Daryoning boshlanish joyini geograflar manba deydilar, quyilish joyi esa uning mansabi. Umuman olganda, ibtido va intiho degan tushunchamizga to‘g‘ri keladi bu atamalar. Hamma narsaning boshi va oxiri bor. Jumladan, kitoblarning ham. Ijod ahli yaratgan asarlar ana shu oraliq o‘rtasidagi masofada, ya’ni ibtido bilan intiho oralig‘ida to‘g‘ri yo‘lni tanlashimizga ko‘mak beradi. Biz jahon adabiyotining durdonalari va badiiy tafakkur vositasida o‘zimizni topamiz, o‘zligimizni anglaymiz. Muxtasar aytganda, zavqu shavq va hayrat manbai bo‘lgan kitoblarda dunyoni idrok etishimizga yordam beradigan behad ko‘p xislat va xususiyat mujassam. Faqat shart shuki, tanlab o‘qish kerak. O‘zingizdan avval bu yo‘ldan yurgan kishilar maslahatiga amal qilish kerak. Shu kunlarda adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayevning “Yoshlik” jurnalidagi tavsiyalarini o‘qib, xitoy yozuvchisi Mo Yan qalamiga mansub “Musallas mamlakati”ni izlashga tushdim.
Kitob tanlash bobida ulug‘ yozuvchilarning fikrlari alohida ahamiyatga ega. Masalan, men Kafkani mutolaa qila turib shveytsar yozuvchisi Avgust Strindbergni kashf etdim. Herman Hesse asarlaridan norveg yozuvchisi, Nobel mukofoti sovrindori Knut Hamsunni topdim. Aytmoqchimanki, dunyo tan olgan buyuklarning asarlarini o‘qirkansiz, ularning tavsiyalarini e’tiborsiz qoldirmang. Nemis faylasufi Immanuil Kant asarlari abstrakt fikrlash mahsuli (bu usulni Gegel tanqid qilgan). Men bunday fikrlashning badiiy adabiyotdagi namunasini izladim va frantsuz yozuvchisi Marsel Prustga duch keldim. Bu ajoyib ijodkorning “Yo‘qotilgan vaqtni izlash” deb nomlangan yetti tomli romanidan ayrim jildlarini (topganimcha) mutolaa qildim. Shu o‘rinda qiziq bir voqeani eslab o‘tmoqchiman (kitob jinnisining boshidan nimalar kechmaydi deysiz!). Prustni izlab kutubxonalardan va do‘konlardan topolmaganimdan keyin Yangiobod bozoriga bordim. Bu yerda juda katta kitob savdosi bo‘ladi. Bozorni oralab yurib Prustni izladim. Hamma joyda Marsel Prustni emas, polyak yozuvchisi Boleslav Prustni ro‘para qilishdi. Faqat bitta do‘kondor menga ajablanib va qiziqib qarab qoldi va: “Shu yerda o‘n yetti yildan beri kitob sotaman, o‘n yil avval bir kishi Prustni so‘rab kelgan edi, mana, bugun ikkinchisini ko‘rib turibman”, dedi. Topib berishga va’da qildi va uchinchi marta borishimda “Yo‘qotilgan vaqtni izlash”ning birinchi tomini, ya’ni “Svan tarafga yo‘nalish”ni (“Po napravleniyu k Svanu”) qo‘limga tutqazdi. Ha, yaxshi kitoblarni topish uchun izlanish ham kerak. O‘z tajribamdan kelib chiqib maslahat beradigan bo‘lsam, yuqorida tilga olingan yozuvchilarning asarlarini va jahon adabiyoti durdonalari hisoblangan boshqa kitoblarni behad zavq va hayajon bilan o‘qiyman, xususan, Borxesni qayta-qayta mutolaa qilaman va har safar “Lison ut-tayr”ga qaytaman.
Alisher Navoiy. “Lison ut-tayr” dostoni
Bu asar kitoblar olamining va olam kitoblarining eng ulug‘ mo‘jizalaridan biri bo‘lib, ilmiy, axloqiy va falsafiy asosga ega. Dostonni mutolaa qilishga kirisharkansiz, Hudhud yetakchiligida Haqni izlab yo‘lga tushgan qushlar galasiga qo‘shilib osmonga parvoz etgandek bo‘lasiz. Har biri o‘ziga xos qiyinchiliklar va manzaralarga ega yetti vodiydan olib o‘tadi Hudhud. Parvoz davomida ba’zi bir qushlar yo‘l azobiga dosh berolmay pushaymon bo‘ladi va oldingi tinch hamda betashvish hayotiga qaytish istagini aytib norozilik bildiradi. Shunda qushlarning eng poki va donosi bo‘lgan Hudhud har bir qushning hayoti, xulqu xarakteriga doir ibratli hikoyatlar so‘zlab, ularni dadil va irodali bo‘lishga undaydi. Ana shunday chuqur falsafiy hikoyatlardan biri “Shayx San’on” qissasidir.
