Narkoz vositalari o‘rtasidagi “jang”

Biz o‘zaro muloqot chog‘i “efir” degan kalomni tez-tez tilga olamiz. U aslida yunoncha “aither” so‘zidan olingan bo‘lib, turli ma’nolarda ishlatiladi. Masalan, oddiy so‘zlashuv tilida “osmon”, “ko‘k”, “falak”ni, fizikada radioto‘lqinlar tarqaladigan samoviy muhitni, yunon afsonasiga ko‘ra, Olimp tog‘i cho‘qqisi yetgan va olimp xudolari joylashgan eng yuksak makonni, XIX asrdan XX asrning 20-30-yillarigacha yashagan fiziklar tasavvuricha, fazoni to‘ldirib turuvchi sof-shaffof havo qatlamini anglatadi. Kimyoviy jihatdan texnikada erituvchi, tibbiyotda yuqumli kasalliklar mikroblarini yo‘qotish hamda jarrohlik operatsiyalarida narkoz vositasi sifatida qo‘llaniladigan xushbo‘y, rangsiz, uchuvchan suyuq organik birikmaning nomi hisoblanadi. “Narkoz” esa o‘zbekchada “karaxtlik”ni yoki “gapirolmay, dong qotib qolish”ni bildiradi.

Odam tanasiga efir yuborilganda markaziy asab hujayralari faoliyati tormozlanadi. Natijada to‘liq yoki qisman behushlik, og‘riq sezgisining yo‘qolishi va harakatsizlik bilan kechadigan chuqur uyqu aralash karaxtlik holati vujudga keladi. Bunday vaziyatda inson hech narsani his etolmaydi va ixtiyoriy harakat qilolmaydi.

Tadqiqotchilarning aniqlashlaricha, etni o‘ldiruvchi dorilar o‘rta asrlarda paydo bo‘lgan. Jumladan, spirtli narkoz amaliyotga kirgan. 1540 yili Paratsels uxlatish xususiyatiga ega “shirin kuporos“ni, zamonaviychasiga aytganda, oltingugurtni yaratgan. Xuddi o‘sha davrda nemis olimi Valeriy Kordano sulfat kislota yordamida spirtdan nafasni yaxshilashga xizmat qiluvchi efirni olgan. Afsuslanarlisi, uning foydali ta’sirini hech bilmagani tufayli bu kashfiyot qariyb ikki asr e’tibordan chetda qolgan. 1729 yili londonlik mutaxassis Froben tomonidan qayta ixtiro qilingach, laboratoriyalarda keng ishlatiladigan bo‘lgan.

Va nihoyat, ingliz kimyogari va faylasufi Jozef Pristli 1776 yili odamni mast qilgani bois sarxushlantiruvchi gaz nomini olgan azot chala oksidini kashf etdi. Uning yigirma yoshli vatandoshi Xemfri Devi o‘zi o‘tkazgan tajribalar asosida bu modda og‘riqni vaqtincha yo‘qotish omili ham ekanligini isbotladi. Buyuk tabiatshunos, fizik va kimyogar, elektrmagnit maydon ta’limoti asoschisi Maykl Faradey esa 1818 yili oltingugurt efiridan nafas olish azot chala oksidi singari kishini karaxtlantirishini aniqladi. Taajjubki, laboratoriyaga kirgan talabalar bu kashfiyotdan ermak o‘rnida foydalanishar, dam-badam uni iskab ko‘ngilxushlik qilishar, sarxushlikdan dumalab va ichaklari uzilgudek bo‘lib, qotib-qotib kulishardi. Ko‘proq no‘sh etganlari o‘zini boshqarolmaydigan mast kimsadek chayqalar, almoyi-jalmoyi gaplarni aytib valaqlar, es-hushini yig‘ib olgach, nimalar qilganini eslay olmasdi.

O‘sha kezlar bostonlik taniqli shifokor va kimyogar Charlz Jekson izchil ravishda ilmiy izlanishlar olib borardi. Bir safar tomog‘i xlordan xippa bo‘g‘ilib qoldi-yu, yozma manbalardan og‘uga qarshi dorini izlashga kirishdi. Kitoblarda bunday damlarda galma-galiga ammiak va efirni hidlash zarurligi qayd etilgandi. Charlz shunday qildi. Baribir, nafi tegmadi, tun bo‘yi mijja qoqmay, azob tortdi. Ertalab dastro‘molchasini efirga obdon bo‘ktirib, bug‘ini yutoqib simirdi va shu zahotiyoq dardi ariganini payqadi. Bora-bora u og‘riqni ma’lum muddatga bosadigan usulni topganiga ishonch hosil qildi. Biroq kashfiyotini bemorlar timsolida isbotlash imkoniga ega emasdi. Alaloqibat, ixtirosini iqtidorli shogirdi Uilyam Tomas Grin Morton bilan baham ko‘rishga majbur bo‘ldi.

