Baholash tanqidchilikning shunday nozik me’yor, o‘lchoviki, salgina noxolislik, zarracha xatolik san’atkor va uning asarlari haqidagi tasavvurni o‘zgartirib yuborishi mumkin. Xolis baholashda munaqqidning hissasi katta. Lekin baholashda munaqqidga bog‘liq bo‘lmagan to‘siqlar ham talaygina. Badiiy adabiyot hamisha siyosat bilan yonma-yon rivojlangan, siyosat ko‘pincha san’at ustidan hukmronlik kilishga intilgan. Siyosatga mos kelmagan asarlar chop etilmagan, olam ichra o‘z olamini yaratishga intilgan san’atkorlar ta’qib ostiga olingan.
Sovet adabiyotining yetmish yildan ortiqroq tarixiga nazar solsak, siyosatga mos kelmaganligi sababli chop etilmagan qanchadan-qancha asarlarni ko‘ramiz, haqiqatgo‘yligi sababli ta’qib etilgan san’atkorlar taqdiridan ogoh bo‘lamiz. Ajablanarlisi shundaki, Aleksey Maksimovich Gorkiy va Hamzaning ba’zi asarlari shu paytgacha chop etilmagan edi. M. Gorkiyning «Bemavrid fikrlar» turkum maqolalari, bir necha yangi hikoyalari buyuk proletar yozuvchisi obro‘sini tushirmadi. Aksincha, M. Gorkiyning izlanuvchi, o‘z kontseptsiyasiga ega san’atkor ekanligini isbotladi. Hamzaning darsliklari, inqilob arafasida, uning dastlabki yillarida yozgan she’rlari shundan dalolatki, u zamon bilan birga odim tashlagan, izlangan, ba’zan xato qilgan, diniy qarashlarga befarq bo‘lmagan murakkab, haqiqiy inson ekan.
Biz uzoq yillar davomida sovet adabiyoti, jumladan, milliy adabiyotlar klassiklariga gard yuqtirmaslikka, ularni begunoh farishtalar qilib ko‘rsatishga behuda urinib keldik. Qayta qurish davrida o‘nlab san’atkorlarning asarlari xalq mulkiga aylantirildi. M. Bulgakov, A. Platonov, A. Axmatova, Cho‘lpon, Fitrat singari san’atkorlar bo‘ynidagi tavqi la’nat — «xalq dushmani» yorlig‘i olib tashlandi, ularning asarlari ham to‘liq nashr etilayapti. San’atkor asarlarini to‘liq o‘rganish — xolis baholashning asosiy shartidir. Hamza Hakimzoda Niyoziyning besh tomlik to‘la asarlari to‘plamining chop etilishi uning hayoti va ijodi haqida shu paytgacha chop etilgan bir yoqlama ilmiy ishlarni tussizlantirdi, ta’mirlangan «Boy ila xizmatchi» va boshqa asarlarni chok-chokidan so‘kib tashladi.
Adabiy siyosat, «o‘ylab ish ko‘rish» tufayli ba’zi asarlar uzuq-yuluq holda chop etilgan edi. Sinchkov mutaxassis, xolis baholovchi «tushirib qoldirilgan», tamoman o‘zgacha uslubdagi yozuvchi tomonidan «bitib-chatilgan» o‘rinlarni bexato topib oladi. «O‘tgan kunlar», «Mehrobdan chayon», «Kecha va kunduz» singari asarlarda «chilpingan», «yulingan» o‘rinlar seziladi, so‘zlar, iboralarni hozirgi tilimizga moslashtirilganligi anglashiladi. San’atni qadrlovchilar, san’atkorni e’zozlovchilar biryun bob, tasvir, obrazning «tushib qoldirilishi» u yoqda tursin, biron so‘zning zaha bo‘lishi, ohangda saktalikning paydo bo‘lishiga toqat qilolmaydilar. Badiiy asarning yaxlit, mukammalligi — xolis baholashning zaruriy belgisidir.
