Abdumajid Madraimov. Navoiyning hindistonlik muxlislari

Ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy faxriya sifatida yozgan edi:

Olibmen taxti farmonimg‘a oson,
Cherik chekmay Xitodin to Xuroson.

Hayotda esa uning ijodi muxlislari Volga bo‘ylaridan to Nil daryosigacha bo‘lgan hududda, hatto Hindiston mamlakatida ham ko‘p bo‘lganligi ma’lum. Mashhur xattot Sulton Ali Mashhadiy “Xamsa” va “Terma devon”[1]dan nusxalar ko‘chirgan bo‘lib, ushbu noyob qo‘lyozmalarga Boburning nabirasi Jaloliddin Muhammad Akbarshoh (1556-1605) va chevarasi Nuriddin Muhammad Jahongir (1605-1627) saroyi kutubxonasida xizmat qilgan atoqli hind rassomlari Dharamdas, La’l, Manohar, Mukund, Govardxan va Markaziy Osiyodan Hindistonga borib qolgan Farruxbek nafis mo‘jaz rasmlar ishlagan. Sharq kitobat san’atining mazkur shoh asarlari bugungi kunda Angliyaning Vindzor saroyidagi qirollik kutubxonasida saqlanmoqda. Bu suratlardan namunalar professor Hamid Sulaymon va olima Fozila Sulaymonova 1982 yili chop etgan “Alisher Navoiy asarlariga ishlangan rasmlar”[2] nomli albomdan o‘rin olgan edi.

“Xamsa” qo‘lyozmasining o‘n sahifasi, qo‘sh zarvaraq, to‘rt dostonning unvoni naqshlari hamda to‘rtta rasm chop etilgan. Unda oltita rasm mavjud.

Chop etilgan rasmlarning birinchisi (albom, 81-rasm) “Hayrat ul-abror” dostonidagi “So‘z ta’rifi”ga bag‘ishlangan 14-bobga ishlangan bo‘lib, bunda rassom buyuk mutafakkirning jamiyat hayotidagi so‘z o‘rniga oid fikrlarini yuksak badiiy mahorat bilan ochib bergan. XVI asr oxirida yashagan hindistonlik rassom shoir g‘oyalarini batafsil, yettita juft yoshlar vositasida tasvirlaydi. Bu rasmni o‘sha davr dunyoqarashi bo‘yicha, orzudagi jannat bog‘ining tasviri deb atash mumkin.

Ikkinchi rasm (83-rasm) rassom Dharamdas tomonidan chizilgan bo‘lib, unda Alisher Navoiy Sulton Husaynga “Xamsa”ni taqdim etayotgani tasvirlangan. Bu voqea ochiq maydonda, ulkan chinor daraxti tagiga tikilgan shomiyona gilam ostidagi to‘rtburchak chodirda, ulkan gilam to‘shalgan supada, saroy a’yonlari, sozandalar, xorijiy libosdagi elchi, sovg‘a uchun tayyorlangan tulporlar, ov qushi, miltiq ushlagan ikki askar va boshqalar ishtirokida bo‘lib o‘tmoqda.

Uchinchi rasm (85-rasm) ham “Hayrat ul-abror” dostonining “Vafo bobi”ga ilova qilingan ikki vafodor do‘stning jang maydonidagi fidoyiligiga bag‘ishlangan qissaga ishlangan. Bu ikki do‘stning o‘zaro sadoqatini ko‘rgan Amir Temur shahar aholisining hayotini ularga bag‘ishlaydi.

Qo‘lyozmadagi rasmlarning biri (20-a varaqda) asli balxlik, toj-taxtdan voz kechgan mashhur tasavvuf vakili Ibrohim Adham va Bibi Robiya qissasiga bag‘ishlangan. Navoiy “Ibrohim Adhamning Ka’baga namoz bila borg‘oni va Robiai Adviyag‘a Ka’baning niyoz bila kelgoni” sarlavhasi ostida mashhur qissaning she’riy talqinini keltiradi. Ma’lumki, Ibrohim Adham haj amalini ado etishni niyat qilib, o‘n to‘rt yil davomida har qadamida ikki rakaat namoz o‘qib, yo‘l yurib, Makkaga borib ko‘rsaki, Ka’ba o‘rnida yo‘q.

