Shu sarlavha besh yillar oldin tushimga kirgan edi. Tushimda sarlavhani qo‘yib: “Siz bu dargohni tark etganingizda, biz endigina shu ostonaga yaqinlashib qolgan edik”, deya maqolani yoza boshlaganimni ham aniq eslayman. Qachon yozaman? Yozishga haqlimanmi? O‘zimga shunday savollar berib yurdim. Qancha vaqt meni o‘sha sarlavha va “Bahodir Sodiq” ismi ta’qib qildi. Bilmadim. O‘yladim. Bahodir Sodiq qadami yetgan yerlardan o‘tdim. Ayrim shovotlik yaqinlari, tanishlari bilan tanishdim. Niyatim qat’iylashdi: ruhiga, avvalo bir duo, Qur’on tilovat qilib, Bahodir Sodiq to‘g‘risida manbalar to‘pladim. Oradan yillar o‘tib, manbalarni, xotiralarni bir-bir kuzatib mavzuga qayta qaytdim. “XX asr o‘zbek tanqidi antologiyasi”ga maqolasini kiritgan edim. Umid Bekmuhammadning “Xotira uyg‘onsa go‘zaldir” risolasi chiqdi.
Mavzu yana meni izidan ergashtirdi. Shoir Xurshid Davrondan Bahodir Sodiqning bir kitobi chiqibdi, degan xabar keldi.
Bahodir Sodiq yozganlarini o‘qidim. “Hayratning ikkinchi umri” maqolasi “…Ko‘hna Urganchda bir darvoza bor; yoshi mingdan oshgan. U o‘zbekning eng qadimgi darvozasidir”. Ko‘hna Urganchga, “Qirq mulla”, Shayx Kubro hazratlari maqbarasi ziyoratiga borganda o‘sha darvozani, bu mahzun “dunyodagi barcha darvozali va darvozasiz shaharlarga qarshi yashayotgan shaharsiz davroza”ni men ham ko‘rganman. Ammo bu “ichkarisi yo‘q davroza”dan falsafa chiqarish va uni o‘tmish hamda zamona she’riyatiga mantiqan chuqur bog‘lash uchun Bahodir Sodiq tafakkuri kerak bo‘ladi. Bahodir Sodiq yozganlarini o‘qiyman. Mantiqli, bezakli, fayzli, birovning tahririga muhtoj emas. Uning yozgan tanqidlari asosli, inkor qilib bo‘lmaydi. Odamning havasi keladi. Yozadigan bo‘lsang, “Bahodir Sodiqdek” yozmoq kerak. Uning maqolalarida yosh munaqqidlar uchun ibrat bor. Shu sabab “XX asr o‘zbek adabiy tanqidi antologiyasi”ga Rauf Parfi she’rlarini muxtasar, ammo chuqur tahlil etgan “Ko‘zlardagi dunyo” maqolasi kiritgan edim. Shoirga “poetik tuyg‘ular rassomi” deb baho beradi u va: “Unda har bir fikrning o‘z rangi bor, ohang, bo‘yog‘i bor”. She’rdagi ranglar, ohanglar, bo‘yoqlar – yosh munaqqid topgan bebaho topildiq. Bahodir Sodiq o‘zi ham she’rlar yozgan va ko‘ngliga yaqin shoirlarning she’rlarini olimona, shoirona sharhlagan. Hali-hanuz xazina o‘laroq talqin qilinmay yotgan Muhammad Rahmon she’rlari sharhiga bag‘ishlangan maqolasida “Poeziya – yurakning tabiat bilan, insoniyat bilan va o‘z-o‘zi bilan gaplashadigan universal tilidir”, deb haqqoniyatni yozadi. Xurshid Daronning “Qadrdon quyosh”, “Shahardagi olma daraxti” she’riy to‘plamlarini tahlilida o‘zi topgan tizim va nazariy mezonni taqdim etadi. “She’riyatni his qilmagan odam insonni ham, tabiatni ham seva olmaydi” – Bahodir Sodiq adabiy maqolalarida falsafiy fikrlaydi. Shu yoshida g‘arbning Kant, Shelling, Vordsvort, Feerbax kabi allomalari asarlarini o‘qiganiga, sharqning Mashrabdek qalandar shoiri ijodini matniy tadqiq qilganiga odamning aqli hayron qoladi.