Proletkult, RAPP tashkilotlari taraqqiyotimizning ma’lum pallasida jiddiy rol o‘ynadi. Bu tashkilotlar rasman tugatilganiga sal kam oltmish yil bo‘layapti. Lekin sovet tanqidchiligida bu tashkilotlardan qolgan bid’atlar (yangiliklar) hamon sudralib kelmoqda, xolis baholashga to‘g‘anoq bo‘lmokda. Yozuvchilarni guruhlarga — proletariat, «yo‘lovchi», burjuaziya namoyandasi tarzida ajratish, har bir guruhga o‘ziga yarasha munosabatda bo‘lish — RAPP «merosi». O‘sha paytdayoq yozuvchi mumkin qadar o‘zini qashshoq qilib ko‘rsatishga, mehnatkash — «qo‘li qadoq»lar namoyandasi ekanligini isbotlashga kirishgan edi. O‘zbek yozuvchilarining avtobiografiyasini o‘kisangiz, deyarli har bir ijodkor o‘zini, nasl-nasabini qashshoq, kambag‘al qilib ko‘rsatganligining guvohi bo‘lasiz. Qashshoq, kambag‘al bo‘lmagan Cho‘lpon-u Fitrat qoldi, xolos. Mehnatkash, kambag‘allikni pesh qilish o‘sha paytlarda «jon» saqlashning asosiy yo‘li edi. Kambag‘al bolasi bo‘lish, aslida, proletariatlik emas. Qolaversa, «qashshoq», «kambag‘al bolasi ekanlik» yozuvchi hayotini o‘rganishda mantiqning buzilishiga sabab bo‘lmoqda.
Mana, qo‘limizda mashhur adabiyotshunos, ustoz Matyoqub Qo‘shjonovning «Ayniy badiiyatining evolyutsiyasi» risolasi («Fan» nashriyoti, 1988), yosh tadqiqotchi Normuhammad Qobulovning «Elbek» tanqidiy biografik ocherki (G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot, 1988). Ayniy ijo di haqida yuzlab tadqiqotlar yaratilgan bo‘lishiga qaramay, M. Qo‘shjonov ustod yozuvchi ijodini o‘z uslubi, izchil kontseptsiya asosida tahlil qilgan. Kitobda yangicha tafakkur, badiiy asarlarni baholashdagi o‘ziga xoslik sezilib turadi. Matyoqub Qo‘shjonov birinchi o‘zbek romani «O‘tgan kunlar» M. Sheverdin tomonidan «bu bizning roman emas» deb turilgan bir paytda S. Ayniyning «Doxunda»si paydo bo‘lganligi haqida yozadi-da: «Endilikda biz tushunayapmizki, boy bilan xizmatchi orasidagi ziddiyatni tasvirlagan «Doxunda» romani qay darajada ayni muddao bo‘lsa, diqqat markaziga hokim sinf turmush tarzini olib, bu sinf tanazzulini ko‘rsatish ham adabiyot olamida ayni muddao ekan», deb ta’kidlaydi (45-bet). Bunday qimmatli fikrlar kitobda ko‘p. N. Qobulov ocherkining qimmati shundaki, hali kitobxonlar Elbek asarlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmaslaridan turib, yosh tadqiqotchi Mashriq Yunusov ijodi, asarlarini qunt bilan o‘rgangan, ular haqidagi o‘z qarashlarini bayon etgan.
«Ayniy badiiyatining evolyutsiyasi», «Elbek» kitoblarida xolis baholashga monelik qilgan — tanqidchilikdagi noto‘g‘ri qarashlar ta’siri sezilib turgan o‘rinlar bor. M. Qo‘shjonov S. Ayniyning «oddiy kambag‘al mehnatkash tegirmon charxchisi xonadonining farzandi» (3-bet) bo‘lganligini, yuzlab tadqiqotchilar singari, aytib o‘tadi. N. Qobulov esa, Elbekning «1898 yili Toshkent oblastining Bo‘stonliq rayonidagi Xumson qishlog‘ida kambag‘al oilasida» tug‘ilganligini ta’kidlaydi. Hozirgi turmush tarzi, taraqqiyot nuqtai nazaridan asrimiz boshlaridagi kishilar qoloq, kambag‘al bo‘lganlar. Lekin o‘sha «oddiy, kambag‘al», usta Saidmurodning katta o‘g‘li Buxoro madrasasida o‘qiydi. Ota o‘zining ikkinchi o‘g‘li Sadriddinni ham madrasada o‘qitmoqchi. Elbekning ham o‘ta nochor, kiynalganligi aytiladi-yu, u Toshkentga kelib asosan (avval «Xokiy», so‘ng «Namuna» maktabida) o‘qiganligi aytiladi. Kambag‘al, qashshoq deganda fikri-xayoli bir burda non topish, qorin to‘ydirishni maqsad qilib qo‘yganlar tushuniladi. Sadriddin Ayniy ham Buxoro madrasalarida o‘n yil o‘qiydi. To‘g‘ri, ota-onasi vafot etgach, Sadriddinning moddiy ahvoli tang bo‘ldi. Lekin u, baribir, o‘qish uchun imkon topdi.