Massachusets shtatining Charlton shahridagi fermer-baqqol oilasida tug‘ilib o‘sgan, Baltimordagi tish davolash maktabini bitirgach, Bostonga ish izlab kelgan Morton bu paytda yasama tishlarning g‘aroyib protezini yaratib, el nazariga tushgandi. Shu bois Charlz efir haqida nimalarni bilsa, barchasini oqizmay-tomizmay unga so‘zlab berdi. Morton ustozining yo‘rig‘iga yurdi. Avvalo, itlarda tajriba o‘tkazishga chog‘landi. Illo, bu jonivorlarni uxlatib qo‘yish oson emasdi. Chunki ular jonsaraklashgani hamono bir-birini tishlab, g‘ajishga tushardi. Bir safar sarkashrog‘i ilkis irg‘ib, efir to‘la shishani ag‘darib yubordi. Idish yerga tushib, chilparchin bo‘ldi. Morton polni artayotganida efir ta’sirini o‘zida sinab ko‘rish maqsadida jiqqa ho‘l lattani burniga tutdi. Alhol, allamahalda xonaga mo‘ralagan onasi uni shisha siniqlari ustiga uzala tushgancha, dong qotib uxlayotganini ko‘rdi…

Bu voqea yosh olimni tadqiqotlarini bo‘shashtirmaslikka undadi. U Barnett firmasidan nafasni bo‘g‘adigan o‘tkir hidli efir xarid qildi-da, xonasidagi jarrohlik stoliga cho‘kib, naycha orqali ichiga yuta boshladi. Tayinli natijaga erishmagach, dastro‘molchasini suyuqlikka bo‘ktirib, dimog‘iga yaqinlashtirdi. Ko‘z ochib-yumguncha hushidan ketdi. Uyg‘ongach, o‘zini ertaklar olamiga tushib qolganday, a’zoi badani uvishayotganday his etdi. Xayolidan esa “Shu alfozda jon bersam, bu haqdagi sovuq xabarni odamlar mening ahmoqligimdan kulgan holda qabul qilishadi” degan noxush fikr o‘tdi. Shu asno qo‘lining o‘rta barmog‘ida g‘ashga tegadigan qichishish paydo bo‘ldi. Uni boshmaldog‘i bilan qashlashga intilgandi, eplolmadi. Ikkinchi urinishda uddaladi. So‘ngra oyoqlarini chimchiladi-yu, biron-bir og‘riqni sezmadi. O‘rnidan turmoqchi edi, qimirlay olmadi. Efirning kuchi susayib, o‘ziga kelgach, 7-8 daqiqa mobaynida zehn-idrokidan ayrilganini tushunib yetdi va ehtiroslarini jilovlay olmay, birdaniga bor ovozda “Men topdim! Nihoyat, topdim!” deya, qichqirib yubordi.

Shunday esa-da, u kashfiyotini ovoza qilishga oshiqmadi. Ishni yanada puxtalashtirish uchun suv o‘tkazmaydigan va nam tortmaydigan matodan qopchasimon oddiygina moslama yasadi. Unga efir quyib, tajriba o‘tkazilayotgan itning boshiga kiydirdi. It tez orada oyoqlarini uzib tashlasa ham og‘riqni bilmaydigan darajada qattiq uyquga ketdi. Morton izlanishlarini sir tutgan holda davom ettirdi. Shu tariqa erishgan yutuqlari evaziga keyinchalik olamshumul shuhrat qozondi. Zamondoshlari ta’biri bilan aytganda, u jarrohlik xonasiga ko‘pchilik tanimaydigan-bilmaydigan tish tabibi sifatida kirib, butun dunyoga mashhur olim sifatida qaytib chiqdi.

