Nelson Mandela: “Dardu alamlar ariydigan vaqt keldi”

Nelson Mandela — Janubiy Afrika Respublikasining qora tanli birinchi prezidenti (1994 yil 10 maydan 1999 yil 14 iyungacha), aparteid (afrikaanscha «apartheid» —  «alohida», ya’ni alohida yashash, alohida ishlash, alohida o‘qish va h.k., JARda 1948 yildan 1994 yilgacha hukmron Milliy partiya yuritgan irqiy ayirmachilik siyosati) davrida inson huquqlari uchun kurashgan, buning uchun 27 yil umrini qamoqda o‘tkazgan. 1993 yili tinchlik uchun kurash sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Nelson Mandela ushbu nutqini 1994 yil 10 may kuni Pretoriyada, mamlakat prezidenti vazifasini bajarishga kirishish marosimida so‘zlagan.

* * *

Muhtaram mehmonlar, birodarlar, do‘stlar!

Bugun biz – shu yerda jam bo‘lganlar, shuningdek, mamlakatimiz yoki dunyoning boshqa joylarida yashayotgan barchamiz g‘alaba nashidasini surmoqdamiz va endigina tug‘ilgan ozodlikdan ko‘p narsa umidvormiz.

Bani bashar zoti faxrlanadigan jamiyatni juda uzoq davom etgan insoniy dardu alamlarimiz uzra bino qilamiz.

Oddiy janubiy afrikaliklarning har kungi ishlari Janubiy Afrika Respublikasining zamonaviy qiyofasini yaratishi lozim, bu esa bashariyatning adolatga, inson qalbining olijanobligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi va ko‘nglimizda hammamiz go‘zal va soz umr kechiramiz, degan umid chechagini yashnatadi.

Bu orzu-niyatlarning barchasini biz o‘zimiz uchun ham, bugun shu yerda hozir bo‘lgan dunyo xalqlari vakillari uchun ham ro‘yobga chiqarishimiz zarur bo‘ladi.

Mening vatandoshlarim! Sizning har biringiz jon tomiringiz bilan Pretoriyadagi palisandrlar va savannalardagi mimozalar kabi mana shu go‘zal yurt tuprog‘iga chambarchas bog‘lanib ketganingizga sira shubha qilmayman.

Kim bo‘lishimizdan qat’i nazar, ona zamin tuprog‘iga bosgan har bir qadamimiz ko‘nglimizni tog‘day ko‘tarayotganini his qilamiz, go‘yoki, fasllar almashinishi bilan birga odamlarning kayfiyati ham o‘zgargani kabi.

Mamlakatimiz falokatli ziddiyatlar girdobida jaholat komiga tobora cho‘mib, halokatli mafkura va irqchilik, irqiy jabr-zulm paydo bo‘lgan zamin sifatida jahon xalqlari tomonidan chetga surib, yakkalab qo‘yilgan zamonlarda, hamma bizdan yuz burganini ko‘rganimizda qalbimizda tubsiz og‘riq paydo bo‘lgan edi. U bizning Vatan bilan ham qalban, ham jisman birligimiz tufayli paydo bo‘lgan og‘riq edi.

Biz, Janubiy Afrika Respublikasi xalqi, insoniyat bizni yana o‘z bag‘riga olganidan mamnunmiz, holbuki, yaqin-yaqinlargacha yurtimizga o‘gay ko‘z bilan qarashar edi, bugun esa bizga jahon xalqlarini o‘z zaminimizda mehmon qilishdek shoyon imkoniyatlar eshigi ochildi.

Dardu alamlar ariydigan vaqt keldi.

Bizni ajratib turadigan jarlikni bartaraf etadigan vaqt keldi.

Bizning davrimiz — yo‘qni bor qiladigan davr.

Biz, nihoyat, siyosiy erkinlikka erishdik. Biz xalqimizni qashshoqlik, yo‘qsillik, tengsizlik va kamsitishning boshqa turlari azobidan xalos etamiz, deb o‘zimizga o‘zimiz so‘z beramiz.

Biz, tinchlik omonat bo‘lib turgan bir sharoitda, erkinlik sari oxirgi qadamlarni qo‘ya oldik. Biz to‘liq, mustahkam, haqiqiy tinchlikni qaror toptirishni o‘z burchimiz deb bilamiz.

Biz millionlab hamyurtlarimiz qalbida umid uyg‘otish uchun g‘alaba qildik. Endi esa turli millat vakillaridan tashkil topgan, o‘zaro ahil-inoq bo‘lgan, dunyo xalqlari bilan bahamjihat yashaydigan jamiyat qurish haqida bitim tuzamiz. Bu jamiyatda oqlar ham, qoralar ham — barcha janubiy afrikaliklar bexavotir, hech bir hadiksiz, o‘zining insoniy qadr-qimmati, insoniy huquqi hurmat qilinishiga qat’iy ishonch bilan yashay oladi.

Zarurat yuzasidan hamda mamlakatimizni yangilashning ramzi sifatida yangi Milliy birlik muvaqqat hukumati ayni paytda hibsda saqlanayotgan grajdanlarimizning turli toifalarini avf etish masalasini ko‘rib chiqadi.

Biz ushbu kunni bizni ozod ko‘rish uchun o‘z hayotini qurbon bergan shu yurt, shu mamlakatning, butun dunyoning qahramonlarga bag‘ishlaymiz.

Orzular ro‘yobga chiqdi. Ularning ajri-mukofoti erkinlikdir.

Siz – Janubiy Afrika Respublikasi xalqi – yaxlit, demokratik, irqchilikka qarshi bo‘lgan mamlakatning birinchi prezidenti sifatida Bizga ko‘rsatgan hurmat va ehtiromingizni tavoze va ko‘tarinki ruh bilan qabul qilamiz.

Biz erk va ozodlikka olib boradigan oson yo‘l bo‘lmasligini tushunamiz.

Oramizda hech kim yolg‘iz o‘zi bu yo‘lda muvaffaqiyatga erisha olmasligini ham yaxshi bilamiz.

Shu bois milliy totuvlikka erishish, millatning qaddini tiklash, yangi dunyo barpo etish uchun barchamiz birlashmog‘imiz kerak.

Toki, adolat quyoshidan hamma birday bahra olsin.

Toki, hamma tinch-totuv yashasin.

Toki, hammaning o‘z ishi, non-tuzi, yer-suvi bo‘lsin.

Toki, insonlik sha’niga munosib bo‘lishi uchun har kimning tani, ong-shuuri, qalbi ozod bo‘lsin.

Bundan buyon hech qachon, hech zamonda, hech bir sharoitda go‘zal va maftunkor yurtimizda odam odamni xo‘rlamaydi, ezmaydi, mamlakatimiz esa hech qachon odam odamni tahqirlashi tufayli dunyo nazaridan qolgan bee’tibor davlat bo‘lmaydi.

Toki, erkinligimiz abadiy bo‘lsin.

Inson erishgan bunday ulug‘vor muvaffaqiyat hech qachon zavol topmasligi kerak!

Afrikani xudoning o‘zi panohida asrasin!

Tashakkur.

Hasan Karvonli tarjimasi