“Chekti fig‘onkim, “Bu nedur, yo Iloh?
Hotife un berdikim: “Ey piri roh,

Bodiya qat’ida durur bir ajuz,
Shavqi muhabbat yukidin qaddi go‘z.

Za’fdin ul bo‘lmish edi, notavon,
Ka’ba aning tavfig‘a bo‘ldi ravon.

Ayladi hayron ani bu voqia,
Boqsa keyin ko‘rdi kelur Robia.

Dedikim: “Ey Arsh matofing sening,
Ka’ba qilib azmi tavofing sening.

Ko‘rki, jahon ichra solibsen ne sho‘r!”
Robia dedi angakim: “Qilma zo‘r!

Sho‘r seningdur bori olamda bil,
Bodiya qat’i uchun o‘n to‘rt yil”.

Bu voqea xulosasi sifatida Alisher Navoiy Robiya nomidan yozadi:

“Senga samar berdi, namozu riyo,
Bizga bu bar berdi niyozu[3] fano”[4].

Ayni shu voqea “Hayrat-ul abror” dostonining 25-bobida keltirilgan bo‘lib, unda chin ixlos namoz va riyodan afzal ko‘riladi. Beshinchi rukn hajni ado etishda umid, o‘tinch va yolvorish, har qadamda riyo bilan namoz o‘qib borishdan afzal ekanligi ta’kidlanadi.

Bu voqeaga hindistonlik rassom Govardxan surat ishlagan. Rasmning pastki qismida Ollohga murojaat qilayotgan oq sallali, ko‘k qabo kiygan Ibrohim Adham qo‘llari Robiya tomonga cho‘zilgan. Yuqorida esa, qizil toshdan ishlangan masjid ichida Ka’baning tosh asosi, qo‘llari duoga ochilgan oq kiyimli Bibi Robiya tasvirlangan.

Yuqorida keltirilgan qissadan odam ko‘nglidagi ixlos bilan ibodat qilgani afzalroq, degan hissa kelib chiqadi. Bu ibratomuz mazmundagi rasmni rassom yuksak mahorat bilan ishlagan[5].

Insonlarni ezgulikka chorlagan bu rasmning pastdagi hoshiyasida “Amali Govardxan” yozuvi bor. Govardxan Akbar, Jahongir va Shohi Jahon davrida yashab, barakali ijod etgan, uning oltmishdan ortiq asarlari bizgacha yetib kelgan. U rassom Bhavonidas o‘g‘lidir. O‘z imzolariga “xonazoda” so‘zini qo‘shib qo‘ygani podshoh xonadonida tarbiya topganiga ishoradir[6]. Navoiyning “Xamsa” asari qo‘lyozmasiga ishlangan rasmlar Jahongir hukmronligi davriga, ya’ni 1605-1627 yillarga to‘g‘ri keladi.

Albomdagi to‘rtinchi (87-rasm, 35-a varaq) rasm Sulton Alouddin Muhammad Xorazmshohning o‘sha davr yirik olimi Faxr Roziy bilan hammomdagi tasodifiy uchrashuviga bag‘ishlangan. Sulton olimdan oxiratda odamlar qay ahvolda bo‘ladilar deb so‘raganda, hammomdagi kabi, shon-shavkat, qimmatbaho kiyimlar tashqarida qolib, inson faqat o‘zining ezgu ishlari va bilimi bilan bo‘ladi, ya’ni inson bu dunyoda o‘ziga kerakli narsalarga ega bo‘lsa, unga ana o‘shalar asqotishi mumkin deya javob beradi. Rasmning pastdagi hoshiyasida “Amali Govardxan” yozuvi bor. Demak, bu rasmdagi kishilar qiyofasini Govardxan Hindistonda qayta ishlab chiqqan.

