Misrdagi xazina

Bag‘dodda katta merosga ega bir odam bor edi. Qisqa vaqtda shuncha boylikni yelga sovurdi; yo‘qsil va muhtoj holga keldi. Merosning – molning vafosi yo‘q – insonga foyda bermay o‘tib ketadi. Zero, uni hech zahmat-mashaqqatsiz qo‘lga kiritgan edi.
Merosxo‘r tang ahvolda qolgach, qo‘l ochib Allohga yolvora boshladi. Bir necha kun duo-iltijolar qilgach, nihoyat bir kechasi tushida: “Rizqqa erishmog‘ing uchun Misrga borishing kerak, u yerda katta bir xazinaga ega bo‘lasan”, deyildi. Odam uyg‘ongach hech vaqt o‘tkazmay Misr yo‘liga ravona bo‘ldi. Bu uzoq masofa uni qiynab qo‘ydi. Och, chanqoq, charchagan edi. Bir necha kun parishon holda Misr ko‘chalarida tentirab yurdi. Na bir burda non topdi, na xazinaning izini. Nihoyat tilanchilik qilishga qaror qildi. Uyalgani uchun kechasi tilanardi. Ittifoqo, o‘sha kunlari Qohirada o‘g‘rilar ko‘payib qolishgan edi. Mirshab uni tutib oldi, o‘g‘ri deb o‘ylab rosa kaltakladi. Shunda uquvsiz tilanchi, bechora yo‘qsil: “Iltimos, urma. Men o‘g‘ri emasman. Senga haqiqatni aytaman!” deya dod-faryod soldi.
–    Qani ayt-chi unda, kechaning bunday vaqtida bu yerda nima qidiryapsan? – dedi mirshab. – Balki begonadirsan. Ammo yolg‘on gapira ko‘rma, menga to‘g‘risini ayt!
Odam qasamlar ichib boshidan o‘tganlarni tushuntira boshladi:
–    Men na o‘g‘ri, na kissavurman, bir g‘arib bag‘dodlikman, – deya ko‘rgan tushini va qidirayotgan xazinani aytdi.
Mirshab uning to‘g‘ri gapirayotganiga ishondi va:
–    Hoy axmoq, sen qandayin aqlsiz odamsanki, bir tushga ishonib, xayolga berilib shu yerlarga qadar kelibsan. Men necha yildirki Bag‘dodda, falon mahallaning falon ko‘chasidagi uyning falon joyida bir xazina yashiringanini tushimda ko‘raman. Shunga ishonib bo‘larkanmi? Qani, tezroq bu yerdan tuyog‘ingni shiqillat. Yo‘qsa qo‘limdan qutulolmaysan, – dedi.
Bu gaplarni eshitgan odamning sevinchi ichiga sig‘mas, chunki mirshab ta’riflagan uy Bag‘doddagi uyining xuddi o‘zginasi edi. Jon holatda Bag‘dodga yo‘l oldi. (Masnaviy, VI-jild, 4206 – bayt)

Bo‘ldi sarxush bu xabardin, ketdi dard,
Tangriga tilsiz, dudoqsiz aytdi hamd.

Dedi: shu kaltak menga nuqlu navot,
Chun do‘konim ichradir obi hayot.

Bir buyuk rizqqa yetishdim bo‘ylasam,
Ko‘rligimdin vahm aro muflis edim.

ShARH

Sharhimiz avvalida o‘zbek xalq maqollarini keltirishni ma’qul ko‘rdik:

Har yerni qilma orzu,
Har yerda bor toshu tarozu.

Har yerning o‘z botmoni bor.

Qayga borsang ham, qozonning qulog‘i to‘rtta.

Xo‘roz hamma yerda bir xil qichqiradi.

Bormagan joyda oltin bor,
Ko‘rmagan joyda kumush.

Falon yerda oltin bor,
Borsang baqir topilmas.

