Eng qiyini – biron narsaga o‘zingni ishontirish.
Eng yomoni – aldanish.
* * *
Men o‘zimni avval ayab, “yaxshi ko‘rib” tahrir qilardim. Har bir voqea, so‘z o‘yini “qadrdon” tuyulardi. Keyin “shafqatsizlashdim”. Buni Erkin A’zamdan o‘rgandim.
* * *
Yirik asar uchun to‘qima obraz juda zarur. Ayniqsa, tarixiy asarda. U bosh qahramonning obrazini to‘laqonli chizib berishda asqatadi. Faqat to‘qima obrazlarni unga munosib qilib yarata olish kerak.
* * *
Sevimli bo‘lmoq uchun sevish kerak.
* * *
O‘zbek tanqidchilari yulduzlarga o‘xshashadi – faqat tunda ko‘rinishadi. Yana kulib boqqanlargagina jimirlaydilar.
* * *
Har bir davr yozuvchisi, shoiri So‘z(lar)ning yangi jilvalarini kashf etishi kerak. Agar kashf etmas ekan, til boyimaydi. Shuning uchun yozuvchining zimmasida ulkan mas’uliyat turadi. Axir, tilsiz millat ham yo‘q.
* * *
Yozuvchi hammani boshqaradi, dunyoni boshqaradi – xuddi qahramonlari kabi. Shuning uchun ham uni hurmat qilish kerak.
* * *
Adabiyot – najot. Nega? Chunki u o‘z mazmun-mohiyati, so‘zdan iboratligi bilan insoniyatning Tangriga iltijosi, tazarrusiga o‘xshaydi.
Tavba-tazarru esa ishonchli najotdir.
* * *
Zo‘rmisan, hukm aytishni raqibingga ber!
* * *
Bu dunyo baxt ishlab chiqaruvchi korxona emas.
* * *
Inson hech qachon mutlaq adolatli bo‘lolmaydi. Mutlaq adolat Xudoda. Odam hamisha biryoqlamalikka mahkum.
* * *
Aslida yozging kelsa-yu yozolmasang – bu haqiqiy yozuvchining ko‘yi.
* * *
Kitob – vaqt mundarijasi.
* * *
Buyuk yozuvchilar buyuk yolg‘izlardir.
Tafakkur bilan yashaguvchi inson borki, yolg‘izlikka mahkum. Chunki dunyoning, hayotning mohiyatini anglab borgani sari odamlardan ajrala boshlaydi.
* * *
Bu olamda birgina haqiqat bor – bu hayotning o‘zi. Qolgan narsalar uning unsurlaridir.
* * *
Eng avvalo, adabiyot har qanday xalqning ma’naviy va tafakkuriy salohiyatini belgilaydi. Adabiyoti buyuk xalq chindan ham buyuk va qudratlidir. Boshqa barcha san’atlar adabiyot tevaragida, uning asosida shakllanadi, rivojlanadi.