Ka’bada shayxlarning shayxi maqomida turgan bu ulug‘ inson (Shayx San’on tarixiy shaxs) keksaygan chog‘ida bir tarso qizni sevib qolib, muhabbatning barcha qiynoqlarini boshdan kechiradi. Tarso qiz shunday go‘zal bir shaklda, xuddi quyosh ayvonidagi Iso qizi kabi qasr ustida turardi. Bundan Shayx ko‘ngliga chaqmoq chaqilgandek bo‘lib, uning joni shu’la dengizida g‘arq bo‘ldi. Xullas, Shayx qizning ostonasida tuproqlarga belanib yotadi, uning cho‘chqalarini boqishga ham ko‘nadi, mayxonaga kirib maqom tutadi. Oshiqqa ko‘p jabru jafolar ko‘rguzgan tarso qiz oxir-oqibat gap nimadaligini tushunadi, shayxning ortidan yo‘lga tushadi va bepoyon sahroda shayx San’onning qo‘lida jon beradi.
“Shayx San’on”ni bir marta mutolaa qilgan kishi uni qayta-qayta qo‘lga olishi va dunyodagi eng go‘zal sevgi qissasi sifatida boshqalarga ham tavsiya etishiga ishonaman.
Erkin Vohidov. “Saylanma” she’rlar
O‘zbek she’riyatiga qaysi nuqtadan qaramaylik, Erkin Vohidovni ko‘ramiz, aytamiz, sanaymiz. Shuning o‘zi Erkin Vohidov fenomenini belgilab beradi. Shoir o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida mudrab yotgan tafakkurni uyg‘otishni boshladi. Qariyb oltmish yildirki, ana shu yo‘lda sobit qadam bo‘ldi. O‘z so‘zini aytdi, yozdi. Xalqimizning mehr-muhabbatini qozondi. So‘zlari el-yurt ko‘ngliga singib, o‘zidan keyingi adabiy avlodni baland bir cho‘qqiga boshlab ketdi. Bu cho‘qqini, hech shubhasiz, Erkin Vohidov cho‘qqisi deb atash mumkin.
Shoir she’rlarini o‘qiganimda o‘z-o‘zimga bir-ikki savolni takror-takror beraman. Xo‘sh, “Erkin Vohidov nima haqida yozmagan? Erkin Vohidov ijodida qaysi she’riy san’at yo‘q?”. Hamma-hammasi shoir asarlarida mujassam. Shuning uchun ham Vohidov she’rlari kitobxonlar, ijodkorlar uchun qutlug‘ adabiy ta’lim maskani, she’riyat qo‘rg‘oni bo‘lib turibdi. Uning she’rlari o‘quvchiga ko‘ksini kerib g‘oz yurishni, mag‘rur turishni o‘rgatadi.
Shularni yozayapman-u, yana “Nega shunday ekan-a?” degan savol qarshisida qoldim. Javob izlamaslikning, uni aytmaslikning hech imkoni yo‘q. Chunki Erkin Vohidov ko‘rgan-kechirganlarini o‘zidan o‘tkazib namoyon qila oldi. U Navoiydan, Fuzuliydan, Mashrabdan, Gyote va Yesenindan suv ichdi va o‘zi ham ulkan shoirlar safida turadigan ijodkorga aylandi.
“Yapon mumtoz prozasi”. XI–XIV asrlar
Sizga tavsiya qilinayotgan bu kitobda Sey-Syonagon, Kamo no Tyomey hamda Kenko Xose asarlari jamlangan. Yaponlar tabiatga mehr-muhabbat va ishonch bilan qaraydilar. Bu holat ularning asarlarida bevosita namoyon bo‘ladi. Ming yil avval yashab o‘tgan Sey-Syonagon “Xayolga kelgan bitiklar” asarida shunday yozadi: “Bu kitobni xonamning tinch og‘ushida ko‘z oldimdan o‘tgan, qalbimni to‘lqinlantirgan barcha narsalar to‘g‘risida yozdim”. Muallif aytgan “barcha narsalar” asosan tabiatga bo‘lgan oshuftalik bilan qamrab olingan. Siz bu kitobda adabiyot olamida juda kamyob sanalgan dzuyxitsu janri bilan tanishasiz. So‘zma-so‘z tarjima qilinganda, “qalam ortidan” yoki “mo‘yqalamga ergashib” degan ma’noni beradi (yaponlar qadimda iyerogliflarni mo‘yqalam bilan yozganini nazardan qochirmaslik kerak). O‘zini majburlamasdan, chiranmasdan nima xayolga kelsa, shuni yengil bir kayfiyat bilan yozish bu janrning asosiy xususiyatidir.
