Bunday savol berishning o‘ziyoq shubha uyg‘otadi. Axir, Quyosh abadiy nur sochmaydimi? Afsuski, bunday emas. Biz Quyosh ham oddiy yulduz ekanini, ertami-kechmi, u ham so‘nishini yaxshi bilamiz.
Olimlar bir vaqtlar, Quyosh asta-sekin sovib yoki «kuyib kul bo‘lib» boradi, deb taxmin qilishgan edi. Endi bilamizki, agar haqiqatan ham shunday bo‘lganida uning quvvati, bor-yo‘g‘i, bir necha ming yilga yetardi, xolos. Endi bu taxminga hech kimni ishontirib bo‘lmaydi.
Quyosh «kuyib kul bo‘lmayotgan» bo‘lsa, unda nima bo‘lyapti o‘zi? Hozirgi ilm-fan Quyosh o‘z qa’rida ro‘y berayotgan reaktsiyalar natijasida energiya chiqarayotgani to‘g‘risidagi nazariyani isbotlab bergan. Buning ma’nosi shuki, vodorod benihoya yuqori issiqlik temperaturasi ta’sirida birlashib, geliy atomlari yadrosini tashkil qiladi. Termoyadro quroli — vodorod bombasi portlaganda ham xuddi shunday reaktsiya ro‘y beradi. Uning natijasida juda katta miqdordagi energiya ajralib chiqadi.
Shunday qilib, Quyoshdagi vodorod zaxirasi qancha muddatga yetadi, degan savol tug‘iladi. Agar vodorodning yonish jarayoni hozirgiday sur’at bilan davom etaversa, Quyosh yana 150 milliard yil nur sochib turishi mumkin. Bu jarayon natijasida Quyoshning massasi, bor-yo‘g‘i, 1 foiz kamayadi. Shuning uchun ham Quyosh uzoq kelgusida o‘chib qolishi mumkin, degan xavotirga bormasa ham bo‘ladi.