Ibrohim G‘afurovning badiiy olami va fikriy teranligi bir-biriga shu qadar omuxtalashib ketganki, ba’zan uni badiiyat faylasufi yoxud falsafaning shoiri deging keladi.
Najmiddin Komilov
Yuqoridagi sarlavha “Dil erkinligi” kitobingizdan olingan. Undagi maqolalarning biri shunday nomlanadi. Bunda qanday ramziy ma’no yuklaganingiz haqda o‘ylab qoladi odam: sham kichkinagina xonani yoritadi. U shuning uchun yonadi. To‘g‘rirog‘i, shu maqsadda yondirilgan. Dunyo miqyosida oladigan bo‘lsak, o‘sha xonani yurtimizga, xalqimizning urf-odat va an’analariga mengzasak, shamning bir maromda taralayotgan yog‘dusiga qarab qayerdadir bo‘ron ham borligini tuyasiz. Bo‘ron chegara bilmaydi. Uning “xona”mizga yo‘lamasligini, shamning hech qachon o‘chmasligini ma’rifat egalari ta’minlaydilar.
Ibrohim aka, Sizni ana shunday zotlardan deb bilaman. Talabalik yillarimda o‘qiganimning ta’sirimi, 80-yillargacha yozilgan asarlaringiz dovrug‘i haqda ko‘p o‘ylayman. Ijodkorlar nazaringizga tushish va tushmaslikni istashardi. Istaydiganlar – maqtovga sazovorlar, istamaydiganlar – tanqidni xush ko‘rmaydiganlar edi. Ayniqsa, dastlabki “Yonar so‘z”, “Go‘zallikning olmos qirralari” kitoblaringiz qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilgan.
“Go‘zallikning olmos qirralari” kitobingizda Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Asqad Muxtor, Pirimqul Qodirov kabi yozuvchilar bilan asarlari orqali dillasharkansiz, maqsadni aniq qo‘yasiz. Ularning fazilatlarini boshlovchi yozuvchilarga namuna sifatida ko‘rsatasiz. Chunonchi, Abdulla Qahhor yaratgan ig‘vogar “hi-hi” obraziga nisbat berasiz. Yozuvchining dialog tuzishidan uning nazmga maylini ilg‘aysiz:
“– Savodingizni ancha chiqarib qo‘yishibdimi?
– Kim?
– Bilmasam. Domlangiz, domlalaringiz.
– Mening domlam yo‘q. Domlam – ikki ko‘zim…”
Nimaiki yozsangiz, “hayot jozibasi badiiy asar jozibasiga ko‘chishi” kerakligiga ahamiyat berasiz. Jozibasiz “adabiyotda quyosh o‘rnini kapalak egallaydi”, asar “izm-izm”larning pardoz qutichasiga aylanadi” deb kuyunishlaringiz boisi endi ayon bo‘lmadimi? Quyoshga aylanmoqchi bo‘lgan qanchadan-qancha parvonalar haqiqat otashida jizg‘anak bo‘lib ketmadi, deysiz. Lekin o‘zini bilgan kapalaklar hamon bog‘larning ko‘rki. Chunki o‘zlikni bilish samimiyat bilan bog‘liq. Shu ma’noda badiiy adabiyotda samimiyatni jozibaning joni sifatida ko‘rishni istab yozasiz: “Shum bola”ning kompozitsiyasi sadafga, ichki mazmuni durga o‘xshaydi”.
Naqadar haq gap….
Siz sevib ishlatadigan so‘zlardan biri – bahramandlik. Chindan, bu so‘z shu qadar chuqurki, bunda hayotning insonga, insonning hayotga ta’siri ko‘rinib turadi. Buni shunday izohlaysiz: “Hayotdan bahramand bo‘lmagan adabiyot hech qachon adabiyot sanalmaganday, adabiyotdan bahramand bo‘lmagan hayot ham yuksak madaniyatga molik hayot deb hisoblanmaydi”.