Xattot Sulton Ali Mashhadiy tomonidan XV asr oxirida Hirotda ko‘chirilgan “Terma devon” Vindzor qirollik saroyi kutubxonasida “Buxoro qo‘lyozmasi“ nomi bilan yuritiladi. Unda yettita rasm mavjud bo‘lib, chop etilgan beshtasida hindistonlik rassomlardan Farruxbek, La’l, Manohar va Mukund nomlari bitilgan.

Rasmlarning birinchisi (92-rasm) “Xazoyin-ul maoniy” to‘plamining ikkinchi devoni “Navodir-ush shabob”ga kirgan “sayd” (ov) radifli g‘azalga bag‘ishlangan bo‘lib, rasmning yuqorisida quyidagi uch bayt bitilgan:

“Bilgay ul kofir anga telmurmagimni, bilsakim
Ne tazallum birla qotilni qilur nazzora sayd.

Murshidi jozib tilab, topmay gum o‘ldim, voykim,
Bo‘ldi bu sahroda sayyod ista-yu ovora sayd.

Telba qushdekdir Navoiy ko‘ngli savdo dashtida,
Oni to sen aylamishsen, ey pariy ruxsora, sayd”[7].

Rasmda sahrodagi sher ovi tasvirlangan bo‘lib, uning markazida ko‘k tusli qabo kiygan yosh shahzoda Salim qo‘ng‘ir rangli ot minib turibdi. U endigina kamonidagi paykonini otib bo‘lgan. Ro‘parasida, sal pastroqda yarador sher. Qo‘lida ov qushini ushlagan mulozim hayrat barmog‘ini tishlagan. Rasm pastida tasvirlangan ko‘kimtir kiyimdagi ovchining chap qo‘lini sher tishlagan. Ovchi uzun xanjari bilan sherni yaralamoqda, o‘ngroqdagi ikki ovchi esa unga yordamga shoshilmoqda. Rasmdagi kishilar kiyimi XVI asr oxiri Hindistonga xos. Rasm yuqorisida, jadval orasida rassomlar La’l va Mukund nomlari bitilgan.

Ikkinchi rasm (93-rasm) shoirning to‘rtinchi devoni “Favoyid-ul kibar”ga kirgan 138-g‘azal matniga ishlangan. Rasm ostida g‘azal matla’si va yana bir bayt bitilgan:

“Parvona qanoti arokim, dog‘ ila qondur,
Hajr o‘tiyu g‘am yarosidin ikki nishondur.

Soriq, qizil alvon bila xil’atlaring ey gul,
Ra’noliq erur ulki, libosingda ayondur”[8].

Ammo rasm “Farhod va Shirin” dostonidagi lavhaga ishlangan. Ariq qaziyotgan Farhodning ishini ko‘rishga kelayotgan Shirinning oti botqoqda yurolmay qolganda, qahramon go‘zalni oti bilan birga ko‘tarib, balchiqdan o‘tkazib qo‘yadi. Rasm markazida ot ustidagi Shirin hayrat barmog‘ini tishlamoqda. Farhod dadillik bilan go‘zal va uning otini ko‘tarib shaxdam qadam tashlab ketmoqda. Shirinning kanizaklari ham turlicha hayrat holatida tasvirlangan. Rasmning pastida rassom nomi Farrux deb bitilgan.

To‘rtinchi rasm (94-rasm) uchinchi devon “Badoi’-ul vasat”dagi 230-g‘azalni bezashi kerak edi. Rasm pastida g‘azalning quyidagi uch bayti bitilgan:

“Aylagan qaddu yuzing borida sarvu gul havas,
Dahr bo‘stonida andoq bo‘lmag‘ay bir bul havas.

Nozanin qadding niholi birla ruxsoring gulin,
Ko‘rgali ne sarv qildim orzu va ne gul havas?

Sarvinozim boshida to ko‘rdi mushkin kokilin,
Sham’ aylabtur muanbar dudidin kokil havas.

Ko‘rdi to sarv qadu guldek yuzingni bog‘bon,
Gulshan ichra qilmadi shamshod ila sunbul havas”[9].

Ushbu g‘azalning oxirgi bayti – maqta’sida shoir yozgan edi:

“Ayladi bir xoli hindu ro‘zgorimni qaro,
Ey Navoiy, tong yo‘q, etsam Hind ila Kobul havas”[10].

