Tuman nima?

Tuman, shudring va bulut bir-biriga bevosita aloqadordir. Tuman, shudring yoki bulut sharoitlardan birining o‘zgarishi, masalan, havo oqimlarining bor yoki yo‘qligi natijasida sodir bo‘ladi. Buning sababi nima ekani va ayrim joylarda nega tuman paydo bo‘lishini ko‘rib chiqaylik.

Tuman juda mayda, 0,001 millimetrdan ham kichik zarralardan iborat. Oldingizni qalin tuman qoplab, hech narsani ko‘rolmay qolganingizda, har bir kub santimetrga 1227 dan kam bo‘lmagan zarra to‘g‘ri kelayotgan bo‘ladi.

Tuman paydo bo‘lishi uchun namlik havoni tark etishi va kondensatsiyalanishi kerak bo‘ladi. Buning ma’nosi shuki, sovigan havo issiq havo ushlab turgan namlik miqdorini tutib qola olmaydi. Havo sovib, temperatura to‘yinish yoki shudring nuqtasidan pastga tushgach, tuman hosil bo‘la boshlaydi.

Tuman paydo bo‘lishi uchun ham sovuq va issiq havolarning havo oqimlari yordamida o‘zaro aralashib ketishi talab etiladi. Agar havo harakatsiz holatda bo‘lsa, sovuq havo yerda to‘planib qoladi va shudring hosil bo‘ladi. Agar havo oqimlari tepaga shiddat bilan ko‘tarilsa, sovish havoning o‘zidayoq boshlanadi va bulutlar paydo bo‘ladi. Shuning uchun sovuq va issiq havolarni bir-biri bilan aralashtiradigan havo oqimlari kuchli bo‘lmasagina, tuman paydo bo‘ladi.

Tuman issiq havo massasi sovuq quruqlik yoki biror suv havzasi ustidan o‘tayotganda paydo bo‘ladi. Yoki, aksincha, sovuq havo iliq suv ustidan o‘tayotganda ham xuddi shunday hodisa ro‘y berishi mumkin. Bu hol erta kuz tongida suv yoki hovuz kabi suv havzalari yonida kuzatiladi. Sovuq havo issiq havo oqimi bilan asta-sekin qo‘shilib ketadi va suv havzalari ustida hammamizga tanish bo‘lgan muallaq tuman vujudga keladi.

Tuman shaharda qishloqdagiga nisbatan qalinroq bo‘ladi. Shahar havosi tarkibida ko‘p bo‘lgan chang va qurum havo zarralari bilan birlashib, zich parda hosil qiladi.

Nyufaundlend (Kanada)ning Atlantika okeani sohillari Yerning eng tumanli mintaqasi hisoblanadi. U yerda tuman Qutb doirasidan janubga tomon harakatlanayotgan sovuq suv ustiga sernam issiq havoning o‘tishi natijasida hosil bo‘ladi. Suv sovuqligi havo namligini kichik suv tomchilariga aylantiradi. Bu tomchilar, o‘z o‘lchamiga ko‘ra, yomg‘ir hosil qilish uchun yetarli emas. Shuning uchun ham ular havoda tuman holida mavjud bo‘ladi.

San-Frantsisko mintaqasidagi tumanlar esa butunlay boshqa yo‘l bilan hosil bo‘ladi. Bu yerda tonggi salqin shabada — sabo iliq qum uyumlari tomon esadi. Agar uning arafasida qumga yomg‘ir yog‘ib o‘tgan bo‘lsa, bug‘lanayotgan namlikdan zich tuman qatlami hosil bo‘ladi.

Tuman bulutdan ko‘ra zichroq ko‘rinadi. Negaki, tuman tomchilari bulutnikiga nisbatan kichikrokdir. Ko‘plab o‘ta mayda tomchilar bulutlarni hosil qiladigan kattaroq (ammo miqdoran kamroq) tomchilarga nisbatan ko‘proq yorug‘lik yutadi. Shuning uchun ham tuman bulutga nisbatan qalinroq ko‘rinadi.