“Prozaning shoiri” kitobingiz muqaddimasida “safbasta” degan so‘zni ishlatasiz. Bu bilan Said Ahmad prozasidan Oybekdagi “xattiy porloqlik va lirizm”, Abdulla Qahhordagi “lo‘ndalik va o‘tkirlik”, Abdulla Qodiriydagi “plastik ta’sir tuyg‘usi” ta’sirlarini izlaysiz. Atay Qodiriyni sanoqning oxiriga qoldirasiz. Chunki mazkur ijodiy ocherk sho‘rolar g‘oyasi hali hukmron bo‘lgan bir davrda nashr etilgan. Shunga qaramay, Said Ahmad asarlarini ulug‘ adibning “Obid ketmon”i bilan qiyoslaysiz. Bunda nozik bir ishora bor: Said Ahmad asarlari Qodiriy olamining hali bir ostonasida turibdi, “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”gacha hali ancha masofa bor. Xullas… “Obid ketmon”dagi “Quyosh bilan ham kurashaman” bobiga ahamiyat qaratarkansiz, adibning “atangan” va “aqlovar” so‘zlaridan dilingiz yorishadi. Nafaqat Qodiriy qahramonlari, uning o‘zi ham millat ravnaqiga atangan, el uchun fido bo‘lish yo‘lida aqlovar shaxs bo‘lganidan faxrlanasiz. Said Ahmad ham u yaratgan maktabning “ildizlari, ildizlaridan quvvatlanadigan an’analari, ilg‘or an’analaridan o‘sib chiqadigan yangiliklar”idan to‘la bahramand bo‘lishga imkoniyati yetajagini mahorat bilan aytasiz. Bildirilgan fikr ichida yana “nimadir” deyish usulingizga amal qilib kitob davomida ham Qodiriy uchun yana sahifalar ajratasiz. Dunyo tan olgan yozuvchilar – Gogolning O‘rta Rossiyani teran tasvirlagani, Amerika yozuvchisi Folkner asarlarida Amerika janubining timsoli sifatida Yiknopatofa o‘lkasini yaratgani, Hemenguey Ispaniyani, Afrikani, Parij ko‘chalarini sevgani, Sholoxovning Don shoiri ekani, Dostoyevskiyga Peterburg ilhom bergani va nihoyat sanoqni Abdulla Qodiriy uchun Marg‘ilon va Qo‘qon ilhombaxsh muhit bo‘lgani bilan yakunlaysiz. Demak, o‘sha “nimadir” Qodiriyning ular darajasidan qolishmaydigan adib ekaniga urg‘u berish bo‘lgan.
Kitobda Said Ahmad yaratgan “mehnat e’tiqodiga aylangan kishilar” siymosi haqda fikr yuritib, yozuvchilar ahamiyat berishi shart bo‘lgan xislatlar – voqea quruq pand-nasihatga asoslanmasligi, syujet qa’rida “oliyjanob didaktika” yotishi lozimligi, sevgining “tanlovchi tuyg‘u” ekanini kitobxon his qilishi kerakligi, har bir xalq o‘z milliy qadriyatlari bilan yuksalajagi haqda mulohaza yuritasiz: “Niyatdagi porloqlikni aks ettirish porloqligiga ko‘chirish” kerakligini uqtirasiz. Bu fikrlar o‘sha davrda nafaqat Said Ahmad, balki barcha ijodkorlar uchun juda zarur edi. Bugun ham o‘z qadrini yo‘qotgani yo‘q. Chunki bu mulohazalarda, o‘z iborangiz bilan izohlaganday, “aytmay aytish” san’atidan foydalanilgan.
