O‘zbekiston xalq shoiri Normurod Narzullayev dilbar qo‘shiqlari, xalqona samimiy satrlari, betakror, mo‘ljalga naqd borib yetadigan ta’sirchan iboralari bilan muxlislari orasida mashhur edi. Mahmud Sattorov ularni “aytimlar” deb atab, qiziqarli tadqiqot maqola yozdi, Narimon Hotamov shoir haqidagi turkum xotiralarga mualliflik qildi.
Normurod akaning oshna-og‘aynisi, tanish-bilishi, muxlislari haddan ziyoda edi. To‘y-tomoshalarda tanishu notanishlar uni o‘rab olar, davralariga chorlar, birga suratga tushishar, shoir esa ular bilan xuddi ming yillik qadrdonlarday samimiy muloqot qilar, “Sizni ko‘rgan ko‘zlarimdan o‘rgilay”, deya ko‘ngillarini ko‘tarardi. Tanish, ammo o‘zi bilan o‘zi bo‘lib ketganganlarga: “Shoir kerakmi, o‘zi?” deya beozor tanbeh bersa, tanimaganlarga: “Normurod Narzullayev men bo‘laman, bilib qo‘ying – shoir ko‘p, Narziy bitta”, deya lutf qilardi. Ba’zan mutlaqo notanish kishilar Normurod akaning oldiga kelib, to‘yga yoki uchrashuvga taklif qilishsa, sog‘lig‘i ko‘tarmasa ham, yo‘q demasdi, bunday qilayotganiga ajablanib qarayotganlarga: “Mayli, bu ham bir shoirchilik-da”, deyardi-qo‘yardi.
Normurod aka do‘st-qadrdon tanlashda odamlarning martabasiga qaramasdi – to‘ylarda restoranning dimog‘dor mudiri bilan ham, shu yerda xizmat qilib yurgan oddiy xodim bilan ham tanishib, “Nabiralarning to‘yini, xudo xohlasa, o‘zim o‘tkazib beraman”, deb va’da berar va, albatta, so‘zining ustidan chiqardi. Dasturxonga tansiqroq taom olib kelgan ofitsiant yigitga: “Shoirning hurmati bor-da, yashang, albatta o‘sasiz”, deb qo‘yardi. Erta bahordan to kech kuzgacha yonida bir dasta taklif qog‘ozlari bo‘lar, birortasini ham e’tiborsiz qoldirmas, borib, kelin-kuyovga atab yozgan she’rini hayajon bilan o‘qib berardi. Uchrashuvlarga borganimizda oddiy kasb egalari – dehqonlar, cho‘pon-cho‘liqlar, yo‘l yoqasidagi qo‘lbola do‘konlarning shu choqqacha “tirik shoir”ni ko‘rmagan yosh sotuvchilari bilan astoydil tanishar, ularga yangi kitobini sovg‘a qilar, she’r o‘qib berardi. Odamlarning ko‘nglini ko‘tarishdan charchamasdi.
Shoirni bayram tadbirlariga, turli tanlovlarga, mahalla yoki o‘quv yurtlaridagi uchrashuvlarga tinimsiz taklif etishardi. Yo‘q deyishni bilmasdi. “Shoir bo‘lganingdan keyin muxlislaring bilan uchrashuvga bormasang bo‘lmaydi-da”, derdi. Buni Jumaniyoz Jabborov to‘yxat she’rida juda aniq ifodalagan: “Ham go‘zallar husniga shaydo bo‘lar, Qayga borsa bir yaxshilik paydo bo‘lar. Garchi Nazriy, aslida Narziydir ul, Har nechuk hurmatga ham arziydir ul…”.