Men “Bahodir Sodiq” ismini 1986-yili birinchi kursda shoir Berdi Rahmat akadan eshitgan edim. Ukasi Berdimurod bizga kursdosh. Berdi Rahmat aka bilan nima munosabat bilandir ko‘rishsak, albatta, do‘sti Bahodir Sodiqni, uning Eshon bobosi va otasini, Shovotga borganlarini eslar va meni o‘ziga qandaydir yaqin olishini sezar edim. Go‘yo yo‘qotgan kimni, nimanidir topgandek Berdi Rahmat akaning ko‘zlari chaqnar va Bahodir Sodiq to‘g‘risida to‘lib-toshib, hayajon bilan so‘zlardi. Hanuz shunday… Berdi Rahmat akaning do‘sti xotirasiga bag‘ishlagan “Deraza” degan she’ri bor:
Dardi-hasratimga bu olam tordir,
Shaharni kezaman telba-devona.
Hasratli yuragim mehrga zordir,
Endi shodlik menga begona.
Chin do‘stini, yurakdoshini yo‘qotgan odamning dard-u hasratlari chin va samimiy bo‘ladi. Berdi Rahmat aka juda ta’sirli she’r yozgan. O‘qiyotgan mahali odamning bo‘g‘zi va qaboqlariga yig‘ining asorati kelib tiqiladi:
Tramvay chinqirib to‘xtar bekatda,
Tushaman ko‘z yosh-u g‘amni yetaklab.
“Yo‘q” so‘zi qiynalar og‘ir bir dardda,
“Bor” so‘zin topolmay qiynaladi qalb.
Qadamlar imillar deraza sari,
Chaqirmoqqa tosh izlab cho‘zilar qo‘lim.
“Olimlar uyi”ning derazalari
Mening bu holimga termuladi jim.
Beixtiyor ko‘zlar yoshlanadi. Talabalar shaharchasidagi o‘sha binolar… Yoshlarning shovqin-suronlari, orzulari bilan to‘la… Endi bu binoda istiqomat qilayotgan, har gal mitti tosh tirqildisi bois derazadan qaraydigan do‘st yo‘q. Bu uy ham, deraza ham motam tutadi. Shoir har gal shu bino yonidan o‘tar ekan, odatiga ko‘ra do‘stini chaqirmoqchi bo‘ladi. Ammo do‘st yo‘q, aslida chin do‘st juda qahat bo‘ladi:
Ko‘zimdan armonlar tirqirab oqar,
Xudo, hech kimsani solma bu ko‘yga.
Qadrdon deraza do‘stimsiz boqar,
“Bor” so‘zin topolmay qaytaman uyga.
Iztirobli yurakning bir izhori bu. Yig‘lab yozilgan bunday she’rlar yig‘lab o‘qiladi. Berdi Rahmat tabiatan hazilkash va quvnoq inson. Ammo gurung maromi, xotiralar do‘stining o‘limiga yaqinlashgan sari shoirni g‘alati bir ma’yuslik egallaydi; kayfiyati asta o‘zgaradi, go‘yo qayg‘udan cho‘kadi. Charaqlab turgan quyosh nursizlanadi, orasta osmonni bulut qoplaydi go‘yo. Ma’yuslik… Yuragidan bir iztirobning ohi, nadomat nolasi, xo‘rsinish sasi eshitiladi. Ko‘p narsaga qo‘l siltab beparvo ketadigan Berdi Rahmat aka do‘stini eslaganida jiddiy odamga aylanadi. Yurib borayotgan bo‘lsa, albatta, to‘xtaydi. O‘tirgan bo‘lsa, hurmati uchun o‘rnidan turadi. Buni birov sezadi, birov sezmaydi. Ammo chin do‘stga hurmat shunday bo‘larkan-da! Garchand chin olamga safar qilgan bo‘lsa-da, havasi keladi odamning shunday sodiq do‘sti borligiga Berdi Rahmat akaning. Afsuslarga cho‘madi odam shunday do‘stini yo‘qotish uchun hali shu kunga dovur dili izillab, har xotirga olganida telba-devonavor ko‘yga tushadi u. She’r agar inson madhi bo‘lsa, inson sha’ni uchun bitilsa, undagi bebaho fazilatlar misralarga ko‘chadi va go‘zallashadi.