Bir ifoda yo‘lingizga talabalik yillarimda mahliyo bo‘lganman. Ta’siringiz ostida yozgan maqolamni o‘qigan adabiyotshunos olim Sobir Mirvaliyev buni sezgan. Koyigan meni. Hojiakbar Hamidovning xushovoz xonandaligi, agar Faxriddin Umarovga ergashmaganida yana bir o‘ziga xos zo‘r ijrochi paydo bo‘lishi mumkinligini misol qilgan. Ba’zan bir o‘rinda, gohida butun boshli maqolangizda ko‘rinish beradigan o‘sha usulingiz shundan iboratki, bir so‘z yoki jumladan ritorika yo‘nalishida foydalanasiz. Undan allanechuk ohang yasab mazmun-mohiyatga sayqal berasiz. Masalan, “Qalb haroratini hayot harorati yaratadi. Hayot haroratini xalqning harorati belgilaydi”. “Harorat” so‘zi ikki jumlada to‘rt bor takrorlansa-da, erish tuyulmaydi kishiga. Yoki “Matonat va ezgulik” maqolangiz mohiyatiga adabiy qahramon timsolidagi “Men” barqarorlik baxsh etgan. Fikr mashinasini boshqargan: “MEN voqealarni tarixchi kabi hikoya qiladi”, MENning faoliyati voqealarga kuchli emotsional talqin baxsh etadi”, “MEN voqealarga ishonch uyg‘otadi”, MENning ko‘z qarashi qiziq”, “MEN qishloq yo‘lidan bormoqda”.
Bu va bunga o‘xshash tasvir imkoniyatlaringiz ijodiy faoliyatingizda ravnaq pillapoyasidan ko‘tarildi. Tarjima asarlaringiz, nasriy nazm – mansuralaringizga ham salmoq bag‘ishladi.
“Lirikaning yuragi” – keng qamrovli adabiy tadqiqotlaringizdan biri. Kitobda zamonaviy shoirlar G‘.G‘ulom, H.Olimjon, U.Nosir, A.Muxtor, E.Vohidov, A.Oripov, O.Matjon, O.Hojiyeva, H.Xudoyberdiyeva, R.Parfi, X.Davron singari shoirlar ijodiga murojaat qilingan bo‘lsa-da, ora-orada qadimgi yodnomalar – “Avesto”, “Injil”, “Panchatantra”, “ Dhammapada”, “Ekklesiast”, “Ketsalkoat” kitoblari, Pablo Neruda, Nozim Hikmat, Jak Prever, Bartolt Brext asarlarida qo‘llanilgan badiiy vositalar tahliliga bag‘ishlangan maqolalarni ham kiritgansiz – balandga ko‘tarilib olib pastga nazar tashlagansiz. Qiyosiy tahlil asoslaridan foydalanganingiz yaxshi samara bergan. Qadimgi adabiy manbalarimiz yaltiroqlikdan, balandparvozlikdan xoli bo‘lganini isbotlar ekansiz, oldingizga savol qo‘yasiz: “Ko‘raylik-chi, bugungi shoirlar uchun eng muhim narsa nima ekan?” Endi nomdor, zamonamiz peshqadam shoirlarining she’rlarini shunday yuksak darajali manbalar bilan qiyosan qilgan tahlillaringizning avvalo ularning o‘ziga, keyin yosh ijodkorlarga qanday ta’sir etganini tasavvur etish qiyin emas.
