Rostdan ham, nima uchun? Axir, faqat toshbaqa va mushuklargina o‘ziga o‘xshash nasllarini dunyoga keltirmaydi-ku! Kungaboqar urug‘idan faqat kungaboqar, momoqaymoqdan — momoqaymoq unib chiqadi. Odamlarning bolalari o‘z ota-onalariga ikki tomchi suvdek o‘xshash bo‘lishi ajablanarli emasmi? Buning sababi nimada ekan?
Bu jumboq ustida bundan 100 yil muqaddam Chexiyaning Brno shahrida yashaydigan, hali hech kimga tanish bo‘lmagan o‘qituvchi Gregor Mendel bosh qotirgandi. U rangli no‘xotcha ustida ko‘p yillar tajriba olib borgan va tirik organizmda o‘zining ko‘pgina belgilari — shakli, rangi va boshqalarni nasldan-naslga o‘tkazish imkonini beradigan qanday xususiyatlar borligini aniqlashga uringan.
Uzoq davom etgan tadqiqotlar natijasida Gregor Mendel barcha tirik organizmlar tarkib topadigan hujayralarda juda mayda, oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan zarralar borligini, aynan shu zarralar irsiy belgilarning o‘tish hodisasini boshqarib turishini ta’kidlaydi. Gregor Mendel bu zarralarni genlar deb ataydi.
Ko‘p yillardan so‘ng olimlar Mendel farazini tasdiqladilar. Kimyogarlar ishonchli asboblardan foydalangan holda tirik organizmlarda molekulalar borligini aniqladilar va bu molekulalarni DNK deb atadilar. Bu molekula tarkibidagi moddaning har bir zarrachasi hujayraga u qanday organizmni, qanday shakl, jins, rang va shu kabilarni yaratishi kerakligi to‘g‘risida «buyruq beradi».
Bu hayratomuz molekulada ba’zan xatoliklar ham ro‘y berib turadi, shunga qaramay, hech qachon bo‘ridan quyoncha, itdan mushukcha tug‘ilmaydi.