Taqdir taqozosi bilan ulug‘ shoir devonining ushbu noyob qo‘lyozmasi Kobul orqali Hindistonga kelib qolgan. Podshoh Jaloliddin Muhammad Akbar yoki shahzoda Sulton Salim (bo‘lg‘usi podshoh Nuriddin Muhammad Jahongir) o‘z saroyidagi musavvirlarga buyurib, bu g‘azalni bezash uchun avval yaratilgan rasm asosida kishilarni XVI asr muhitiga mos ko‘rinishda aks ettirishgan. Bu rasmda Hirot uslubidagi bino sahnida sozanda, hofiz va qo‘lida kitob ushlagan ulug‘ yoshli shoir Alisher Navoiyning ramziy tasviri. Ochiq bino ichida shahzoda va soqiy. Ular oldida ham kitob. Bino ustida ikki go‘zal ayol tasviri.

Bu rasm ta’kidlanganidek, avvalgi nusxasi asosida ijod qilingan bo‘lib, unda bino naqshlariga o‘zgartirish kiritilmagan. Ammo insonlar qiyofasi, osmon, Hindistonga xos ikkita daraxt tasviri kiritilgan.

Shoir lirik qahramonini ta’riflar ekan, rassom, shahzoda va soqiyni yosh va chiroyli yigitlar sifatida yuksak mahorat bilan tasvirlagan. Taqdir taqozosi bilan “Xamsa” va “Terma devon” qo‘lyozmasi Hindistonga kelib qolib, unga o‘z davri podshohlari Akbar va Jahongir rasmlar ishlatgani ajib bir holdir.

Devondagi beshinchi rasm (95-rasm) yuqorisida “Badoyi’ul vasat” devonidagi “maraz” (kasallik) radifli 278-g‘azaldagi uchinchi baytdan boshlanib quyidagi besh bayt bitilgan:

“Gar marazning lozimi dard o‘ldi, bilmon, ey ko‘ngul,
Dardmand etgaymi oz dilsitonimni maraz.

Sadqasi aylang meni mardudni, ey do‘stlar,
Kim zaif etmish ulustin tonlag‘onimni maraz.

Dardlig‘ ko‘nglum halokin istaramkim kuyida,
Yoqmish ul ovorai bexonumonimni maraz.

Yuz tuman mendek kuhan pir o‘lsa oning sadqasi,
Qilmasun ozurda, yo Rabb navjavonimni maraz.

To mariz o‘lmish nigorim – qon to‘kar giryon ko‘zim,
Ey Navoiy, dey olurman – to‘kti qonimni maraz”.

Ushbu she’rning ostiga suls yozuvida adxalallohu aljannata” deb bitilgan. Bu g‘azalning matla’si va ikkinchi bayti quyidagicha:

“Qilgan ermish notavon sarvi ravonimni maraz,
Zor o‘larmenkim, qilibtur zori jonimni maraz.

Chu topar ozor jononim marazdin, yo‘q ajab,
Aylasa ozurda joni notavonimni maraz”.

Rasmda biz shahzoda sulton Salim, do‘sti va uning sevgilisi tasvirini ko‘ramiz. Go‘zal ayol o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib shahzoda ishqida maraz – kasal bo‘lganini namoyish etmoqda. Bu rassomning she’r ruhiyatini juda yaxshi tushunganini ko‘rsatadi. Ulkan daraxt yaqinida shahzoda o‘z suhbatdoshi bilan yoy va kamon to‘g‘risida so‘zlashayotganday ko‘rinadi. O‘ng tomonda esa o‘z dardi – kasalligini izhor qilayotgan ma’shuqa. Rasm pastida nilufar gullar qiyg‘os ochilgan, ikki juft o‘rdaklar tasvirlangan.

Oltinchi rasmda (96-rasm) “G‘aroyib-us sig‘ar” devonidagi 355-g‘azalning oxirgi besh bayti bitilgan:

“Toki saydingmen, ishing nevchun g‘azabdur chun mudom,
Qush giriftor o‘lsa ko‘ngli xush bo‘lur sayyodning.

