Evropada Uyg‘onish davri (Renessans) gullab yashnayotgan bir davrda Islom dunyosi ham jonlanib qayta tiklana boshladi. Islom xalifaligiga kiruvchi Misr, Suriya, Ispaniya va Shimoliy Afrika davlatlari mo‘g‘ullar bosqinidan xoli bo‘lib, islom madaniyatining markazi bo‘lib qolgan edi. Musulmonlarning muqaddas shaharlari Makka va Madina ham bu suronli davrdan omon chiqqanligini biz yaxshi bilamiz.
Bu barcha musulmon o‘lkalaridagi allomalar, tadqiqotchi va faylasuflar yangi-yangi kashfiyotlar yaratish borasida musulmon dunyosiga xos bo‘lgan an’analarni davom ettirardilar. Shaharlarda esa musulmon hunarmandlari, kosiblari metalldan, loy va shishalardan biri-biridan ajoyib va betakror buyumlarni yaratardilar.
Biroq musulmon olamining turli qismlaridagi har xil sultonlarning o‘zaro jangu-jadallari sababli juda puturdan ketib qolgan buyuk islom xalifaligining siyosiy qudrati mo‘g‘ul istilolari boisidan abadiy boy berilgan edi. Shunday bo‘lsada 14 asrning o‘rtalariga kelib yana bir kuchli islom davlati — Usmoniylar imperiyasi qad rostlay boshladi.
Mo‘g‘ullar ketgach, sobiq saltanat ko‘plab mayda-mayda musulmon davlatlariga parchalanib ketdi. Ana shunday davlatlardan birini turk rahnamolaridan biri bo‘lmish Usmon idora qilardi (1281—1324). Usmon o‘z umri mobaynida musulmon askarlarini bir necha bor o‘ziga qo‘shni mamlakatlarning yerlarini bosib olish uchun uyushtirgan yurishlariga boshlab borgan.
Usmon vafot etgach, uning fotihlik, bosqinchilik ishlarini uning merosxo‘rlari bo‘lgan boshqa sultonlar davom ettirdilar. 1326 yilda Usmoniylar otryadi Vizantiyaning Qora dengiz bo‘yidagi muhim ahamiyatga molik shahri Brusa (Bursa)ni bosib oldilar. 1400 yilga kelib endi juda katta hudud Usmoniylarga tobe edi. Ular 1453 yilda Vizantiyaning poytaxti Konstantinopolni ham ishg‘ol bilan qo‘lga kiritdilar. Bu esa Vizantiyaning qulashiga olib keldi va butun Yevropani dahshatga soldi: binobarin, usmoniylar navbatdagi hujumni qaysi davlatga uyushtiradi degan savol barcha Yevropa xalqlarini tashvishga solardi.
Usmoniylarning bosqinchilik urushlari 15 va 16 asrlarda ham davom etdi. Usmoniylar eng mashhur sultonlardan biri — Sulaymon rahnamoligida Sharqqa qarab yurish boshladilar va islom olamining qadimiy poytaxtini Bag‘dodni qo‘lga kiritdilar. G‘arbda ham, bugungi kunda Bolgariya, Yunoniston, Albaniya, sobiq Yugoslaviya va Vengriya davlatlari joylashgan hududlar usmoniylarga qaram bo‘lib qoldi. 1520 yilga kelib Usmoniylar bir paytlar eng qudratli musulmon davlatlari bo‘lgan Misr va Suriyani ham zabt qildilar. Shuningdek, Usmoniylar imperiyasi tarkibiga Makka, Madina va Arabistonning eng boy bandargoh shahri Adan ham kiritildi.