Bahodir Karim. Herman Vamberi – o‘zbek maqollari tarjimoni

(1867 yilda olmon tiliga tarjima qilingan 112 ta o‘zbek maqoli to‘g‘risida ayrim mulohazalar)

Mojor olimi Herman Vamberi nomini dunyo biladi. Uning murakkab shaxsligi,  aslida kimligi to‘g‘risida ham turlicha fikrlar bor. Bu haqda bir qancha maqolalar ham yozilgan[1].

Ma’lumki, Herman Vamberi 1863–1864 yillarda darvesh qiyofasida O‘rta Osiyoga keladi. Sayohatda ko‘rgan-kechirganlarini maxsus kitob holida nashr qildiradi. U sayohati davomida o‘lkamiz tarixi, xususan, adabiy-madaniy asarlari, xalq og‘zaki ijodi namunalariga ham qiziqadi. Imkoni doirasida manbalarni yig‘ib, o‘zi bilan olib ketadi. “O‘rta Osiyoga sayohat” kitobidan keyin ko‘p o‘tmay, Vamberining “Chig‘atoy tili saboqlari” nomli yana bir kitobi bosiladi. Vamberi shu kitobining “Xrestomatiya” qismida bundan roppa-rosa bir yarim asr oldin, ya’ni 1867 yilda xalq og‘zaki ijodining eng kichik janrlaridan biri – o‘zbek maqollaridan 112 tasining aslini  o‘zbek-arabiy hamda lotin imlosida, shuningdek, davomidan olmon tiliga tarjimasini beradi[2]. Bu kitob to‘g‘risida, chet eldagi o‘zbek adabiyoti yoki  adabiy aloqalari bilan shug‘ullangan o‘zbek olimlarining maqolalarida eslab o‘tilgan, albatta[3]. X.Ismatullayev kitob haqida bunday  yozadi: “Kitobning birinchi qismida tilning grammatik qurilishiga oid ma’lumotlar, 2-qismida “Tohir  va Zuhra”, “Yusuf va Ahmad”, “Hurliqo va Hamro” kabi asarlar keltiriladi. Bundan tashqari, A.Vamberi 112 ta o‘zbek xalq maqolini o‘zbek tilida keltirib (arab va lotin yozuvlarida), ularning nemis tilidagi tarjimasini ham beradi. Ollayor, Nasimiy, Navoiy, Fuzuliy g‘azallaridan namunalar ham shu kitobdan o‘rin olgan”[4]. Adiblar  va adabiy manbalar soni bu ma’lumotdan ko‘ra kengroq, ikkinchidan, unda “Hurliqo va Hamro” asari ilova qilingan emas.

Odatda ilmiy-adabiy maqola  va hatto ulkan monografiyalarda ham H.Vamberi tomonidan o‘zbek adabiyoti va folklori namunalarining olmon tiliga tarjimasi haqida ma’lumotlar keladi. Afsuski, aniq adabiy manba va matnlar masalasi o‘rtaga kelganida, tarjimalar saviyasi, hajmi, aynan qaysi asarlar tarjima qilingani kabi savollar ko‘pincha javobsiz qoladi. Dalil muhim; ular o‘jar. Suvga cho‘kmas, o‘tda yonmas tarixiy dalil va manba ilmdagi bo‘shliqni to‘ldiradi, xatolarni o‘nglaydi; taxminiy qarashlarga chek qo‘yadi.

Shu ma’noda H.Vamberi o‘zbek maqollarini olmon tiliga tarjima qilgani va bu manbaning XX asrda, aniqrog‘i, 1975 yilda ham qayta nashr bo‘lganini ta’kidlash o‘rinlidir. Qaysi o‘zbek maqoli tarjima qilingani, ularning mavzu yo‘nalishi va tarjimaning originalga mosligi, til xususiyatlari soha mutaxassislarini qiziqtirishi tabiiy deb o‘ylayman.

Qo‘limizda jamlangan manbalarni chop etishga qiziqib, biror noshir rag‘bat bildirsa, albatta, ularni tarjima va asliyatni baravariga  – bor holicha ilm ahliga yetkazish niyatidamiz.

