turg‘unlik davri kosasi ichiga tarixning azaliy ziddiyatlarini sig‘dirishga urinadi.

«Lolazor» muallifining asosiy maqsadi esa turg‘unlik davri illatlarini ochib tashlash emas. U insonning o‘z illatlarini ochib tashlashni ko‘zlaydi. Shuning uchun romanning epik qahramoni biz kutgandan ham kengroq, chuqurroq bo‘lib tuyuladi.

Albatta, qisqacha to‘xtalish bilan yuqorida qayd etilgan har ikkala asarning ham badiiy jihatlarini to‘la qamrovga olish mumkin emas. Bu asarlar xususida fikrlar bildirilmoqda, hali keng ko‘lamdagi bahs-munozaralar avj olib ketsa ajabmas.

Darhaqiqat, o‘tkir dramatizm va hayot haqiqatini yoritib beruvchi roman va qissalar, she’r va hikoyalar, drama va dostonlar e’lon qilinayotir. Bunday yangi asarlarning g‘oyaviy mundarijasini halollik va sotsial adolat, odam baxti va qadri uchun kurash, bu yo‘lda g‘ov bo‘lgan barcha noxushliklar, sotsialistik jamiyatimizga yot, demokratik tuzumimizga to‘g‘ri kelmaydigan, yaxshilik, to‘g‘rilik va ezgulikni oyoqosti qiluvchi illatlar qattiq qoralanmoqda. Ayniqsa, yaqin o‘tmishda hayotimizda ro‘y bergan ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy chekinishlar, buzilishlarga oshkora munosabat bildirish alohida bo‘rtib ko‘rinmoqda.

Kitobxon so‘nggi ikki-uch yil ichida Shukur Xolmirzayevning davr tuyg‘usini ifodalovchi bir necha hikoyasini o‘qishga muyassar bo‘ldi. Bu original hikoyalar aniq grajdanlik pozitsiyasidan turib yozilgan, ularda axloqiy mushohada, g‘oyaviy-estetik maqsad ancha teran. (Bu fikrni adibning «Yo‘lovchi» romani haqida aytolmaymiz). O‘zbek hikoyachiligida Shukur Xolmirzayev zabardast adib sifatida o‘zining munosib o‘rniga ega. O‘tgan yili «Yoshlik» jurnalida yozuvchining «Yashil «Niva»», «Ustoz», «Xumor» hikoyalari e’lon qilindi.

«Yashil «Niva»» — kichik hajmli asar, unda ijtimoiy illat — mansabdor, imtiyozli kishilarga qulluq qilish, ta’zimda bo‘lish, zo‘ravonlikning fojialari haqida bahs yuritiladi, o‘quvchining diqqati so‘nggi o‘n yilliklar davomida sotsial adolatsizliklar, odamlar psixologiyasidagi loqaydlik, xudbinlik avj olgani masalasiga jalb qilinadi. Hikoyada tasvirlangan voqea yuzaki qaralganda ancha jo‘n: asar qahramoni oilasi bilan o‘z mashinasida yurtiga ketayotganida mashhur «diktator» direktorlik qilayotgan sovxoz territoriyasidagi dovon orqali o‘tishi kerak.

Unda o‘sha «diktator direktor»ga duch kelib qolish hadigi hukm suradi. Xo‘sh, bunday «diktator» qanday odamki, undan bunchalik u qo‘rqadi: «U kim? O‘sha raykom sekretarini almashtirib yurganlardan. O‘zingiz bilgan o‘shanaqa odamni tasavvur qilavering. Ularning bari bir-biriga o‘xshash…».

Yozuvchi ana shu yashil «Niva»lar ta’qibidan hamon qutula olmayotganimizning fojiasini juda aniq, ishonarli badiiy chizgan. Haqiqatan, mamlakatimizda ro‘y berayotgan ulkan yangilanish, poklanish — qayta qurish, demokratiyalashtirish davrida ham biz o‘z dardlarimizni ochiq-oydin ayta olmayotganligimiz, aytganda ham, juda ehtiyotkorlik, jur’atsizlik ko‘rsatayotganimizni e’tirof etish kerak. Buning sababini yozuvchi odamlar yuragiga ildiz otgan qo‘rqoqlikda ko‘radi: «O‘tib ketaymi? Be, o‘sha kuni institutdan dumimni tutdiradi, bunaqa voqealar bo‘lgan-da, ayrimlar ehtiyotsizlik qilib o‘tib ketib, baloga yo‘liqqanlar».