Shoir umrining so‘ngi kunlarigacha el orasida, muxlislari davrasida bo‘ldi. She’rlaridan birida: “Men kelganman yaxshilik deb dunyoga, azizlarim, yaxshilik deb yashayman…” deganiday, bu odatini so‘nggi nafasigacha tark etmadi. Normurod akaning bunday odati ba’zilarga yoqmasdi. “Kap-katta shoir, bu nima yurish”, deguvchilar ham uchrab turardi. Normurod aka bu gaplarga parvo qilmas, o‘sha mashhur “shoirchilik” degan aytimini yana bir takrorlab qo‘yardi, xolos. Uning yana bir odati – hech kimni g‘iybat qilmasdi, biror kishi to‘g‘risida yomon gap gapirmasdi. Kimdir suhbat mavzusini g‘iybat ko‘chasiga bura boshlasa, o‘rnidan dast turib, “Aka, eshiting, sizga bir she’r o‘qib beray”, derdi-da, davra havosini yangilab yuborardi.
Ko‘p tadbirlarga birga borardik. She’rlari menga yod bo‘lib ketgandi. Yangi-yangi tanishlar davrasida, goho hayajon bosib, ba’zi satrlar yodiga kelmay qolsa, men eslatib yuborardim. Bir kuni shoir Erkin Ne’matni tug‘ilgan kuni bilan tabriklashga bordik. Qo‘limizda chiroyli guldasta. Yangi turarjoy massivlaridan biriga yaqinlashdik. Normurod aka to‘rt qavatli uy oldida to‘xtab: “Mana topdik, yanglishmasam, uchinchi pod’ezd, birinchi qavat”, dedi-da, gulni qo‘limdan olib, yo‘l boshladi. Yo‘lakka kirib, chap tomondagi eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdik. Xushro‘ygina bir juvon, eshikni ochib, salom berdi.
– Assalom alaykum…
– E, alaykum assalom, yaxshimisiz, kelin, shoir kerakmi o‘zi sizlarga, – Normurod aka juvonning qo‘liga guldastani tutqazdi. Keyin menga o‘girilib:
– Kiravering, shoirning uyiga shunaqa bostirib kiriladi, – dedi.
– Kiringlar, kiringlar, – juvon yuzidagi nimkulgiyu ajablanishni bildirmaslikka harakat qilayotganini sezish qiyin emasdi. Choqqina koridorchaga kirib, tuflilarimizni yechayotganimizda, Normurod aka ayoldan so‘radi:
– Shoir qayerda? Ko‘rinmayaptilarmi?
– Erkin akani so‘rayapsiz, shekilli, ular narigi pod’ezdda turishadi, – dedi juvon kulimsirab.
Normurod aka gapni to‘g‘rilab yubordi:
– Ie, adashibmizmi, yo‘g‘-e, adashmadik, sizdek ajoyib singlimizga gul sovg‘a qilmasdan o‘tib ketolmadik-da. Mayli, uyingiz hamisha gulga to‘lsin, hozir men sizga bir she’r o‘qib beraman, keyin shoirni birga tabriklaymiz…
Bir gal Andijon safaridan Normurod aka, men, Murodilla Abdullayev qaytayotganimizda Qamchiq dovonida qiziq voqea yuz bergan. “Tanga topdi” degan joyga kelganimizda, yo‘l yoqasidagi qo‘lbola bozorchaga to‘xtab, turshak, asal, qurut olmoqchi bo‘ldik. Normurod aka sotuvchi qizlarga: “Meni taniysizlarmi, shoir Normurod Narzullayev bo‘laman”, deyishi bilan, sotuvchilar akani o‘rab olishdi. She’rxonlik boshlanib ketdi. Yoshi elliklardan oshgan bir opaxon shoirning “So‘roqlar” nomli mashhur qo‘shig‘idan bir-ikki satrni o‘qib beruvdi, Normurod akaning ko‘ngli tog‘day ko‘tarilib, yayrab ketdi. Opa bilan quchoqlashib ko‘rishib, u kishiga ham bir necha she’r bag‘ishlab yubordi. Men esa bu holatni darhol qog‘ozga tushirdim:
“Bu qishloqning nomi erur Tanga topdi,
Shu qishloqda shoir Narziy yanga topdi.
