Adib zoti borki, o‘z asarlarining o‘qilishi, uqilishi va kitobxonlar tomonidan tushunib qabul qilinishini istaydi. “Seni tushunishsa, katta baxt”, degan hikmat aslida yozuvchilik qismatiga daxldor. Hatto hazrat Navoiyday daho san’atkor ham “El netib topg‘ay menikim…”, deya andishalarga borgani va munojot paytida Yaratganga “Iloyo degonimni ulusqa marg‘ub et…”, deya musallo etgani barchamizga ma’lum. Ijod va ijodkor qismatiga bog‘liq bu so‘zlar nafaqat mumtoz adiblarga, balki zamonaviy ruhda asarlar yozib, el e’zoziga musharraf bo‘lgan adiblarga ham xos. Shunday ekan, zamonaviy adib ham o‘z asarlarini zamondoshlari tomonidan qabul etilishini istashi tabiiy.
“Hamisha bir orzu bilan yashayman, — deb yozadi O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov. — Shunaqa kitob yozsangki, uni o‘qigan kitobxon hamma narsani unutsa, asar qahramonlari hayoti bilan yashasa. Kitobni o‘qib bo‘lgan kuni kechasi bilan uxlolmay, to‘lg‘onib chiqsa. Oradan yillar o‘tib asarni qaytadan qo‘liga olganida tag‘in hayajonlansa, yangi ma’nolar topsa”.
Adibning bu orzu-istagi ushalayotganiga barchamiz — kitobxonlar ham, adabiy jamoatchilik ham guvoh. Zotan, xalq mehriga sazovor bo‘lgan yozuvchining hikoya, qissa va romanlari ma’naviy mulkimizga aylangani rost. Atoqli adib Said Ahmad ta’kidlaganidek, O‘tkir Hoshimovning «Bahor qaytmaydi», «Qalbingga quloq sol», «Nur borki, soya bor», «Dunyoning ishlari», «Ikki eshik orasi», «Tushda kechgan umrlar», «Ikki karra ikki – besh» kabi qissa va romanlari, yuzdan ortiq dilbar hikoyalari, komediya va fojialari xalq orasida juda mashhur bo‘lib ketgan”.
Chindan ham yozuvchining qissalarini, romanlarini o‘qiyotganda qahramonlarining hayoti ko‘z o‘ngimizda yaqqol namoyon bo‘ladi, asarni o‘qib bo‘lgach ongimiz va shuurimizda ularning qiyofasi qayta jonlanadi: ular siz bilan dillashadi, his-tuyg‘ularingizga ta’sir etib, hayot haqida, inson taqdiri haqida o‘yga toldiradi. Ancha vaqt shu asarlar ta’sirida yurasiz, qahramonlar bilan xayolan bahslashasiz, ko‘nglingizdan kechgan o‘y-kechinmalar ta’sirida ayrim qahramonlar tarafiga o‘tib olib, ularning muxoliflari bilan kurashasiz. Aslida badiiy asarning ta’sir kuchi, kitobxon qalbini zabt etish mo‘jizasi ham shunda.
Mashhur bo‘lishning siru asrorlari hamisha adabiyot ahlini qiziqtirib keladi. O‘tkir Hoshimov ijodiy faoliyatiga nazar tashlaganda bu fenomen bir necha jihatlari bilan namoyon bo‘ladi. U ilk asari bilanoq Abdulla Qahhorday ulug‘ adibning nazariga tushdi. Har gal Ozod Sharafiddinovday qilni qirq yoradigan ustoz munaqqid kitobimni o‘qib nima derkin, degan andisha bilan qo‘liga qalam oldi. Har bir asarida xalqning ko‘nglidagi gapni topib aytishga, dilidagi pinhon dardlarni oq qog‘ozga ko‘chirishga kuchli ishtiyoq tuydi. Alloh bergan iste’dodni parvarishlab, ezgu ishlarga, yaxshi asarlar yozishga sarf etdi…
O‘tkir Hoshimov iste’dodining o‘ziga xosligi, birinchi galda, ijodkorning uslubi, asarlarining til xususiyatlarida ko‘rinadi. Ayniqsa, muhabbat mavzusidagi qissalari tili va uslubiga xos ravonlik, ohangdorlik qahramonlarning his-tuyg‘ulari ifodasiga mayinlik va ta’sirchanlik bag‘ishlagan. Bu jihatdan adibni “prozaning shoiri” deganda ustoz shoirimiz Erkin Vohidov to‘la haq. Darhaqiqat, yozuvchining kitobxon nazaridan chetda qolmay kelayotgani sabablaridan biri ham shunda.
Kitobxon nazaridan qolmaslik, doimo uning ko‘z o‘ngida bo‘lish, yozganlarini el nazaridan o‘tkazib, uning bahosiyu talablari darajasida asarlar yozish uchun ustozlarning “oq yo‘li”-yu zamondoshlarining xayrixohligi kamlik qiladi. Adib uzoq va mashaqqatli ijodiy yo‘lni bosib o‘tdi. Bu yo‘lning har bir bekati qanchadan-qancha to‘lg‘anishlaru iztiroblarga, masrurligu tashvishlarga to‘la. “Ijod o‘ta murakkab, o‘ta mas’uliyatli, olis va mashaqqatli yo‘l”, deb yozadi O‘tkir Hoshimov. Darhaqiqat, ijodiy safarga otlangan yo‘lchi (ijodkor) yo‘l(ijod jarayoni)ning barcha baland-pastliklarini oldindan tasavvur eta olishi, uning notekisliklaridan hayiqmay yurishi, jiddiy to‘siqlar uchraganda yengib, oldinga intilishi va natijada kitobxon qalbi degan “finish”ga eson-omon yetib olishi kerak. Biroq ijod “yuz metrli masofada kim o‘zarga yugurish ham emas”. Unda “kim o‘zarlik”, tezroq marraga yetib, raqiblarini dog‘da qoldirish yetakchi mohiyat kasb etmaydi. Birinchilik tezlikda, tez shuhrat qozonishda emas, balki kitobxon qalbiga kira olishda, uning o‘y-tashvishlarini asarlariga singdira bilishda, oddiy o‘quvchidan tortib zukko adabiyotshunoslargacha iste’dodining e’tirof etilishidadir.