Mana bu asl fojia. O‘zlikni yo‘qotish, tirikchilik uchun cho‘chish. Bunday odamlarning hech narsa bilan ishi yo‘q, faqat tinchligi buzilmasa bas. Hikoyada oddiy insoniy huquqlarning poymol bo‘lish dramasi yaxshi ochib berilgan. Shubhasiz, hikoyadagi voqea yashil «Niva» ta’qibi birgina sovxoz, rayon, oblast miqyosidagi hodisa emas. Uning chegaralari ancha keng…

«Ustoz» hikoyasida o‘sha davr yaratgan boshqa bir toifadagi odamlar tipini ko‘ramiz. O‘quvchi ko‘z o‘ngida o‘ta ehtiyotkor, o‘z soyasidan ham hadiksiraydigan, ta’minlangan, boshqaning dard-tashvishiga loqayd, sirtiga suv yuqtirmaydigan kishilar namoyon bo‘ladi. «Uni kim o‘ldirdi? Endi o‘ylab ko‘r, o‘g‘lim: odamlar mana shunaqa. Qo‘rqoq, vahimachi, vijdonsiz!.. Bu gaplarni senga aytayapman. Ammo-lekin nodir talant edi-da». Yozuvchi makkor, munofiq kimsa obrazini yorqin gavdalantiradi.

Yozuvchi «Xumor» hikoyasida ona tabiat, atrof-muhitni ifloslantirish ayrim kishilar psixologiyasi, yashash turmush tarziga ham o‘rnashib qolganligini ayovsiz fosh etadi. Odamzod araqxo‘rlik, giyohvandlik, kashandalik yoki it, qo‘chqor, xo‘roz urishtirish, qimorbozlik kasalliklariga mubtalo bo‘lganini bilardik. Ammo paxtaga sepiladigan zaharli dorilarga xumor bo‘lish aql bovar qilmaydigan favqulodda hodisa — dardmanlikdir. Shukur Xolmirzayev hikoya uchun yaxshi uslub topadi — muallif voqealarning tafsilotiga sira aralashmaydi. Xalqimizda «Boshidan o‘tgan haqiqiy tabib», deb bekorga aytilmagan-ku!

Zaharli ximikat hidiga o‘rganib qolgan kimsa o‘z hikoyasini aytib ado qilolmaydi. O‘quvchi odam bolasining umri, xayollari guldek xazon bo‘lganidan larzaga keladi. Axir, quyidagi parchani g‘azablanmay o‘qish mumkinmi? «U dori mening tarjimai holimga singib ketgan, axir! Tushunayapsizmi? Mening butun quvonchlarim, zavqlarim, hayotimning ma’nosi, Vatan oldidagi burch, ilk muhabbatim ham… o‘sha bilan bog‘liq. Usiz o‘tmishim yo‘q. Shunaqa bo‘larkan-da, hayot!.. Iltimos to‘xtating.. Anavinga qarang! Yo‘l yoqasiga! Ajriqzorgayam sepishipti-ku? Sap-sariq bo‘lib yotipdi!»

Bu hikoyalar o‘quvchida mushohada, fikr uyg‘otadi. Ekologik buzilishlarga qarshi faol munosabatni shakllantiradi.

Yozilayotgan o‘nlab asarlarning hammasi ham har jihatdan mukammallikka da’vogar emas. Ularning bir qismi o‘quvchida kuchli estetik ta’sir uyg‘otishdan ojiz. Ayrim asarlarda hayotiylik bilan badiiy mantiq uyg‘unligi, inson ruhining dialektik mohiyati tahlili, kontseptuallik yetishmayotir.

Davr, kitobxon ijodkorlardan yangi badiiy kashfiyotlar kutmoqda. Erkin so‘z mas’uliyati bugun — qayta qurish, yangicha fikrlash davrida kuchaymog‘i lozim.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 27 yanvar