Suv alvastilari yoki aksolotlari birinchi bor 1865 yilda Meksikadagi Sochimilko ko‘lida uchragan. «Aksolotl» atsteklar tilidan olingan bo‘lib, «suv ajdarhosi», «suv gazandasi» va «suv iti» deb har xil talqin qilinadi. Olimlar uchun oyqulog‘i va dumida suzish pardasi bo‘lgan suv alvastisi ko‘p vaqt jumboq bo‘lib keldi.
Suvda yashaydigan bu maxluq bilan quruqlik amfibiyasi o‘rtasida aloqadorlik borligi hech kimning xayoliga kelmagan. Bu jumboqqa 1867 yili frantsuz gerpetologi Ogyust Dyumeril nuqta qo‘ydi. U aksolotlning xolli dumli amfibiyaga aylanishini birinchi bo‘lib aniqladi.
Bugungi kunda aksolotllar yuz minglab odamlarning xonadonida yashamoqda, ayni chog‘da u Xalqaro tabiatni qo‘riqlash uyushmasining Qizil kitobiga kiritilgan. Sovuqqon, xira tusli bu jonivor hayotining ko‘p qismini akvarium tubida, behisob yomg‘ir chuvalchanglari, go‘sht va chivin g‘umbaklarini yeb o‘tkazadi.
Tabiatda aksolotllar faqatgina Sochimilko va Chalko ko‘llarida saqlanib qolgan, ular bu yerda qirilib ketish xavfi ostida. Bu ko‘llarga Yevropa karpini moslashtirishdi, bu baliqlarga yosh aksolotllar va ularning uvuldirig‘i juda yoqib tushdi. Bir so‘z bilan aytganda, atsteklar saltanati yemirilishini boshdan o‘tkazgan aksolotllarning kelajagi juda g‘amgindir.