Burobiya Rajabova. Navoiyning shoira kelini

Sharq mumtoz adabiyoti tarixida, so‘z san’ati rivojida ijodkor ayollarning alohida va o‘zlariga xos so‘z iqlimi, tasvir usuli, qadri, maqomi, tug‘rosi bor.  Ularning hayoti, ijodlari haqida ma’lumot beruvchi birlamchi manbalarning borligi esa maqtovga loyiq adabiy hodisa bo‘lib, ushbu mavzuda ilmiy ishlar olib borayotgan tadqiqotchilar esa bunday birlamchi manbalarga tashnadir. Shunday ishonchli, birlamchi manbalardan biri –Alisher Navoiyning shogirdi va “Majolis un-nafois” tazkirasining fors tilidagi mohir tarjimoni Faxriy Hiraviyning  ayol ijodkorlar haqida yozgan  “Javohir ul-ajoyib” (“Ajoyib javohirlar”) nomli nihoyatda qimmatli tazkirasidir. Uning tazkirasi g‘oyat muhim asar bo‘lib, fors tilida 1554–1555 yillarda yozilgan. Asar muqaddima va asosiy qismdan iborat. Unda qadimgi davrdan to XVI asrgacha yashab ijod qilgan o‘ttiz bir nafar shoira, adibalar haqida bir-biridan qiziqarli, nodir ma’lumotlar berilgan hamda ularning turli she’riy janrlarda mahorat bilan qalam tebratganligidan xabar beruvchi yaxshi she’rlaridan namunalar keltirilgan. Demak, Faxriy Hiraviyning mazkur tazkirasini shoiralar haqidagi yakunlangan kitob deb yuksak baholash mumkin ekan. Faxriy Hiraviy tazkirada shoiralar she’rlaridan namunalar keltirishda,  asosan, ustozi Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasida qo‘llagan uslubini, ya’ni she’riy namunalarni matla shaklida berish uslubini qo‘llagan va  shoiralar she’rlaridan namuna, misollar ham tazkirada ko‘proq matla  shaklida  havola qilingan.

Tazkiraning fors tilidan o‘zbek tiliga to‘liq tarjimasi O‘zbekistonda ilk marta O‘zbekiston Qahramoni, ustoz Suyima G‘aniyeva tomonidan amalga oshirilgan va nashr qilingan (“Mumtoz so‘z” nashriyoti, 2014).  Atoqli navoiyshunos olima tarjimon sifatida  mazkur bebaho tazkiraga yozgan so‘zboshisida o‘zining quyidagi nazariy fikr-mulohazalarini bayon qilgan: “Bu ma’lumotlar ba’zi o‘rinlarda bilganlarimizni to‘ldiradi, aksaran esa yangi ma’lumotlar yoxud yangi she’rlar namunalaridir. Tazkirachilik an’anasida ayol ijodkorlar haqida alohida tazkiralar yaratish yo‘nalishi ham ravnaq topgan. Bu tazkiraning adabiyot tarixi uchun ahamiyati g‘oyat kattadir”[1].  Tarjimonning mazkur fikr-mulohazalariga qo‘shimcha adabiyot sifatida, biz xuddi shu kabi birlamchi manbalar asosida keyingi davrlarda yozilgan Ibrohim Davronning “Ash’ori nisvon” (“Xotinlarning she’rlari”), taniqli tojik olimi Toji Usmonning “Bisti se adiba” va To‘xtasin Jalolovning ikki kitobdan iborat “O‘zbek shoiralari” nomli  ayni mavzudagi kitoblarini ham yodga olishni o‘rinli deb bildik.

