Nelson Mandela. Nobel mukofotini topshirish marosimidagi nutq

Zoti oliylari,
Oliynasab Qirollik xonadoni a’zolari,
Muhtaram Nobel qo‘mitasi vakillari,
Muhtarama Bosh Vazir Gru Xarlem Bruntlann xonim, Vazirlar, Parlament a’zolari va Elchilar, o‘rtoq laureat Frederik Villem de Klerk,
Qadrli mehmonlar,
Do‘stlar, xonimlar va janoblar,

Men ayni damda Norvegiyadagi Nobel Qo‘mitasiga bizni Tinchlik bo‘yicha Nobel Mukofotiga loyiq ko‘rganlari uchun samimiy tashakkurimni izhor etaman.

Shuningdek, mazkur fursatdan foydalangan holda yurtdoshim va yelkadoshim, Davlat Prezidenti F. V. de Klerkni ushbu yuksak e’tirofga munosib ko‘rilgani bilan tabriklayman.

Bugun biz birgalikda ikki Janubiy Afrikalik muhtaram shaxslar – sobiq rahbar Albert Lutuli va uning marhamatli arxiyepiskopi Desmond Tutu kabi ayirmachilik tizimiga qarshi harakatlarda salmoqli hissasini qo‘shgani sabab yuksak e’tirof hisoblangan Tinchlik bo‘yicha Nobel Mukofotiga sazovor bo‘lgan  siymolar qatoriga qo‘shilish sharafiga munosib ko‘rildik.

Salaflarimiz orasidan yana bir alohida ajralib turadigan Tinchlik bo‘yicha Nobel Mukrfoti sohibi hazrat Martin Lyuter King Junior ismini zikr etsak nokamtarlik bo‘lmas.

U kishi ham bugun biz Janubiy Afrika farzandlari sifatida duch kelgan ulkan masalalar yechimiga hissa qo‘shish yo‘lida jonini jabborga berib kurashdi va ayni shu yo‘lda vafot etdi.

Biz ayni lahzada urush va tinchlik, zo‘ravonlik va hamjihatlik, irqchilik va insoniyat salobati, istibdod va o‘zni cheklash, ozodlik va inson huquqlari, qashshoqlik va hurlikning orzu-istaklardan farqlari haqida so‘z qotamiz.

Biz bu yerda millionlab aholining, ya’ni mohiyati faqatgina urush, zo‘ravonlik, irqchilik, mustamlakachilik va odamlarni qashshoqlashtirishdan iborat ijtimoiy tuzumga qarshi bosh ko‘tarishga jur’ati yetgan xalqning shunchaki vakillari sifatida turibmiz xolos.

Bundan tashqari, kamina bugun yer sharidagi millionlab insonlarning, anti-aparteid harakatning(ayirmachilikka qarshi harakat), Janubiy Afrikaga qarshi jang qilish emas, balki g‘ayriinsoniy tizimga qarshi turish va insoniyatga qarshi ayirmachilik jinoyatiga tezda barham berishni da’vo qilib bizga qo‘shilgan hukumatlar va tashkilotlarning bir vakili sifatidaman.

Mamlakatimiz ichkarisi va tashqarisidagi bu son-sanoqsiz birodarlarimiz hech bir shaxsiy manfaat ko‘zlamasdan zulm va adolatsizlik yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lib turadigan ezgu qalbga ega edi. Ular shuni anglashardiki, bir kishiga yetkazilgan aziyat bu – barchaga yetkazilgan aziyat, shu sababdan ham ular adolat, umuminsoniy axloq himoyasi uchun bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qilishdi.

Ularning jasorati va ko‘p yillik irodasi sabab biz bugun hatto butun insoniyat asrimizning ulug‘vor insoniy g‘alabalaridan birini birgalikda nishonlash uchun yig‘iladigan sanani ham belgilay olamiz.

O‘sha on qachon kelsa ham biz irqchilik, ayirmachilik va oqtanlilarga yon bosish kabi illatlar ustidan qozonilgan umumiy g‘alabani birgalikda tantana qilajakmiz.

Mazkur g‘alaba gulchambari vanihoyat tarixi bundan besh yuz yillar ilgariga borib taqaladigan,  Portugaliya imperiyasi asos solgan Afrikani koloniyalashtirish siyosati qurboni bo‘lmish xalq gardanini bezaydigan bo‘ladi.

Shunday ekan bu muzaffariyat insoniyat tarixidagi ulkan bir qadam sifatida eslanadi hamda irqchilik qayerda uchramasin yoxud qay qiyofada bo‘y ko‘rsatmasin sayyoramizdagi odamlarning bu illatga qarshi kurashishga ichgan onti bo‘lib xizmat qiladi.