Morton boshlagan ishni Massachusetsdagi yirik gospital bosh shifokori Jon Uorren poyoniga yetkazdi. U salgina burun mahalliy stomatolog Goratsiy Xoras Uelssga azot chala oksidining afzalliklarini omma ko‘z o‘ngida namoyish etish imkoniyatini yaratib bergan, Mortonga yoshgina bemorning halqum tomiridagi katta tug‘ma o‘smani olib tashlash oldidan narkozni qo‘llash taklifini kiritgandi. 1846 yil 16 oktyabrda esa o‘zi efir narkozi asosidagi ilk operatsiyaga bel bog‘ladi. Murakkab muolaja muvaffaqiyatli o‘tdi – tig‘ ostida yotgan mijoz zarracha ozor chekmadi. Operatsiya tugagach, Uorren auditoriyaga yuzlanib, “Janoblar, mana, o‘zingiz guvoh bo‘lganingizdek, bu aldov emas, baayni haqiqat!” dedi.

Shunday qilib, ushbu kun narkoz erasi boshlangan sana sifatida tarix sahifalariga muhrlandi. Morton va Jekson singari Jon Uorenning ism-sharifi ham narkoz ixtirochilari ro‘yxatidan o‘rin oldi. 22 dekabrda Londonda kasallangan sonni shu usulda kesib tashlash amalga oshirildi. Bu yangilik ham Kurrai zamin uzra tez qanot qoqdi. Keyin esa…

Keyin hech kim xayoliga keltirmagan g‘alati voqealar ro‘y berib, narkoz asoschilaridan omad rosmanasiga yuz o‘girdi. Chunonchi, azot chala oksidini jismida tadqiq qilib, nafaqat tish og‘rig‘iga, balki insoniyat asrlar osha chorasini izlagan boshqa dardlar azobiga ham malham topgan Uelss shaxsiy ixtirosini ro‘yobga chiqarish uchun harchand urinmasin, niyatiga yetolmadi. Bundan aziyat cheka-cheka, bedavo asab xastaligiga chalindi. Alqissa, 1848 yil 24 yanvarda oyog‘ining qizil qon tomirini olmos ila kesib, o‘z umriga o‘zi zomin bo‘ldi.

Jekson bilan Morton o‘rtasida esa “Efir kimning zahmatlari mahsuli?” degan janjal chiqdi. Oxiri nizo Parij Fanlar akademiyasida ijobiy yechim topdi: da’vogarlardan biri efirni ixtiro qilgani, ikkinchisi amaliyotga tatbiq etgani uchun 2500 frankdan pul oldi. Lekin o‘zaro mojaroga bog‘liq asabbuzarliklar Jeksonning sog‘lig‘iga jiddiy putur yetkazgandi. Inchunin, u 68 yoshida aqldan ozdi. Yetti yildan so‘ng g‘aribu ojizlar muassasasida vafot etdi. Uzoq vaqt tijorat bilan shug‘ullangan Morton esa, taqdir taqozosiga ko‘ra, Nyu-York ko‘chalarida sang‘ib yuruvchi tilanchiga aylandi. 1868 yil 6 aprel kuni, endigina ellikni qoralaganida omonatini topshirdi.

Mavridi kelganda, eslatib o‘tish joizki, jarrohlik narkozi rasman e’tirof etilishidan to‘rt yil muqaddam amerikalik shifokor Krouford Long ham amaliyotda efirdan besh-olti bor samarali foydalangandi. Faqat bu xususda hech kimga churq etmagandi. Boshqa maslakdoshlari efir narkozi asoschilari deb topilgach, o‘zining boqibeg‘amligidan qattiq afsus-nadomatlar chekdi. Ammo endi bo‘lar ish bo‘lib, allaqachon bo‘yog‘i singan, karvon ketib bo‘lgandi.

Efirni 1846 yil nihoyasi va 1847 yil boshlarida Buyuk Britaniyada buyrak toshlari jarrohligi bo‘yicha yetuk mutaxassis Liston, Frantsiyada Malgen, Germaniyada Diffenbax, Avstriyada Shu amaliyotda qo‘lladi. Moskvalik Fedor Inozemtsov esa bir hafta ichida meshchan ayol Yelizavetta Mitrofanovaning saratonga yo‘liqqan ko‘krak bezini hamda ikki bolakay qovug‘idagi toshlarni efir yordamida og‘riqsizlantirib, olib tashladi. Aynan o‘sha paytda harbiy-dala jarrohligi va sohaning anatomik-eksperimental yo‘nalishi asoschisi Nikolay Pirogov ham shu yo‘sindagi dastlabki operatsiyani jang maydonida o‘tkazdi.