“Lirikaning yuragi”dagi deyarli barcha maqolalar vaqtli matbuotda e’lon qilingan. Masalan, quyidagi fikringizni olaylik: “Andrey Voznisenskiy “Faqat hissiyot go‘zal” degan g‘oyani o‘rtaga tashladi. Men uning bu so‘zlarini tahrir qilib, “Faqat mehr go‘zal, faqat muhabbat go‘zal” deyishni istardim”. Iste’dodli shoir Muhammad Yusuf sizni nihoyatda hurmat qilardi. Siz haqingizda to‘lib-toshib gapirganiga ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Endi-endi o‘ylasam, o‘shanda Muhammad aka shu mulohazangizdan ta’sirlanib “Mehr qolur, muhabbat qolur” degan go‘zal she’rini yozgandir, o‘zining sodda va samimiy she’riyati anhorida yana bir to‘lqin hosil qilgandir, ehtimol. Demoqchimanki, kitoblaringizdagi adabiy mulohazalaringiz juda ko‘p yosh ijodkorlarning ilk she’rlari, kitoblarini adabiy muhokamalarga tavsiya etib, matbuotda yoritilishiga ko‘maklashish – ularga amaliy yordam berishlaringizday ahamiyatli va unutilmasdir. Chunki mushohadalaringiz badiiy tafakkur, mehru muhabbat, shu bilan birga ajoyib andisha va yuksak did mevasidir. Chunonchi: “Shoir olam ichida emas, olamlar ichida yashaydi va olamlar hosil qiladi”, “Xarakter o‘z qimmat va mohiyatini faoliyatda ochadi”, “Bu odamning nimadan, nega “temir” bo‘lib qolganligi ma’lum emas”, “Ko‘chamizda beton qoradigan tashkilot bor. Shu minora tepasiga “Eng muhimi, bolalar, qalban qarimaslikdir” deb yozilgan. Har safar unga ko‘zim tushsa, quvvai jismimda qiyinchiliklarni yengib o‘tishga tabiat tomonidan berilgan kuch qanday bo‘lmasin ortganday bo‘lib tuyuladi”. “Muhabbat – uyqudan uyg‘otib yuborgan she’riyatning go‘zal sadolari” (Zulfiya she’riyatiga nisbatan), “Ma’lum bir qonuniyatlar qo‘lni bog‘lamagandan so‘ng istagancha suxandonlik qilish mumkin deb qarovchilar yo‘q emas” (sarbast, erkin she’r janrlarida ijod qiluvchilarga nisbatan), “Shoir xuddi og‘zida qovun bilan tamshanib so‘zlayotgandek…”, “Soddalik talantga ergashib yuradi”…
Usmon Nosirga bag‘ishlangan “Lirikaning yuragi” maqolangizda Abdulla Alaviyning bir she’rini to‘liq keltirasiz. Unda shunday quyma satrlar bor: “Bu kechaning yumshoq ipak kulgisi”, “Qo‘shiq aytgan sharsharakni o‘paman”…
Mazkur maqolada uning zamondoshidan misol keltirish orqali bir haqiqatni asoslaysiz: Usmon Nosir, ba’zilar aytganday “osmondan” tushgan shoir emas, mavjud adabiy muhitda shakllangan, u ham kimlardandir va nimalardandir ta’sirlangan, ilhomlangan. Umid va umidsizlik orasida umr kechirgan. Yo‘qsa dermidingiz: “She’r qidirayotgan odamda bo‘ladigan hamma ziddiyatlar unga ham xos edi”. Faqat “she’ri mehriga berkingan”. Bu shoir tarjimalari muhokamasida ham ko‘rinadi. Pushkin, Lermontovdan qilgan tarjimalarining baland saviyada ekanligini ta’kidlarkansiz, ba’zi kamchiliklarini ham asoslab berasiz. Tarjimalarni asl matn bilan so‘zma-so‘z, mantiqma-mantiq solishtirib tahlil qilasizki, toki bunday kamchiliklar boshqa tarjimonlarda uchramasin.
Usmon Nosirning adabiyotdagi o‘rni, uning tuyg‘u shakllanishi borasidagi yutuqlari iqtidori ustida chekkan zahmatlari bilan bog‘liq ekanligini uqtirib, ilmiy mushohada va badiiy talqin mushtarakligida fikringizni “Nil va Rim” misolida shunday izohlaysiz: “Men bu qadar obrazlari og‘ir zarbli she’rni kam o‘qiganman, bunday she’rlar katta shoirlarda ham sanoqli bo‘ladi”, Usmon Nosir “kuyib tushgan har qanotdan bir jon topadi”, “o‘lik ko‘zlar oynasida yillar, odamlar qichqiradi, ularning bosgan qadamlari eshitiladi. Nil bu – qullar to‘kkan yosh, yeru osmon qullar faryodidan larzada, qul uchun erk qulf, xayol qulf, xudo qulf, uning kosasida suv, xaltasida non, rangida qon, ko‘zida ko‘z, belida bel yo‘q. She’r shu istibdod tagiga o‘t qo‘yib, mag‘rur fir’avnlar haykali qarshisida buyuk ozodlik obidasini qurgan, spartaklar avlodi, gomerlar shogirdi bo‘lgan nasl nomidan qonxo‘rlik, xorlikka la’nat o‘qiydi”.