Bu mukofotni pulga chaqib bo‘lmaydi. Buni ajdodlarimiz izidan ergashgancha bosib yurganimiz Afrika tuprog‘ining qatlamlarida qolib ketgan nodir metallar va qimmatbaho toshlarning ulgurji bahosi deb tushunmaslik kerak.

Bu mukofotning qadri farzandlarimizning, har qanday jamiyatning eng zaif ammo eng buyuk xazinasi bo‘lmish bolalarimizning kulgusi va salomatligi bilan o‘lchanadi.

Bolalarimiz, hech bo‘lmaganda, ochiq qirlarda o‘ynashi, tuyqus paydo bo‘ladigan ochlik sanchiqlaridan azob chekmasligi yoxud kasallik sabab halok bo‘lmasligi yoxud johillik, jinsiy tajovuz ofatlari bilan qo‘rqitilmasligi va ortiq majburiyatlari yoshiga mos kelmaydigan og‘ir mehnatni eplashga safarbar etilmasligi lozim.

Mazkur oliyjanob kishilar qarshisida turarkan, yangi Janubiy Afrikanining Bolalar salomatligi, muhofazasi va rivojlanishi to‘g‘risidagi Jahon Dekloratsiyasida[i] keltirilgan maqsad va vazifalar ijrosini to‘xtovsiz amalga oshirib borishiga va’da beramiz.

Biz ta’kidlayotgan mukofotning qadri-qiymati o‘sha siyosiy yoki boshqa sabab bilan o‘g‘irlanishidan, o‘ldirilishidan cho‘chimaydigan bolalarning ota-onalari ham xursand va salomat ekani bilan o‘lchanadi.

Ular ham qalblarida ochlikdan, boshpanasizlikdan, ishsizlikdan dunyoga kelgan noumidlikning og‘ir yukidan xalos bo‘lishlari kerak.

Barcha mazlumlarga berilgan ushbu sovg‘aning qiymati yurtimizdagi barcha insonlarning, o‘rtalariga to‘siq bo‘lgan g‘ayriinsoniy devorni butunlay qulatajak xalqning shodligi va sihat-salomatligi bilan belginlangay va shunday bo‘lishi ham kerak aslida.

Mana shu ulkan jamoat kun kelib birovni xo‘jayin, boshqa birovni esa xizmatkor deb bilgan, birovini boshqasining vafoti evaziga kun kechiradigan yirtqichga aylantirgan insoniy kibrning qabriga orqa o‘girgan bo‘ladi.

Hamjihatlikda olgan mukofotimizning ahamiyati muzaffariyat qozonajak tinchligimiz bilan belgilanadi, boisi o‘shanda oq tanlini ham, qora tanlini ham bitta irqqa mansub deb hisoblaydigan odamlar har birimiz bu kurrai zaminda jannat farzandlari misol umr kechirishimiz mujdasini yetkazgan bo‘ladilar.

Shuning uchun ham yashaymiz, chunki istiqbolda hamma teng tug‘ilishi, yashash, muvaffaqiyat qozonish, inson huquqlaridan foydalanish va yaxshi hukumatga ega bo‘lish uchun har birimiz haqli ekanimizni anglaydigan jamiyat barpo etgan bo‘lamiz.

Bunday jamiyat na kimningdir fikriga cheklov qo‘yilishiga va na biron kishining insoniy haq-huquqi poymol etilishiga ortiq yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Shu masalalarga bog‘liq o‘laroq, biz Birma hukumati mutasaddilaridan Nobel Mukofoti laureati o‘rtoq Aung San Su Chjuni ozod qilishlarini hamda u va uning tarafdorlarini barcha Birma xalqi manfaati uchun kurashishga jalb etishni talab qilamiz.[ii]

Yaratganga iltijo qilamizki, bunga kuchi yetadigan kimdir, albatta, hech bir paysalga solishlarsiz, Chju xonimga o‘z iste’dodi va quvvatini mamlakati aholisi va umuman insoniyatga ko‘proq nafi tegishi yo‘lida sarflashiiga ruxsat berajak.

O‘z yurtimdagi siyosiy holatning past-balandlaridan olisda turar ekanman, Norvegiya Nobel Qo‘mitasiga qo‘shilish va yelkadoshim janob F.V. de Klarkni ulug‘lash imkoniyatidan foydalanishni istardim.

U yurtimizga va xalqimizga ayirmachilik tuzumi aldovlari orqali katta talofot yetkazilganini tan olishga jasorat topa oldi.

U Janubiy Afrika xalqi muzokaralar orqali jarayonning teng huquqli bir bo‘lagi sifatida birgalikda kelajaklaridan aynan nima xohlashlarini aniqlashlari zarurligini anglash va qabul qilish uchun yetarlicha ziyrakligi bor inson.