Bu o‘rinda Vamberi tartib bergan “Xrestomatiya”ning faqat maqollar bo‘limi va ularning ba’zi o‘ziga xos qirralarini qisqacha bayon qilish, maqollardan ayrim misollar keltirish bilan cheklanamiz.

Sayyoh Vamberi o‘zbek maqollarini xalq orasida yurib to‘plagani haqiqat; tarjimada ularning mazmunini imkoni boricha to‘g‘ri bayon qilgani kuzatiladi. Aslida metodologik jihatdan adabiy-tarixiy manbalarni baholashda tasniflash usuli qo‘l keladi. Shunga ko‘ra, tarjima qilingan maqollarning originalga mosligi, mazmunning to‘la aks etgan-etmagani jihatidan kuzatish maqsadga muvofiqdir.

Birinchi. Maqollar asliyatda qanday bo‘lsa, xuddi shu tarzda mazmuni tarjima tiliga to‘la ko‘chib o‘tgan. Bunda tarjimon maqol uchun maxsus izohlar berishga zarurat sezmaydi. Chunki insoniyat tarixidagi umumbashariy hikmatlar borki, ularning ayrimlari mazmuniga ko‘ra barcha millatlarda bir xilda qo‘llaniladi. Bunday ekvivalent maqollarni eng maqbul tarjima o‘rnida qabul qilish va baholash o‘rinlidir. Misollar keltiraman:

“Bosh bo‘lmasa gavda losh”.

Tarjimasi:

Ohne Kopf ist der Körper eine Leiche”;

“Do‘st yig‘latur, dushman kuldirur”.

Tarjimasi:

“Was den Freund weinen macht, macht den Feind lachen”;

“O‘luk arslondin, tirik sichqon yaxshidur”.

Tarjimasi:

“Besser eine lebendige Maus, als ein todter Löwe” ;

“Manmanlik shaytong‘a yarashur”.

Tarjimasi:

“Egoismus steht nur dem Taufel gut” ;

“Och ayuq o‘ynamas”.

Tarjimasi:

“Der hungrige Bär tanzt nicht” ;

“Yaxshilik et, daryog‘a tashla, baliq bilur, Baliq bilmasa, Xoliq bilur”.

Tarjimasi:

“Thue Gutes und wirf es in den Fluss, der Fisch sieht es schon; und sollte der Fisch es nicht Finden, Gott sieht es schon” ;

“Yaxshi birla yursang, yetarsen murodg‘a, Yomon birla yursang, qolursen uyotg‘a”.

Tarjimasi:

“Mit Gutem wirst du bald dein Ziel erreichen, mit Schlechten aber beschämt zurückbleiben”;

Umumhisobda o‘zbek maqollarining olmon tiliga bunday o‘rinli, asliyatga mos, yaxshi, aniq va lo‘nda tarjimalari ko‘pchilikni tashkil etadi.

Ikkinchi. Tarjimon maqolning asil matnini teran anglatish maqsadida maxsus izohlar qo‘shadi. Bunda maqollar mansub millatning o‘ziga xos ma’naviy olami, turmush tarzi, qadriyatlari va boshqa  individual xususiyatlari tarjima tilida oson tushunilishi nazarda tutiladi.  Misollar:  “Bolani yoshdin, xotunni boshdin”. Tarjimasi: “Das Kind in der Jugend, das Weib im Anfang”. Tarjima yaxshi, ammo sharqona odob-ahloqni o‘zida jamlagan bu maqol tarjimon nazdida izohga muxtoj ko‘rinadi. Shuning uchun tarjimadan keyin qavs ichida  “wenn du sie an etwas gewöhnen willst”, ya’ni “agar sen uni biror narsaga ko‘niktirishni istasang” degan qo‘shimcha qo‘shadi. Izoh maqol mazmunini kengaytirib, uni qiynalmay anglashga yordam beradi. Boshqa bir misol: “Bolalardan so‘r xabarlarni”. Tarjimasi: “Von den Kindern verlang Nachricht”. Tarjimadan keyin qavs ichida : “Kinder und Narren pflegen die Wahrheit zu sagen”, ya’ni “Bolalar va ahmoq-tentaklar haqiqatni yoqlab gapiradi”, degan izoh beriladi. Bolalarning ko‘ngli toza bo‘ladi, ular bor gapni o‘z holicha aytadi, sir saqlashni bilmaydi. Bu maqolning xalqimiz orasida “Bolali uyda sir yotmas” varianti ham bor.