Yapon xalqining qalbini, tabiatdagi nozikliklar va har qanday o‘zgarishlardan ta’sirlanishi hamda bundan ruhiy madad ola bilishini tushunishga yordam beradi bu kitob.
Sharl Bodler. “San’at haqida”
Agar kitob rastalaridan shu kitobni topsangiz, mashhur frantsuz shoiri, adabiyotga qo‘rqinchli tushsimon she’riyatni olib kirgan bu ijodkorning suvratiga e’tibor qiling. Borliqqa bo‘lgan kuchli nafratni ko‘rasiz uning yuzida. Bu holat shoirning she’riyatida ham o‘z aksini topgan. Sizga tavsiya qilinayotgan ushbu kitobda Bodlerning san’at haqidagi she’rlari bilan bir qatorda o‘sha davr rassomlarining asarlari muhokama qilingan. Ularning ijodi proza yo‘nalishida qalamga olingan hamda odilona baho berilgan. Xususan, “Go‘zallik, moda va baxt”, “Urush yilnomasi”, “Dendi”, “Ayol” kabi nasriy traktatlarida aytilgan fikr-mulohazalar va xulosalar nafaqat bilimingizni boyitadi, balki tasavvur qilish, go‘zallikka munosabat bilan bog‘liq holatlarni to‘g‘ri idrok etishingizga ko‘makchi bo‘ladi. Adibning suvratiga kelsak, otasi va, xususan, onasining yashash tarzi bilan bog‘liq uning nafrati. Kitob so‘zboshisida va undagi boshqa bitiklarda berilgan ma’lumotlar Bodler va uning san’atga munosabati to‘g‘risidagi bilimingizni boyitadi. “Inson umri Bodlerning bir satriga arzimaydi” deganda yapon yozuvchisi Akutagava nimalarni nazarda tutganligi beixtiyor xayolingizdan o‘tadi.
Vladimir Nabokov. Tanlangan asarlar
Gapning ochig‘ini aytsam, Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy, Ivan Turgenev kabi rus klassiklarini sevib o‘qiganim holda (Gorkiy ham bor), keyingi davr rus prozasiga nisbatan befarq edim. Nogoh bir tanishim bundan ikki-uch kun avval “Nabokovni o‘qiganmisiz?” deb so‘rab qoldi va men o‘z fikrimni aytdim. Tanishim e’tiroz bildirdi-da, ertasi kuni to‘rt tomlik “Tanlangan asarlar”ning oxirgi jildini olib keldi. Shuni o‘qishimni, agar ma’qul bo‘lsa, qolgan tomlarini ham keltirishini aytdi. Mana, o‘shandan beri Nabokov bilan birgaman. Tanishim esa xuddi mening toqatimni sinab ko‘rmoqchidek izini qumga soldi.
Bu tomda Nabokovning “O‘lim jazosiga taklif”, “O‘zga sohillar” hamda “Fealte bahori” asarlari jamlangan. Dehqoncha qilib aytganda, zo‘r yozuvchining asari dastlabki sahifalardanoq o‘z kuchini ko‘rsatadi. Undan ajralolmay qolasiz. Shu kecha-kunduzda “O‘lim jazosiga taklif”ni o‘qiyapman. Jiddiylik, bosiqlik va falsafaning og‘ir yuki ostida zig‘ir donasidekkina yumor ham borligi va yozuvchi hayotning achchiq saboqlari qatiga bunday kulguni naqadar ustalik bilan joylashtira olganidan zavqu shavqqa to‘lib yuribman.
Knut Hamsun. “Ochlik” romani
Norvegiyalik so‘z sehrgari Knut Hamsunning “Ochlik”, “Misteriya”, “Pan” va “Viktoriya” romanlari bir jildga jamlanib, “Nobel mukofoti sovrindorlari” seriyasida nashr etilgan. Mazkur romanlarning qahramonlari qaysidir jihatlari bilan Frants Kafka va Alber Kamyu asarlariga xos absurd holatga tushib qolgan kishilarga o‘xshab ketadi. “Ochlik” romanida o‘zini ijodga bag‘ishlagan inson hayoti qalamga olingan. Asar voqealari birinchi shaxs tilidan hikoya qilinadi. Biz va zamondoshlarimiz ochlikning naqadar dahshatli kuch ekanini tasavvur etolmaymiz, uni boshdan kechirmaganmiz. Asar qahramoni (u gohida o‘zini Tangen deb tanishtiradi) maqolalar, feletonlar yozadi, tahririyatlar eshigi oldida umid va jur’atsizlik bilan kutadi, ammo qanchalik urinmasin, o‘z mehnati bilan loaqal qorin to‘ydirishning ilojini qila olmaydi. Oxir-oqibat bir kema kapitani huzuriga borib, oddiy yunga bo‘lib ishga yollanadi…
Polyak tadqiqotchisi Yan Parandovskiyning “So‘z kimyosi” asarida qadimgi dunyo shoiri Arxiloxdan tortib keyingi davr yozuvchilarigacha o‘z qalamining kuchi bilan qanday kun ko‘rgani to‘g‘risida muxtasar xulosa bor (bu kitobni Shuhrat Rizayev yoshlarimizga juda to‘g‘ri tavsiya qilgan). Knut Hamsunning “Ochlik” romani ham ana shu fikrning badiiy in’ikosi deyish mumkin.
