Obro‘

Fazl nomli mo‘tabar bir odamning ikki yaqin odami bor edi. Birining oti Nazar, yana birining oti Soqib edi. Bir kun Fazlning huzurida Nazar bilan Soqib bir-birlari bilan hazillashdilar, askiyabozlikka kirishdilar, oxir hazillari zilga aylandi, har ikkisi qizishib bir-birini haqorat qilishga, urishishga kirishdilar. Nazar Soqibni ikki qo‘li bilan silkib edi, Soqibning do‘ppisi yerga tushdi. U bundan juda ham achchig‘landi. Fazl unga:
— Nega juda ham g‘azablanding? Hazilkashlikda bunday ishlar juda ko‘p bo‘ladi. Do‘ppingning yerga tushishi bilan buncha achchig‘lanishing to‘g‘ri emas,— dedi.
Soqib achchig‘ini bosolmay:
— Nega achchig‘lanmayin? Sendek ulug‘ kishi huzurida do‘ppim yerga tushib ketib, obro‘yim to‘kildi,— degan edi, Fazl kulib:
— Do‘ppingning yerga tushib ketishi uchun muncha g‘azablanishing o‘rinsiz. Mening qoshimda sening obro‘ying to‘kilganiga ko‘pgina vaqt bo‘ldi. Esingda bor-mi, bir kup menga: «Mening otim bir kechaning o‘zidayoq Marv shahridan Nishopur shahriga yetdi»—deb yolg‘on so‘zlagan eding, o‘sha kundan boshlab so‘zingga ishonmay qoldim. Obro‘ying to‘kildi. Endi obro‘ uchun talashmay qo‘ya qol, yolg‘onchida qanday obro‘ bo‘ladi?— dedi.

Qit’a:
To ilojing bor esa, yondirma yolg‘ondan chirog‘,
Chunki yolg‘onning chirog‘i ichra yo‘qdir hech yog‘.
Har zamoniki agar yolg‘ondan ursang, bir nafas,
So‘ngra hargiz qilmagaysan obro‘yingdan so‘rog‘.