“El o‘g‘risiz bo‘lmas, Tov bo‘risiz bo‘lmas” maqoli tarjimasidan  so‘ng tarjimon “Vorsicht ist immer gut”, ya’ni “Ehtiyotkorlik har doim yaxshi” izohini beradi. “Oq qo‘y ham, qora qo‘y ham o‘z  oyog‘idin osilur”. Tarjimon mitti matnni to‘g‘ri tushunadi va o‘rinli talqin qiladi. Ayni damda “Kein Unterschied. Tod ist Tod” – “Farqi yo‘q. O‘lim o‘limdir” izohini yozishga zarurat sezadi. “So‘z berur, bo‘z bermas”. Qizg‘anch-ziqna odamga qo‘llanadigan bunday maqol tarkibida ichki qofiya, so‘z o‘yini borligi tarjimonni befarq qoldirmaydi. “So‘z” va “bo‘z” so‘zlarini “Ein Wortspiel”, ya’ni “so‘z o‘yini” deb ataydi. “Uyqusiz esnar, oshiq kerilur”. Bu nimani anglatadi? Olmonlarga tushunarsiz bo‘lishini taxmin qilgan Vamberi tarjimadan keyin qavs ichidagi izohda har kim o‘z ichki dunyosini qaysidir tarzdagi xatti-harakatlar bilan ham ifoda qilishiga urg‘u beradi.

Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Tabiiyki, tarjimon qo‘shgan o‘sha maxsus qo‘shimcha – izoh va tushuntirishlari maqollarning mazmun-mohiyatini boshqa tilda aniq ifodalashga xizmat qiladi. Ammo…

Uchinchi: Kuzatishimizcha, taassufki, maqollar ba’zan xato anglangan, noto‘g‘ri tarjima qilingan, hatto, maqolga noo‘rin izoh berilgan bir-ikki o‘rinlar ham uchradi.

Masalan: “To‘yg‘a borsang, to‘yib bor”. Tarjimasi: “Wenn du zu einem Gastmahle gehst, so gehe gesättigt dahin”. Umuman olganda, tarjima to‘g‘ri. Biroq unga yozilgan izoh “denn im Gedränge könntest du hungrig bleiben”, ya’ni “Chunki olomon ichida och qolishing mumkin” gapi juda sodda izoh va fikrimizcha, to‘g‘ri ham emas; maqol mohiyatiga mos kelmaydigandek ko‘rindi. Chunki bu maqolni aytgan ajdodlarimiz gapining tagida “och qolish” tushunchasi asosiy o‘rinda turmaydi. Balki bunda mehmonga borish odobi, mehmondorchilik madaniyati, to‘yda to‘ygan odamdek odob saqlab o‘tirish nazarda tutiladi, bizningcha. Chunki maqolning Vamberiga odamlar aytishni esidan chiqargan yoki aytgan taqdirda ham, uni yozib olishni unutgan “To‘y to‘ningni kiyib bor” degan ikkinchi qismi hali- hanuz xalq orasida yashab keladi. Maqolning ana shu davomida ham chiroy­li kiyinib, orasta holda  to‘yga borish madaniyati nazarda tutiladi.

Yana bir misol: “Lo‘luning eshagini sug‘or, pulini ol”. Tarjimasi: “Tränke auch den Esel der Hure (diene ihr), doch lass dich bezahlen (nimm ihren Pfennig)”. “Lo‘lu”ni nima uchundir tarjimon “buzuq ayol”, “fohisha” deb tushunadi. So‘zni bunday anglash va o‘girish maqol mazmuniga ta’sir qilib, ma’noni o‘zgartiradi. Chunki “fohisha” eshak minib yurmasligi mumkin. Maqol genezisi qishloqma-qishloq, ko‘chama-ko‘cha eshak minib, sadaqa so‘rab, tilanchilik qilib yuradigan lo‘lilar holiga borib taqalar, ehtimol. Aslida barcha maqollar mazmunan ko‘chma ma’noga, metaforik tabiatga ega bo‘ladi. Qavs ichida “unga xizmat qil” degan bir izohi ham bor. Har holda bu maqolning tarjimasi va izohi menga ancha muammoli bo‘lib ko‘rindi.

