Suv qanday qilib ildiz orqali o‘simlik tanasiga yetib keladi? Qanday qilib hazm bo‘lgan ovqat ichakdan qon tomirlariga kelib tushadi? Vaholanki, na o‘simliklar ildizida va na hayvonlar ichagida birorta ham teshik yo‘q. Bunday jarayon «osmos» deb ataladi.
Bir idishda ikki xil gaz bo‘lsa, tezda aralashib ketadi. Suyuqliklar ham shunday. Masalan, bir tomchi siyoh bir litr suvga tomsa, suvning rangi bir oz o‘zgaradi.
Osmos chog‘ida birikish jarayoni membranalar yoki o‘simliklar po‘stlog‘ining yupqa devorchalari yoki ichak devori orqali ro‘y beradi. Membranalar birikish jarayonini sustlashtiradi, ammo to‘xtatib qo‘ymaydi. Osmos chog‘ida tirik organizmlarning membranalari ayrim moddalarni o‘tkazishi bilan bir qatorda boshqalarini ushlab qoladi. Bu qisman moddalarning tuzilishiga bog‘liq. Olimlarning fikricha, moddaning erigan zarralari membrananing molekulalari o‘rtasidan o‘tadi.
Eritma zarralari membranaga tekkanida, uni bosadi va «osmos bosimi» hosil bo‘ladi. Erigan moddaning zarralari ko‘p bo‘lgan tomonda osmos bosimi yuqoriroq bo‘ladi va harakat bosim kuchli tomondan kuchsiz tomonga yo‘naladi. Ammo harakat har ikkala yo‘nalishda ham sodir bo‘ladi, chunki membranalar moddalarni har ikkala tomonga o‘tkazadi. Masalan, tanamizdagi qon tomir membranalari moddalarni har ikkala tomonga ham o‘tkazadi. Shunday qilib, hazm bo‘lgan ovqat qonga tushadi, uglerod ikki oksidi esa qondan o‘pkalar orqali chiqib ketadi.