“Mukammal matn deganlari, aslida, yo‘q narsa. Xuddi butkul umidsizlik bo‘lmaganidek.”
Mashhur yaponiyalik yozuvchi Xaruki Murakami “Shamol qo‘shig‘ini tingla”* deb nomlangan ilk romanini shu jumla bilan boshlagan. Bugungi kunda o‘ndan ortiq romani dunyodagi deyarli barcha tillarga o‘girilgan, zamonaviy yapon adabiyotining klassigi darajasiga ko‘tarilgan bu adibning nomi Umberto Eko, O‘rxon Pomuq, Milorad Pavich kabi XX asr nasrini yangilayotgan yozuvchilar qatorida e’tirof etiladi. Matnni kitobxonni sehrlaydigan kuchli qurolga aylantira olgan Murakamining romanlarini ko‘pqavatli binoga o‘xshatish mumkin. Uning yuqori qavatlariga chiqish uchun katta tajriba va bilim kerak. Lekin birinchi qavatida ham oddiy kitobxon uning asarlaridan zavq oladi, qahramonlarida o‘zini ko‘rib, voqealar ummoniga g‘arq bo‘ladi.
1993 yili Murakamini birinchi bo‘lib rus tiliga o‘girgan adabiyotshunos Dmitriy Kovalenin adibning “Qo‘y ovi” romani haqida shunday yozadi: “Bu romanni o‘qigach, uni nashr qilish tashvishini o‘ylab o‘tirmay, tarjimaga kirishib ketdim. Chunki asarda har qanday o‘quvchini ohanrabodek o‘ziga tortadigan voqea bor edi. Kitobning ilk sahifalaridayoq yozuvchi yaponiyalik ekanligini unutdim. Asar yoqqanining yana bir sababi — bosh qahramon dunyoga xuddi mening ko‘zim bilan qarayotgandek edi”.
Eposda bosh qahramon o‘z taqdirini o‘zi yaratadi, tragediyada esa taqdirga qarshi kurashadi. Badiiy adabiyotning bu qadimgi qoidasi XX asr boshlarida ham roman va qissalarning syujetini belgilab bergan. Shundan kelib chiqib, tajribali yozuvchilardan biri: “Qog‘ozga tushirilayotgan har qanday voqeaning ishonarli chiqishi uchun ikkita qoidaga amal qilish kerak. Birinchisi, qahramon doim bor kuch bilan nimagadir intilishi, nimanidir izlashi kerak. Ikkinchisi, xotimaga yaqinlashganda u qandaydir kutilmagan o‘zgarishni boshidan o‘tkazishi lozim”, degan edi. Lekin moderinizm va postmodernizm yo‘nalishidagi asarlar o‘zidan avvalgi hamma uslubu andozalar qatori bu qoidalarni ham inkor etdi. Misol uchun, “Shamol qo‘shig‘ini tingla” romanida taqdir bilan kurashayotgan faol qahramondan asar ham yo‘q. Roman shaharlik talaba yoshlar hayoti haqida. Voqealar 19 kun davom etadi. Bosh qahramon Kalamush laqabli do‘sti bilan oshnasi Jeyning barida pivo ichib soatlab gap sotadi, gohida mashinasida biroz aylanib, uyiga qaytadi va shiftga qarab radio eshitib yotadi. Keyin yana oshnasining oldiga pivoxonaga boradi. Asar o‘rtalarida tanishgan qizi qayoqqadir g‘oyib bo‘ladi, qahramon ham Kalamushni qoldirib, o‘qishni davom ettirish uchun Tokioga ketadi. Shu bilan roman tugaydi.