To‘rtinchi: Maqol asliyati bilan tarjima matni qiyoslanganida, tarjimon qayd etgan ba’zi izohlarning maqol mazmunini g‘ariblashtirgan holati kuzatildi. Masalan: “Yurgan daryo, o‘tirgan bo‘ryo”ning tarjimasi “Der Fluss zieht weiter, die Natte bleibt liegen” bo‘lib, unga “Willst du weiter ziehen, verlass die Natte und besteige das Schiff”, ya’ni “Harakat nari ketishiyu, bo‘ryo kemaning ichida qolishi”, degan mazmunda izohlanibdi. Aslida shu to‘rtta o‘zbekcha so‘zning metaforik ma’nosi Vamberi izohidan ko‘ra kengroqdir. Yana bir misol:“Qog‘ozdan qal’a bo‘lsa, olmasi balo bo‘lur” maqoli tarjimasidan keyin yozilgan “Natürlich in den Augen der berittenen Mittelasien, die nur den Kampf im offnen Felde verstehn” – “O‘rta osiyoliklar nazarida jang faqat ochiq maydonda bo‘lishi kerak deb tushuniladi” mazmunida berilgan izoh ham maqol ma’nosini faqat g‘ariblashtirishi mumkin. H.Vamberi maqollar tarjimasi jarayonida qo‘shimcha izoh va sharhlarni ikki xil usulda taqdim qiladi. Birinchidan, yuqorida ko‘rib o‘tilganidek,  tarjima matni yonida qavs ichida izoh yozadi.

Ikkinchidan, umummatndan tashqarida, sahifa havolasida  ma’lum bir so‘z yoki so‘z birikmasiga izoh yozadi. Har ikki holatdan maqsad maqolni aniqroq tushuntirishdir. Masalan: “Har kimning ko‘ngli to‘la bo‘lsa, tili ochilur”. Tarjimasi: “Dessen Herz voll ist, dem wird bald die Zunge los”. Bu maqolni tushunishga yordam berish uchun hoshiyada arab tili va yozuvida “Iza ya’sa-l-insanu taala lisanuhu” (Agar inson qarisa, uning tili uzun bo‘ldi), degan qo‘shimcha hikmat keltiriladi. O‘rtasidagi aloqadorlik qismida biroz o‘ylab ish tutish lozimligi ma’lum bo‘ladi.

“Bo‘lur odam o‘n beshinda bosh bo‘lur, Bo‘lmas odam qirqg‘a kirsa yosh bo‘lur”. Tarjimasi: “Der etwas taugt, wird schon mit fünfzehn Jahren Mann, wer nichts taugt, bleibt im vierzigsten noch ein Kind”. Tarjimon hoshiyaga “bo‘lur odam” birikmasini olib chiqib, olmoncha va usmonli turk tili yordamida: “bolur odam– aus dem ein Mensch werden soll, so im Osm: adam olurmu olmazmi = wird aus ihm was werden oder nichts?” deb tushuntiradi.“Odam bo‘ladimi, bo‘lmaydimi” degan xalqona ta’birni keltiradi. Aslida  “bo‘lur odam” – bu bo‘ladigan, yaxshi, oqil odam deganidir.

Olmon tiliga tarjima qilingan bu maqollarda Xorazm, Toshhovuz, Qo‘ng‘irot o‘zbeklari tili, ya’ni o‘g‘iz shevasiga xos unsurlari ko‘p uchraydi.

