Ko‘pchiligimiz palmani manzarali daraxt deb bilamiz. Suratlarda uni ayrim shaharlarning ko‘chalarida yoki tropik plyajlar oldida o‘sib yotgan holda hammamiz ko‘rganmiz, albatta.
Aslida to‘rt mingga yaqin turli-tuman palmalar bor, ular orasida insonga juda katta foyda keltiradiganlari ham yo‘q emas. Foydali palmalarning mevasi, tanasi va nozik yaproqlari insonni oziq bilan ta’minlaydi. Yaproqlari, shoxlari, tanasidan yog‘och olinadi, tomlarni yopish, hassa va arqon tayyorlashda foydalaniladi. Po‘stlog‘i va yaproqlaridan esa qog‘oz, gazmol, savat, shlyapa, cho‘tka va bo‘yra tayyorlanadi. Fil palmasi yong‘og‘idan tugma olinadi. Palmaning ayrim turlari sharbati qayta ishlanib, shakar, sharob yoki asal tayyorlanadi.
Palmalarning aksariyati bir xil ko‘rinishga ega. Ularning tanasi to‘g‘ri va shox-shabbasiz o‘sadi, faqat tepa qismida bir bog‘ yaproqlari bo‘ladi. Boshqa turdagilarining esa tanasidan ham shoxlar o‘sadi, ulardan bir turi chiyralgan chirmovuqni eslatadi. Palmalarning bo‘yi bir necha santimetrdan 23 metrgacha yetadi. Barcha palmalarning yaprog‘i qo‘l kaftiga uxshaydi.
Yaltiroq va qalin yaproqlar yelpig‘ich yoki parrandalar patiga monanddir. Ularning eni bir necha santimetrdan 3 metrgacha, bo‘yi esa 9 metrgacha yetadi. Palmaning mevalari o‘lchami ham har xil. Ular no‘xatday kichkina yoki kokos yong‘og‘i singari (futbol to‘piday keladi) katta bo‘lishi ham mumkin. Mevalari xurmo singari yumshoq, ba’zilarining po‘chog‘i yog‘ochday qattiq bo‘ladi.
Palma AQSh janubida, Meksikada, Janubiy Amerikada, Osiyoda, Afrikada va Yevropaning janubida, shuningdek, Tinch okeanining barcha tropik orollarida o‘sadi. Palmaning ayrim turlari cho‘llardagi quruq qumloqlarda, boshqalari esa unumdor va nam tuproqda unadi.
Garchi palma, asosan, tropiklarda o‘ssa-da, uning And tog‘larining shimolidagi 3960 metr balandlikda o‘sadigan bir turi ham bor. Uning turlari rang-barang ekanini tasavvur qilish uchun zaytun palmasi, sago palmasi, palma-palmira, karam palmasi (Avstraliyada o‘sadi), tugma palmasi, tojbargli palma va kokos palmasini sanab o‘tish kifoya. Savat to‘qish uchun rafiya — tolalar Malaga palmasidan olinadi.