Tangasini bilmadim-u, yangasi ko‘p –
Shoir akam o‘zigayu manga topdi…
Qiz-kelinchaklar bilan hazil-mutoyiba qilib, turshak, qurut, olma xarid qilib, xursand holda yo‘lga tushdik. Ohangarondan o‘tganimizdan keyin ma’lum bo‘ldiki, tangatopdilik qaqajonlar xaridlarimizning pulini uchovimizdan ham olishgan ekan…
“Shoirchilik”da bunday kulgili, ammo samimiy voqealar ko‘p bo‘lgan.
Normurod aka xalq ichidan chiqqan, xalq ichida yuradigan shoir edi. Birovdan o‘pkalanmoqchi bo‘lsa: “Gunohi ne erdi bu tilla boshning?” derdi. Hamma ish risoladagidek borayotgan bo‘lsa: “Kadrlar joy-joyiga qo‘yilgan”, “Xalqim, sen bilan qalbim”, derdi. Radioda qo‘shiq boshlanib qolsa, majlismi, jiddiy bir muhokamami, “Ketdi, bizning qo‘shiq ketdi”, deb yuborar, o‘zi yozgan qo‘shiqni o‘zi birinchi marta eshitayotganday, zavq bilan tinglardi. Yozgan qo‘shiqlari, bir qarasangiz, juda jo‘n tuyulardi: “Yog‘ochsiz o‘tin bo‘lmas, olovsiz tutun bo‘lmas”, “Egovlashib umrini, boshlarini yedilar. O‘ldirishib axiyri, oshlarini yedilar”, “O‘ng ko‘zingiz qaysi, chap ko‘zingiz qaysi? Izlab borib topolmadim, adresingiz qaysi?”. Ammo bu satrlar qo‘shiqqa aylanganida tinglasangiz edi… Normurod akaning she’rlari bastakorlarning qo‘liga, hofizlarning tiliga tushishi bilan ularga jon kirardi, misralar qanot bog‘lab, zavq-shavqqa to‘lib, tinglovchi qalbini zabt etishga oshiqardi. Birgina “So‘roqlar” qo‘shig‘i yoki “Yalla” ansambli uchun yozilgan tarona, mana, o‘ttiz yildirki, tinglovchilarni rom etib keladi. Bu qo‘shiqni O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning iltimosiga binoan yozib berganiga o‘zim guvohman.
Normurod aka “Yangi asr avlodi” nashriyotida ishlar ekan, ko‘plab yosh shoirlarning peshonasini silab, ustozlik qildi, birinchi kitoblarini nashrga tayyorlashdan charchamadi. U bag‘rikeng noshirlarimizdan edi.
Shu satrlarni qog‘ozga tushirayotganimda radiodan “So‘roqlar” yangrab qoldi:
“Shoir tutgil odil yo‘lni, yo‘ldan adashma,
Gar adashsang bir kun seni vijdon so‘roqlar…
Shoir bilan so‘nggi muloqotimiz dala hovlimizda bo‘ldi. Keyingi ikki-uch yilda og‘ir dard azobini tortayotgan, shu dard bois o‘ng‘aysiz bir ahvolga tushib qolgan bo‘lsa-da, bu to‘g‘rida hech kimga og‘iz ochmas, to‘y-tomoshalarda, she’rxonlik kechalarida avvalgiday hayqirib, o‘zi zavqlanib, boshqalarni ham zavqlantirib she’r o‘qirdi, o‘zini sodiq do‘stlari, muxlislari davrasiga urardi. O‘sha kuni Normurod aka meni bag‘riga bosib: “Endi besh muchal bo‘libsiz, hali hammasi oldinda”, deya samimiy tabrikladi. Keyin esa, biroz charchaganini aytib, uzr so‘radi…
Vafotidan uch-to‘rt yil o‘tgach, tahririyatga kelgan bir shoir kutilmaganda… Normurod akaning sog‘lig‘ini so‘rab qoldi. “U dunyoda ham she’r o‘qib, hammani xursand qilib yurgan bo‘lsalar kerak”, degan edim, beixtiyor “oh”lab yubordi:
– Shunday quvnoq odam-a?
Bunday hayratni hali-hanuz eshitib turaman…
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 10-son