Avval RAPP tashkiloti, keyinchalik sotsialistik realizm metodi yozuvchidan mehnatkash xalqni, ezilgan sinfni asosiy kuch sifatida tasvirlashni talab qildi. Sovet adabiyotida o‘ziga xos «qolip» paydo bo‘ldi: badiiy asarlar qarama-qarshi sinflar kurashi asosida yaratila boshlandi. Deyarli barcha asarlarda o‘tmishda ezilgan, xor-gado bo‘lgan yirtiq choponlilar asosiy qahramon qilib olindi. Salbiy qahramonlar safini, boy-ekspluatatorlardan tashqari, bosmachilar, mushtumzo‘r erkaklar to‘ldirdi. Sadriddin Ayniyning «Buxoro jallodlari», «Odina», «Doxunda», «Qullar» asarlarida ezilgan xalqning ezuvchilarga qarshi kurashi tasvirlangan. Boshqacha aytganda, S. Ayniy hayotni sotsial tomondan tahlil qildi, ijtimoiy tiplar galereyasini yaratdi. Uning «Sudxo‘rning o‘limi» asarida sotsial tip, ayni paytda betakror inson xarakteri yaratildi. M. Qo‘shjonov S. Ayniy mahoratini sotsial tiplar, xarakterlar yaratish yo‘sinida yoritadi.
N. Qobulov kitobida Elbekning ezilgan mehnatkashlar haqidagi she’rlari keng tahlil qilinadi. Tadqiqotchi Elbek dostonlari tahlilida kambag‘allar obrazi tasvirlangan o‘rinlarga diqqatni tortadi: «Tozagul va uning eri Noryigit bosib o‘tgan yo‘l barcha o‘zbek dehqonlari uchun xos edi. Ular qaynoq hayotda toblandilar. Inqilobdan ilgarigi zamonaning barcha yaramas illatlarini boshlaridan kechiradilar va inqilob uchun kurashib, sotsializm qurishda ishtirok etadilar. Elbek hayotdagi yaramasliklarni ochib tashlash uchun o‘z qahramonlarini turli xil qiyinchiliklarga duchor qiladi» (75-bet).
Proletkultchilar, keyinchalik RAPN o‘tmish madaniyati, san’ati, maorifini qanday qilib bo‘lmasin yomonlash, inkor etishga intildilar. Natijada qanchadan-kancha madaniy yodgorliklarimizdan mahrum bo‘ldik. Inkilobdan avvalgi maktab, madrasalar qabohat, jaholat maskani sifatida tushuntirildi. Matyoqub Qo‘shjonovning «Ayniy badiiyatining evolyutsiyasi» kitobida o‘qiymiz: «Sadriddin Ayniy tasviriga qaraganda, madrasalarning pedagogik o‘quv sistemasi sxolastikadan iborat. Hayotdan uzoq kitoblar yillab «mutolaa» qilinar, bu mutolaalardan ilmga tegishli biron natija chiqmas edi. Ayniy sxolastik o‘qish namunasi sifatida Jomiyning «Kofiya» kitobi mutolaasini keltiradi… Madrasa, mudarris, talaba tushunchalari oddiy xalq orasida g‘oyat muqaddas hisoblangan. Biroq Sadriddin Ayniy tasviridan anglashilayaptiki, bular xalq tushunchasidagidek muqaddas emas ekan» (126—127-betlar). M. Qo‘shjonov S. Ayniy fikrlariga qo‘shilmaydi, ayni vaqtda ularni tanqid ham qilmaydi. S. Ayniyning qissa va romanlari yozilgan bir davrda rappchilik qarashlari tirik edi. Qolaversa, stalinizm siyosati o‘tmishga shubha, ishonchsizlik bilan qarashni shakllantirgan edi. Mantiqan o‘ylab ko‘rilsa, Ahmad Donish ham, Sadriddin Ayniy ham «o‘quv sistemasi sxolastikadan iborat bo‘lgan» madrasalarda tahsil ko‘rganlar: ular donishmand olim bo‘lib yetishdilar. S. Ayniy ijodini sinchiklab kuzatgan odam bir holatning guvohi bo‘ladi: yozuvchining «Eski maktab» qissasida, «Doxunda», «Qullar», «Sudxo‘rning o‘limi» asarlarida eski maktab, madrasalarni tugatgan mulla, domlalar obrazi ko‘proq satirik bo‘yoqlarda tasvirlangan bo‘lsa, «Esdaliklar»da madrasa, mudarris, talabalar tasvirida xolislik seziladi. Umuman, S. Ayniy asarlarini o‘z davrining mahsuli sifatida o‘rganish joiz.