Lekin mamlakatimizda ba’zi bir insonlar borki, tinchlik va adolat qaror topishiga daqqiyunusdan qolgan, aslida falokatdan boshqa narsani anglatmaydigan sarqitlarga yopishib olish orqali o‘z hissamni qo‘shishim mumkin deb o‘ylaydilar.

Biz, shuningdek, lahzalardan unumli foydalangan holda yurtimizning ko‘plab demokratik harakatlari, xususan, mamlakatimizni bugungiday demokratik evrilishga yetaklashda asosiy o‘rin egallagan Vatanparvarlik Frontining sharafiga iliq so‘zlarni izhor etamiz.

Biz shunday umid bilan yashaymizki, o‘z-o‘zini qayta tiklashga jon-jahdi bilan kurashar ekan, Janubiy Afrika yangi dunyoning qayta tug‘ilishga urinayotgan mikrokozmiga o‘xshab qoladi.

Bu demokratiya va inson huquqlari qadrlanadigan, kishilar qashshoqlik, ochlik, qaramlik va johiliyat vahimalaridan forig‘ etilgan, fuqarolar urushi xavfi va haddan ziyod tajovuzkorlik ofatidan holi, millionlab qochoqlikka mahkum etilganlarning mudhish fojiasidan betashvish yashaydigan dunyoga aylanadi.

Ushbu Tinchlik bo‘yicha Nobel Mukofoti biz boshdan o‘tkazgan, guvohi bo‘lgan hodisalar uchun maqtov sifatida berilmayotganiga ishonamiz.

Biz ayirmachilik siyosatining oqibatini ko‘ra bilgan kishilarning butun borliq bo‘ylab taraladigan, barchalarining bizga xayrixoh talablaridan xabar beradigan ovozlariga quloq tutamiz

Biz ularning chaqiriqlarini anglaymiz – umrimizning qolganini mamlakatning yagona va og‘riqli tajribasini, sirasini aytganda, inson farovon yashashi uchun normal sharoitni tashkil etadigan demokratiya, adolat, tinchlik, irqchilikdan va jinsiy tajovuzkorlikdan xolilik, barcha uchun umumiy rivojlanish, sog‘lom airof-muhit, ijtimoiy tenglik, odamlar orasidagi birdamlikni namoyish etishga bag‘ishlaymiz.

O‘sha talablardan harakatga kelib, va qolaversa, siz yelkamizga yuklagan shuhratdan  ilhomlangan holda shuni bo‘ynimizga olamizki, biz ham dunyoyimizning yangilanishiga o‘z hissamizni qo‘shamiz toki kelgusida hech kimsa “erdagi bebaxt-u bechoralar”[iii] deya tasvirlanmasin!

Bu jumlaning kelajak avlod tilidan aytilishiga yo‘l qo‘ymaylik, shundoq ham tarafkashlik, behayolik yoxud xudbinlik bizni Tinchlik uchun Nobel Mukofoti tanlaydigan insonparvarlik ideali darajasiga chiqishimizda oyog‘imizdan chaldi.

Elkama-elka harakat qilayotgan barcha do‘stlar, keling, Martin Lyuter King “odamzot irqchilik va urushning zim-ziyo tuniga ortiq fojeiy tarzda bog‘langan holida qola olmaydi” degan chog‘ida haq bo‘lganini isbotlaylik.

Keling, barchamiz u chin ma’nodagi birodarlik tarovati va osoyishtalikning olmos, oltin yo kumushdan qimmatliroq ekani haqida so‘zlaganida bor-yo‘g‘i bir xayolparastgina bo‘lmaganini isbotlaylik.

Yangi davr quyoshi porlasin!

Tashakkur.

Ingliz tilidan Shohrux Usmonov tarjimasi

_______________________

[i] Bolalar huquqlari Deklaratsiyasi. Birlashgan Millatlar Bosh Assambleyasi tomonidan 1959 yil 20 noyabrda  barcha a’zolarning bir ovozdan ma’qullashi natijasida tuzilgan. Yuqorida Mandela zikr etgani kabi o‘nlab fundamental bola huquqlarini o‘zida jamlagan.

[ii] Aung San Su Chju 1991 yil Tinchlik yshnalishida Nobel Mukofotiga loyiq ko‘rilgandi.

[iii] “Qo‘zg‘aling, ey yerdagi bebaxt-u bechoralar…” – 1871 yilda Parijda yozilgan hamda sotsialistlar va kommunistlar tomonidan kuylangan “Internationale” nomli inqilobiy-sotsialistik she’rning inglizcha variantining bir misrasi.