O‘lmog‘imni boqma hijroningda, ey sultoni husn,
Qatl hukmi qilsa shoh ne erki bor jallodning.

Roke’ erdim, chang uni keldi sahargoh, ohkim,
Bordi mutrib nag‘masig‘a hosili avrodning.

Yo‘l qorong‘udir, talab noqis, qadam ne nav uray,
Yorumay komil damidin mash’ali irshodning.

Ey Navoiy, necha bulbuldek fig‘on ul gul uchun,
Yo‘q anga ta’siri chun bu nolau faryodning”[11].

Rasmda Hirot uslubidagi bino sahnida ko‘ngil ochayotgan Xusrav siymosi yoki Hindiston shahzodasi sulton Salim. Uning ikki tarafida a’yonlari va mulozimlari. Pastroqda sozanda va xonandalar. Rassom shoir g‘azalidagi dardini shunday ifodalamoqdaki, ayshu bazm ham uning ishqi dardini pasaytira olgani yo‘q.

Rassom Farruxbek nomi yana bir miniatyura[12] tagiga yozilgan bo‘lib, uning hoshiyasiga nasta’liq xatida Alisher Navoiyning “Erur” radifli g‘azalidan quyidagi o‘n bayt bitilgan:

“Vah ne sarvidurki to, xil’at kiyibdur savsaniy,
Chok o‘lub gul xil’ati, bulbul ishi vayron erur.

Savsanu sarvi agar yo‘qtur damimdin bog‘ aro,
O‘rtanibon sarvu savsan xullasi barbod erur.

Ayni iffatdin o‘shul pokiza gavhar jismida,
Xil’at ermaskim naqsh etkan kabi po‘lod erur.

Shomi g‘am ko‘nglum uzoru xullasin yod aylabon,
Mehr o‘ti har yon binafsh etgan bulutdin yod erur.

Qozg‘oni g‘am Besutun tog‘in Navoiy ilkida,
Vahki savsan bargi ermas, teshai Farhod erur”.

Bu baytlar shoirning “Xazoyin-ul maoniy” to‘plami to‘rtinchi devoni “Favoid-ul kibar”dagi 194-g‘azaldan olingan[13].

Kitobdagi va miniatyura hoshiyasidagi g‘azal matni solishtirilganda, miniatyuradagi uchinchi bayt nashrda yo‘q ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Miniatyura o‘rtasida qiyg‘os gullagan savsan daraxtlari oldida, binafsha rangli, bulutlarning ramziy naqshi tushirilgan – ustida “savsaniy” – binafsha rangli xal’at – to‘n, ichidan sariq qabo kiygan, yelkasiga sochiqsifat mato tashlagan, katta salla o‘ragan, quyuq qoshli, qulog‘iga sirg‘a taqqan yosh yigit tasvirlangan. Daraxt shoxlaridagi gullar ko‘rkamligidan xonish qilib, “ishi barbod” bo‘layotgan beshta bulbul turli holatlarda naqsh etilgan. Orqadagi to‘q sarg‘ish dala va uzoqdagi oppoq osmonning yuqori qismida “har yon binafsh etgan” moviy bulut tasviri.

Rasmning o‘ng qismida “Amali Farruxbek, yetmish yoshida chizgan” degan yirik, dag‘alroq nasta’liq xatidagi qayd mavjud.

Bu rasm keyinchalik katta ziynatlangan lavhaga o‘rnatilgan bo‘lib, pastki hoshiyasiga “Amali Farruxbek” degan nasta’liq xatida bitik kiritilib, hoshiyasiga hind uslubida turli gullar tasviri bilan bezak berilgan.

XVI asrning ikkinchi yarmi – XVII asr boshlarida Hindistonda juda mashhur bo‘lgan rassomlardan biri Farruxbek aslida kim edi?

Movarounnahrlik bo‘lgan Farruxbek 1585 yilda Akbar saroyiga kelib, “Tasvirxona”da o‘z o‘rnini topgan.