Tabiiyki, oltingugurt efiri jarrohlikka joriy qilingach, azot chala oksidi vaqtincha o‘z mavqeini yo‘qotdi. Ayni chog‘da, efirning yakkahokimligi ham uzoqqa cho‘zilmadi. Negaki, ko‘p o‘tmay, uning ayovsiz raqibi “tug‘ildi”. Rangsiz, o‘tkir hidli va shirin ta’mli bu shaffof suyuqlikni 1831 yil kuzida parijlik 28 yoshli shifokor Yustus Libix xlor ohagi va spirtdan olish sharafiga muyassar bo‘lgandi. Aynan shunday kimyoviy vositani bir vaqtning o‘zida dorifurush Ejen Subern ham kashf qilgan, boshqa farmatsevt Jan Batist Dyuma unga xloform nomini berib, kimyoviy formulasini ishlab chiqqandi. Yangi moddani Parij Fanlar akademiyasi kotibi hisoblanmish fiziolog P.Flurans debochasiga hayvonlarda sinab ko‘rdi. Uni jarrohlik amaliyotiga kirib kelishiga esa taniqli ingliz ginekologi, muqaddam oltingugurt efirini akusherlikka birinchi bo‘lib tatbiq etgan Jeyms Yung Simpson ulkan hissa qo‘shdi. U 1847 yil 4 noyabrda xloroform bug‘lari ham odamni karaxt qilish xossasiga egaligini kashf etdi. Kelasi yili Angliya qirolichasi Viktoriyaning ko‘zi yorishida uni og‘riqsizlantiruvchi vosita sifatida ishlatdi.

Bu katta shov-shuvlarga sababchi bo‘ldi, o‘z navbatida, ruhoniylar g‘azabini qo‘zg‘atdi. Ular narkozga tish-tirnoqlari bilan qarshilik ko‘rsatishdi. Ayniqsa, to‘lg‘oq chog‘ida xloroformdan foydalanish ta’na-malomatlar va e’tirozlarni yanada avj oldirdi. Angliyalik va shvetsiyalik ruhoniylar “Og‘riq – xom sut emgan bandaga gunohlarini yuvish uchun Xudo tomonidan berilgan, tanni tozalovchi va ruhni poklovchi jazo. Uni yengishga urinish shakkoklikdir! Ayol zoti tug‘ruq azoblarini albatta tortishi shart, aks holda, Tangrining irodasiga bo‘ysunmagan sanaladi!” qabilidagi aqidani inson qadr-qimmatidan ustun qo‘yishdi. Simpson esa “Narkoz Yaratganga taalluqli. Axir, Tavrotda Xudo Odam Atoni uxlatib qo‘yib, uning qovurg‘asini kesgani va Momo Havoni yaratgani eslatilgan-ku!” deb turib oldi. Shunga qaramay, turli mamlakatlarda tibbiy og‘riqsizlantirish g‘oyasining muxoliflari bisyor edi. Eng achinarlisi, ayrim shifokorlar va olimlar ham yangi ixtironi bamisoli nayza o‘qtalgandek, vajohat-la qarshilab, inkor etishdi.

Ma’lum vaqt o‘tgach, xloroform inson salomatligi uchun xavfli ekanligi ayonlashdi. Jarrohlarning 1890 yilgi kongressida etni o‘ldirish uchun xloroform qo‘llanilgan 2647 holatdan bittasi, efirdan foydalanilganda 13160 ta holatdan biri o‘lim bilan yakunlangani e’lon qilindi. Bu dalillar efir boshqa turdoshlaridan ancha afzalligini tasdiqladi. Alqissa, u yana maydonga chiqdi. Etni yaxshi o‘ldirolmasligi va giyohvandlikka olib kelishi sababli kokain, morfiy kabi qoradorilarni narkoz sifatida qo‘llash qat’iyan taqiqlandi

Hozir tibbiyotda karaxt qiluvchi vositalarning turli-tuman turlari mavjud. Ayniqsa, efir va xloroform ko‘p ishlatiladi. Albatta, “Har to‘kisda – bir ayb!” deganlaridek, ularni mutlaqo bezarar deb bo‘lmaydi. Chunki ikkalasi ham kuchli ta’sirga ega og‘ular sirasiga kirgani bois inson organizmiga muayyan darajada salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Noto‘g‘ri qo‘llanilsa, avval bosh miya yarimsharlariga, so‘ngra orqa va cho‘zinchoq miyalarga azob beradi. Cho‘zinchoq miya markazlari falajlanganda o‘lim sodir bo‘ladi. Xloroformni muntazam hidlash yoki ichish esa toksikomaniyani keltirib chiqaradi.

Binobarin, har jihatdan mukammal va oliymaqom narkoz vositasi hali topilganicha yo‘q…

“100 velikix vrachey” kitobi va boshqa manbalar asosida Abdunabi Haydarov tayyorladi.