(baqir – qizil mis)

Bu maqollar orqali yashab, ishlab, hayotingni o‘tkazib turgan, oz bo‘lsa-da rizqing kelib turgan joyingning shart-sharoitiga, issiq-sovug‘iga, yaxshi-yomoni, og‘ir-engiliga ko‘nikkin, sabr-qanoat qilgin. Agar bu shart-sharoitlarni yoqtirmay, issiq o‘rningni tashlab, qo‘nimsizlik, qanoatsizlik qilib, yaxshiroq yerni qidirib ketsang, baribir (hamisha ham) qadr-qimmat topolmaysan. Negaki, har bir yerning ham yaxshi va yomon jihatlari, qiyinchiliklari, kamchilik va nuqsonlari bo‘ladi, bo‘lmay iloji ham yo‘q. Binobarin, o‘z yeringni tark etma, sabr qilsang, shundayligicha qolib ketmaysan, bir rizq eshigi ochilgay, kabi ma’nolardagi pand-o‘gitlar beradi dono xalqimiz.
Darhaqiqat, inson ba’zan xom xayol ortidan quvlashdan o‘zini  tiyolmaydi. Kimlardir qo‘lidagi imkoniyat, uyi ichidagi xazinadan bexabar diyor-diyor kezadi, aniqrog‘i sarsonu sargardon yuradi.
Hazrati Mavlono Rumiy xazina ortidan yugurayotgan odamni shunday gapirtiradi: “Xazinaning boshida turib yo‘qsillikdan o‘layotibmanu xabarim yo‘q. Chunki zulmatda, g‘aflat pardasi ortida ekanman”.

Dedi sho‘rlik: ganj erur xonamda chun,
Men faqirmen yo‘qsilu zormen nechun?

Bo‘la bir yo‘qsil gado ganj uzramen,
Chunki zulmat ichra, g‘aflat ichramen.

Hikoyada anglatilgan kabi ba’zan juda yaqindagi ne’mat va imkonlarga necha zahmat va qiyinchiliklardan so‘nggina erishiladi. Nima deymiz? Bu ham bir omad, hech yo‘qdan yaxshi.

* * *

Bu hikoya quyidagicha ham tushinilishi mumkin: Aslida xazina bir majozdir, erishilmoqchi bo‘lingan narsa ishqdir, ilohiy ishq xazinasidir. Va yoxud asl xazina o‘zimizdadir. O‘z ichimizdagi xazinaga yetishmoqqa maqsad qilishimiz kerak. “Bir men bordir menda mendan ichkari” siri bu xazinaga ishorat etadi. Keling, ishq xazinasini topgan Oshiq Yunus Emroning hikoya sharhiga yordam beruvchi ushbu she’rini to‘liq eshitaylik:

Bir men bordir menda mendan ichkari…

* * *

Endi Hazrat Navoiydan eshitamiz:

O‘z vujudingga tafakkur aylagil,
Har ne istarsan, o‘zingdin istagil.


“Al – kimyogar”

Broziliyalik adib Paulo Koeloning “Al-kimyogar” romani butun dunyoda, jumladan bizda ham sevilib o‘qildi. Hatto bu asar uch farqli tarjima holida (Ozod Sharafiddinov, Ahmad Otaboyev, Aziz Said) nashr etildi. Roman haqida ko‘plab bahs-munozaralar, e’tiroflar bo‘ldi.
Bu romanning asosiy mavzusi “Masnaviy”dan o‘rin olgan qoridagi hikoyaning deyarli aynisidir. Yozuvchi bilan o‘tkazilgan muloqotda “Masnaviy”ni o‘qiganmisiz?” savoliga javob bermagan bo‘lsa-da, madaniyat o‘laroq musulmonlikni tanigan, tan olgan yozuvchining hikoyani o‘rganib romanida qo‘llaganini aytish mumkin.
Hikoyaning ildizlari qadimlarga ham borishi mumkin, farqli versiyalari balki boshqa xalqlarda ham uchrashi mumkin. Muhimi bu qadimgi va jahonshumul mavzuni o‘ziga xos uslub bilan – rumiyona yoxud koelona uslub bilan o‘quvchisiga yetkazishdir.
Yuqoridagi hikoyaning boshqa bir versiyasini “Uch uzum donasi” nomi ila yozuvchi Iskandar Pala qalamidan taqdim etmoqdamiz.

