Skiflar Manchjuriyadan Rossiyaga qadar Osiyo orqali yastanib yotgan dashtu biyobon, bepoyon yaylovlarda yashagan ko‘chmanchi odamlar bo‘lgan. Cho‘l ikkiga ajratib qo‘ygan dashtu biyobon shimolda o‘rmonlarga, janubda esa qurg‘oqchilik hukm surgan mintaqalarga borib taqalardi.
O‘troq hayot kechirgan dehqonlar va shahar aholisidan farqli o‘laroq, skiflar chorva (qo‘y, qoramol, yilqi) urchitib va qisman ovchilik bilan shug‘ullanib tirikchilik qilishardi. Ular har yili podani tog‘ bag‘ridagi yozgi yaylovdan qishda pastlikka haydab tushishadi.
Skiflar yuklarini ot qo‘shilgan soyabon aravaga yuklab, yilda ikki bor ko‘chishardi.
Eramizdan avvalgi 8 asrda skiflar, ehtimol, o‘zlaridan kuchliroq qabilalar tazyiqi ostida, g‘arbga tomon surilib borishgan. Bepoyon hudud bo‘ylab borar ekanlar, ular janubning ravnaq topgan xalqlari bilan aloqada bo‘lganlar, ko‘pincha esa ular bilan dushmanlik munosabatida ham bo‘lganlar.
Ayrim skif qabilalari qora dengizning Shimoliy sohilidagi dashtliklar tomon siljib borganlar. U yerda qora dengiz sohili shaharlaridagi yunonlar bilan uchrashganlar. Yunon tarixchisi Gerodot o‘zining «Tarix» kitobida ularni tasvirlagan.
Shimoliy Eronda o‘troq bo‘lib qolgan skiflar midiyaliklar bilan janglar olib borganlar. Ular Kavkaz ortiga bostirib kirib, Urartu davlatini halokatga uchratganlar. Ko‘plari Onado‘lida uzoq vaqt o‘troq bo‘lib qolishgan.
Skiflarning boshqa guruhlari Kaspiy dengizidan sharqroqqa o‘rnashib oladilar va forslarga kun bermay qo‘yadilar. Ularning urug‘idan bo‘lgan yana bir guruh — kimmeriylar Yaqin Sharqni dahshatga tutib turar, urartular, frigiyaliklar, lidiyaliklar bilan janglar olib borardilar.
Xitoylar va yunonlar skiflarni vahshiy jangchilar sifatida tasvirlaganlar. Bu jangchilar o‘zlarining pastak yuguruk otlari bilan bir vujud bo‘lib ketgandek edi, go‘yo. O‘qyoy bilan qurollangan skiflar otda turib jang qilganlar. Bir tasvirga ko‘ra, ular dushmanni xomkalla qilib, ya’ni bosh terisini shilib, bu terini o‘lja sifatida saqlab qo‘yishar ekan.