Dunyoda qichitqi o‘tlarning bir necha xili mavjud, biroq ularning aksariyatida qichitadigan tuklar yo‘q. Shunga qaramay, ko‘pchiligimiz, jillaqursa bir marta bu o‘simlikka qo‘limizni tekkizib, achishtirib olganmiz. Achishtiradigan xillari orasida eng ko‘p tarqalgani xashaki qichitqi o‘t va Rim qichitqi o‘tidir. Ayniqsa Rim qichitqi o‘ti juda qattiq achishtiradi.
Qichitqi o‘tlarning achishtiradigan harakati aktiniy va meduzaning qisgichlarida joylashgan sanchiluvchi hujayralari harakatiga o‘xshashdir. Bu hujayralarning ichida halqachaga o‘ralgan va narsa sal tegsa tik holga keladigan ingichka, g‘ayrioddiy o‘tkir tikanlar mavjud. Qichitqi o‘tning tikanlari bir hujayradan rivojlanadi va tuk ko‘rinishiga ega bo‘ladi, ularning o‘tkir uchida zararlanishdan saqlaydigan kichik o‘ramlar joylashgan. Agar o‘sha o‘ramlarga tegib ketilsa, darrov parchalanadi va o‘tkir ignalari teriga shimiladi. Tikan ichidagi suyuq kislota qichishtira boshlaydi, ba’zi og‘ir hollarda teri qatlamini kuydiradi.
Ammo qichitqi o‘t poyasidan tuklari o‘ziga qapishib turishi uchun ehtiyotkorlik bilan ushlansa, u sizga hech qachon ozor bera olmaydi.
Qichitqi o‘t inson uchun befoyda o‘simlik, deb o‘ylash noo‘rindir. Ko‘pgina mamlakatlarda uni katta qozonlarda qaynatishib, cho‘chqa va parrandalar uchun muhim ahamiyatli ozuqa olishadi. Achchiqtosh eritmasi bilan ishlov berib, qichitqi o‘t ildizidan sariq rang, bargi va poyasidan yashil rang olishda foydalaniladi. Maxsus qayta ishlovdan so‘ng, «rama» (Xitoy qichitqi o‘ti) tolasidan gazlama, tasma, arqon va ip tayyorlanadi.