Xulio Kortasar. “O‘zga osmon”, hikoyalar
Kortasarning o‘zi ham o‘zga bir osmon. Bu yozuvchining “Avtobusda”, “Bosib olingan uy”, “Aksolotl” kabi asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilganman. Sirasini aytganda, Kortasarning hikoyalari voqealarga unchalik boy emas. Ularda ruhiy holat ustunlik qiladi. “O‘zga osmon”dagi hikoyalarni o‘qirkansiz, qandaydir mavhum kuch tinimsiz ravishda shuuringizga ta’sir qilib turishini anglaysiz, ammo o‘sha mavhum kuchning o‘zi qayerda? Yozuvchi uni kayerga yashirib qo‘yganini va u qaysi puchmoqdan turib ta’sir ko‘rsatayotganini ilg‘ash qiyin. Shu bois uning hikoyalarini qayta-qayta o‘qiysiz va etingizni junjiktirib yuborayotgan mubham holat sababini topishga intilasiz, ammo buning imkonsizligidan hayratga tushasiz. Xususan, “Avtobusda” hikoyasi ana shunday sirli asosda qurilgan. Buenos-Ayres ko‘chasidan ketib borayotgan oddiy avtobus va oddiy yo‘lovchi qiz Klara. Kamgap chiptachi va boshqa yo‘lovchilar… Shunga qaramay, hech qanday g‘ayritabiiy voqea ro‘y bermagani holda, Klaraning sayohati qo‘rqinchli tushga aylanadi. Avtobus, uning saloni va butun borliq guyoki ulkan xavf-xatar girdobida.
Lotin Amerikasi yozuvchisi Xulio Kortasarning o‘ziga xos bunday usulini tadqiqotchilar turlicha sharhlaydilar va xilma-xil fikr bildiradilar. Xullas, uning hikoyalarini o‘qisangiz, yangi bir olamni va “o‘zga osmon”ni kashf etasiz.
Abu A’lo al-Maariy. “Jannatdan maktublar”, nasr
Siz sham bilan oshiqqa xos yetti xususiyatni to‘rt qator she’rga sig‘dira olasizmi? “Jannatdan maktublar”da shoir al-Qosim ana shu masalada urinib, buni uddalay olmay turganida shayx al-Karix kelib qoladi va uning qo‘lidan qalamini olib bir nafasda quyidagi to‘rtlikni bitadi:
Men oshiqqa juda o‘xshar sham,
Ado bo‘lib boramiz kam-kam.
Sham yonadi, yig‘loqi, oriq,
Beun, bedor va rangi sariq.
Bu to‘rtlikni rus tilidan o‘girdim (arab shoiri va faylasufi Abu A’lo al-Maariy (979 yili tug‘ilgan) asarlarini o‘zbek tilida ko‘rmadim, balki tarjima qilinmagandir). Shu yetti xususiyatni, ya’ni: oshiq ham sham kabi kam-kam ado bo‘lib borishi, har ikkalasining ham yonishi, yig‘loqiligi, oriqligi, beunligi, bedorligi va rangi sariqligini to‘rt qatorga sig‘dirarkanman, ifodalarga boy tilimizning go‘zalligi va ta’sirchanligidan faxrlandim. Ammo hozir gap bu haqda emas. “Jannatdan maktublar”da donishmandlik, achchiq satira, nozik qochirimlar nasriy satrlarda ham, she’riy parchalarda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shayx al-Karix asar muallifi, ya’ni al-Maariyning g‘oyaviy dushmani. Kattagina hajmdagi bu asar ana shu ikki shaxsning aqli, donishmandligi, falsafiy va ilmiy-badiiy qarashlari, til va tafakkur yuzasidan bo‘lgan musohabalariga qorishiq holda kechadi.
Asar Shayx al-Karixning shoir al-Maariyga yo‘llagan zaharxanda maktubiga javob shaklida yozilgan. O‘ylaymanki, kitobda jamlangan “Olov uchqunlari”, “Luzumiyat” va “Jannatdan maktublar”ni o‘qib behad zavq olasiz.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 12-son