Uch uzum donasi

Istanbulning To‘pqopi mahallasida Akariyechi (Takkechi) Ibrohim Og‘a Jomesi deyiluvchi Me’moriy shoh asar bor… Bu jomening qurilishi bilan bog‘liq ajib hikoya aytiladi.
Ibrohim Og‘a “Yopiq Bozor”ning hunarmandlaridan bo‘lib qalpoq sotuvchiligi bilan kun kechirgan, halol, ko‘zi to‘q, kamtarin inson edi. Kambag‘al bo‘lgani uchun To‘pqori tashqarisidagi eski bir Vizantiya uyida yashar, har kun bozorgacha piyoda borib kelardi. Bir kecha tushiga bir piri foniy kirib dediki:
–    Bolam, Bog‘dodga bor, ko‘prik ro‘parasidagi Xurmo daraxtiga o‘ralgan ishkomda uch uzum donasi qismating bor. Olginu ofiyat ila yegin.
Ibrohim Og‘a tushlar sodiq bo‘lganda ro‘yobga chiqishini bilish bilan birga, tushga u qadar qattiq e’tibor bermaydiganlardan edi. Payg‘ambar yoxud avliyoullohning tushi bo‘lsa, boshqa gap. O‘zi kabi oddiy bir odamning tushi nima bo‘libdi? Ustiga ustak uch uzum donasi uchun necha oylik yo‘l mashaqqatini tortishga arziydimi?
Biroq, Ibrohim Og‘a ayni tushni yana ko‘rmasinmi?!
O‘sha kun ishga borgan, ammo aqli ko‘rgan tushida edi. Nihoyat uchinchi kun ham ayni tushni ko‘rgach, hech kimga bir og‘iz gap aytmasdan yelkada xalta, oyoqda choriq, qo‘lda aso “Qaydasan Bag‘dod?” deya yo‘lga tushadi.
Ibrohim Afandi haftalab yo‘l bosadi va nihoyat Dajlaning to‘lib-toshib oqib, yashartirgani Dorussalomning markaziy ko‘prigi yoniga boradi. Yaqindagi oshpaz do‘koniga kirib qornini to‘yg‘azarkan, bir tomondan ko‘prik atrofiga razm solar, tushidagi xurmo daraxtiga o‘ralgan ishkomni qidira boshlardi. Vo ajab!
Tushida ta’riflangani kabi bir xurmo ko‘chati ko‘prikning narigi yoqasida turardi. qornini to‘ydirgach, shirinlik niyati bilan uch uzum donasini yemoq uchun ishkom oldiga keladi. Biroq, qaysi uzum boshidan uzib yeyishni bilmay turadi. Keyin ishkom yonidagi o‘rindiqqa o‘tirib uzumlarga razm sola boshlaydi. Ittifoqo barglari orasida faqat uch uzum donasi bor boshga ko‘zi tushadi. Ammo uzum boshi bir oz teparoqda edi. Yaqinlashib bir-ikki sakrasa-da, qo‘li yetmaydi. Shu payt yoniga keksa bir odam keladi:
–    Assalomu alaykum, og‘a. Uzum yemoqchi bo‘lsang, ana – shunchasi oldingda, nega buncha sakrayapsan?
Qalpoqchi Ibrohim hayron qoladi. Haqiqatan bu savolga nima deb javob bersin. Nihoyat boshidan o‘tkazganlarini qariyaga birma-bir aytib beradi.
Keksa kishi uni eshitgan sayin kula boshlaydi va nihoyat aytadi:
–    Hoy, namuncha sodda bo‘lmasang. Men uch yildan beri shunga o‘xshagan tush ko‘raman. Menga ham tushimda: “Istanbul diyoridagi To‘pqopi tashqarisida joylashgan To‘pchilar mahallasida bir qalpoqchining ko‘mir ombori ostida uch xum oltin bor. Borib ol”, deyishadi, lekin men joyimdan qimirlamadim. Sen bo‘lsang uch dona uzum uchun kelibsan. Bunchalar ham ahmoq bo‘ladimi odam?
Bu so‘zlarni eshitgan Ibrohim Og‘a hushidan ketmaslik uchun o‘zini zo‘rg‘a tutadi. Chunki odam ta’riflagan manzil Istanbuldagi yashash joyi ko‘mir ombori ham uning ombori edi. Odamga hech nima sezdirmaslik uchun u uch uzum donasini yeb, darhol yo‘lga chiqadi. Istanbulga kelib ko‘mir omborini qaziydi. Darhaqiqat, uch xum tilla bor edi. Oltinlarni oladi va ko‘p xayr-hasanotdan tashqari hozir uning nomi bilan atalayotgan u ko‘rkam jome masjidini qurdiradi.
Nasibaga qarang! Birovni uch uzum doni ila ihyo etadi, kimnidir uch xum bilan mahrum qoldiradi.

Turk tilidan Abdumurod Xolmurodov tarjimasi,

“Masnaviy hikoyatlaridan darslar” kitobidan olindi.