Shamol, yomg‘ir va sovuq ta’sirida tog‘lar nurab, mayda toshlar va zarralarga aylana boradi; diametri 0,05 mm.dan 2,5 mm.gacha bo‘lgan bunday zarralar «qum» deb ataladi.
Qum tog‘ jinslari tarkibiga kiruvchi mineral zarralaridan hosil bo‘ladi. Shuning uchun ham qumda har xil minerallarni uchratish mumkin. Qumda kvarts ko‘proq, u pishiq bo‘lgani uchun ham ko‘p uchraydi. Ba’zan qum tarkibining 99% kvartsdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, qumda dala shpati, kaltsitlar, slyuda (shaffof mineral), temir rudasi, oz miqdorda granat, turmalin, topaz (qimmatbaho yaltiroq tosh) uchraydi.
Qum tog‘ jinslari yemirilayotgan joyda hosil bo‘ladi. Qum hosil bo‘ladigan yana bir joy dengiz qirg‘og‘idir. To‘lqinlarning qoyalarga, shamol olib keladigan qumga, tog‘ jinslariga hamda dengiz suvining bir qancha minerallarga ta’siri — bular barchasi qum hosil bo‘lishiga yordam beradi.
Shamol sohillardagi qumni quruqlik ichkarisiga olib ketadi. Ba’zida ko‘chib yuradigan qum uyumlari ichida o‘rmon ham yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.
Cho‘llardagi qum qayerdan paydo bo‘lgan? Uni bu yerga, asosan, shamol olib kelgan. Ayrim hollarda sahrodagi qum tog‘ massivlarining yemirilishi natijasida paydo bo‘lgan. Ba’zi sahrolar o‘rnida esa bir vaqtlar dengiz bo‘lgan va u ming yillar burun chekinib, o‘z o‘rnida qum uyumlarini qoldirgan.
Qum foydali ashyodir. U ko‘pincha qurilishda ishlatiladi. Suv va tsement bilan birga qorilgan qumdan quyuq, yopishqoq loy hosil bo‘ladi. U qotib, «beton»ga aylanadi. Qumdan, shuningdek, shisha, qumqog‘oz tayyorlashda, suvni filtrlab tozalashda foydalaniladi.