XX asr madaniyatimizning benazir namoyondasi, adabiy o‘zbek tilining yaratuvchilaridan biri bo‘lmish Abdulla Qodiriy ijodiy merosi xalqimizning boqiy xazinasidir. Adib milliy romanchiligimizga asos soldi. Ulug‘ so‘z san’atkorining bu tarixiy xizmati hech qachon unutilmaydi. Bu haqda mashhur qozoq adibi Muxtor Avezov «Abdulla Qodiriy (Julqunboy) yuksak romanlar yaratdi. Uning romanlari 20-yillari go‘yo tekis sahroda to‘satdan Pomir tog‘lari vujudga kelgandek paydo bo‘ldi», deganida mutlaqo haq edi.
Abdulla Qodiriy ijodi keng ko‘lamli. U she’rlar, pesa, povest, ocherklar, publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalar yaratdi; jahon adabiyotidan tarjimalar qildi. Yozuvchi ijodida hajviy asarlarning ham salmog‘i katta. Uni hatto «Feleton qiroli» deb atashgan. Ustod satirikning hajviy qissa va hangomalari hamon mahorat maktabi bo‘lib kelmoqda.
Bu sonda e’lon qilinayotgan yosh tadqiqotchining maqolasi ham Julqunboy hajviyotiga bag‘ishlangan.
Mahmud Sa’dinov
«O‘tkan kunlar» va «Mehrobdan chayon»dek nodir asarlar muallifi Abdulla Qodiriyning munaqqid, beayov hajvchi ham bo‘lganligini uning 1923 – 1926 yillari yozgan maqola, feleton va hajviyalaridan bilish mumkin. Adibning publitsistik mahorati aynan 1920-yillari kamol topgan, bugun biz to‘lqinlanib o‘qiydigan hajviyalari ham o‘sha yillari matbuot yuzini ko‘rgan edi. Yozuvchi haqidagi xotiralarda aytilishicha, o‘z davrida odamlar uning har bir yangi asarini intiqlik bilan kutar ekan. Masalan, Qodiriyga zamondosh shoir Toshqin (Mo‘minjon Muhammadjon o‘g‘li) xotiralarida yozilishicha, Julqunboyning asari «bosilib, do‘konlarga chiqishi bilan ming-ming o‘zbek, tojik, qozoq, qirg‘iz va tatarlar navbatga tizilishar» ekan. Bunday shuhratni unga o‘sha ikki yirik asari keltirgan, desak ham bo‘ladi. Ammo, o‘ylashimizcha, «O‘tkan kunlar»(1926 yili to‘liq chop etib bo‘lingan) va «Mehrobdan chayon»(1928 yili kitob holida nashr qilingan) asarlari to‘liq yetib borgunga qadar ham Julqunboy nomi xalq orasida mashhur bo‘lgan.
Xo‘sh, uning «Mushtum», «Inqilob» jurnallari, «Ishtirokiyun», «Qizil bayroq» gazetalarida chiqqan hajviy asarlari, tanqidiy maqolalari nimasi bilan xalqqa yoqar edi? Mutolaa qilganimizda guvoh bo‘ldikki, mazkur nashrlarda Julqunboy, Ovsar, Shilg‘ay, Dumbul (Qodiriy taxalluslari) imzolari bilan yozilgan birorta asar yo‘qki, unda kulgi, tanqid va yo bittagina bo‘lsa-da, qalampirta’m so‘z, qochirim ibora topilmasa! Xalq tilida bo‘lgan va bo‘lmagan (ya’ni, faqat Qodiriyga xos) g‘aroyib jumlalar, tesha tegmagan iboralar, maqol va matallar bu jajji asarlarga yanada jozibadorlik bag‘ishlagan deyish mumkin. Ajabtovurligi shuki, sizu bizning og‘zimizdan chiqsa ot hurkadigan «kalomi muborak» – so‘kish va haqorat so‘zlari ham, Ovsar yo Dumbul feletonlarida o‘zining dag‘al ma’nosini andak o‘zgartirgandek, qulog‘ingizga yoqimli eshitiladi. Masalan, «qornini yorg‘anda alif o‘rniga loaqal kaltak chiqmayturg‘an dardisar» deb ta’riflaydi yozuvchi «Eshonlarimiz» sarlavhali feletonida bir qahramonini. Uning savodsiz bir nodon ekanligini bu qadar obrazli tasvirlash uchun uncha-muncha qalam ojizlik qilgan bo‘lur edi…
1924 yili «Maskov xatlari» turkum hajviyalarining birida Turkistonda chiqayotgan gazetalarni tahlil qilar ekan, ruscha «skidka» so‘zini o‘zbekcha maqolada «guzasht» (tojikcha so‘z) deb ishlatgan muallifni Julqunboy shunday «chaqib» oladi: «Skidka»ni «guzasht» deydir, «chegirish» degan bilan tili kesilib qoladir…»
Bir vaqtning o‘zida ko‘p ishlarga unnaydigan bir zamondoshi qiyofasini «Olti yillik bazm» maqolasida shunday chizadi: «To‘rt tomong‘a yugurib tili bir yarim qarich osilg‘an; bir ko‘zi Mag‘ribda, bir ko‘zi Mashriqda; serharakatu bebarakat…»
«G‘idi-bidi gaplar» hajviyasida bir so‘fi haqida: «Ko‘zining yoshidan soqolig‘a marvarid munchoq osibdir», deb yozadi.