Tazkirada yozilgan fiqralardan biri iste’dodli shoira Ofoq begim Jaloyir haqidadir. Fiqrada berilgan ushbu shoiramiz haqidagi ma’lumotlarni mutlaqo yangi ma’lumotlar sirasiga kiritishimiz mumkin, chunki boshqa ishonchli manbalarda fiqradagi gaplar deyarli uchramaydi Qizig‘i shundaki, shoira Alisher Navoiyning kelini, ukasi Darveshalining xotini ekan. O‘qib-o‘rganishimizga ko‘ra, aslida Ofoq begim Jaloyir ulug‘ shoirning qarindoshi Ali Jaloyirning qizlaridir. Ushbu qarindoshlik rishtalari bizga, bir tomondan, Alisher Navoiyning Kobuliy va G‘aribiy taxalluslari bilan ijod qilgan taniqli shoir tog‘alarini eslatadi, ikkinchi tarafdan esa qarindoshlar orasida shoirlar avlodi yetishib chiqqaniga yana bir bora amin bo‘lamiz. Ali Jaloyirning qizi Ofoq begim Jaloyirdan tashqari, o‘g‘li Hasan Ali Jaloyir ham taniqi shoir bo‘lib, Tufayliy taxallusi bilan she’rlar yozgan. Bu shoir haqida Navoiy “Majolis un-nafois” asarida, Bobur “Boburnoma”da alohida to‘xtalgan. Alisher Navoiy “Xamsa”dek durdona asarini 1485 yilda yakunlar ekan, dostonning beshinchi dostoni “Saddi Iskandariy”ni o‘ziga xos uslubda, ya’ni ukasi Darveshaliga bag‘ishlangan “Hokimsuratu darveshsiyrat, balki Darvesh ismi hukumat qism, ya’ni axaviy maobi davlatiyobqa mavizoso kalom va nasoyihi molokalom demak ” nomli bob bilan tamomlagan, bobda Navoiy o‘zining eng katta dostonidan qadrli ukasi uchun  nasiba, yodgorlik, ya’ni bir badiiy qism atab yozgani haqida faxriya usulida shunday ta’sirli baytlar bitgan:

Bu besh ganjdinkim, ushottim tilism,
Necha gavhar aylay senga dog‘i qism.[2]

Yoki:

Men ar bo‘lsamu bo‘lmasam oshkor,
Bu so‘zlarni qo‘ydum sanga yodgor.[3]

So‘ngra u ukasiga bir-biridan ta’sirli, ibratli pand-nasihatlar, tilaklar bitar ekan, ammo bobda ulug‘ shoir ukasining xotini shoira Ofoq begim Jaloyir ijodi  bilan bog‘liq ishorasini bir misrada,  baytda yoki bobning umumiy mazmun-mundarijasida ko‘rmaymiz. Yoki shoh va shoir Bobur o‘zining muhtasham “Boburnoma” memuarida Sulton Husayn Boyqaroning qirq nafarga yaqin umarolari haqida tarixiy ma’lumotlar yozar ekan, Sultonning umarolari qatorida Navoiyning inisi Darveshalibekni[4] ham maxsus tilga olgan va u to‘g‘risida ham ishonchli ma’lumotlarni bitib qoldirgan, biroq ma’lumotlarda shoira Ofoq begim Jaloyir va uning ijodi xususida jumla yo gap shaklidagi xabarni ham uchratmaymiz.

Faxriy Hiraviyning tazkirada shoira haqida bitgan g‘oyat ajoyib fiqrasiga to‘xtalar ekanmiz, bu fiqrada hasbi hol xarakteridagi izohlar ham bor bo‘lib, aka-ukalar ulug‘ Navoiy va Darveshalining hayotiga taalluqli bo‘lgan ayrim ishonchli ma’lumotlar ham mavjud. Shoira haqida ma’lumotdan bir lavhasini keltiramiz: “Ofoq begim Jaloyir – Ali Jaloyirning qizi va Elxoniy degan laqabi bor Mir Hasan Ali jaloyirning singlisi… Va Ofoq begim xushtab’liqda dunyoning mashhuri edi. Amir Darveshali kitobdorning xotini edi. Uzoq yillar qubbat ul-islom – Balxda hokimlik qilgan va Amir Alisherning ukasi edi. Va Ofoq begim Jaloyir yaxshi she’rlar yozgan, ulug‘ va oddiy odamlar orasida juda mashhur bo‘lgan edi…”[5] Tazkirada berilgan ma’lumotda, uning xalq orasida taniqli shoira ekanligiga alohida e’tibor qaratilgan va fiqrada shoira ijodidan namunalar sifatida uning fors tilida yozgan g‘azallarining to‘rtta mustaqil matlasi va “Obe, ki falak ba lab chakonad moro” misrasi bilan boshlanuvchi mashhur bir ruboiysi keltirilgan. Faxriy Hiraviy tomonidan “Bu matla’ ham uniki va juda yaxshi va rangin yozilgandir” deb aytilishidan shuni bildikki, u shoira ijodini juda yaxshi bilgan, sinchiklab o‘rgangan. Xullas, tazkiranavisning shoira to‘g‘risidagi e’tirofiga quloq tutib, u tomonidan yozib qoldirilgan Ofoq begim Jaloyirning “kunad” radifli bir matlasiga diqqatimizni  jamlasak:

Ashke, ki sar z-go‘shai chashmam berun kunad,
Ba ruyi man nishinadu da’voyi xun kunad.

Ya’ni:

Ko‘zim burchagidan oqib tushayotgan yosh,
Yuzimdan joy oladi-yu qon da’vosi qiladi”.

Mulohazamizcha, matla ayollarga xos hayotiy kuzatuv, taassurotlar ta’sirida yozilgan bo‘lib, shoiraning chuqur falsafiy, ijtimoiy fikrlari zamirida yotgan hayotiy kechinmalarining kuchli, rangin ifodasi, kichik badiiy lavhasidir. Ma’lumki, har bir inson u yoki bu sabab bilan yurakdan yig‘laganda, ko‘zdan  oqib yo yumalab tushayotgan ko‘z yoshlaridan bir tomchisi yuzda bir daqiqa to‘xtab qolishi, yig‘i-sig‘i bilan bog‘liq tabiiy bir holat, aslida. Shoira ham  matlada insonda bo‘lib o‘tadigan bunday tabiiy holatlarni tasvirlar ekan, hayotda, “kelimli-ketimli” dunyoda har bir hushyor, o‘zidan ogoh bo‘lgan insonning to‘kkan ko‘z yoshlari ijobiy yo salbiy harakatlari uchun ramziy ma’noda ishonchli guvohlaridan hisoblanishini badiiy talqin qilgan va insonlarga nohaq to‘kilgan ko‘z yoshlardan qo‘rqishni, saqlanishni, tavba qilishni ham eslatgan. Iste’dodli shoira bunday ishonchli tasvir, ifodalarni yoritishda ilmi bade’ning mubolag‘a, tashxis, intoq, tamsil, irsoli masal kabi o‘nlab she’riy san’atlardan san’atkorona foydalangan. Va qaysidir ma’noda shoira matla mazmuniga donishmand xalqimizning “O‘zingdan chiqqan baloga, qayga borasan da’voga” degan maqolning mazmunini ham singdirib yuborgan. Umuman, shoiraning mazkur bir matlasi ham, uning mushohada va muhokama quvvati, tafakkur talqinlari hamda badiiy mahoratining nihoyatda balandligini ko‘rsatib turibdi.

Adabiyotshunos Ergash Ochilov ham shoira ruboiylaridan  namunalar tarjima qilgan.

Xulosa shuki, Faxriy Hiraviyning ezgu faoliyati samarasi bo‘lgan “Javohir ul-ajoyib” nomli tazkirasi adabiyotshunoslik fani uchun durdona asar hisoblanadi. Tazkirada 31 nafar shoiralar haqida bitilgan fiqralar, xususan, Ofoq begim Jaloyirga bag‘ishlangan fiqra ham faqat adabiyotshunoslik fani nuqtai nazaridangina emas, balki ijtimoiy-siyosiy, huquqiy nuqtai nazardan ham katta ahamiyatga molik fiqralardir.

___________________

[1] F a h r i y  H i r a v i y. Javohir ul-ajoyib. ( Fors tilidan S. G‘aniyeva tarjimasi..)  Toshkent: Mumtoz so‘z, 2014. 9-bet.
[2] A l i sh ye r  N a v o i y. Saddi Iskandariy. Mukammal asarlar to‘plami. 11-jild. Toshkent: Fan, 1993. 539-bet.
[3] O‘sha doston. 561-bet.
[4] Bo b u r. Boburnoma.  Toshkent: Sharq, 2002. 134-bet.
[5] O‘sha tazkira. 157-159-betlar.