Darhaqiqat, shunday asarlar bo‘ladiki, kitobxonini o‘zi topadi. Bizni qaysidir adabiy manba o‘ziga chorlamadimi, demak, ikki tomonning qaysi biridadir kemtiklik bor. Siz doimo adabiy asarlarni shu holatda ko‘rmaslik tashvishini qilgansiz: “Xalqimizning forobiylari, xorazmiylari, beruniylari, sinolari, navoiylari, huvaydoyu mashrablari bor edi. Lekin ular yaratgan hayotbaxsh kitoblar asrlarning tokchalarida qimirlamay yotar edi”.
Endi ahvol o‘zgardi. Siz singari ziyolilarning orzusi ushaldi: tokchadagi kitoblar polapon qushlarday qanot chiqara boshladi.
Adabiyotshunos tanlagan tahlil vositasi adabiy muhit, jarayonga xos bo‘lsagina, ta’siri sezilsagina, ahamiyat kasb etadi. “O‘rtoq shoir” ilmiy risolangiz ana shu jihatdan o‘z vaqtida ko‘pchilikda juda katta taassurot qoldirgan. Chunki tahlil ortida publitsistik she’rda badiiy salmoqni saqlagan, tarixni poetik jonlantirgan, hayotni falsafiy nazarda ko‘ra olgan Shayxzoda turibdi. Buning ustiga, ijodiy mahorat poydevorini Shayxzoda salohiyati orqali “hayotdan, yillardan, tajribalardan, insoniyatning ulug‘laridan orttirilgan saboqlar va ulardan tug‘ilgan o‘zlik” deb bilasiz. Shoir qo‘llagan badiiy vositalar – o‘xshatish, tashbeh va metaforalardan avvalo o‘zingiz zavqlanasiz. Chunonchi: “Miyaning suratxonaga o‘xshatilishi Shayxzodaning eng go‘zal va ayni choqda ilmiy izlanishlaridan biridir:
Fikr kiyar xayol libosin,
O‘xshar suratxonaga miya”.
Darhaqiqat, shoir ba’zi satrlari bilan tasavvuringizni elakka o‘xshatib qo‘yadi. Biroz chalg‘iysiz. Mohiyatni anglaganingizdan keyin gap elak ichidagida emas, ostidagi tozalangan unda ekanligi ayon bo‘ladi. Masalan, “Safar va yo‘l va kema” misrasini o‘qib, nega “va” bog‘lovchisini ikki marta qo‘llagan, deb o‘ylaysiz. Aslida birinchi bog‘lovchi quruqlikdagi jarayonga, ikkinchisi suv olamiga tegishli. Shoirning o‘ziga xos ifoda usuliga o‘zingizni moslagach, bog‘lovchilarning hech birini olib tashlash mumkin emasligini bilasiz.
Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi”, “Mirzo Ulug‘bek” dramalari ham adib dunyoqarashini obdon o‘rgangan holda tahlilga tortilgan. Ikki dramada bir mantiqiy bog‘liqlik bor. “Jaloliddin Manguberdi”da o‘g‘il otaning o‘sal dunyoqarashi tufayli yovni tamomila yengolmaganiga ishora qilinadi: “Tarixiy ma’lumotlar shoirning adabiy muddaosi uchun kalit va kalitchalardir”. Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” dramasida ham shu “kalit va kalitchalar”dan foydalanganini kuzatarkansiz, asarda keltirilgan Mavlono Tarxoniyning baytiga murojaat etasiz:
Tushgani band ichra bo‘ldim ul pari devonasi,
Ko‘k saro – fonusdur, ul shamu, men parvonasi.