Negadir Bahodir Sodiqni eslaganda har kim boshqacha kayfiyat – uzoq-yaqin xotiralari girdobiga sho‘ng‘iydi. Shoir Bahrom Ro‘zimuhammaddan Bahodir Sodiqning Shovotda – suv tagida bardosh-chordona qurib, qo‘llarini ko‘ksiga ayqashtirib o‘tirgan holi haqida, Bahrom akaning o‘zi Toshkentga ishga kelmoqchi bo‘lganida Bahodirning bobosi Yunusxon eshon huzuriga borib, duo so‘raganida “amal etishi lozim bo‘lgan ikkita muhim gap” aytgani to‘g‘risida eshitganman. Yunusxon eshon – o‘zi bir dunyo tarix. Tuman hokimi bo‘lgan ixlosli bir mansabdor uning uyi oldidagi qudug‘idan suv ichish uchun borishga botina olmay birovlardan iltimos etib, bir chelakda suv oldirib ichgan ekan… Shoir Abduvali Qutbiddin o‘ziga I.Kant kitoblarini o‘qishni Bahodir Sodiq tavsiya qilganini eslagani yodimda. Shoir Aziz Said Bahodir Sodiqni yelkasiga xorazmcha chopon tashlab olgan, Qur’onni tajvid qoidasiga mos tilovat qiladigan, juda salobatli bir inson sifatida eslagani yodimda.
Yaqinda Yozuvchilar uyushmasi binosida shoir G‘ulom Egamshukurni ko‘rib qoldim. Eshitib yurganman. O‘zini ko‘rmagan ekanman. Qayta ko‘rishdim. Bahodir Sodiqqa bag‘ishlangan she’rini eslatdim. Bir ism ortidan bir lahzada eski oshnalarga xos iliqlik, samimiyat paydo bo‘ldi. Qarang, garchand bu olamni tark etgan bo‘lsa ham, imon egasi, o‘zidan yaxshi nom qoldirgan odam nisbatan uzoq odamlarni bir lahzada yaqinga aylantirar ekan-da. G‘ulom akaning Bahodir Sodiq vafoti munosabati bilan yozgan she’ri “Kunduz marsiyasi” deb nomlanadi.
Aslida tuproqqa intiq bu yurak,
Ko‘rganlarim – hammasi armon.
Kechalar bo‘zlaydi, kechalar ojiz,
Ovutaman men ham o‘zimni hamon.
Yosh bir yigitga bag‘ishlangan marsiyalarni o‘qib, to‘g‘risi, yoshgina joni bilan Yaratguvchi dargohiga ketgan Bahodir Sodiqsiz qolgan bu adabiyot va adabiyotshunoslik haqida o‘ylanib qoladi odam.
Mirzo Kenjabek o‘sha payt Bahodir Sodiqqa bag‘ishlab “Do‘st xotirasi” she’rini yozadi.
– Yosh joningga soqol muborak!
Kel, navqiron chol.
– Soqolimdan kulmang, – deysan sen,
Men qaytyapman
O‘tmish sari,
Ajdodlar sari!
Bahodir Sodiqning soqolli suvratini ko‘rganman. Mirzo Kenjabek she’rida shu qiyofa sharhi, Bahodir Sodiq a’moli bor. “Sening qoralama satrlaringda Tirilmoqda edi qaytadan Ko‘hna Xorazmning mo‘rt tomirlari” – Bahodir Sodiq iqtidori va ehtirosiga o‘rinli baho. Ammo uning “o‘tmish sari. Ajdodlar sari” juda erta qaytgani uchun shoir afsusda, armonda, yig‘ida. Uning kulbasiga endi do‘sti kelmaydi, ruhi keldi eshikni qoqmay.
Xorazm allomalariga chinakam izdosh bo‘lishga munosib bir inson yigirma bir yoshida dunyodan ko‘z yumdi, Alloh uni rahmatiga olgan bo‘lsin.
Odam qandaydir o‘zini ulug‘lar, yaxshilar, ahli iymon, ahli taqvo safiga qo‘shgisi keladi. Bahodir Sodiqning iste’dodiga, sezimiga, bilimiga, fahmiga, asarlariga qoyil qoladi odam. Uning yozganlari hammamiz uchun ham qadrli, ayniqsa, men uchun. O‘zimning shunday pokiza bir inson bilan adash bo‘lganimdan faxrlanib ketaman. Maqola shu iste’dod va ismga ehtirom izidan maydonga kelgandir balki…
Gapimning tuganchi shuki, bu olamga bahodirlar kelaveradi, bahodirlar ketaveradi; bu olamda chin bahodirlar nomi abadiy yashab qoladi.
Ildirgi: Ushbu maqola tuganchiga yetmay yotar edi. Niyatimni kimdandir eshitib, o‘z da’vati bilan shu ishimni oxiriga yetkaziga ko‘mak bergan Berdi Rahmat akaga rahmat.
«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 11-12-son