Bir qarashda asar g‘oyasini, yozuvchining nima demoqchiligini ilg‘ashning iloji yo‘qdek. Haqiqatan ham, syujeti romandan ko‘ra ko‘p seriyali filmning bir qismiga o‘xshaydigan bu asarda g‘oya yo‘q. Muallif maslak, maqsad, mazmun kabi tushunchalarga ishonmay qo‘ygandek, ko‘chalari yaltiroq reklama-yu, har turli yozuvlarga to‘la ulkan metropoliyalardagi beton “kovaklar”da kalamushga o‘xshab yashaydigan yoshlar haqida hikoya qiladi. Uning qahramonlari hech qayerga shoshilmaydi, hech kimni izlamaydi, g‘am-anduh chekmaydi. Zamonaviy yoshlar orasida urf bo‘lgan sovuqqonlikni yangi chiqqan ko‘ylakdek kiyib olgan bu shaharliklar xuddi akvariumdagi baliqchalarga o‘xshaydi. Chiroyli bezatilgan, doim yemak sepib turiladigan kichkina shisha akvariumda erinibgina suzadigan baliqchalar daryo va dengizlar haqida orzu ham qilmaydilar.
“Shamol qo‘shig‘ini tingla” romani 1979 yili kitob bo‘lib chiqqach, adabiy tanqidchilar Murakamini ulkan shaharlar — metropoliyalar ruhini juda aniq tasvirlay olgan zamonaviy yozuvchi, deb ta’riflay boshladilar. Bu romanni o‘qigan kitobxon undagi zamonaviy qahramonlar hayotidagi g‘alati sun’iylikni ilg‘ashi tabiiy. Masalan, asar qahramonlari so‘zlayotganda oddiy kundalik hayotda ishlatiladigan so‘zlardan kam foydalanadilar. Ular fikr bildirganda o‘ziga yoqqan yozuvchining gapini yoki urf bo‘lgan qo‘shiqdagi biror-bir jumlani ishlatadi. Asosan Jeyning bari, mashina yoki to‘shakda bo‘lib o‘tadigan suhbatlarda ular real hayot haqida deyarli gap aytishmaydi. Aksincha, ko‘rgan tushlari, eshitgan ashulalari, yangi kinofilmlar, kitoblar haqida soatlab gap sotishadi va juda kam harakat qilishadi. Ular, asosan, yo yotgan, yoki o‘tirgan holatda gaplashishadi. “Bunga sabab zamonaviy shahar muhitida “jonli hayot” haddan tashqari torayganida, axborot oqimi esa cheksiz kengayganida”, deydi adabiyotshunos M. Nemtsov. “Shamol qo‘shig‘ini tingla”da yangi plastinka va rok guruhlar, kinorejissyor va jaz xonandalari, kiyim-kechak va mashina markalari ko‘p tilga olinadi. Muallif metropoliyalardagi odamlar hayotini haqqoniy tasvirlash uchun chigal munosabatu fojeali sahnalardan emas, urf bo‘lgan nom va tovar belgilaridan foydalanishni ma’qul ko‘radi. “Katta shahardagi inson tanazzulini avvalgi yozuvchilar qo‘llagan uslubda tasvirlab bo‘lmay qoldi. Ularning tili bugun biz guvoh bo‘layotgan holatlarni izohlashga ojizlik qiladi”, deydi M.Nemtsov. Adabiyotshunos “Shamol qo‘shig‘ini tingla”dagi hamma narsaga befarq, sovuqqon yoshlarni amerikalik rassom Charlz Shults 1950 yili o‘ylab topgan mashhur komiks qahramoni Snupi laqabli itga qiyoslaydi. Snupining hayotidagi shiori: men senga tegmayman, sen ham menga tegma. U bahslashishni yoqtirmaydi, doim uychasining tomida osmonga tikilib yotadi yoki uxlaydi. Murakamining qahramonlari ham bahslashishni yoqtirmaydilar, ular ko‘pincha mashinalarida o‘tirib dengizni tomosha qilishadi yoki uxlashadi. Tanqidchilar fikricha, Murakami romanlarining, ayniqsa, yoshlar orasida mashhur bo‘lishiga sabab adibning bugungi yosh avlod kayfiyatini aniq tasvirlay olganidadir. Bir suhbatda Murakamiga “Yoshlar orasida mashhurligingizning boisi nimada? Bugungi yoshlar ham qahramonlaringizdek hayotiy maqsadlarini yo‘qotishganidami?”, deb savol berishganda adib shunday deydi: “Meningcha, hozirgi yoshlar maqsadlarini yo‘qotmagan, ular maqsadlarini parchalab yuborganlar. Fikrimcha, bugungi dunyoda bu muqarrar holat. Men qadriyatlarga e’tibor susaygan sharoitda noaniq maqsad ketidan yurgan odamlar haqidagi voqealarni yozaman. Ehtimol, kitobxonlarim orasida yoshlarning ko‘pligi shundandir”.