Qodiriy madrasa ko‘rgan, ham rus-tuzem maktabida o‘qiganligi bois, arab, fors va rus tillarini bilgan. Lekin u birinchi galda o‘z ona tilining bor latifligiyu boyligini nozik jihatlarigacha his qilar, bilar edi. Shuning uchun so‘z qo‘llash, jumla tuzish borasida uning asarlaridan kamchilik topish qiyin. Faqat bir-ikkita so‘z uning ayrim asarlarida imloviy tomondan har xil yozilganligini aytish joiz. Bu ham Qodiriyning aybi bo‘lmay (ehtimol, musahhihlar adashgandir), balki o‘sha davrda adabiy til me’yorlarining hali bir sistemaga solinmaganligidan, deyish to‘g‘riroq bo‘lsa kerak. Misol uchun, «yomg‘ir» so‘zi «Toshkand xabarlari»(«Mushtum», 1924 yil, 24-son) va «Biz kim va nimalardan qo‘rqamiz?» («Mushtum», 1923 yil, 7-son) maqolalarida «yog‘mur», «Bozor surishtirmaydir» («Ishtirokiyun», 1920 yil 76-son) va «Haqiqat – ochib so‘zlashdadir» («Qizil bayroq», 1922 yil, 185-son) maqolalarida «yomg‘ur» tarzida yozilgan.
Julqunboy asarlarining xalqqa tez yetib borishi va uning sevimli mulkiga aylanishida maqol va matallarning o‘rni beqiyos.
«Ishtonsizning cho‘pdan hadugi bor», deydi adib «Biz kim va nimalardan qo‘rqamiz?» maqolasida. (Sarlavha bilan maqol o‘rtasidagi ma’no uyg‘unligiga e’tibor bering!) «It suyak chaynamasa, tishi qichiydir» – «O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas» maqolasida. «Osh tegsa – to‘y, tegmasa tafarruj»(ya’ni, tomosha), «Avatiga chavati, misqozonga loytuvoq», «Eshagiga yarasha tushovi» – «Kelinni kelganda ko‘r, sepini yoyg‘anda ko‘r» maqolasida.
«Ko‘z bo‘lmasa, qoziqning o‘rni», «Miya bo‘lmasa, shaloq arava ham miyaga hisoblanur emish», «Quvondiq sassiq o‘z aybini bila qolsa, yuragi yorilib o‘lar ekan», «Bordan yuqar, yo‘qdan nima chiqar?» – 22 qatorli mitti «Uzr» hajviyasida shuncha ibora!
«O‘quvchi o‘rtog‘im, ma’luming bo‘lsinki, man har vaqt saning ko‘nglingga qarab jinnilik qila bermayman; qalam degan narsa ham o‘qlog‘i emas». Bu so‘zlar Julqunboyning «Bir chimdim bildirish» luqmasidan olindi. Chindan, bo‘lar-bo‘lmas mavzularni qalamga olaverish, o‘zining iborasi bilan aytganda, «har kimga o‘xshab bekorga kuchana» berish adib maslagiga yot bir ish edi. Ammo millat sha’ni, yurt obro‘si kabi masalalarda u o‘zini sovuqqon yoxud, menga baribir, qabilida loqayd va beparvo tutgan deyolmaymiz. Xususan, o‘sha paytdagi «Oq jo‘l» gazetasining vaqtincha muharriri Nazir To‘raqulovning «O‘zbek qarindoshlarimizning diqqatlariga» sarlavhali maqolasiga javob yo‘lida yozgan «Haqiqat – ochib so‘zlashdadir» («Qizil bayroq», 1922 yil, 185-son) maqolasida bu hol yaqqol ko‘rinadi. Gap shundaki, Nazir To‘raqulov gazetaning ayrim sonlarida turkistonliklar sha’niga tegadigan maqolalar e’lon qilingani, bundan qon-qardoshlar orasida ziddiyat kelib chiqmasligi uchun mazkur maqolasini yozadi.
Qodiriy muammolarni hal etishda samimiylik, to‘g‘riso‘zlilik bo‘lmog‘i zarur, deb hisoblaydi. Ichda qolib ketgan birgina so‘z bora-bora illatga aylanib, mojaro ustiga mojaro yasashi mumkinligiga ishora qilib deydi: «O‘rtoqlar bizga chin do‘st bo‘lsalar kashf etdiklari, haqiqatni ichda saqlab emas, garchi achchig‘ bo‘lsa ham ochib-chochib so‘zlasunlar. Mana shundagina riyosizlik, chin og‘aliq maydong‘a kelur…»
Darhaqiqat, uning asarlarini o‘qir ekansiz, bironta qochirim ibora, maqol, o‘xshatish tugul, yarimta so‘z ham bemavrid tiqishtirilgan, pardoz sifatida qo‘llangan o‘rinni ko‘rmaysiz. So‘zlar, jumlalar (ular orasida biroz tarashlansa ham bo‘ladigan, chapanichasiga aytilganlari ham yo‘q emas!) shunchalik o‘rnida ishlatilganki, mutolaa qilayotib, e, manavi so‘zni bunday qo‘llasa ham bo‘lardi-ku, deyolmaysiz. Bunday deyishingizga Qodiriy bobo o‘rin qoldirmagan. Uning asarlari mudom e’zozda ekanligi, ulug‘ligi sabablaridan biri ham shu bo‘lsa kerak.
Elmurod Nishonov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.