O‘rta asrlarda va undan keyin ham insonlar Xudoga yoki turli irim-sirimlarga ishonch ruhi bilan yashaganlar, biroq 1650 yilga kelib tafakkurning yangicha tizimi yuzaga keldi. Bu tizim inson aqlu zakovatiga bo‘lgan ishonchga asoslanardi. Albatta, din va irim-sirimlar yo‘qolib ketmadi, biroq odamlar endi, olim va faylasuflarga ergashib, dunyoda yuz berayotgan voqealar mohiyatiga yanada teranroq nazar tashlaydigan bo‘ldilar. Yangi kashfiyotlar hayotning mazmun-mohiyati, dunyoning tuzilishi haqidagi savollarga javob topishga undardi. Masalan, bu davrga kelib Yerning yassi tekislikdan iboratligiga hech kim ishonmasdi. Yana qancha kishilar ishonmaydigan tushunchalar mavjud edi?! Endi allomalar oldida ulkan va yum-yumaloq sayyoramiz haqida, unda istiqomat qiluvchi bashariyatning mohiyati haqidagi yangicha nuqtai nazarni ishlab chiqish vazifasi turardi.
Olimlar dunyoning tuzilish mohiyatini o‘rganishda turli-tuman yo‘llardan bordilar. Frantsuz mutafakkiri Mari Fransua Volter (1694—1778) cherkovga va hukumatga qarshi chiqib, ularni o‘zlarining rasm-rusumlari, qonunlari bilan insonlarning mustaqil fikr yuritishlarida xalaqit berishda aybladi. Uning ta’kidlashicha, inson xohlagan tarzda fikrlashi, istagancha o‘z fikrini bildirishi mumkin, asosiysi o‘z fikrini boshqalarga majburan qabul qildirmasa bas. Uning eng mashhur fikri naqlga aylanib ketgan bo‘lib, u quyidagichadir: «Men sizning nuqtai nazaringizga qo‘shilmasligim mumkin, biroq o‘z fikringizni ayta olish erkingiz uchun o‘zimni qurbon qilishga ham tayyorman».
Jan-Jak Russo (1712—1778) pesalar, operalar va «entsiklopediya» kitoblariga maqolalar yozgan. Uni hali taraqqiy topmagan, sodda va qoloq xalqlar ko‘proq qiziqtirardi. Zero u zamonaviy tsivilizatsiyalarning haqiqatan ham har tomonlama mukammal va adolatli ekanligiga shubha qilardi. Uning eng mashhur «Ijtimoiy shartnoma to‘grisida» nomli kitobi quyidagi so‘zlar bilan boshlanadi:
«Odamlar ozod va erkin bo‘lib tug‘iladilar, biroq hamma joyda zanjirlar iskanjasida kun kechiradilar». U insonlar hali rivoj topmagan, biroq gina adovatdan, g‘araz maqsadlardan xoli bo‘lgan «iymonli yovvoyilar» aqidalariga amal qilishni o‘rgansalargina baxt va ozodlikka erisha oladilar deb hisoblagan.