Yozuvchi qanday asar yozmasin, doimo o‘zidan kelib chiqadi, deyishadi. Shuning uchun adibning tarjimai holi bilan tanishmay turib, asarlari haqida fikr bildirish noo‘rin. Xaruki Murakami 1949 yili Yaponiyaning Kioto shahrida tug‘ilgan. Bobosi ruhoniy bo‘lgan, otasi maktabda yapon tili va adabiyotidan dars bergan. Murakamining maktab davri o‘tgan asrning 60-yillarga, Vetnam urushi davom etayotgan, Yaponiyada talabalar isyoni va siyosiy noroziliklar avj olgan paytlarga to‘g‘ri keladi. Maktabni bitirgach, bo‘lajak yozuvchi Vaseda universitetining teatr san’ati bo‘limiga o‘qishga kiradi. Lekin o‘qishdan ko‘ngli sovigan Xaruki vaqtini universitetning muzeyida Amerika filmlarining stsenariylarini o‘qish bilan o‘tkazadi. Keyinchalik bu stsenariylar shakli unga asar yozishda juda qo‘l keladi.
Yapon yoshlari orasida siyosiy guruhbozlik avj olgan 60-yillari oxirida oliy o‘quv yurtlarida “Talabalar ixtilofi kongressi” uyushmasi tashkil topadi. Bu uyushmada Murakami ham faol ishtirok etadi. Lekin 70-yillar boshida, Yaponiya iqtisodi juda tez rivojlana boshlagan davrda siyosiy guruhlar o‘z-o‘zidan tarqalib ketadi. Bu yillarni adib shunday xotirlaydi: “Talabalik davrimda hatto havo ham idealizm, urushga qarshi kayfiyat bilan to‘yingandek edi. O‘zim siyosiy namoyishlarda faol qatnashganman. Lekin 70-yillarga kelib, bularning hammasi qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Shunda hech qanday maslakka ishonib bo‘lmasligini tushundim. Bunday harakatlarga boshqa qo‘shilmayman, deb o‘zimga so‘z berdim. Ular meni sotishdi. Ulardan ko‘nglim qoldi. Keyin shu tuyg‘ularimni qog‘ozga tushira boshladim. Ijod yo‘lim shunday boshlandi”.
1974 yili bo‘lajak adib yaqinlaridan qarz olib, “Piter Ket” deb nomlagan jaz-bar ochadi. 1978 yili aprelda Yaponiya va AQSh o‘rtasida beysbol matchini stadionda tomosha qilib o‘tirib Murakami roman yozish haqida o‘ylay boshlaydi. Ilk asari — “Shamol qo‘shig‘ini tingla” romani Yaponiyada adabiyot sohasidagi eng nufuzli mukofotga loyiq topilib, 1979 yili 150 ming nusxada chop etiladi. Shundan keyin Murakami o‘zini ijodga bag‘ishlaydi.
Hozircha uning o‘ttizdan ortiq kitobi chiqqan, 2003 yilgacha asarlari dunyoning o‘n sakkiz tiliga tarjima qilingani ma’lum. Ko‘p yillar Amerika va Yevropada yashagan adib hozir vatanida ijod qilmoqda.
Xaruki Murakami asarlarini berilib mutolaa qiluvchilar orasida maktab o‘quvchilaridan tajribali adabiyotshunos va faylasuflargacha bor. Lekin oddiy kitobxon uning romanlarini qanchalik berilib o‘qimasin, muallifning asar matniga singdirilgan g‘oyasini topishda qiynaladi.