Farruxbek Akbarning vaziri, tarixchi olim Abulfazl Allomiyning “Akbarnoma” va “Oyini Akbariy” asarlarida qayd etilgan ikki rassomdan biridir. Farruxbek nomi Nuriddin Muhammad Jahongirning “Tuzuki Jahongiriy” asarida ham qayd etilgan bo‘lib, rassom o‘z asari uchun ikki ming rupiy mukofot olgani yozilgan.

Yozma manbalarda Farruxbekning ilk ijodi va hayotining so‘nggi yillari to‘g‘risida ma’lumot uchramaydi. Rassom Erondagi safaviylar va Movarounnahrdagi shayboniylar davri ijodkorlarining zamondoshi edi. U o‘z ijodini dastavval Kobul shahrida, Humoyun Mirzoning ikkinchi o‘g‘li Mirzo Muhammad Hakim homiyligida boshlagan bo‘lib, yana bir Farrux Husayn nomli rassom bilan birga ijod qilgan. Muhammad Hakim Mirzo vafot etgach, Akbar saroyiga taklif etilgan.

Bizgacha Mirzo Muhammad Hakim va uning xizmatkori Hoji Yoqut tasviri yetib kelgan. Bu surat Farrux Husayn tomonidan hijriy 998 yili yaratilgan bo‘lib, Jahongir tuzgan mashhur “Muraqqa’i gulshan” asaridan o‘rin olgan.

“Muraqqa’i gulshan”da Farruxbek yaratgan yosh yigitlar va nuroniy mo‘ysafidlarning ajoyib rasmlar turkumi ham saqlanib qolgan.

Rassomning Akbar tasvirxonasida yaratgan rasmi Nizomiyning “Xamsa” asari qo‘lyozmasiga ishlangan. Kitobda o‘ttiz oltita rasm bo‘lib, shulardan kamida yettitasi Farruxbekka tegishli. Ulardan ikkitasini bir o‘zi yaratgan, qolganlarini yaratishda yosh rassomlardan Dharamdas (198-b va 205-a vv.), Dhanraj (203-a v.) va Behzod (Xoja Abdussamadning ikkinchi o‘g‘li) (209-a, 249-b vv.) ishtirok etgan. Bu rasmlarni 1586-1588 yillarda yaratilgan deyish mumkin.

Farruxbek rasmlarining tarhlari Jomiyning 1556-1565 yillari yaratilgan “Haft avrang” asariga ishlangan rasmlarga yaqin. Ular o‘z o‘rnida Alisher Navoiyning “Devoni” rasmlariga o‘xshashdir. Farruxbek shahzoda Salim tasvirxonasida xizmat qilgan Oqa Rizo, Abulhasan va Vishnudaslar kabi qaytariqlar chizmaydi, balki har bir rasm uchun alohida, o‘ziga xos tarh topishga harakat qiladi.

Barcha rassomlar uchun umumiy xususiyatlar shakllanishi ularning ijodiy hamkorligiga bog‘liq, ammo Farruxbek bundan istisno tariqasida, keyinchalik yaratilgan asarlarini bir o‘zi tugallashga harakat qilganini kuzatamiz.

Farruxbek ishtirok etgan rasmli qo‘lyozmalardan yana biri “Boburnoma” bo‘lib, uning varaqlaridan o‘n sakkiztasi Londonda, Angliyaning Viktoriya va Albert muzeyida saqlanmoqda. Bulardan uchtasi 1912 yili Genri Vever majmuasida bo‘lgan, hozir esa Vashingtondagi Artur M.Sakler galereyasida saqlanadi.

Rassom umri davomida Akbar, so‘ngra Jahongir va keyinchalik Shohi Jahon xizmatida bo‘ldi. Uning yetmish yoshligida o‘zini bir mo‘ysafid sifatida tasvirlagan rasmi bor. Surat tagiga Shohi Jahon o‘z qo‘li bilan “musavvir Farruxbek asari va o‘z rasmi” deb yozgan. Uning nomi tarixchi Abulfazl Allomiyning “Akbarnoma” va qomusiy xarakterga ega bo‘lgan “Oyini Akbariy” asarida eslatilgani diqqatga sazovordir.

