Qushlar tangachasimon reptiliyalardan rivojlangan. Million yillar oldin tangachalar patga aylangan, old oyoqlari esa qanotga aylangan.
Qushlarning tuzilishi ham ajoyib. Ularning skeleti uchishiga mos tarzda kavak suyaklardan tarkib topgan. Qanotlarining harakatlanishiga kuchli ko‘krak mushaklari yordam beradi. Ayrim qushlarning katta va keng qanotlari havo oqimida qanotlarini sekin silkitib, uzoq turishini ta’minlaydi. Biroq mayda qushlar havoda turishi uchun qanotlarini tez-tez qoqishiga to‘g‘ri keladi.
Aksariyat qushlar yaxshigina tezuchardir va ularning ayrimlari minglab chaqirim masofani ucha oladi. Ammo ucholmaydigan qushlar ham bor, ular faqat yerda yuradi.
Tuyaqush — dunyodagi eng yirik qush. Uning og‘irligi 150 kilogrammdan oshadi, balandligi ikki metr keladi. Eng kichkina qush kolibridir, kaftga sig‘adigan bu qushning og‘irligi ikki grammdan oshmaydi.
Qushlarning hammasi tuxum qo‘yadi. Ularning aksariyati tuxum bosish va polaponlarini katta qilishga juda ko‘p kuch sarflaydi, g‘amxo‘r ota-ona bo‘ladi.
O‘z tuxumini tashlab ketadigan, boshqa qushlar uyasiga qo‘yadigan qushlar ham bor. Bunga kakku misol bo‘la oladi. Qushlarning ko‘pchiligi uya quradi, ayrimlari esa tuxumlarini issiq joylarga qo‘yadi va ularni xoli qoldiradi.
Qushlarning aksariyati yovvoyi, ammo ularning ayrimlarini inson qo‘lga o‘rgatgan va ular nasli asosida uy qushlarini yetishtirganlar. Ular orasida tovuqlar, kaptarlar, kanareykalar bor. Ba’zi qushlarni go‘shti va tuxumi uchun hatto fermalarda parvarishlashadi.
Biroq inson tabiatda uchraydigan qushlardan foydalanishni ham o‘zlashtirib oldi. Masalan, bedana tuxumi juda mazalidir. Qadim zamonlarda odamlar ov qilish maqsadida yirtqich qushlarni o‘rgatishgan.
Qushlarning harholda turli-tuman tuzilishga ega tumshug‘i ham g‘alatidir. O‘ljasini timdalash uchun yirtqich qushlarning tumshug‘i qarmoqsimon bo‘ladi. Qattiq ozuqlar bilan oziqlanadigan qushlarning tumshug‘i, odatda, kichik bo‘ladi. Moviy chittakning, masalan, tumshug‘i qisqa va mustahkam, shu bois u yong‘oq, urug‘ va hasharotlarni yeyishga o‘ng‘ay. O‘rmalovchilar kuchli o‘tkir tumshuqqa ega bo‘lib, pishgan yong‘oq va daraxtlar po‘stini bemalol yoradi.
Daraxt po‘sti yoriqlaridagi chuvalchang va shilliqqurtlarni kavlab olish uchun qorayaloqnikiga o‘xshash o‘tkir va uchli tumshuq juda qulaydir. To‘qaychumchuqning tumshug‘i ancha g‘alati ko‘rinishga ega. Ammo uning chatishma uchlari o‘zlarining suyumli ovqati bulgan ninabarg daraxtlarning so‘tasimon to‘pguli urug‘ini po‘chog‘idan tozalashga yaxshi moslashgan.
Tentakqushning kalta va keng tumshug‘i uchib borayotgan pashsha va tungi hasharotlarni tutib olishga juda qulaydir. Botqoqlik qushlari, masalan, baliqchi qush uzun va ingichka burni bilan balchiq va loyni bemalol cho‘qilaydi.
Ko‘p qushlarning tumshug‘i bir xil ovqat yeyishga moslashgan, ammo ayrimlari, masalan, qaldirg‘och aralash-quralash ovqatni yeb ketaveradi.