Adabiyotshunoslar Murakami asarlarini musiqaga o‘xshatishadi. “Uning asarlari shunday chiroyli uslubda yozilganki, hatto g‘ayritabiiy voqealar, uzuq-yuluq dialoglar ham syujetga uzukka ko‘z qo‘ygandek mos tushadi. Asarlar tili shunchalik ravonki, ularni soatlab o‘qisangiz ham charchamaysiz”, deydi adabiyotshunos D.Kovalenin. Haqiqatan ham, Murakami romanlarini berilib o‘qiganingizda voqealar, qahramonlar ham ikkinchi planga tushib qolib, asar matnidan rohatlana boshlaysiz. “Shamol qo‘shig‘ini tingla” romanini “Mukammal matn aslida yo‘q narsa…”, deya boshlagan bo‘lsa-da, adib har bir asarida matnni kitobxonni hayratga soladigan darajaga yetkazishga urinadi va ko‘pincha buning uddasidan chiqadi. Murakami romanlarining postmodern adabiyoti namunalari sifatida e’tirof etilishiga ham, nazarimizda, adibning o‘z asarlarida matn va uslubni birinchi planga olib chiqqani sabab bo‘lgan.
Har qanday jiddiy adabiy oqim biror-bir falsafiy g‘oyaga asoslanadi. Bu o‘rinda sentimentalizm, romantizm, klassitsizm kabi yo‘nalishlarni eslash kifoya. Modernizm esa, jahon adabiyotida mutlaqo o‘zgacha, an’analarni inkor etib, “hammasini qaytadan qurish”ga da’vat etuvchi isyonkor oqim sifatida yuzaga keldi. Realistik asarlarni hayotdan ko‘chirilgan nusxa, deb hisoblagan modernchi ijodkorlar o‘z asarlarida matnni, uslubni birinchi o‘ringa qo‘yishdi. Ular an’anaviy tasvir vositalarini chetlab o‘tib, dunyoni o‘zlari qanday ko‘rsa, qanday his qilsa, shunday tasvirlay boshlashdi. Shuuridagi olamni o‘ziga xosligi, jumboqlari bilan qog‘ozga tushirgan adib o‘z asarlarining bosh qahramoniga aylandi. Muallifning sub’ektiv qarashlarini tasvirlash bosh maqsadga aylangan modern asarlarda matn hamma narsadan ustun qo‘yildi.
Evropa madaniyati va falsafasida taxminan ikkinchi jahon urushidan keyin paydo bo‘lgan va XX asrning saksoninchi yillaridan adabiyotda qaror topa boshlagan postmodernizm vakillari hayot matnga teng, degan aqidaga tayanadilar va badiiy matn ustida tinimsiz tajribalar o‘tkazadilar. Bu ijodiy izlanishlar natijasida bugunga kelib badiiy ijoddan ko‘zlangan maqsad o‘zgardi. Adabiyotda yangi fikr aytish imkoni qolmagan sharoitda postmodernchilar badiiy tasvir vositasi — tilni syujet va kompozitsiyaning bosh obektiga aylantirishdi. Murakamining “Shamol qo‘shig‘ini tingla” romani bunga yorqin misol bo‘la oladi. Asarda yozuvchi ilgari surgan g‘oya tugul tayinli syujet chizig‘ini ham topish qiyin. Lekin shaharlik talaba yigit tilidan hikoya qilinayotgan jo‘ngina voqea kitobxonga darrov yoqib qoladi. Aniqrog‘i, unga bosh qahramonning hikoya usuli, asar tili yoqadi. Chiroyli musiqaga o‘xshaydigan bu tasvir usulini Murakami kitobxonni voqeadan chalg‘itib asar tilidan, matnidan zavq oladigan darajaga olib chiqadi.