Farruxbek Alisher Navoiyning “Majolis-un nafois” tazkirasi matni lavhasi bitilgan varaq o‘rtasiga kitob o‘qiyotgan qora mo‘ylabli yosh yigit tasvirini ishlagan bo‘lib, chetda mayda nasta’liq xatida “shabihi Shoh Tahmosib, podshohi Eron” deb yozib qo‘yilgan. Rasm hoshiyasi bo‘lgan mehrobiy naqsh ichida esa quyidagi yozuv mavjud: “Ikki matla’ bitilur, biri bukim:

“Ishqi tu ki, sarmoyai mulki du jahon ast,
Alminnatu lillahki, maro bar dilu jon ast”.

Yana biri bukim:

“Rindemu oshiqemu jahonso‘zu joma chok,
Bo davlati g‘ami tu zi fikri jahon chi bok”.

Bu faqir avval nazmekim, o‘rganibmen, bu so‘nggi matla’dur. Hamono uch yosh bila to‘rt yoshning orasida erdim. Azizlar o‘qimoq taklifi qilib, ba’zi hayrat izhori qilurlar erdi. Va masnaviylari hazrat mavlono Jaloliddin (quddisa sirrihu) masnaviylarining vaznidakim, “ramali musaddas”[14] so‘zida tugaydi.

Bu varaqdagi matn Alisher Navoiyning “Majolis-un nafois” tazkirasidagi shoir va so‘fiy Amir Qosim Anvor to‘g‘risidagi ma’lumotning aynan o‘zidir.

Ikkinchi rassomning o‘z rasmi chetidagi mehrobiy naqsh ichida yana shu tazkiradan quyidagi matn lavhasi chiroyli nasta’liq xatida bitilgan:

“…derlar voqe’ bu tururkim, misra’kim:

“Bud dar Tabriz sayyidzodaye”

Andin, go‘yoki maqsud o‘zlaridur va tarje’larining bandi va baytdurkim:

Tui asli hama pinhonu paydo,
Ba af’olu sifotu zotu asmo.

Va ul hazratning muborak marqadi Jom viloyatida Xarjard qasabasidadur. Faqir ham ul ostona jorubkashlaridinman. Vafotlari sanai xamsa va salosina va samona miada voqe bo‘lubdur. Zero batarki…”

O‘z vaqtida XVI asr tarixchisi Qozi Ahmad Qumiy o‘zining “Gulistoni hunar” kitobida “Majolis-un nafois” tazkirasining Sulton Ali Mashhadiy xatida bitilgan rasmli qo‘lyozmasini ko‘rganini yozib qoldirgan edi. Bu noyob qo‘lyozmaning bir varag‘i AQSh majmualaridan birida saqlanib qolgan bo‘lib, Hindistonda u qo‘lyozmaning ba’zi varaqlariga Farruxbek rasm ishlagan ekan.

Bizning tadqiqotlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, Alisher Navoiy davridagi yuksak madaniyat keyinchalik boburiylar davrida davom ettirilgan, buyuk musavvir Kamoliddin Behzod va uning shogirdlari yaratgan an’analar Hindiston zaminida Akbar, Jahongir va Shohi Jahon tomonidan homiylik qilinib, davom ettirilgan, bunda esa buyuk bobokalonimizning uchta asari – “Xamsa”, “Terma devon”, “Majolis-un nafois” tazkirasi alohida o‘rin tutgan. Navoiy asarlariga Hindistonning mashhur rassomlari Farruxbek, La’l, Dharamdas, Mukund, Govardxan, Manoharlarning ajoyib rasmlar ishlagani quvonchli holdir. Bu mumtoz miniatyuralarni O‘zbekiston va Hindiston do‘stligining noyob obidalari deb baholash mumkin.