“Tez so‘zlar tez  pishmon bo‘lar”. Bu maqol tarkibidagi “pishmon” bugungi adabiy tilda “pushaymon” shaklidadir. “Suv ko‘rmaguncha etik chechma”. Shevadagi “chechma” so‘zi adabiy tilga “echma” tarzida olib kirilgani ma’lum. “Sovliqim boyliqim, xastaliqim manglayi qaroliqim”. Bundagi “manglayi qorliq”ning “baxtsizlik, omadsizlik” ekanini faqatgina shu sheva vakillari yaxshi anglaydi. Shuningdek, “Oqajaq qon tomurda turmas”, “Qozong‘a yontoshsang, qarosi yug‘ar, Yomong‘a yontoshsang, balosi yug‘ar” kabi maqollar tarkibidagi “oqajaq”, “yontoshsang” kabi so‘zlar ham shevaga xosdir.

H.Vamberi olmon tiliga tarjima qilgan maqollardagi bunday o‘ziga xosliklarni ikki asosga ko‘ra tabiiy qabul qilish o‘rinli bo‘ladi. Birinchidan, maqollarni ko‘proq o‘g‘iz shevasiga mansub odamlar orasidan yozib olgan Vamberi so‘zboshida: “Boshida berilgan maqollar asosan bevosita turmushdan olingan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi bugungi kunda ham usmonlilar orasida qo‘llanib kelayotganini ta’kidlash  shart bo‘lmasa kerak”, deb yozadi[5]. Ikkinchidan, Vamberining hamrohi, hajga borish niyatida unga ergashib yo‘lga chiqqan madrasa tolibi Mulla Ishoq qo‘ng‘irotlik edi[6]. Maqollarni tarjima qilayotganida Vamberi yonidagi o‘sha “tirik lug‘at”dan unumli foydalangan bo‘lishi ehtimoldan uzoq emas.

Shu bilan birga Vamberi tarjima qilgan maqollar orasida muammoli bo‘lib ko‘ringanlari ham bor. “Aql boshda emas, yoshdadur” maqolining tarjimasi aynan beriladi: “Der Verstand ist nicht im Kopf, sondern im Alter”. Biroq maqolning xalq orasida keng tarqalgani “Aql yoshda emas, boshdadur” shaklda bo‘lib, tarjimon teskarisini tanlamaganmikin, degan o‘yga ham boriladi.

H.Vamberi tarjima qilgan maqollar o‘zbek xalqi orasida ming yillardan beri yashab keladi. Hozirgi kunda odamlar keng ishlatadigan chuqur ma’noli “Ochliq neni yedirmas, To‘qluq neni dedirmas” maqolining ham Vamberida tarjimasi bor. Muhimi aynan shu maqol Koshg‘ariyning “Devon”ida keladi[7].

Xullas, bugungi adabiy-ilmiy jamoatchilik tarjimashunoslik tarixida, xususan, o‘zbek tilidan olmon tiliga o‘zbek adabiyoti, folklori namunalarini tarjima qilishda Herman Vamberining ham ma’lum xizmatlari borligini bilish lozim. Shu bilan birga bir xil mavzuda yozilgan adabiy manbalarning olmon tiliga bo‘ladigan yangi tarjimalarda XIX asrda qilingan tarjimalar qaysidir darajada tajriba maydoni vazifasini bajaradi. Umuman, shu kabi barcha nodir tarjimalarni asliyat matnlari bilan birga boricha qayta kitob holida chiqarish, Respublikadagi markaziy kutubxonalarga va tegishli oliy ta’lim dargohlarining kitob javoniga qo‘yish zarurati bor. Bunday nodir adabiy manbalar tarjimashunoslik, folklorshunoslik va o‘zbek adabiyoti tarixini keng yoritish bo‘yicha izlanishlar olib borayotganlarga yordam beradi, albatta.

 

Herman Vamberi tarjima qilgan o‘zbek maqollaridan namunalar

1.Otali o‘g‘ul – xo‘jali qul.

Der Sohn,  der einen Vater hat, ist immer ein Sklave, der einen Herrn hat. (Denn er muss gehorchen)

  1. Ikki kema tutqon g‘arq ichinda qolur.

Der an zwei Schiffe sich anhält, ertrikt gewiss.