N. Qobulovning «Elbek» kitobida ham o‘tmish qora rangda, revolyutsiyadan keyingi hayot alvon rangda tasvirlanadi: «Ulug‘ Oktyabr sotsialistik revolyutsiyasi Elbek va unga o‘xshaganlarni ochlik, qashshoqlik, muhtojlikdan qutqardi» (5-bet). Yuqoridagi jumla sal-pal o‘zgargan holda kitobdan kitobga, maqoladan maqolaga necha o‘n yillar davomida o‘tib yurdi. Revolyutsiyadan keyingi kunlar, oylar, yillarning murakkab dramalari endi-endi ochilmoqda. Avloniy, Hamza, Cho‘lpon, So‘fizoda, Fitrat, Ayniy singarilarning maktublari, «Kundalik»lari ko‘p narsani oydinlashtirmoqda. N. Qobulov revolyutsiyadan keyingi qayotni maqtashni davom ettiradi: «Shoir (Elbek — A. R.) «Bugun» she’rida Oktyabr inqilobi natijasida asrlardan buyon saqlanib qolgan tugunlarning hech qolmay (!) bitganligini realistik lavhalarda tasvirlaydi (16-bet). «Elbek «kun», «quyosh» obrazlarida yangi sotsialistik tu zumni ifodalasa, «tun»da esa ka pitalizmni tasvirlaydi» (17-bet). Inqilobdan keyingi hayot unchalik ham quvonchli bo‘lmaganligini biz hozir bilib turibmiz.
Xolis baholash yo‘lidagi to‘siqlar xususida gapirganda sotsialistik realizm printsiplarini o‘rinli, o‘rinsiz qo‘llayverish masalasini alohida ta’kidlash joiz. Hozir sotsialistik realizm haqida keskin tanqidiy fikrlar aytilmoqda. Sovet adabiyotining ijodiy metodi estetik kategoriya darajasiga ko‘tarilmaganligi, baholash mezoni darajasida qolib ketganligi ta’kidlanmoqda. Ajab, mana ellik yildirki, biron maqola, tadqiqot sotsialistik realizmni chetlab o‘tmagan; biron adabiyotshunos, tanqidchi yo‘qki, sovet adabiyoti metodi haqida yozmagan, fikr bildirmagan bo‘lsin. Ko‘pchilik mutaxassislar sotsrealizm mohiyatiga tushunmagan-u, u haqda yozgan, fikr bildirgan. N. Qobulovning kitobida ham Elbek ijodi turli yo‘llar bilan sotsrealizm metodiga keltirib bog‘lanadi. Shoir ijodi sotsrealizmga ulandimi, bas, uni aybdor qilish, qoralashga chek qo‘yiladi: Partiya va hukumatimiz o‘tkazgan bironta tadbir Elbek nazaridan chetda qolmadi: yer-suv islohoti, «Hujum» harakati — xotin-qizlar ozodligi, kollektivlashtirish ishlariga bag‘ishlab asarlar yozdi» (28-bet). «Elbek bu poemasi («Tozagul» — A. R.) bilan sotsialistik realizm printsiplaridan yana biri — ijobiy qahramon yaratish masalasida bir muncha muvpffaqiyatlarga erishganini ko‘ramiz» (78-bet). «Sotsialistik realizmning talablaridan biri yozuvchidan voqelikni, tevarak-atrofda bo‘layotgan voqealarni to‘g‘ri va haqqoniy ifodalashdan iboratdir. Buning uchun yozuvchi hayot bilan aralashish (!), unda faol ishtirok etishi zarur» (79-bet).