Sharq yulduzi jurnali, 2015 yil, 4-son

Abdumajid Madraimov. Tarix fanlari doktori, professor. 1946 yilda tug‘ilgan. “Rasmlarda Bobur hayoti”, “Kamoliddin Behzod” (O.Usmonov bilan hammualliflikda) risolalari, “Kamoliddin Behzodning Sharq madaniyati tarixida tutgan o‘rni”, “Sharq miniatyura maktablari” to‘plamlari muallifi, uch jildlik “Sharq miniatyuralari” nomli katalog (ing­liz tilida), “Tarixiy manbashunoslik”, “Manbashunoslik” darsliklarini yaratgan. Qator xalqaro anjumanlar ishtirokchisi, bir nechta ilmiy arxeografik ekspeditsiyalar qatnashchisi.


[1] “Terma devon”, xattot Sulton Ali Mashhadiy, Hirot, XV asr oxiri. Vindzor qirollik kutubxonasi, “Buxoro qo‘lyozmasi“ deb ataladi; ularda hindistonlik rassomlar Farruxbek, La’l, Manohar va Mukund; “Xamsa”, Hirot, xattoti Sulton Ali Mashhadiy, 897/1491-1492 yy. Vindzor qirollik kutubxonasi, Raqami MS. 65 (A8), rasmlarning birida Dharamdas, boshqasida Govardxan nomlari bitilgan.

[2] Alisher Navoiy asarlariga ishlangan rasmlar. Albomni tuzuvchi va so‘z boshi mualliflari Hamid Sulaymon va F.Sulaymonova. – Toshkent: Fan, 1982. Bundan buyon albom.

[3] Niyoz – yolvorish, o‘tinch, umid.

[4] Alisher Navoiy. 10 jildlik. 6-jild. “Hayrat-ul abror”. Toshkent, 2012, 102-103-betlar.

[5] Milo S. Beach. Govardhan: “Servant of Jahangir /Mughal Masters. Further Studies. Edited by Asok Kumar Das. Mumbai. Marg publication.vol. 49 No. 4.1998. 134-145 pp. 2 ill.

[6] Mughal Painters and their works. S.P.Verma. Dehli, 1994, 160-167 pp.

[7] Alisher Navoiy. 10 jildlik. 2-jild. “Xazoyin-ul maoniy”, “Navodir-ush shabob”. Toshkent, 2011, 119-g‘azaldan, 124-bet.

[8] Alisher Navoiy. 10 jildlik. 4-jild. “Xazoyin-ul maoniy”, “Favoyid-ul kibar”. – Toshkent, 2012, 138-g‘azaldan, 143-bet.

[9] Alisher Navoiy. 10 jildlik. 3-jild. “Xazoyin-ul maoniy”, “Badoyi’-ul vasat” – Toshkent, 2012, 230-g‘azaldan, 235-bet.

[10] O‘sha joyda. 11 Alisher Navoiy. 10 jildlik. 3-jild. “Xazoyin-ul maoniy”, “Badoyi’-ul vasat”. – Toshkent, 2012, 278-g‘azaldan, 283-bet.

[11] Alisher Navoiy. 10 jildlik. 1-jild. “Xazoyin-ul maoniy”, “G‘aroyib-us sig‘ar”. – Toshkent, 2012, 355-g‘azaldan, 376-bet.

[12] The Library of Chester Beatty. A Catalogue of the Indain Miniatures by Th.W.Arnold/ vol.London? 1936. p.25, Pl.64; Ashok Kumar Das: Farrukh Beg: Studies of Adorable Youths and Ventrable Saints / Mughal Masters. Further Studies. Edited by Asok Kumar Das. Mumbai. Marg publication.vol. 49 No. 4.1998. p.105, pl.7.

[13] Alisher Navoiy. “Xazoyin-ul maoniy”, “Favoyid-ul kibar”. Nashrga tayyorlovchi H.Sulaymon. Toshkent: Fan, 1960, 199-bet, 194-g‘azal.

[14] Ashok Kumar Das: Farrukh Beg: Studies of Adorable Youths and Ventrable Saints / Mughal Masters. Further Studies. Edited by Asok Kumar Das. Mumbai. Marg publication.vol. 49 No. 4.1998. p.107, pl.10; Alisher Navoiy. “Majolis-un nafois”. 10 jildlik. 9-jild. – Toshkent, 2012, 292-sahifa.