Bu satrlardan ta’sirlangan Ulug‘bekning baytdan o‘z taqdiriga moslab xulosa chiqargani, “Fojiali bir nasiba borga o‘xshaydi”, deb o‘kingani va bu ichki holatni Shayxzoda chuqur his qilganiga ahamiyat qaratasiz. Bu bilan ikki dramani bog‘laydigan bir g‘oya – ota va o‘g‘ildagi taqdir almashinuviga diqqat qilasiz: birida ota – Xorazmshoh, ikkinchisida o‘g‘il – Abdulatif g‘addor zamon o‘yinchog‘iga aylanadi.
Umuman, “O‘rtoq shoir” risolangizda Maqsud Shayxzoda she’rlaridagi timsollar shakllanib, orolanib tarixiy asarlariga badiiy-g‘oyaviy barkamollik bag‘ishlagani har tomonlama asoslab berilgan.
Gapni “Dil erkinligi” kitobingizdan boshlagandik. Undagi “Sham va bo‘ron” topilma iborangizning bir ramziy ma’nosiga to‘xtalgan edik. Endi shamga boshqa bir mazmun ham berib ko‘raylik. Kitob erkinlik shabadalari esa boshlagan kunlarda nashrdan chiqqan. “Dil erkinligi” azaliy orzularimizday, ota-bobolarning otashin nafasiday taassurot uyg‘otadi. Bu nafas “xona”miz – ona yurtimizga toza havoday jonbaxsh ekanligiga ishora qilib, mazkur adabiy to‘plamga tarixiy hikoyalar, ulug‘ bobolarimizning orzu-armonlarini ifodalovchi mansuralar va badialaringizni kiritgansiz. Dili hamisha erkin holda yashab o‘tgan Mashrab haqda yozish tasodifiy emasdek tuyuldi. Kitobning “Ozod nafas” bobidagi “Gala” hikoyangizni o‘qib, kitobxon sizni tamomila unutadi. Ko‘z o‘ngiga Mashrab keladi: “Karomatingdan o‘rgilayin-o… daraxt necha yil o‘sib o‘tni o‘z tanasida yig‘ib borgan. Olovga aylanmoq uchun hozirlik ko‘rgan… har qayda tiriklik bor, u doim uch alangaga aylanadi. Avvalgisi ko‘k alanga. Bu sening shavkat va qudratga yetishgan chog‘laring. Keyingisi sariq alanga. Bu sening munkayib shavkat va qudratdan ajralgan payting. Uchinchisi, bo‘z alanga. Bu shamol xokingni ko‘kka va yerga sovurishidir?!”
Istiqlol yillarida ham ijodingiz gurkirasa gurkiradiki, aslo susaygani yo‘q. “Hayo – xaloskor”, “Mangu latofat” nomli to‘plamlaringizni adabiy jamoatchilik, so‘z shaydolari iliq kutib olishdi. Shu to‘plamlarda zukko munaqqid, donishmand adib, so‘z sehrini sezuvchi mohir tarjimon ko‘z oldimizda yaqqol namoyon bo‘ladi. Aytish mumkinki, ushbu to‘plamlar bilan adabiyot olamida badia janrining mavqei ancha ko‘tarildi.
Kitoblaringizni sinchiklab o‘qigan kitobxon hikmatga do‘ngan jumlalaringizdan zavqqa to‘ladi. Hayot, hayotdan olib yozilgan asarlar ummonidan nozik didingiz topib chiqqan nodir mulohazalaringiz ko‘p. Bularning egasi bo‘lish uchun boshqa qator kitoblaringizni o‘qib, uqmoq joizdir.
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 9-son
____________________
Ilhom Ahror 1960 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat madaniyat institutini (hozirgi O‘zDSMI) tamomlagan. Filologiya fanlari nomzodi. “Tadorik”, “Gulshan chiroylar”, “Uyquga kunikkan tog‘lar” kabi she’riy, bolalarga bog‘ishlangan “Bozorga yuzlangan bola” hikoyalar to‘plamlari, “Etti iqlim dostoni” nomli adabiy-tanqidiy maqolalar kitobi nashr etilgan.