Muhammad Halim Yorqin. Boburmi, Babarmi yo Bobir? (2005)

Hijriy qamariy 888 yili muharram oyining oltinchisida Farg‘ona shohi Umarshayx mirzo haramida Qutluqnigorxonim batnidan bir o‘g‘il tug‘ildi. «Tarixi Rashidiy» muallifi Mirzo Haydar Dug‘lotning yozishicha, «mutabahhir olimlardan biri mavlono Mir Marg‘iloniydan… ot qo‘yish iltimos qilindi va u kishi Zahiriddin Muhammad (maqoladagi barcha ta’kidlar muallifniki — red.) xitobi bilan musharraf etdilar». Demak, tug‘ilgan bolaning asl ismi Zahiriddin Muhammad bo‘lgan. Biroq, u butun hayoti davridan hozirgacha «Bobur» nomi bilan atalib kelinmoqda.
Bobur nomi qanday berilganligi borasida yana Mirzo Haydar Dug‘lot shunday yozadi: «U zamonda chig‘atoy barcha turk bo‘lib… ularning tilida Zahiriddin Muhammadni talaffuz qilish qiyin edi. Shu bois uni Bobur deb atadilar. Xutbalar va farmonlarda Zahiriddin Muhammad Bobur deb yozardilar. Biroq, Boburpodshoh nomi bilan mashhur bo‘ldi…»
Taniqli ingliz olimi Uilyam Erskin ham o‘zining «Eron va Bobur» nomli tarixiy romanida aynan shu dalilni zikr etadi. Biroq bu otni bolaga uning buvisi (Esondavlat begim) qo‘ygan, deb yozadi.
Xullas, barcha ilmiy va tarixiy manbalarda u zot Zahiriddin Muhammad Boburshoh deb berilgan.
Shuni ham eslash lozimki, Bobur oti temuriylar orasida ilgari ham mavjud bo‘lgan. Chunonchi, Sulton Husayn mirzo Boyqaro va Mir Alisher Navoiyga yoshliklarida homiylik qilgan Mashhad hukmdori Abulqosim Bobur mirzo ibni Boysunqur mirzo ibni Shohrux mirzo ibni Amir Temur sohibqiron nomi barchaga ma’lum va tanish.
Endi bevosita ushbu so‘zning talaffuzi va ma’nosiga kelsak. Ayrim yozuvchi va muarrixlar, jumladan, «Hind tarixi» (Ollohobod, 1923, 306-bet) asarining muallifi Ishvar Prasad va yana bir tarixchi Jeyms H.Hens («Hind tarixi», London, 1954, 15-bet) bu so‘zni «Babar» shaklida yozganlar. U.Erskin «Boburnoma»ning inglizcha tarjimasida ushbu so‘zning ma’nosi tigar — yo‘lbars, deydi va forschada go‘yo «Babar» yirtqich bir jonivordir, deb ta’kidlaydi. (A.Habibiy, Zahiriddin Muhammad Boburshoh. Kobul, 1351 hijriy, 2-bet). Bu jonivor deyarli barcha forscha so‘zliklarda «babr» shaklida yozilgan va doktor Muhammad Mu’in ham o‘zining «Farhangi forsiy» lug‘atida «babr» so‘zini pahlaviycha so‘z deb ko‘rsatgan va yo‘lbarsdir, degan. Biroq odamlarning ismi sifatida bu so‘z mohir jangchi, botir va qo‘rqmas, pahlavon va o‘ktam ko‘chma ma’nolarini bildiradi.
Muhammad G‘iyosiddin ibni Jaloliddin Rompuriy o‘zining «G‘iyos ul-lug‘ot» asarida bu so‘zni «Bobur» shaklida bergan.
Quyidagi forscha baytda esa, bu so‘z «dur» so‘zi bilan qofiya bo‘lib kelgan va shu bois Bobur shaklida talaffuz etilishi kerak.

Xidevi komroni partavi dur,
Malozi mulku davlat shoh Bobur.

Bundan tashqari, «Matla’ us-sa’dayn» asarining muallifi Kamoliddin Abdurazzoq Samarqandiyning akasi Mavlono Abdulqodir Abulqosim Bobur mirzoning vafoti ta’rixi uchun quyidagi baytlarni yozib, unda «pur», «dur», «xur» so‘zlarini Boburga qofiyadosh qilib ishlatgan:

Oftobi mulk Bobur xud namond,
Kay chunin xurshid pinhon darxur ast.
Dar rabi’ us-soniyi fasli rabi’,
Lolaro sog‘ar zi xuni dilpur ast.
Charxro guftam jigarho chok chist?
Diydaho purashku doman purdur ast.
In chi hol astu chi torix ast? Guft:
Favti shah sulton muyayid Bobur ast.