O‘tkir Hoshimov ijodi allaqachon kitobxon elimizning mehrini qozongan, roman va qissalari milliy hududdan tashqariga chiqib, o‘nlab xorijiy tillarga tarjima qilingan. So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tadqiqotlarda uning asarlari Gogol, Folkner, V.Rasputin kabi mashhur adiblar ijod namunalariga qiyoslanib tahlil etilayotgani yozuvchining iste’dodi miqyosini ko‘rsatadi. Biroq hali asarlari qatidagi badiiylik sirlariyu adib ijod laboratoriyasidagi jarayonlar to‘la o‘rganilmagan. Ularni o‘rganish, tadqiq etish nafaqat adabiyotshunos olimlar zimmasida, balki yosh ijodkorlar ham adib mahorati qirralarini o‘ziga maktab bilib, uning tajribasidan amalda, o‘z ijodlarida foydalanishlari lozim. Qolaversa, oliy hakam — beshafqat Vaqt hukmi ham bor. Bu haqiqatni anglab yetgan ijodkor, nafaqat bugungi kunini o‘ylaydi, balki ertangi kunga ham asqotadigan asarlar yozish, xalq orzu-umidlarini kelajak uchun muhrlash payida bo‘ladi. Bu haqiqatni, ijodiy tajribalariga asoslanib, yozuvchi shunday izohlaydi: “Qalamkash uchun kitobxon qalbiga ozmi-ko‘pmi ezgulik nurini olib kirish, uning quvonch va tashvishlari, muhabbat va nafratini halol, ta’sirchan tasvirlashdan ortiq baxt yo‘q. Zero, har qanday kitobning xolis bahosini kitobxon va vaqt belgilaydi. Shu ma’noda aytish mumkinki, asarning egasi yozuvchi emas. Asarning egasi – o‘quvchi. O‘quvchisi yo‘q asar egasi tashlab ketgan hovliga o‘xshaydi”.
Darhaqiqat, badiiy asarning haqiqiy egasi — kitobxon. Yozilgan kitoblar kitob javonlarini to‘ldirib, bezab turmasligi, balki o‘quvchilar tomonidan “shavq bilan o‘qilishi” (Abdulla Qahhor) lozim. Shunda ular ko‘ngil mulkiga aylanib, millat ma’naviy xazinasidan munosib o‘rin oladi.
Shubhasiz, ijod ahli kitobxon didi va saviyasi, ma’naviyati va ruhiy dunyosini e’tiborda tutadi. Shu ma’noda yozuvchi kitobxonni o‘ziga hamkor, deb biladi. Taniqli adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov ta’kidlaganidek, “Yozuvchi… kitobxonga tenglashishni emas, balki kitobxondan balandroq turishga intiladi. Shuning uchun kitobxonni hayratga soladi, yozuvchi kitobxonga emas, kitobxon yozuvchiga qarab hayrat barmog‘ini tishlaydi va o‘zi ilgari ko‘rmagan, bilmagan notanish olamlarga kiradi. Kitobxon o‘rnak izlaydi. Yozuvchi o‘rnak beradi… O‘tkir Hoshimov o‘z o‘quvchisi bilan muttasil izchil aloqada ishlaydi. U kimga yozayotganini biladi. O‘quvchisi uning uchun mavhum shaxs emas, juda jonli va juda faol fikrlovchi kimsa. O‘quvchisini o‘zining ijodiy ishlariga sherik deb tushunadi. Ma’rifatli munosabatga ma’rifatli munosabat bilan javob beradi”.
Ma’rifatli kitobxonni tarbiyalash, uning didini o‘stirish va ma’naviyatini boyitish har bir adibning vazifasi. Zotan, ijodkor asarlarining saviyasi o‘quvchilarning badiiy-estetik tarbiyasida ham o‘ziga xos manba bo‘lib xizmat qiladi. Muallifning qalb bisotidagi boyliklar o‘quvchi ongiga ko‘chishi barobarida uning uchun ezgulik va go‘zallik sari yo‘l ochadi. Ta’sir va taassurotlarga boy bu ijodiy hamkorlik kitobxonni nafosat safarga undaydi, uning safardosh bo‘lishga imkon yaratadi.
Darhaqiqat, el sevgan adib O‘tkir Hoshimovning barkamol ijod yo‘li o‘quvchilarining kamolot sari intilgan yo‘li bilan tutash. Mana shu sermehnat ijod yo‘lning yetmishinchi bekatini bosib o‘tgan adibimizga doimo betakror iste’dodiga munosib salohiyatli, ma’rifatli, didi baland kitobxonlar hamroh bo‘lishiga tilakdoshmiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 32-sonidan olindi.