Ilmiy tadqiqotlarda sotsialistik realizm estetik yondoshuv, san’at tabiatini keng yorituvchi omil emas, oqlovchilik vazifasini bajara boshladi, bir yozuvchining ikkinchisidan ustunligini belgilovchi daraja ko‘rsatkichi bo‘lib qolayozdi. Ma’lumki, 50-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab nohaq ayblangan, Stalin qatli omining qurboni bo‘lgan yozuvchilar haqida maqola, tadqiqotlar yaratila boshlandi. O‘sha maqola, tadqiqotlarda xolis tahlil-talqin o‘rniga nazariyabozlik qilish, qonunan oqlangan ijodkorni adabiy-tanqidiy jihatdan oqlash yo‘sini kuchaydi. Yozuvchini oqlash maqsadi madhiyabozlik, asossiz ulug‘lash kamchiligini keltirib chiqardi. Deylik, Elbek partiya yo‘rig‘idan chetga chiqmagan bo‘lsa, barcha siyosiy kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlab she’r, dostonlar yozgan bo‘lsa, uning ijodkor sifatidagi o‘z uslubi, qiyofasi qayerda qoldi? Elbek, tadqiqotchi yozganiday, siyosiy hushyor bo‘lgan, partiyaning barcha chaqiriqlariga «labbay» deb turgan bo‘lsa, nega uni xalq dushmani sifatida qamadilar, yo‘q qilib yubordilar? Bizningcha, tadqiqotchi Elbek dunyoqarashidagi o‘zgarishlarni izchil ko‘rsatib bermog‘i, she’rlarini xolis, sotsialistik realizm qolipiga moslamasdan tahlil qilmog‘i joiz edi. «Elbek» kitobidan ko‘rinib turibdiki, u birinchi o‘zbek sovet masalchisi, poema janriga ilk bor qo‘l urganlardan ekan. Mana shu tomonlar tadqiqotchi diqqatining markazida bo‘lishi kerak edi. Nazarimizda, Elbek ijodida olimlik, pedagoglik yetakchilik qilgan ekan, shu nuqtalar jiddiy yoritilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.
«Elbek» ocherkida yozuvchi ijodining mohiyati tadqiqotchi nazaridan qochgan bo‘lsa, M. Qo‘shjonov risolasida Ayniyning san’atkor, olim, murakkab taqdirli inson sifatidagi mohiyati hamisha sezilib turadi. Tadqiqotchi san’atkorning qaysi asari haqida yozmasin, hayotining har xil manzaralarnni ifodalamasin, zimdan Ayniyni kuzatib turganday, uning ruhiyatidagi o‘zgarishlarni anglayotganday bo‘ladi. E’tibor berilsa, risolada «Ayniy yozganiday», «yozuvchi ta’kidlaganiday» singari birikmalar talaygina. Go‘yo M. Qo‘shjonov Ayniyning zamon kishisi sifatidagi kamchiliklarini, asarlaridagi zamonasozlikni ko‘rib turadiyu, ularni shartta shartta aytishga ustoddan istihola qiladi. M. Qo‘shjonov asarlarida sotsialistik realizm haqida fikr, mulohaza aytilgan, u yoki bu ijodkor asarlarida sotsrealizmning namoyon bo‘lishi ta’kidlangan. «Ayniy badiiyatining evolyutsiyasi»da sotsialistik realizm bilan tanqidiy realizm qiyoslangan, «Sudxo‘rning o‘limi» yangi metodda yozilganligi uchun «Gobsek»dan ustun qo‘yilgan o‘rin bor. Tadqiqotchi Qori Ishkamba bilan Gobsekni, to‘g‘rirog‘i, ularning o‘limini qiyoslar ekan, Sadriddin Ayniydagi ochiqdan-ochiq komizmni ma’qullaydi. Bilmadim, menimcha, insonning o‘limini tasvirlash san’atkor uchun og‘ir, mushkul bo‘lishi kerak: o‘z qavmining mangu yo‘q bo‘layotganligini quvonch bilan tasvirlash qanday bo‘larkin? M. Qo‘shjonov Balzakning xarakter mohiyatiga kirishini zimdan ma’qullaganday bo‘ladi, lekin sotsrealizm namoyandasi Ayniyni himoya qiladi: «Ayniy Balzakning Gobsekidan farqli o‘laroq Qori Ishkamba xarakterining tasviriga ma’nodor komik yo‘nalish bag‘ishlaydi. To‘g‘ri, Gobsek xarakteri ham komik yo‘nalishdan xoli emas. Frantsuz adibi asarini o‘qiganda, birinchi galda Gobsek ahvoliga achinamiz, xarakteridagi bosh xususiyatlarni anglagach, undan kulamiz.