Xaruki Murakamining tarjimoni D.Kovalenin 2004 yili Moskvadagi “Eksmo” nashriyotida chop etilgan “Susi-nuar (maroqli murakamishunoslik)” kitobida yapon adibining romanlarini so‘zma-so‘z tahlil qilishga uringan, matn zamiriga singdirilgan, kitobxonlar odatda e’tibor bermaydigan jumboq va ishoralarni topgan. Darhaqiqat, D.Kovalenin ta’kidlaganidek, Murakami asarlari voqealar bir vaqtning o‘zida turli o‘lchamdagi olamlarda rivojlanadigan murakkab falsafiy syujetga ega. Buni ilg‘ash uchun kitobxondan matnni sinchkovlik bilan o‘qish, Sharq asotir va an’analaridan xabardorlik talab etiladi.
“Shamol qo‘shig‘ini tingla” romanida shunday joyi bor: “Yon daftarimning varaqlarini chiziq chizib ikkiga bo‘lib, o‘ng tomoniga shu paytgacha erishgan narsalarimni, chap tomoniga esa yo‘qotgan narsalarimni yozdim”. D.Kovaleninning fikricha, Murakami bu jumla bilan kitobxonga romanni qanday tushunish kerakligi haqida ishora beradi. Varaqqa chizilgan chiziq ikki dunyo orasidagi chegara. Bu olamlarning birinchisi Yerdagi mavjud dunyo bo‘lsa, ikkinchisini narigi dunyo ham, bosh qahramonning ong osti dunyosi, deb ham atash mumkin. Bu dunyoda — metropoliyadagi tobora hayotdan sovub borayotgan, o‘zligini yo‘qotayotganini his qilgan asar qahramoni insoniy qiyofasini saqlab qolish uchun “narigi dunyo” bilan aloqa o‘rnatadi. Ma’lumki, Yaponiyada ham, Misr va Hindiston kabi davlatlarda ham kalamush o‘lim ramzi hisoblanadi. Asar boshida Kalamush laqabli yigit bilan do‘stlashgan qahramon o‘zi uchun “u dunyo” eshigini ochadi. “Kalamush va asar qahramoni o‘rtasidagi suhbat bir odamning ichki monologiga o‘xshaydi”, deb yozadi D.Kovalenin. Shundan kelib chiqib, Kalamush timsolida qahramon “narigi olam”ga yoki o‘zining botiniga chekinib, beshafqat real hayotda tirik qolish uchun o‘sha yoqdan najot qidiradi, deyish mumkin.
Boshqa ayrim adabiyotshunoslar singari D.Kovalenin ham Murakami ijodini buddaviylik falsafasi bilan bog‘laydi. Buddizmda borliq individ psixofizik hayotining to‘xtovsiz rivojlanib borishidan iborat, deb hisoblanadi. Shuning uchun bu ta’limotda faqat individning ruhiy rivojlanish bosqichlari sharhlanadi, hayotdan maqsad nima, borliqning chek-chegarasi bormi, degan mazmundagi savollarga javob izlanmaydi. Butun e’tibor individning ruhiy muammolariga qaratiladi. Murakami asarlarida ham bosh qahramon najotni o‘zidan qidiradi. “Shamol qo‘shig‘ini tingla” shu taftishning ibtidosi bo‘lib, adibning keyingi romanlarida qahramon o‘z ichki olamiga ko‘proq va teranroq chekingani sari asar voqealari ham murakkablashib boradi.
Odatda, jiddiy asarlar omma orasida uncha qo‘lma-qo‘l bo‘lmaydi. Chunki haqiqiy adabiyot namunasini tushunib o‘qish, baho berish, ayniqsa, badiiy tasvir san’atlari murakkablashgan bugungi davrda oson ish emas. Lekin xorijdagi kitob do‘konlarida asarlari detektiv romanlardan ko‘ra ko‘proq sotilayotgan Xaruki Murakami jiddiy mavzularda ham oddiy kitobxonga zavq beradigan usulda yozish mumkinligini ko‘rsata oldi. Yapon adibining asosiy yutuqlaridan biri ham shu bo‘lsa kerak.
*X.Murakamining “Shamol qo‘shig‘ini tingla” romani tarjimasi “Jahon adabiyoti”ning 2008 yil oktyabr oyi sonida bosildi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 4-sonidan olindi.