  1. Qalb qozoni qaynamas, qaynasa-da qo‘yulmas.

Des falschen (Menschen) Kessel kocht nie; kocht er auch, so verdichtet er nie. (Vom Pilav, der so lange kochen muss, biss er dick, d.h. gut befunden wird).

  1. Iyd otluningki, to‘y to‘nluningki.

Das Fest gehört dem Reiter (der aus der Ferne und der Sitte gamäss zu Pferde sich dazu begeben kann); das Gastmahl dem Gutgekleideten (da sich Niemand in schlechten Kleidarn zeigen kann).

  1. Zamonning ozg‘oni, otdin eshak o‘zg‘oni.

Wenn die Zeit entartet (wenn alles in Wirrwarr geräth), so wird der Esel höher gestellt, als die Pferde (d.h. nir dann wird der Nichtswürdige dem Würdigen vorgezogen).

  1. Tanimasni siylamas.

Was man nicht kennt, liebt man nicht.

  1. To‘yg‘a borsang, to‘yib bor.

Wenn du zu einem Gastmahle gehst, so gehe gesättigt dahin (denn im Gedränge könntest du hungrig bleiben).

  1. G‘aribning bir to‘yg‘oni, chala boyig‘oni.

Wenn der Arme einmal satt ist, so ist er schon ein halber Baj (reicher Mann).

  1. Birov o‘tkardi umrini ayish ila posh,

Birov totqani yo‘q og‘zi to‘la osh.

Birovning nukra-i-tillosi mo‘l-mo‘l,

Birov ko‘rgani yo‘q umrida bir pul.

Der eine verbringt sein Leben in Saus und Braus,

Der andre hat kaum ein Stückchen Brod im Haus,

Der eine hat Gold und Silber im Uberfluss,

Der andere oft einen Heller erbetteln muss.

  1. O‘limdin xo‘rluq yomon.

Schande ist ärger als der Tod.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 12-son

____________________

[1] Qarang: Xayrulla Ismatullayev. Vamberi olimmi, josus? “Fitna san’ati” (2-kitob), “Fan” nashriyoti, Toshkent, 1993 yil, 149-162-betlar; . Mim Kemal ÖKE , Armín VAMBERY İngiliz Casusu Prof. Arminius Vambery’nin Gizli Raporlarında II. Abdülhamid ve Dönemi İstanbul, 1983, Üçdal Neşriyat; Salih YILMAZ . “İngiliz Casusu Armin Vambery‘nin Türkistan Seyahatinde Ona Eşlik Eden Özbek İshak Molla Hakkında”Türk Dünyası Araştırmaları Tarih dergisi; Elenora Shafranskaya. “Shpion” Arminiy Vamberi (internet manbalari).

[2] Qarang. Čagataische Sprachstudien enthaltend grammatikalischen Umriss, Chrestomathie und Wörterbuch der çagatischen Sprache von Hermann Vambery,  Leipzig:F.A.Brockhaus, 1867.358 p.; Mazkur kitobning 1975 yilgi qayta nashri ham bor.

[3] Qarang:Xayrulla Ismatullayev. Vamberi olimmi, josus? “Fitna san’ati” (2-kitob), “Fan” nashriyoti, Toshkent, 1993 yil, 159-bet.; Jumaniyozov Z.A. “Herman Vamberining ilmiy-adabiy merosi”; Eltazarov J. “Herman Vamberining qo‘ng‘irotlik yo‘ldoshi” (internet manbalari).

[4] Xayrulla Ismatullayev. Vamberi olimmi, josus? “Fitna san’ati” (2-kitob), “Fan” nashriyoti, Toshkent, 1993 yil, 159-bet.;

[5] Hermann Vambery.  Čagataische Sprachstudien.,  Leipzig:F.A.Brockhaus, 1867, 43-bet.

[6] Bu haqda qarang: Eltazarov J. “Herman Vamberining qo‘ng‘irotlik yo‘ldoshi”

[7] Qarang: “Och ne yemas, to‘q ne demas”.  Mahmud Koshg‘ariy. “Devonu lug‘ati-t-turk”. 1-jild.  Toshkent. “Mumtoz so’z”,  2016 yil, 71-bet.