Bir ayol aeroportda samolyot uchishini kutardi. Ammo, hali erta edi. Bekor o‘tirishni yoqtirmagan ayol do‘kondan bitta kitob va pechene sotib oldi. Bo‘sh kursilardan biriga o‘tirib, kitobini o‘qiy boshladi. Kitobni berilib o‘qir ekan, nogoh yonida o‘tirgan odam pechenesidan olishga jur’at qilayotganini sezib qoldi. Ammo, birgina pechene uchun nazokatsizlik qilgisi kelmadi.
Dam-badam u ham soatga qarab qo‘yardi. Kitob o‘qib, bittadan pechene o‘g‘irlayotgan odamga ko‘z qirini tashlar ekan, asabiylashmaslikka urinardi. Pechene o‘g‘risi, sekin-sekin pechenelarini olayotganida, unga e’tibor bermaslikka va soat millari yurishini kuzatib, uning chiqqillashini eshitishga harakat qilardi. O‘ziga o‘zi: “Agar madaniyatli bo‘lmaganimda, shu odamni ko‘zlarini ko‘kartirardim”, – deb qo‘ydi. Har gal pechene olaman deganida, u ham qo‘lini uzatardi. Oxiri paketda bitta pechene qolgach, “Qani endi nima qilasan?”, – dedi ichida. Odam istehzoli kulimsirab, oxirgi pecheneni oldi va ikkiga bo‘lib, yarmini og‘ziga soldi; yarmini esa ayolga uzatdi. Ayol illat bilan pecheneni olar ekan, “Bu qanday bezbetlik! Bunchalar qo‘pol bo‘lmasa, bu odam. Bir og‘iz rahmat ham demadi!” – deb gapirib ketdi o‘z-o‘ziga.
Ayol hech qachon bunday asabiylashmasdi. Samolyotning uchish vaqti yetgach, chuqur tin oldi. Yuklarini olib, eshik tomon yurdi. “Pechene o‘g‘risi”ga qayrilib ham qaramadi. Samolyotga chiqdi va o‘rniga joylashdi. “Pechene o‘g‘risi”dan qutulganiga shukr qildi. Bir ora, uning adabini bermaganiga afsuslandi. “Janob, – deyishi kerak edi u. – Shukr qiling, sizdek nazokatsiz emasman. Aks holda yuzingizga shapaloq tushirgan bo‘lardim. Ammo, siz qilgan ish rasman o‘g‘rilik sanaladi. Pechene o‘g‘riligi… Bildingizmi?!”
Shularni xayol qilib, qo‘lini sumkaga uzatdi. Chala qolgan kitobini olib o‘qimoqchi bo‘ldi. Ammo, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, do‘kondan sotib olgan bir paket pechenesi uning sumkasida turardi. Bir og‘iz ham gapirmay, eng oxirgi pechenesini ham u bilan baham ko‘rgan odamdan borib uzr so‘rashga endi kech edi…
Qo‘pol va jur’atli “pechene o‘g‘risi”ning samolyoti osmonga ko‘tarildi…
Turk tilidan Sumayro, Muna Xolmurodovalar tarjimasi
“Sirli, ibratli va hayotiy voqealar” kitobidan.