Mazkur misoldan ham ma’lum bo‘ladiki, o‘sha zamonda temuriylar poytaxti bo‘lgan Hirotda bu so‘z Bobur shaklida talaffuz etilarkan.
Ayrimlar o‘zbek tilida ba’zi so‘zlardagi «u» harfi «i» shaklida talaffuz qilinishini nazarda tutib, bu so‘zning Bobur shaklida yozilishi va talaffuz etilishiga qo‘shilmay, uni Bobir shaklida talaffuz qilish to‘g‘ri, deb hisoblaydilar. Ular bunda Temur so‘zini misol keltirib, xalq orasida umuman Temir shaklida talaffuz etilishiga e’tiborni qaratadilar. «Mir Temir», «temirchi» singari so‘zlarni, yo «Temirni qizig‘ida bos» maqolini uqtiradilar.
To‘g‘ri, xalq orasida yuqorida keltirilgan misollarga o‘xshash so‘zlarni ko‘p uchratamiz, biroq ushbu maqola mavzuiga kelganimizda, ayniqsa, tarix va adabiyotimizda yuksak o‘rin egallab, porloq iz qoldirgan siymo Zahiriddin Muhammad Boburning ismini adabiy shaklda ishonchli va mo‘tabar manbalarga suyangan holda to‘g‘ri talaffuz qilishimiz va yozishimiz kerak.
Bizningcha, bu o‘rinda ot egasining o‘zi yozib qoldirgan imlo shakli barcha manbalaru yozuvchilar ko‘rsatgan imlo shakllaridan ishonchli va e’tiborli bo‘lib, barcha chalkashliklar va xilma-xilliklarga chek qo‘yadi. Harchand «Boburnoma»da bu haqda hech qanday ishora yoki ma’lumot bo‘lmasa-da, biroq Boburshohning qo‘lga kiritilgan yangi maktublaridan birida biz izlagan fakt mavjud. Bu kichik ishqiy maktub quyidagi chiroyli to‘rtlik bilan boshlanadi:

Firoq dashtida yitgan g‘amu tafakkurdin,
Asiri dilshuda, ya’ni faqir Boburdin.
Duoyu qulluq angakim, janobu qadri oning,
Balandu oliy erur vahm ila tasavvurdin.

(H.Yorqin, Boburning yangi nomalari, «Tafakkur» jurnali, 2001/4.)
Ko‘rib turganimizdek, bu she’rda tafakkur, Bobur, tasavvur so‘zlari qofiya bo‘lib kelgan. Demak, Zahiriddin Muhammad Boburning o‘zi otini Bobur shaklida yozgan va shu boisdan Babar, Bobir va Babir imlo shakllarini to‘g‘ri deb bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda yana bir narsani ham eslab o‘tishni lozim deb bilamiz. Bobur Farg‘ona toju taxtidan ajralib Kobulni egallagach, u yerda o‘zini podshoh deb e’lon qiladi. Bu haqda «Boburnoma»dan o‘qiymiz: «Ushbu tarixqacha Temurbekning avlodini bovujudi saltanat mirzo derlar edi, ushbu navbat buyurdumkim, meni podshoh degaylar» («Boburnoma», 2002, 160-bet). Yana, Bobur tushida Xoja Ubaydullohiy Ahror uni Boburpodshoh deganini ham yozadi (o‘sha kitob, 100-bet).
Ko‘plab tarixiy va ilmiy manbalarda u «Zahiriddin Muhammad Boburshoh» deb yozilgan. Shu bois Afg‘oniston, Turkiya, Eron va boshqa yurtlarning olimlari uni Boburpodshoh yoki Boburshoh deb aytadilar va yozadilar. Chunonchi, Afg‘onistonda ko‘p tilga olinadigan «Boburshoh bog‘i» yo «Boburshoh qabri» kabi so‘zlarni misol uchun eslash mumkin. Biroq O‘zbekistonda bu zotni ko‘pincha Zahiriddin Muhammad Bobur mirzo yoki, umuman, Bobur mirzo yo Mirzo Bobur, deb aytiladi va yoziladi. Bizningcha, bu odat sovet zamonida dinu davlatga tegishli ayrim so‘zlarni (Xudo, podshoh…) qo‘llash ma’qullanmagan sharoitda paydo bo‘lib, hozirgacha saqlanib qolgan bo‘lsa kerak…
Binobarin, u zotning otlariga «mirzo» so‘zi o‘rniga «podshoh» yo «shoh» so‘zini qo‘shib aytish va yozish ikki nuqtai nazardan o‘rinlidir:
birinchidan, shunday yo‘l tutsak, ul zotning irodasini hurmat qilgan va farmoniga rioya etgan bo‘lamiz;
ikkinchidan, uni qadim manbalarda Bobur mirzo tarzida mashhur bo‘lgan Abulqosim Bobur mirzo bilan chalkashtirilmay, xatolar yuz berishining oldi olinadi…

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 7-sonidan olindi.