«Gobsek»dagi komizm pinhoniy, u asarning ichki mazmunidan, qahramon xarakterining bosh yo‘nalishidan kelib chiqadi. «Sudxo‘rning o‘limi»da esa, bu xildagi pinhoniylik sezilmaydi. Xususan, asardagi jiddiy realizm qanchalik oshkora bo‘lsa, komizm shunchalik yalang‘och va shafqatsizdir. Bu farq, albatta, san’atkorlarning ijodiy metodi bilan izohlanadi. Gap shundaki, Balzak o‘z davri hayotining haqikatini aks ettiradi. Uning uchun qahramonning boshqa bir vaziyatdagi holati qorong‘u; Ayniy esa, sotsialistik realizm adabiyotining vakili sifatida tasvirlangan hayotdan kelib chiqadigan o‘sha kunga xos hakiqatni ham anglagan edi. Shu bilan barobar u o‘z qahramonining kelajagidagi qismatini ham aniq tasavvur qiladi» (93-bet).
Qiziq, haqiqiy san’at asari tahlil qilinganda, tanqidchi sotsialistik realizm masalalarini unutadi, adabiyotshunoslik terminlarini, tushunchalarini kamroq qo‘llaydi. M. Qo‘shjonov «Sudxo‘rning o‘limi», ayniqsa, «Esdaliklar» asarini tahlil qilar ekan, fikrlar quyilib kelaveradi, san’atkor mahoratining goh u, goh bu tomonlari yoritiladi. Tadqiqotchi ko‘proq qiyosiy-tipologik tahlil printsipiga murojaat qiladi: Ayniy asarlari Gogol, Balzak, Gorkiy, Qodiriy, Hamza asarlari bilan solishtiriladi, bir muhitning hodisasi sifatida o‘rganiladi. «Esdaliklar» tahlili M. Qo‘shjonov risolasining katta qismini tashkil etadi. Sadriddin Ayniyning so‘nggi yirik asarida tarixchi nigohi, san’atkor mahorati, murakkab hayot yo‘lini bosib o‘tgan insonning tajribalari o‘zaro birlashgan, badiiy-tarixiy yaxlitlikni vujudga keltirgan. M. Qo‘shjonov «Esdaliklar» asarini jonli xarakterlar yaratilishi, hayotning ijtimoiy tomonlari yoritilishi nuqtai nazaridan tahlil qiladi. Risolada Saidmurodxo‘ja, Lutfulla-go‘ppon, Ahmad Donish, To‘taposhsha, Poshshaxon, Sharifjon maxdum obrazlari keng tahlil qilingan. «Esdaliklar» — keng ko‘lamli epik asar: har bir tadqiqotchi uni tahlil qilishda o‘z yo‘lidan borishi mumkin. Nazarimda, «Esdaliklar» XIX asr oxiri, XX asr boshlaridagi hayotni har tomonlama mukammal yoritgan. Bu asar sotsiolog, iqtisodchi, pedagog, siyosatdon, tibbiyot bilan qiziquvchi, tarixchi, muhandis, san’atshunos uchun yetarli ma’lumot beradi. Turli soha kishilarini qiziqtiruvchi materiallar badiiy shaklda, mukammal xarakterlarda aks ettirilgan. M. Qo‘shjonov risolasida «Esdaliklar» zavq-shavq, mahorat bilan tahlil qilingan. Lekin kitobda: «Abdulla Qodiriy esa eski hayot bid’atlarini keskin tanqid qiladigan kichik asarlarini yaratdi» (11-bet); «Buxoro amirining bir yillik daromadi 30 millionga (so‘mmi, tangami — A. R.) yetar ekan» (25-bet) singari sal-pal tahrir talab jumlalar bor.
Yozuvchi hayoti va ijodini, yetuk asarlarni tahlil qilishda xolislik asosiy mezon bo‘lmog‘i adabiyotshunoslik taraqqiyotida paydo bo‘lgan bid’atlar (yangiliklar) fikrni chalg‘itmasligi joiz. Tadqiqotchining kontseptsiyasi qanchalik teran, asosli bo‘lsa, u ikkinchi darajali masalalarga berilib ketmaydi, san’atkor ijodini, san’at asarini go‘zallik qonunlariga binoan o‘rganadi, tahlil qiladi.
Abdug‘afur Rasulov, filologiya fanlari nomzodi
«Guliston» jurnali, 1989 yil,11-son